Posted on Leave a comment

Yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha imkoniyatlar belgilandi

Koʻksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi studiyalar orqali 60 mingdan ziyod yoshlar vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari yigʻilganlarni samimiy qutlab, yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekanini taʼkidladi. Barcha darajadagi rahbarlar yoshlarni til va kasb-hunarga oʻrgatish, sportga jalb etish, gʻoya, loyiha hamda startaplariga koʻmak berish, ularni ishli va daromadli qilish boʻyicha yanada faol ishlashi, birorta yigit-qizni eʼtiborsiz qoldirmasligi zarurligi qayd etildi.

Yillar davomida yaratilgan imkoniyatlar natijasida yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi nufuzli oliygohlarda tahsil olayotgan talaba yoshlarimiz 500 nafardan, TOP-100 talikdagi oliygohlarda oʻqiyotgan yigit-qizlarimiz 3,5 ming nafardan oshdi. Yoshlarimiz yaratgan 63 ta startap loyihasi AQSh, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari bozorlariga kirib borgan. Yosh sportchilarimiz xalqaro arenalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush, 854 ta bronza medalining sohibi boʻldi. Bugun yosh tadbirkorlar yurtimizdagi biznes vakillarining 35 foizini tashkil etmoqda.

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez surʼatlarda rivojlanayotgan davlat deb eʼtirof etilgani bejiz emas. Joriy yilda Toshkent shahrida Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi tashkil etilishi, Samarqand shahrida Yoshlar parlamenti aʼzolarining 12-global konferensiyasi, “Take Off” xalqaro startap sammiti va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oʻtkazilishi bu maqomni yanada mustahkamlaydi.

Davlatimiz rahbari har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelayotgani, 2030-yilga borib, bu koʻrsatkich 1 millionga yetishini qayd etib, yoshlarga oʻz imkoniyati va qiziqishiga mos ish topishi uchun sharoit yaratish eng muhim masala ekanini koʻrsatib oʻtdi.

Yoshlar oʻrtasidagi soʻrovnoma natijasiga koʻra, ularning uchdan biri tadbirkor boʻlish istagini bildirgan.

Oʻtgan yili yoshlar bandligini taʼminlash uchun banklar va Yoshlar ishlari agentligiga 400 million dollar yoʻnaltirilgani, “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari hisobidan 15 ming nafar yosh oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyib, 50 ming kishini ish bilan taʼminlagani ta’kidlandi.

Bu ishlarning davomi sifatida yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshimcha 200 million dollar ajratilishi eʼlon qilindi.

Bunda moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytiriladi: oʻzini oʻzi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 million soʻmdan 300 million soʻmgacha oshiriladi. Yosh tadbirkorlarning loyihalari uchun 10 milliard soʻmgacha kredit ajratish mumkin boʻladi. Innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat beriladi. Servis va umumiy ovqatlanish sohasida 1 mingdan ziyod ish oʻrni yaratgan mahalliy brendlardan franshiza olib, filial ochishga qiziqqan yoshlar uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy qilinadi.

Joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushirilib, yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish yoʻlga qoʻyiladi. Xususan, oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million soʻmgacha, tadbirkorlik koʻnikmasiga ega boʻlib biznes boshlayotganlarga 300 million soʻmgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi boʻlganlarga 2 milliard soʻmgacha, kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard soʻmgacha kredit berilishi belgilandi.

Shuningdek, tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30 foizi biznes koʻnikmasi yetishmasligi sabab qiyinchilikka uchrayotgani qayd etildi. Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka oʻqitish, gʻoyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish boʻyicha kompleks xizmat koʻrsatadigan “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etiladi.

Nufuzli xorijiy oliygohlar ilgʻor tajribalar asosida yoshlarni tadbirkorlikka oʻqitishda hamkorlik qilishga tayyor ekani qayd etilib, kamida 40 ming yoshni biznesga oʻrgatadigan “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturini boshlash belgilandi. Dasturni muvaffaqiyatli tugatgan eng yaxshi 1 ming nafar yoshning loyihasiga uch yil muddatga 200 million soʻmgacha 7 foizli ssuda beriladi.

Har yili “Yosh tadbirkorlar” tanlovi oʻtkazilib, eng yaxshi 100 ta loyihani brendga aylantirish uchun “Yoshlar venchurs” jamgʻarmasidan 1 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratiladi.

