Posted on Leave a comment

Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li o‘zining betakror va sermazmun ijodi bilan xalqimiz madaniyati va adabiyotini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik va ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va og‘izbirchilikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan ulkan ijodkordir. Hassos shoirning she’r va dostonlarida aks etgan gumanistik falsafiy qarashlar el-yurtimiz qalbidan chuqur joy egallagan.

Xivadagi mashhur Sherg‘ozixon va Qutlimurod inoq madrasalarida tahsil olgan bu ulug‘ siymo nafaqat mamlakatimizda, balki butun mintaqamizda xalqchil shoir, yetuk muallim va ustoz, mohir xattot sifatida shuhrat qozongani ayniqsa e’tiborga molikdir. Uning go‘zal asarlari turkman, qozoq, qirg‘iz va boshqa qardosh xalqlar tomonidan ham sevib o‘qilmoqda.

Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash YUNЕSKOning xalqaro yubileylar rejasiga kiritilgani ham uning ijodiy merosi umumbashariy ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.

Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining betakror adabiy merosini yanada keng o‘rganish va ommalashtirish hamda tavalludining 200 yilligini munosib nishonlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmalari, YUNЕSKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Badiiy akademiya hamda jamoatchilik vakillarining Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini mamlakatimizda keng nishonlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

3. Tashkiliy qo‘mita (A. Aripov) bir hafta muddatda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash hamda uning ijodiy merosini keng targ‘ib qilish bo‘yicha quyidagi vazifalarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin hamda uning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishini ta’minlasin:

shoirning “Tanlangan asarlar” to‘plamini o‘zbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab yaratilgan badiiy, ilmiy-ommabop asarlarni qayta chop etish va taqdimotlarini o‘tkazish;

davlat buyurtmasiga binoan Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan sahna asarlari hamda “Ajiniyoz” badiiy-publitsistik filmini yaratish va ularning taqdimotlarini uyushtirish;

Nukus shahrida shoir ijodiga bag‘ishlangan “Ayt, sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan” mavzusida mamlakatimiz yosh ijodkorlarining tanlovini, ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li hayoti va ijodiga bag‘ishlangan insholar tanlovini o‘tkazish;

2024-yilning sentyabr oyida Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar, tasviriy san’at asarlari va xalq amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasini o‘tkazish;

2024-yilning oktyabr oyida Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining adabiy merosini o‘rganish mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtirish;

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida shoir muzeyini tashkil qilish;

Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining Mo‘ynoq tumanidagi qabrini obodonlashtirish va unga yodgorlik o‘rnatish, mazkur tumanda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li nomidagi ekopark barpo etish;

mamlakatimizdagi oliy va o‘rta maxsus, professional, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli yozuvchi va shoirlar, olimlar ishtirokida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuv va adabiy kechalar uyushtirish;

2024-yilning noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik teatrida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira kechalarini tashkil etish.

4. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

5. Ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ajratilgan budjet mablag‘lari, ularning budjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Sh. Mirziyoyev


Posted on Leave a comment

Oliy ta’lim sifatini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari, oliy ta’lim tizimida sifatni oshirish va xalqaro o‘quv dasturlarini tatbiq etishga oid hisobot bilan tanishdi.

Shu kunlarda oliy ta’lim muassasalariga qabul imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu yil unda 805 ming nafar abituriyent ishtirok etmoqda.

Mutasaddilar 2024/2025-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kadrlar tayyorlash davlat buyurtmasi rejasi bo‘yicha axborot berdi. Qayd etilganidek, bu yil bakalavriatda ham, magistraturada ham muhandislik, qurilish, tabiiy fanlar, matematika, axborot texnologiyalari yo‘nalishlariga kvotalar soni oshirilmoqda. To‘lov-kontrakt asosida qabul davlat va nodavlat muassasalarga bir xil shartlar asosida, oliygohning ilmiy salohiyati va moddiy-texnika bazasiga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

Davlatimiz rahbari oliy ta’lim muassasalariga umumiy davlat buyurtmasini tasdiqlash, bunda mamlakatimiz rivoji va mehnat bozori talablariga e’tibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Yurtimizda muhandis kadrlarga talab yuqori. 20-iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bu sohadagi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish vazifasi qo‘yilgan edi.

Masalan, hozir Surxondaryoda Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti bor. Ularni yiriklashtirish orqali Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Bu samarali boshqaruv tizimini joriy etish, takrorlanuvchi fakultet va kafedralarni qisqartirish, ayrim shtat birliklarini maqbullashtirish imkonini beradi.

Yangi universitetda Ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etiladi. Unga bilimi yuqori talabalar tanlov asosida olinib, amaliyotga yo‘naltirilgan maxsus ta’lim dasturlari asosida o‘qitiladi. Bu maktabning yo‘nalishlariga mos sanoat hamkorlari belgilanib, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi. Ularning takliflari asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari yo‘lga qo‘yiladi.

Universitetning boshqaruv va o‘qituvchilik lavozimlariga xorijiy tajribaga ega, ilmiy va amaliy malakasi yuqori mutaxassislarni jalb etish, ularning ish samarasini xalqaro standartlar asosida baholash vazifalari qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari tarmoq, korxona va oliy ta’lim muassasasi uzviyligini mustahkamlash, o‘z sohasida ilg‘or, raqobatdosh mutaxassislar tayyorlash zarurligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil sentyabr oyida AQSHga tashrifi chog‘ida ta’lim sohasi bo‘yicha ham kelishuvlarga erishilgan edi. Shunga muvofiq, Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universiteti ochilishi kutilmoqda.

Uning faoliyati 2024/25-o‘quv yilidan boshlanadi. Universitetda muhandislik, arxitektura va dizayn, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari uchun kadrlar tayyorlanadi. Bitiruvchilarga Arizona davlat universiteti yoki AQSHda tan olinadigan hamkor xorijiy universitetning diplomi beriladi.

Bu boradagi tashkiliy chora-tadbirlar va kelgusi maqsadlar belgilab olindi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Malayziya yetakchilari oliy darajadagi kelishuvlarning amalga oshirilishini muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan telefon orqali muloqot qildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari, shu jumladan Malayziya Bosh vazirining joriy yil may oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning bajarilishi ko‘rib chiqildi.

Parlamentlararo, hukumatlararo, ishbilarmonlik aloqalari sezilarli faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 29-may kuni Putrajaya shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi samarali o‘tkazildi. O‘zbekiston-Malayziya ishbilarmonlar kengashi tuzildi.

Sanoat, «yashil» energetika, neft-kimyo, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda yetakchi kompaniyalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Gumanitar almashinuv va ziyorat turizmi bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.


Posted on Leave a comment

Quvasoyda 450 gektar intensiv bog‘ yaratildi 



Bu adirlik ilgari foydalanilmaydigan yaydoq joylar edi. Davlatimiz rahbarining 2020-yil iyunda Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida tadbirkorning bu yerda bog‘ yaratish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Hozir bu agroloyiha bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Dastlabki ikki yilda 450 gektar yerda intensiv bog‘ yaratilib, tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi. Eksportbop gilos va shaftoli ko‘chatlari hosilga kirib qoldi.

Bugungi tashrifda Prezident «Uz-Segang» qo‘shma korxonasining ushbu bog‘ini ko‘zdan kechirdi. Tadbirkorning muammo va takliflarini so‘radi.

Korxonaga Quva tumanidan qariyb 2 ming gektar va Quvasoy shahridan 1 ming 600 gektar yer ajratilgan.

Kelgusi ikki yilda qayta o‘zlashtirilgan bu yerlarda yana 980 gektar intensiv bog‘ barpo etiladi. Shuningdek, ekoturizm va logistika markazlari ishga tushiriladi. Eng muhimi yana qo‘shimcha 200 ta doimiy, 3 mingta mavsumiy ish o‘rni paydo bo‘ladi.