1-martdan yangi ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarga infratuzilmaga ulanish bilan bogʻliq davlat xizmatlarining xarajatlari Yoshlar tadbirkorligi jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi.

Ijtimoiy tashabbuslar boʻyicha “Fikringni ber (Voice Up)” inklyuziv oromgohi tajribasi kengaytirilib, uni har bir hududda oʻtkazish va 1 ming nafar yoshni qamrab olish, eng yaxshi tashabbuslar ishtirokida Samarqand shahrida Xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohini tashkil etish vazifasi belgilandi.

“Oʻsish va rivojlanish (Upshift)” loyihasi doirasida bu yil media, dizayn, hunarmandchilik, ishlab chiqarish va innovatsiya yoʻnalishlarida ham tanlov oʻtkaziladi. Eng yaxshi 40 ta startapni moliyalashtirish uchun 2 milliard soʻm ajratiladi.

Texnikumlarda taʼlim dasturlarini ish beruvchilar talabi asosida yangilash, dual taʼlimning qamrovini kengaytirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash boʻyicha vazifalar belgilandi.

Texnikumlarga ham oliygohlar kabi “spin-off” ochishga ruxsat berilib, oʻquvchilarning startap loyihalariga 1 milliard soʻmgacha ajratiladi. Joriy yildan texnikum oʻquvchilari uchun ham “Ishla va sayohat qil (Work and travel)” dasturi asosida 6 oy xorijda ishlab, qoʻshimcha daromad topish imkoniyati yaratiladi, ishtirokchilarga yoʻlkira xarajatlari uchun ssuda ajratiladi.

Xorijiy til sertifikatiga ega yoshlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmi samara bergani taʼkidlanib, sertifikat olgan yoshlar 600 mingdan oshgani, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 ming instruktor shakllangani aytildi. Xususiy oʻquv markazlarining soni 3 karra koʻpayib, 38 mingdan oshgan.

Xususiy oʻquv markazlari uyushmasini tashkil etish tashabbusi qoʻllab-quvvatlanib, uyushma aʼzosi boʻlgan markazlarga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda soligʻini toʻlashdan ozod etiladi. Bunday markazlar oʻqituvchilarini ilgʻor taʼlim markazlariga stajirovkaga yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

“Koʻmak” dasturi doirasida olis va chekka hududlarda xorijiy til oʻquv markazlarining faoliyatini kengaytirish uchun 300 million soʻmgacha foizsiz ssuda beriladi. Olis hududlardagi oʻquv markazlari ijtimoiy soliqni 1 foiz, oʻqituvchilar uchun daromad soligʻini 7,5 foiz miqdorida toʻlaydi (hozir 12 foiz).

Joylarda ehtiyojmand oilalardagi yoshlarni bepul oʻqitadigan oʻquv markazlariga qoʻshimcha imtiyozlar berilishi belgilandi: yer va mol-mulk soligʻidan ozod qilinadi, kommunal xarajatlarining yarmi qoplab beriladi, oʻqituvchilarga toʻlangan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq “keshbek” tariqasida qaytariladi.

Volontyorlik faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Yurtimizda huquqiy asoslar yaratilgani hisobiga volontyor yoshlar 5 karra koʻpayib, ekologiya, tibbiy xizmat, taʼlim, favqulodda vaziyatlarda koʻmaklashish yoʻnalishlaridagi volontyorlar soni 100 mingdan oshgani aytildi.

Volontyorlik harakatini rivojlantirish boʻyicha Vasiylik kengashini tuzish, Yoshlar ishlari agentligida “Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash” jamgʻarmasini tashkil etish rejalashtirildi. Jamgʻarmaga har yili budjetdan 20 milliard soʻm, qoʻshimcha ravishda mahalliy budjetlardan 3 milliard soʻmdan ajratiladi. Shuning hisobidan volontyorlik loyihalariga 100 million soʻmgacha grant beriladi, “ijtimoiy faollik kartasi” orqali ball tizimi joriy etiladi.

Yigʻilishda yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, kitobxonlikni ommalashtirish masalalari ham koʻtarildi.

Yosh oilalar uchun uy-joy ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasining 14 foizdan oshgan qismi budjetdan qoplab berilishi aytildi.

“Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamgʻarmasi orqali eng isteʼdodli yozuvchilarga ijodiy buyurtma berib, bir yil davomida oyiga 20 million soʻmdan haq toʻlash, eng sara xorijiy adabiyotlarni oʻzbek tiliga hamda milliy adabiyotni xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish xarajatining yarmini qoplash belgilandi.

Yangi oʻquv yiliga qadar eng yaxshi 100 ta asardan iborat toʻplamni tayyorlab, barcha maktab va texnikumlarga yetkazish, eng faol kitobxon oʻquvchilarni 10 million soʻmdan mukofotlash vazifasi qoʻyildi.

Kutubxona, “book cafe” va kitob doʻkoni ochib, oyiga 10 ming donadan ortiq kitob sotuvini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarga 3 yilga 1 milliard soʻmgacha 7 foizli ssuda berish mexanizmi nazarda tutildi.

Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarning jamiyatga tez moslashishi uchun “Ikkinchi imkon” loyihasi boshlanishi maʼlum qilindi. Unda 8-12 oylik intensiv kurslarda dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi, boshqa kasblar va xorijiy tillarga oʻqitish orqali daromadli ishga ega boʻlishiga shart-sharoit yaratiladi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqot qilib, ularning turli sohalarga oid taklif va tashabbuslarini tingladi.

Tadbir davomida mutasaddilarning hisobotlari ham eshitildi.

Posted on Leave a comment

Neft va gaz tarmogʻiga doir topshiriqlar ijrosining borishi koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishdi.

Joriy yil 30-yanvar kuni boʻlib oʻtgan taqdimotda kompaniya faoliyatida operatsion samaradorlikni oshirish va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirib, zaxiralarni koʻpaytirish boʻyicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Bugun davlatimiz rahbariga bu boradagi ishlarning borishi haqida axborot berildi.

Avvalo, kompaniya faoliyatida xarajatlarni maqbullashtirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida maʼlumot berildi. Jumladan, markaziy apparatning tashkiliy tuzilmasi qayta koʻrib chiqilib, optimallashtirilmoqda. Ishlab chiqarish xizmatlari, tovar va materiallar narxlari va pudrat ishlari boʻyicha narxlarni qayta koʻrib chiqish, kredit portfelini tartibga solish boshlandi. Sohaga oid boʻlmagan aktivlar tasarrufdan chiqarilmoqda.

Shu bilan birga, debitor qarzdorlikni qisqartirish boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgani qayd etildi.

Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va uglevodorod zaxiralarini koʻpaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, 2026-2027-yillarda qator hududlarda yangi maydonlarda qidiruv ishlarini kuchaytirish, 3D seysmik-qidiruv hajmlarini kengaytirish hamda quduqlarni qurilish bilan yakunlash rejalari belgilangani aytildi. Shuningdek, joriy yil yanvar-fevral oylarida ikkita yangi gaz kondensat koni ochilgani haqida maʼlumot berildi.

Kompaniyani strategik rivojlantirish doirasida forenzik audit oʻtkazish, xaridlar jarayonlarini takomillashtirish, ESG tamoyillarini joriy etish hamda hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash ishlari tezlashtiriladi.

Davlatimiz rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan barcha tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob, qatʼiy intizom hamda shaxsiy javobgarlik asosida taʼminlashni davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Ibadullayev Xayrullo Saydullayevichni «Jasorat» medali bilan mukofotlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida sodir bo‘lgan favqulodda va murakkab vaziyatda o‘z joni va salomatligini xavf ostiga qo‘yib, ko‘p qavatli uyning yuqori qismidan pastga qulab tushayotgan yosh bolaga amaliy yordam ko‘rsatgani va uning hayotini saqlab qolgani, xalqimizga xos yuksak jasorat, qahramonlik va fidoyilik fazilatlarini yaqqol namoyon etgani uchun mard va jasur yurtdoshimiz Ibadullayev Xayrullo Saydullayevich «Jasorat» medali bilan mukofotlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti maslahatchi Suma Chakrabarti bilan uchrashuv oʻtkazdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-fevral kuni iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchi Suma Chakrabartini qabul qildi.

Maslahatchining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan faoliyatining asosiy yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, umumtaʼlim muassasalari salohiyati va investorlar bilan strategik kommunikatsiyani rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Iqtisodiy islohotlar, davlat boshqaruvi, taʼlim sohalaridagi ilgʻor xalqaro tajriba va strategik rejalashtirish amaliyotini izchil joriy etish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, xalqaro maydonda mamlakatimiz investitsiya salohiyatini targʻib qilishni yanada kengaytirish masalasiga toʻxtalib oʻtildi.