O‘tgan yili korxona tomonidan fermer xo‘jaliklari va xonadonlardan 1 ming 700 tonna gilos, shaftoli va anor yig‘ib olinib, 5 million dollardan ziyod eksport qilindi. Bu yil eksport miqdorini 15 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Korxona faqat meva yetishtirish bilan cheklanmaydi. Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya va Xitoydan ilg‘or texnologiyalar keltirilib, mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash, qadoqlash yo‘lga qo‘yilgan.

Prezident bunday loyihalarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidlab, buning uchun qanday taklif bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Shu yerda viloyatdagi agrosanoat mahsulotlari namoyish etildi. Sohadagi kelgusi rejalar taqdimot qilindi. 

Viloyatda 48 ming 300 gektar bog‘ va tokzor mavjud bo‘lib, uning 3 ming 400 gektarini intensiv bog‘lar tashkil etadi. Keyingi to‘rt yilda 6 ming 400 gektar bog‘ va 2 ming 900 gektar tokzorlar barpo etilgan. Shuningdek, 1 ming 400 gektarda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan.

Bu yil yana 3 ming 400 gektar intensiv bog‘ va tokzorlar barpo qilinib, 2 ming 400 ta ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi yakunlandi.


Posted on Leave a comment

Farg‘onadagi muammolar tahlil qilinib, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi choralar belgilandi



Quva tumanida 12-iyul kuni Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘sib borayotgan aholi talabini ta’minlash uchun iqtisodiyotni izchil rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

– Farg‘ona katta viloyat. Hozirgi kunda aholi 4 milliondan oshdi. Bunday o‘sish bilan 2030 yilga borib 5 millionga yetadi. Bu aytishga oson. Lekin bu raqam ortida qancha mas’uliyat va javobgarlik bor. Har yili yangi bog‘cha va maktablar, uylar qurish, yuz minglab ish o‘rinlari yaratish zarur. Shuning uchun hozirgi tahlikali zamonda qanday qilib iqtisodiyotimizni barqaror qilamiz, degan savol hammamizni qiynashi kerak, – dedi Prezident. 

So‘nggi yetti yilda viloyatda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Yo‘l, suv, yer, uy-joy, ta’lim va tibbiyot infratuzilmasi yaxshilandi. Kiritilgan investitsiyalar hajmi 3 karra o‘sdi. Tovar aylanmasi 10 million dollardan oshgan 122 ta korxona paydo bo‘ldi.

Eksport ham oshayapti. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yili 722 million dollarni tashkil etdi. Farg‘onalik korxonalar 60 ta yangi bozorga kirib bordi.

Lekin 19 ta korxonada quvvatlar pasaygan. 3 ta loyihani ishga tushirish kechikkan. 6 ming 700 ta korxonada ish o‘rinlari kamaygan. O‘tgan yili eksport qilgan 135 ta korxona bu yil hali chetga mahsulot sotmagan.

Viloyat sanoat o‘sishi bo‘yicha respublikada eng oxirgi o‘rinda. Shuncha sharoit bo‘la turib, Farg‘onada o‘tgan yili bor-yo‘g‘i 220 million dollarlik meva-sabzavot eksport bo‘lgan. Atigi 30 foiz ip kalava qayta ishlanmoqda.

Ro‘yxatga olingan 545 ta tadbirkor hisobraqam ochmagan, mingdan oshig‘i bank orqali aylanma qilmagan. Shu bois ishchilar to‘layotgan daromad solig‘ining yarmini tuman budjetida qoldirish masalasi qo‘yildi. Bu orqali tumanda manfaat ko‘payishi, tadbirkorlarni “soyadan” chiqarishi aytildi.

Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Ishsiz va muhtojlarga bank-moliya orqali ko‘maklashish yo‘lga qo‘yildi. Endi yangicha yondashuvga ehtiyoj sezilayapti.

Davlatimiz rahbari buni Bog‘dod tumani misolida tahlil qilib, tizim takomillashtirilishini aytdi. 

– Kambag‘al deb qancha nafaqa to‘laganimiz bilan, ish topib bermasak, yana ijtimoiy yordamga qayta-qayta kelaveradi, boqimandalik kuchayib boraveradi. Shu bois endi kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bir tizimda bo‘ladi. Buni respublikada Ijtimoiy himoya agentligi boshqaradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Prezidentining 10-iyuldagi qaroriga ko‘ra, “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining hududi Quvasoy shahrining Pakana, Kokilon va So‘fon mahallalaridagi 210 gektarga kengaytirildi. U yerda 2026-yil oxirigacha kamida 1 milliard AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalar o‘zlashtirilishi, 11 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi, yiliga 965 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi belgilangan. Mutasaddilarning bu boradagi vazifalari yana bir ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, Xitoy tajribasi asosida 19 ta tuman-shaharning har biri sanoatning aniq yo‘nalishiga ixtisoslashtirilib, sanoat zonalari tashkil qilinadi.

Yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish va ish o‘rinlarini ko‘paytirish sharti bilan qo‘shimcha 1 ming 210 gektar yer ajratiladi. Buning uchun viloyat hokimligi huzurida direksiya tashkil qilinib, ushbu yerlar uning ixtiyoriga beriladi. Mahalliy tadbirkorlar sanoat zonalaridagi binolarni ijaraga yoki muddatli sotib olishi mumkin bo‘ladi.

Sanoatni tuman va mahallaga tushirish uchun infratuzilma xarajatlariga 50 million dollar ssuda ajratiladi. 161 ta yirik mahallada ham 4-5 qavatli sanoat markazlari tashkil qilinadi.

Davlatimiz rahbari Farg‘onada sanoatga katta turtki beradigan loyihalarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.

Xususan, energetika, neft-gaz va kimyo sohalarida 2 milliard dollarlik loyiha qilinadi. 700 million dollarlik investitsiya hisobidan 230 turdagi yangi qurilish materiallari ishlab chiqarish tashkil etiladi.

Elektr texnikasi sanoatida 420 million dollarlik, avtomobilsozlikda 500 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Jumladan, Quvasoyda elektromobilni zaryadlash stansiyasi hamda qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. To‘qimachilik tarmog‘ida 300 million dollarlik loyiha orqali ip-kalavani qayta ishlashni 60 foizga olib chiqish mo‘ljallangan.

Qishloq xo‘jaligi sohasi tahlil qilinar ekan, so‘nggi uch yilda 110 ming aholiga dehqonchilik qilish uchun 25 ming gektardan ziyod yer ajratilgani qayd etildi. Bu yerlarda uch martagacha hosil olish muhimligi aytildi.

Farg‘ona tumanida 200 gektarda sanoat usulida Italiya va Polshaning serhosil malina navlarini ekiladi. Qo‘shtepa va Yozyovonda yuqori hosildor bodom, shaftoli, gilos va olxo‘ri bog‘lari barpo etiladi. Yirik bog‘bonlarning yerida muzlatkichli omborlar tashkil qilinadi.

Bog‘bon-tadbirkorlar uchun qator yangiliklar e’lon qilindi. Meva-sabzavotni saqlash, saralash va qayta ishlash loyihalariga xorijiy valyutada olingan kreditlarning 6 foizgacha qismi qoplab beriladi. Quvasoy shahridagi 616 ta fermerning og‘irini yengil qilish uchun yer solig‘i yarmiga kamaytiriladi.

Farg‘onada turizm salohiyati ham katta. Sayyohlarga qulaylik yaratish uchun Shohimardon va Yordon qishloqlariga vertolyot parvozini yo‘lga qo‘yish, “Vodil” va “Oq-qiya” postlariga xalqaro maqom berish masalasi ko‘rib chiqildi. Mutasaddilarga  ushbu qishloqlar va Vodil shaharchasining master-rejasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Farg‘ona tumanini turistik rekreatsion zona qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda Quva tumanida qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik va xizmatlarni rivojlantirish, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarida ko‘p qavatli uylar, sanoat korxonalari, madaniyat va turizm maskanlari barpo etish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Yosh avlod qalbi va ongiga ona yurtga muhabbat va sadoqat, bugungi tinch-osoyishta hayotimizni qadriga yetish va shukronalik tuyg‘ularini chuqur singdirish ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Qo‘qon va Marg‘ilonda nuroniylar, imom-xatiblar, mahalla faollaridan iborat Oqsoqollar kengashi va ota-onalar guruhlarini tuzish taklifi ilgari surildi.