Posted on Leave a comment

Energetika sohasidagi loyihalarni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yirik energetika loyihalarini amalga oshirish, energiya tizimi barqarorligini taʼminlash va energiya samaradorligini oshirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Tanqidiy tahlil ruhida oʻtgan yigʻilishda qayd etilganidek, mamlakatimizda elektr energiyasi boʻyicha jami generatsiya quvvatlari 25,8 ming megavattga yetdi. Shundan quyosh, shamol va gidroenergetika 8 ming megavattni, yaʼni umumiy hajmning 31 foizini tashkil etmoqda. 2026-yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 90 milliard kilovatt-soatga yetkazish rejalashtirilgan boʻlib, bu 2020-yilga nisbatan 40 foiz oʻsish demakdir.

Joriy yilda iqtisodiy oʻsish hamda tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmlarining oshishi hisobiga elektr isteʼmoli yana 1 milliard kilovatt-soatga ortishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan aholi va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos ravishda energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish, tarmoqlarni yangilash, investitsiyalarni koʻpaytirib, yirik loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish birinchi navbatdagi vazifa sifatida belgilandi.

Bugungi kun holatiga koʻra, yoqilgʻi-energetika majmuidagi investitsiya portfeli 133 ta loyihani qamrab olgan boʻlib, umumiy qiymati 51,4 milliard dollarni tashkil etmoqda. Shundan 43 milliard dollarlik 73 ta yirik loyiha boʻyicha tizimli yondashuv qilib, yil yakuniga qadar 6 ming 770 megavatt yangi quvvatlarni ishga tushirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Bu 2,8 ming megavatt quyosh, 2,5 ming megavatt issiqlik, 470 megavatt shamol, 68 megavatt gidroenergetika quvvatlari hamda 884 megavatt energiya saqlash tizimlaridir.

Biroq ayrim loyihalarni kelishish va yer ajratish bilan bogʻliq jarayonlarda turli sustkashliklarga yoʻl qoʻyilayotgani oqibatida mavjud loyihalarni kengaytirish hamda yangilarini boshlash orqaga surilayotgani tanqid qilindi. Mutasaddilarga yer ajratish va toifasini oʻzgartirish ishlarini tezlashtirish topshirildi.

Umuman, joylarda energetikani rivojlantirish va energotejamkorlikni taʼminlashda Energetika vazirligi hamda hokimliklar yaqin hamkorlik va muvofiqlashuv asosida ishlashi zarurligi qayd etildi.

Loyihalarni amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va mahsulotlar ishtirokini yanada kengaytirish muhim ekani taʼkidlandi. 2025-yilda investitsiya loyihalarida mahalliy komponent ulushi 737 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2026-yilda bu koʻrsatkichni 1 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan.

Jumladan, oʻtgan yili transformator ishlab chiqarish zavodi ishga tushdi. Joriy yilda yangi turdagi kabel va muftalarni, shamol elektr stansiyalari minoralari va parraklarini mahalliylashtirish loyihalarini ishga tushirish, energiya saqlash tizimlarini mahalliylashtirish loyihasini boshlash rejalashtirilgan.

Elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi ortayotgan sharoitda uni isteʼmolchilarga oʻz vaqtida yetkazib berish masalasi dolzarb ekani, lekin qoʻshimcha yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlari qurilmasa, generatsiya quvvatlarining isteʼmol hajmidan oshib ketishi xavfi mavjudligi koʻrsatib oʻtildi. Oʻtgan yili elektr tarmoqlarini rivojlantirishga ajratilgan mablagʻlarni oʻzlashtirish surʼati yetarli emasligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan yaqin yillarda jami 602 kilometr uzunlikdagi “Tolimarjon – Soʻgʻdiyona”, “Sirdaryo – Halqa” va “Qorakoʻl – Nurobod” liniyalarini, 2030-yilga qadar “Yangi Angren – Namangan” tarmogʻi hamda “Namangan” nimstansiyasini qurish rejalari haqida axborot berildi. Toshkent shahrida 75 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar va 5 ta nimstansiya qurish, 69 kilometr tarmoq hamda 18 ta nimstansiyani modernizatsiya qilish, 638 kilometr past kuchlanishli tarmoqlar va 161 ta transformator shoxobchalarini modernizatsiya qilish topshirildi.