Yig‘ilganlar ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlab, tarbiyasi og‘ir yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solish, adashgan, murakkab vaziyatga tushib qolgan yoshlarga o‘z o‘rinini topishida yordam berish, ularni ma’rifatga chorlash, ma’naviyatini yuksaltirish bo‘yicha tajriba yaratilsa, bu butun respublikaga namuna bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Umuman, viloyat hokimi va o‘rinbosarlari, shahar va tuman rahbarlari mas’uliyatini oshirib, yil yakuniga qadar asosiy kapitalga 2,1 milliard dollar qo‘shish, 400 ming odamni band qilish, 80 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha xalq oldida kafolat berdi. Viloyat kengashi deputatlari komissiya tuzib, buni nazoratga oladi.

Bank va hududiy filiallar boshliqlari ishlab chiqarish, xizmatlar, bandlik dasturlarini moliyalashtirish rejalari bo‘yicha hisobot berdi.

Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqot qildi.


Posted on Leave a comment

“Yangi O‘zbekiston” massivi obod maskanga aylandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahrida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rdi.

Aholiga munosib yashash sharoitlari yaratish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida. Shu bois barcha hududlarda bunday loyihalar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz 2022-yil va o‘tgan yilda Farg‘ona shahridagi ushbu massiv qurilishini ko‘zdan kechirgan edi. 300 gektarli hududda 65 ming aholiga mo‘ljallangan 365 ta ko‘p qavatli uy bosqichma bosqich bunyod etilmoqda. Bu uylar 7, 9, 12, 16 va 25 qavatli bo‘lib, bu viloyat shaharsozligida o‘ziga xos yangilik sanaladi.

Hozirgi kunda ilk uylar va bog‘lar obod aholi manziliga aylanib ulgurdi. 2 ming 887 xonadonli 75 ta uy foydalanishga topshirildi. Ularning negizida Nurafshon mahallasi tashkil etildi.  Uylarga 500 dan ortiq oila ko‘chib keldi. Ikkita maktab, uchta bog‘cha va poliklinika ochildi.

Hovlidagi o‘yin maydonchalardagi bolalarning shodon qiyqirig‘i ko‘ngillarni shod qiladi. Joriy yil yana 25 ta uy bunyod etiladi.

Aholi ancha zich yashaydigan hududlar uchun bunday massivlar muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Uy-joylarning sifat va tannarxi xalqimiz imkoniyatiga mos bo‘lishi kerakligiga e’tibor qaratilmoqda. 

Bu yerda zamonaviy ta’lim dargohlari, tibbiyot muassasalari, sport majmuasi, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari qad ko‘tarmoqda. 

Aholini ish bilan ta’minlash uchun massiv hududining 50 gektarida kichik sanoat zonasi tashkil etiladi. Oziq-ovqat, tikuvchilik, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika, mebelsozlik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalar ish boshlaydi. Bugunga qadar 423 milliard so‘mlik 5 ta loyiha joylashtirildi. Ularning natijasida 700 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Massivni ekoshahar deyish mumkin. Sababi 70 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston bog‘i”, so‘lim xiyobonlar, sun’iy ko‘l, to‘rt ming o‘rinli amfiteatr barpo qilindi. Bog‘ hududiga buta va manzarali daraxtlar ekilgan. Turli attraksionlar o‘rnatilgan.

Davlatimiz rahbari massiv bo‘ylab yurib, so‘lim maskanni ko‘zdan kechirdi. Amfiteatrda qisqa konsert dasturi namoyish etildi.


Posted on Leave a comment

Farg‘onada Lola Murotova nomidagi kasb-hunar maktabi ochildi



Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘onaga tashrifi chog‘ida Lola Murotova nomidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kasb-hunar maktabi ochildi.

Lola Murotova O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi, “El-yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari sohibasi bo‘lgan. Butun umrini shu sohaga bag‘ishlab, katta muvaffaqiyat va hurmat qozongan.

Bu boy tajribani yoshlarga yetkazish, qishloq xo‘jaligida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash maqsadida ushbu ta’lim dargohi tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Kasb-hunar maktabi 480 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda boshlang‘ich professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlanadi. O‘ttizdan ortiq auditoriyalar, yettita laboratoriya, kompyuter xonalari, faollar zali va muzey barpo etilgan. Shuningdek, 150 o‘rinli turar joy, sport zali, mini-futbol maydonchasi, ustaxona, issiqxona va mashg‘ulotlar uchun avtodrom o‘quvchilar ixtiyorida bo‘ladi. 

Muassasaga umumta’lim maktablarining 9-sinfini bitirganlar o‘qishga qabul qilinadi. O‘quv jarayoni boshlang‘ich professional ta’lim dasturlari asosida, amaliyot bilan bog‘liq holda olib boriladi. 

Shavkat Mirziyoyev Lola Murotovaning ko‘p yillik mehnati, insoniy fazilatlarini yodga oldi. 

– Lola opa o‘zbek ayolining nimalarga qodirligini ko‘rsatdi, shu bilan birga, juda kamtar va soddadil edi. Fidokorligi, mehnatsevarligi bilan yurtimiz rivoji va obodligiga katta hissa qo‘shgan edi. Bu jihatlar yoshlarga o‘rnak bo‘lishi, ular kasbni yaxshi o‘rganishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Maktabda “Germaniya tajribasi” asosida o‘quvchilarni qishloq xo‘jaligi sohasida tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish joriy etiladi. Ta’lim jarayonini sifatli tashkil etish, metodik yordam ko‘rsatish uchun maktab Farg‘ona davlat universitetiga biriktirildi. Shuningdek, muassasada “Fermerlar maktabi”ni ham tashkil etish ko‘zda tutilgan. Unda buyurtmachilar mablag‘lari hisobidan fermerlar malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yiladi.


Posted on Leave a comment

Marg‘ilonda 25 ming aholiga mo‘ljallangan uy-joylar quriladi



Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida aholi zich yashaydi. Yaqin kelajakda bu nufus oshib boradi. Yosh oilalarga va kelgusi avlodlarga munosib sharoit yaratish maqsadida Prezidentimiz shaharda yangi massiv qurish g‘oyasini ilgari surdi. Tashrif chog‘ida bu borada marg‘ilonlik nuroniylar, jamoatchilik vakillari bilan maslahatlashildi.

– Mamlakatimizning ko‘p joylarida yangi massivlar, shaharchalar qurayapmiz. Marg‘ilonliklarning yashash sharoitlaridan, uy-joylarga ehtiyojidan xabarim bor. Shu talab va istaklarni, ko‘pchilik oilalarning orzularini inobatga olib, zamonaviy imoratlar qurishni o‘ylayapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Loyihaga ko‘ra, 110 gektar maydonda bunyodkorlik ishlari olib boriladi. Xususan, 25 ming aholiga mo‘ljallangan 5 mingta xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi. Shuningdek, Burhonuddin Marg‘iloniy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Maqom teatri, yuridik institut, 4 ta mehmonxona, shoir va san’atkorlar xiyoboni, savdo va xizmat majmualari bo‘ladi. Istirohat bog‘i unga fayz va havo bag‘ishlaydi.

Jamoatchilik nomidan so‘z olgan nuroniylar bu xalq kutgan loyiha ekanini aytib, mamnunligini bildirdi. Ushbu ezgu ishga muvaffaqiyat tilab duo qilindi.