Qoʻshni davlatlar bilan energetika tizimlarini integratsiya qilish hisobiga vodiy viloyatlarida elektr taʼminotini yaxshilash rejalari ham muhokama qilindi. “Surxon – Puli-Xumri” yuqori kuchlanishli tarmogʻi va uning nimstansiyalari qurilishini jadallashtirish vazifasi qoʻyildi.

Energiya samaradorligi borasida hali koʻp ishlar qilinishi shartligi qayd etildi.

Soha va tarmoqlarda 2026-yilda elektr 4 milliard 378 million kilovatt-soat elektr energiyasi, 2 milliard 840 million kub metr tabiiy gaz tejash uchun tizimli va manzilli choralar koʻrish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Yirik korxonalarda ishlab chiqarish hajmini oʻzgartirmasdan energiya sarfini kamida 10 foizga kamaytirish, tarmoqlar va ijtimoiy obyektlarda energiya samaradorligini oshirish uchun 200 million dollar resurs jalb etish choralari belgilandi.

Respublika hududlarida issiqlik va kogeneratsiya markazlarini qurish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi. Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan kogeneratsiya markazini tashkil etish ishlari davom ettiriladi, Yunusobod tajribasi asosida hududlarda 7 ta kogeneratsiya markazlari quriladi. Issiqlik stansiyalari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida ular uchun suyultirilgan gazni saqlash infratuzilmasini barpo etish masalasini oʻrganib, takliflar kiritish topshirildi.

Yigʻilish yakunida Prezidentimiz strategik loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish, magistral va taqsimlovchi tarmoqlarni jadal rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish yuzasidan qoʻshimcha topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Qishloq xoʻjaligida texnikalar parki yangilanib, raqamli yechimlar keng joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xoʻjaligini maxsus texnika bilan taʼminlash hamda sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda qishloq xoʻjaligida mexanizatsiya darajasi 81 foizni tashkil etmoqda. Jumladan, soʻnggi yillarda 1 ming 756 ta paxta terish mashinasi xarid qilindi va paxta terimining mexanizatsiya darajasi 52 foizga yetdi. Oʻtgan mavsumda 2,1 million tonna paxta mashina yordamida yigʻib olingan. Buning hisobiga keyingi besh yilda qoʻl mehnati 1,8 barobar qisqardi.

Navbatdagi vazifa – paxtani mashinada terish ulushini kamida 70 foizga yetkazish. Buning uchun 2026-yilda 800 ta paxta terish mashinasi, shuningdek, 6 mingta seyalka, traktor va kombayn xarid qilinishi rejalashtirilgan. Umuman, yil davomida 10 mingta yangi texnika xarid qilinib, qishloq xoʻjaligi texnikalari parki 292 mingtaga yetkazilishi koʻzda tutilgan.

Yangi texnikalarni fermerlarga qulay shartlarda lizingga berish maqsadida xalqaro moliya institutlaridan 400 million dollar jalb qilinadi. Texnikalar milliy valyutada 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga 18 foiz stavkada berilib, kredit stavkasining 8 foizi budjet hisobidan qoplab beriladi.

Taqdimotda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi mashinasozligini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishni kengaytirish ustuvor vazifa ekani taʼkidlandi.

2026-2028-yillarda mahalliy ishlab chiqariladigan texnika va agregatlar hajmini 5 barobarga, mahalliylashtirish darajasini qoʻshimcha 10 foizga oshirish muhim ekani koʻrsatib oʻtildi. Xususan, 2026-yilda ishlab chiqarish 6 ming donagacha yetkazilishi, 2028-yilga qadar mahalliylashtirish koʻrsatkichi oʻziyurar texnikada 30-35 foizga, osma va tirkamali texnikada 60-65 foizga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Texnika va agregatlarni sotib olishda subsidiyalashning amaldagi tizimini mahalliylashtirish darajasi 25 foizdan yuqori boʻlgan texnikaga tatbiq etilmoqda. Taqdimotda talab yuqori boʻlgan 3 turdagi import texnika boʻyicha ham subsidiya ajratishni yoʻlga qoʻyish taklif qilindi. Umuman, joriy yilda texnika qiymatining 15 foizini qoplash uchun 660 milliard soʻm subsidiya yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan.

Taqdimotda Toshkent traktor zavodi faoliyatini sogʻlomlashtirish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari ham koʻrib chiqildi.

Sohada zamonaviy bank xizmatlarini yoʻlga qoʻyish, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektga asoslangan yechimlarni joriy qilish borasidagi ishlar ham taqdimot qilindi.

2025-yilda “Agrobank” ATB tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun 1,6 trillion soʻmlik kreditlar ajratilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkichni 3,9 trillion soʻmga yetkazish koʻzda tutilgan. Kreditlash jarayonlarini avtomatlashtirish natijasida kredit ajratish muddati 3 kundan 3 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, mijozlarga kompleks qishloq xoʻjaligi xizmatlari koʻrsatiladi. Bunda har bir hududda bittadan agroxizmat zonalari tashkil etiladi va ularda qishloq xoʻjaligi agenti faoliyat yuritadi. Ushbu zonalarda fermerlar bir joyning oʻzida bank, konsalting, monitoring, tuproq tahlili, koʻchat yetkazib berish xizmatlari, agronom maslahatidan foydalanishlari, oʻquv kurslari haqida maʼlumot olishlari mumkin boʻladi.

Bankning chorvachilik va mevachilikda, suvni sarfini “aqlli” boshqarishda sunʼiy intellektdan foydalanish boʻyicha pilot loyihalarni amalga oshirish, qishloq xoʻjaligida startaplarni moliyalashtirish maqsadida ustav kapitali 100 milliard soʻmlik yangi venchur kompaniyasini taʼsis etish borasidagi rejalari ham koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari takliflarni maʼqullab, qishloq xoʻjaligida mexanizatsiya darajasini yanada oshirish, mahalliy ishlab chiqarish va servisni rivojlantirish, raqamli platformalar orqali monitoring va moliyaviy xizmatlarni yaxshilash yuzasidan mutasaddilarga bir qator koʻrsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-fevral kuni AQShning Vashington shahriga amaliy tashrifdan so‘ng Toshkentga qaytib kelgach, Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Qoraqalpogʻiston oʻzining ulkan maydoni va qazilma boyliklar zaxirasi bilan katta iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatga ega. Xususan, 270 million tonna sement, 256 million kub metr qurilish va pardozbop toshlar, 200 million tonna ohak, 31 million kub metr keramzit, 30 million kub metr qurilish qumlari, 27 million kub metr gʻisht xomashyosi, 6,9 million tonna shisha, 6,5 million tonna gips, 4,3 million tonna vermikulit zaxiralari aniqlangan.

Shu bilan birga, shahar va tumanlar, ovullar oʻrtasidagi masofa uzoqligi har bir hududning solishtirma ustunligidan unumli foydalanib, aniq hisob-kitob bilan ishlashni taqozo etadi. Umuman, qayerda sogʻlom muhit, qulay sharoit, adolatli va shaffof tizim boʻlsa, tadbirkor oʻsha joyda ishlashni xohlaydi, investor ham ana shunday hududga mablagʻ tikadi.

Taqdimotda so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotida sezilarli o‘zgarishlarga erishilgani qayd etildi. Jumladan, 8-yil oldin hudud iqtisodiyoti aholi jon boshiga hajm bo‘yicha eng oxirgi o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, bugun 7-o‘ringa ko‘tarildi. Sanoat mahsulotining atigi 4 foizi eksportga chiqqan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 30 foizga yetdi. Umumiy eksport 2016-yilga nisbatan 3,5 karra oshib, 2,1 milliard dollar bo‘ldi.

Kelgusi 5-yilda hudud iqtisodiyotini 102,5 trillion so‘mga (2025-yilda 54,3 trillion so‘m bo‘lgan), aholi jon boshiga esa 51 million so‘mga yetkazish, sanoat va xizmatlar sohasida 7,2 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Barcha imkoniyatlarni ishga solib, eksportni 900 million dollarga yetkazish muhimligi ta’kidlandi (2025-yilda 435 million dollar bo‘lgan).

Joriy yil yakuniga qadar ishsizlik darajasini 4,2 foizgacha, kambag‘allikni 3,2 foizgacha pasaytirish, Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan. Qo‘shimcha ravishda “og‘ir” toifadagi Bo‘zatov, Qonliko‘l, Mo‘ynoq va Shumanay tumanlari hamda 90 ta mahallada kambag‘allikni 2 barobar qisqartirish vazifasi qo‘yildi.