– Bugun borib ko‘rdik, Farg‘onada katta sanoat korxonalari ishlayapti. Yangi elektr stansiyalarini ishga tushirdik. Nima uchun? Xalqimizning sharoiti bo‘lishi uchun, korxonalar barqaror ishlashi uchun. Endi sizlar ham islohotlarga kamarbasta bo‘lib, mahallalar ishsizlik va kambag‘allikdan xoli bo‘lishiga ko‘mak berishingizni istardim, – dedi Prezident. 

Mutasaddilarga massivni xorij tajribasi asosida puxta loyihalashtirish, uylar va infratuzilmani uzoqni ko‘zlab barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.


Posted on Leave a comment

Farg‘onada turizm halqasi tashkil etiladi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Qo‘qon universitetida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi qarori asosida tashkil etilgan ushbu ta’lim maskani 6 ming 400 o‘ringa mo‘ljallangan. O‘quv binolari, 500 o‘rinli 2 ta talabalar turar joyi hamda axborot-kutubxona markazida yoshlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Talabalarga 233 nafar professor-o‘qituvchi saboq bermoqda.

Bu yerda xorijiy universitetlar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, 80 ga yaqin xorijiy universitet bilan shartnomalar imzolangan. Universitet Turkiy tilli davlatlar universitetlari kengashi a’zosi. O‘tgan o‘quv yilida Kengashning ta’lim grantlari asosida 22 nafar o‘qituvchi Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘istonda malaka oshirib qaytdi. 15 nafar xorijlik o‘qituvchi esa  Qo‘qon universitetida malaka oshirdi.

Hududda olti qavatli, ikki ming o‘ringa mo‘ljallangan yangi o‘quv binosi qurilmoqda. Bu yerda o‘quv xonalari, fan laboratoriyalari, tipografiya joylashadi. Shuningdek, ikki qavatli “Yoshlar IT akademiyasi” barpo etilmoqda. Ularni shu yil sentyabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

2022-yilda universitetning turizm fakulteti uchun ming o‘rinli yangi bino barpo etilgan.

Davlatimiz rahbari milliy uslubdagi ushbu majmuani ko‘zdan kechirdi. Xorijdan professorlarni taklif etib, dual ta’lim tizimini keng qo‘llash, turizm tashkilotlari buyurtmasi asosida talabalarni maqsadli tayyorlash zarurligi ta’kidlandi. Bu sohada yetuk nazariy va amaliy bilimlarga ega kadrlar ishlashini ta’minlaydi.

Shu yerda Farg‘ona turizm halqasini yaratishga oid konsepsiya taqdimot qilindi.

O‘tgan yili Farg‘onaga 430 ming xorijiy turist kelgan. Lekin viloyatning tarixi, so‘lim tabiatiga nisbatan qaralsa, bu kam.

Farg‘ona turizm halqasidan maqsad xorijiy va mahalliy turistlarning viloyatda qolish muddatini 3 kundan 7 kungacha uzaytirish, tashrif obyektlari sonini 2 barobar oshirishdir. Buning uchun Farg‘ona, Oltiariq, Quva, Uchko‘prik tumanlaridagi diqqatga sazovor joylar turizm yo‘nalishlariga kiritiladi. Umuman, halqada 577 ta maskan bo‘ladi, 50 dan ortiq savdo-xizmat turlari taqdim etiladi.

Prezidentimiz universitet yonidagi Tepaqo‘rg‘on arxeologiya yodgorligini ham ko‘zdan kechirdi.

Yodgorlik shahar yoshini aniqlagani hamda qadimgi o‘rda o‘rnida joylashgani bilan ahamiyatlidir. Ya’ni bu yer Qo‘qon shahrining eng qadimiy asosidir.

Xo‘qand milodiy era boshlarida nafaqat yirik shahar, balki kichik davlat poytaxti bo‘lgan. U haqda ko‘plab tarixiy manbalarda yozilgan. Qo‘rg‘on xarobaga aylangach, uzoq yillar davomida qabriston bo‘lgan. Bu yerda ko‘plab alloma, adib va mudarrislar dafn etilgan.