Taqdimotda investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida hududga avval berilgan imtiyozlar muddatini uzaytirish taklifi bildirildi. Prezidentimiz ushbu taklifni qo‘llab-quvvatladi.

Qoraqalpog‘istonga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini 2,5 barobar oshirish (2025-yilda 2,5 milliard dollar bo‘lgan) maqsad qilingani qayd etildi.

Hudud uchun ishlab chiqilgan yirik investitsiya loyihalari haqida ma’lumot berildi.

Sun’iy intellekt sohasi uchun Taxiatosh tumanida modulli intellektual hisoblash markazini tashkil etish, Nukus shahrida avtomobil sanoati uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnologik klaster barpo etish, bazalt tolasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, chiqindilarni kuydirish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish, Qorao‘zak tumanida ko‘mirdan oltin ajratib olish fabrikasi, Taxtako‘pir tumanida paxta tozalash va yigirish fabrikasi, Chimboy tumanida ip-kalava ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari shular jumlasidan.

Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda mavjud yer resursidan foydalanish darajasi hudud imkoniyatlariga mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Mavjud maydonlarning atigi 2,5 foiziga ekin ekilayotgani, qolgan 16 million gektar deyarli ishlatilmayotgani qayd etildi. Iqlimga mos yangi ekin turlarini topib, ularni yetishtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tajribalarni yo‘lga qo‘yish, suvsizlik va sho‘rga chidamli, shu jumladan, farmatsevtika sanoati uchun dorivor giyohlarni katta maydonlarda yetishtirib, eksportni ko‘paytirish vazifalari belgilandi.

Yaylovlardan samarali foydalanish va chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha Vazirlar Kengashi raisining alohida o‘rinbosari lavozimini kiritish taklif qilindi. Joriy yilda 10 ming gektar yaylovni tiklash, o‘simliklarni sun’iy intellekt asosida monitoring qilish, kasalliklarni erta aniqlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish vazifalari qo‘yildi.

Joriy yilda Qo‘ng‘irot, Chimboy, Beruniy, Bo‘zatov va Qonliko‘lda chorva ozuqasini yetishtirish, saqlash va qadoqlash loyihalari, Beruniy tumanida yiliga 36 ming tonna chorva va baliq ozuqasi ishlab chiqaradigan zamonaviy agromajmua ishga tushiriladi.

Turizmni hududning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.

“Borsa kelmas” tuz koni hududida turizm-rekreatsion zonasi, Orolbo‘yi va Ustyurt platosida Mars sayyorasi manzarasini eslatuvchi nuqtalarda glemping zonalari tashkil etiladi. Orol dengizi qurishi oqibatlarini butun dunyoga namoyish qilish uchun Orol dengizi tarixi muzeyi zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinadi.

Bu ishlar hisobiga joriy yilda Qoraqalpog‘istonga 500 ming xorijiy va 3 million mahalliy sayyoh jalb etish vazifasi qo‘yildi. Mashhur turoperatorlarga hududning jozibadorligini oshirish uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy qilinadi.

Intellektual loyihalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangicha tizimni Qoraqalpog‘istondan boshlash belgilandi. Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazida IT universiteti va startaplar uchun texnopark tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, sun’iy intellektni rivojlantirishga 5 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, ma’lumotlarni qayta ishlash, “bulutli” ma’lumotlar va hisoblash markazlari imkoniyatlaridan foydalanish darajasi 10 karra oshirilishi ko‘zda tutilgan. Qoraqalpog‘istonda 1 million dollarlik 10 ta startap loyihasini boshlash, bu maqsadlarga Ilm-fan va innovatsiyalar jamg‘armasidan har yili 30 milliard so‘mdan ajratib borish topshirildi.

2027-yil yakunigacha Qo‘ng‘irotda xalqaro standartlarga javob beradigan “quruq port” maqomiga ega Orol logistika markazini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilda Qoraqalpog‘istondagi infratuzilma loyihalari uchun 150 milliard so‘m, kelgusi yillarda markazlashgan ichimlik suv ta’minotini yaxshilashga 2,2 trillion so‘m yo‘naltirilishi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, suv taqsimlash va tozalash inshootlari hamda yo‘l qurilishi loyihalariga 200 million dollar jalb qilinishi belgilandi.