Ushbu yodgorlik 2019-yilda moddiy madaniy meros obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. 2022-yilda olib borilgan arxeologik qazuv ishlari natijasida yodgorlik arkining tuzilishi aniqlangan.

Davlatimiz rahbari mazkur arxeologik yodgorlikni rekonstruksiya va konservatsiya qilib, «ochiq osmon ostidagi muzey»ga aylantirish tashabbusini bildirdi.

– Ziyorat o‘zi xayrli ish. Lekin millat tarixini ziyorat qilish yanada ulug‘ ne’mat. Bu yerda ana shunday sharoit yaratish kerak. Bu odamlarga, ayniqsa, yoshlarimizga ham bilim, ham g‘urur beradi. Qo‘rg‘on haqida chet ellardagi manbalarni o‘rganib, ma’lumotlarni boyitib borish ham zarur, – dedi Prezident.


Posted on Leave a comment

Prezident mahalla hayoti bilan tanishdi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi Yuksalish mahallasida bo‘lib, aholi turmush sharoiti bilan tanishdi.

Hunarmandchilik, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan bu mahallada 3 ming 300 nafarga yaqin aholi yashaydi. 560 dan ortiq xonadonning barchasida tomorqa, o‘ndan ortiq issiqxona bor. Ulardan omilkorlik bilan foydalanib, ikki martalab hosil olinmoqda.

Yana ba’zi oilalar yog‘och o‘ymakorligi, temirchilik, kashtachilik bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda mahallada tadbirkorlik subyektlari soni yigirmatadan oshdi. Maktab, bog‘cha va poliklinika bor. Ularda hudud aholisining bir qismi doimiy ish bilan band.

O‘tgan yili 131 kishi ishga joylashtirilgan. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 ta loyihaga 240 million so‘m kredit ajratilgan.

Davlatimiz rahbari mahalladagi “Gulnora Matqulobod bodomlari” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Bag‘dodda bodom yaxshi o‘sadi. Korxona 11 ta mahalladagi 500 dan ortiq xonadonlarga bodom tarqatib, sotuvga tayyorlatadi. Bir kunda 3 tonnagacha mahsulot qayta ishlanadi. Hozirda po‘sti yumshatilgan mazali bodomlar poytaxtimiz va viloyatlarga yetkazib berilmoqda. Tadbirkor ayol endi uni eksport qilishni rejalashtirayotganini aytdi.

Prezidentimiz tadbirkor va kasanachi ayollar bilan samimiy suhbatlashdi. Tashabbuskorligi va mehnatsevarligi, islohotlarga kamarbasta bo‘lib, xotin-qizlarni ishli qilayotgani uchun ularga minnatdorlik bildirdi.

Mahalla budjetida 83 million so‘m bor. Ko‘chalar obod, xonadonlar saranjom-sarishta. Mahalla markazida huquq-tartibot idorasi, chiqindi yig‘ish punkti barpo etilgan.

Shu yil 25-iyun kuni davlatimiz rahbari huzurida o‘tgan yig‘ilishda mahallalarda servis kompaniyasi tashkil qilish choralari belgilangan edi. Shu asosida bu yerda ham “Yuksalish ” mahalla-servis kompaniyasi tashkil etildi.

Servis kompaniyasi Bag‘dod tumanidagi 5 ta mahallaga xizmat ko‘rsatadi. 24 soatlik ish yo‘lga qo‘yilgan. 22 nafar ishchi, o‘nga yaqin yuk tashish va maxsus transportlar, ta’mirlash anjomlari el xizmatida.

To‘lovlarni undirishda “Mening uyim” elektron dasturidan foydalaniladi. Uning idorasi hovlisida hunarmandlar uchun ham sharoit yaratilgan.

Bu tajribani kengaytirib, mahallalarni obod qilish, bandlik va ozodalikka alohida e’tibor qaratish muhimligi ta’kidlandi.