Yig‘ilish yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda belgilangan marralarga erishish uchun barcha imkoniyat va resurslarni to‘liq ishga solish, har bir tuman va mahallada aniq hisob-kitob hamda manzilli yondashuv asosida ish tashkil etib, aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy natijasini tezroq ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

AQShga amaliy tashrif yakunlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qoʻshma Shtatlariga amaliy tashrifi yakuniga yetdi.

Davlatimiz rahbari Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida nutq soʻzladi va Gʻazo sektorini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qayta tiklash hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha oʻz qarashlari bilan oʻrtoqlashdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti AQSh savdo vaziri Xovard Latnik, AQSh savdo vakili Jeymison Grir, Eksimbank prezidenti va raisi Jon Yovanovich va Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan alohida uchrashuvlar oʻtkazdi.

Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida mamlakatimiz yetakchisi bir qator ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida va qoʻshma loyihalar taqdimotida ishtirok etdi. Tadbirda AQSh hukumati, yirik kompaniyalari va moliya institutlarining yuqori darajali vakillari hamda videoaloqa orqali Oʻzbekiston hududlari rahbarlari ishtirok etdilar.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahriga joʻnab ketdi. Aeroportda davlatimiz rahbari va rafiqasini AQSh-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti Tinchlik kengashining Gʻazo sektori boʻyicha faoliyatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp raisligida oʻtkazilgan tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Bahrayn, Indoneziya, Argentina, Paragvay, Ruminiya, Misr, Qatar, Pokiston, Vengriya, Albaniya, Armaniston, Vyetnam, Kambodja, BAA, Turkiya, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Isroil, Marokash va boshqa davlatlar delegatsiyalari rahbarlari ham qatnashdi.

Gʻazo sektorini qayta tiklash va gumanitar yordam koʻrsatish, shuningdek, mintaqada tinchlik hamda barqarorlikni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida dastlabki sammitni chaqirgani uchun Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti, Tinchlik kengashi raisi Donald Trampga minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston Tinchlik kengashini tuzish boʻyicha tinchliksevar tashabbusni qoʻllab-quvvatlagani va uni muvaffaqiyatli roʻyobga chiqarishda amaliy ishtirok etishini qatʼiy tasdiqlagani taʼkidlandi.

– Ishonchim komil, kengash ishi Gʻazo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Gʻazoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining soʻzsiz ichki qoʻllab-quvvatlashiga tayanishi lozimligi taʼkidlandi.

Barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlari Gʻazoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, mojarodan keyingi jarayonlarni barqarorlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bogʻchalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qoʻshishga tayyorligini qayd etdi.

– Bizning uchrashuvimiz xalqaro birdamlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga boʻlgan umumiy intilishimizning yorqin ifodasidir. Biz Yangi Gʻazoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega boʻlgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirda boshqa xorijiy mamlakatlarning davlat, hukumat va tashqi siyosiy idoralari rahbarlari ham so‘zga chiqdilar.

Yig‘ilish yakunida Tinchlik kengashi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tinchlik kengashining birinchi sammitidagi nutqi

Muhtaram Donald Tramp Janobi Oliylari!

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Avvalambor, Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp Janobi Oliylariga Tinchlik Kengashining inauguratsiya majlisini chaqirgani uchun chin dildan minnatdorchilik izhor etaman.

Hech shubhasiz, bugungi sammit bu Prezident Trampning siyosiy irodasi va pragmatizmi natijasidir.

Oʻzbekiston Tinchlik kengashini tuzish boʻyicha tinchliksevar tashabbusni qoʻllab-quvvatladi va uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi borasida oʻzining amaliy ishtirokini qatʼiy bayon etdi.

Ishonchim komil, Kengash ishi Gʻazo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon beradi.

Shu bilan birga, Gʻazoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining soʻzsiz ichki qoʻllab-quvvatlashiga tayanishi lozim.

Barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlari Gʻazoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, mojarodan keyingi jarayonlarni barqarorlashtirishga xizmat qiladi.

Taʼkidlab aytamanki, Oʻzbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bogʻchalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qoʻshishga tayyor.

Hurmatli doʻstlar!

Ushbu sammit Donald Tramp nomidagi Tinchlik institutida oʻtkazilayotganida ramziy maʼno mujassam.

Bizning uchrashuvimiz xalqaro birdamlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga boʻlgan umumiy intilishimizning yorqin ifodasidir.

Biz Yangi Gʻazoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega boʻlgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.