Posted on Leave a comment

Turkiyaga rasmiy tashrif yakunlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi yakunlandi.

Anqara shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan muzokaralar, shuningdek, ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini imzolash marosimi bo‘ldi.

Ommaviy axborot vositalari uchun bayonotlarda O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari bo‘lib o‘tgan muzokaralar haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdilar.

Davlat rahbarlari Hatay viloyatida O‘zbekiston tomonidan qurilgan turar joy majmuasini foydalanishga topshirish, shuningdek, Istanbul shahrida o‘zbek maktabi qurilishini boshlash marosimida ishtirok etdilar.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, O‘zbekiston Prezidenti rafiqasi bilan birga Toshkentga jo‘nab ketdi. «Esenbog‘a» xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni Turkiya Vitse-prezidenti Javdat Yilmaz va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston va Turkiya yetakchilari gumanitar loyihalarni ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar

Anqara shahriga rasmiy tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan Hatay viloyatida mamlakatimiz tomonidan barpo etilgan “Oʻzbekiston” turar joy majmuasining ochilish marosimida ishtirok etdilar.

Marosimda soʻzga chiqqan davlatimiz rahbari uch yil oldin sodir boʻlgan vayronkor zilzila qardosh turk xalqi uchun ogʻir sinov boʻlganini taʼkidladi. Oʻzbekiston ushbu fojiali davrning dastlabki kunlaridanoq Turkiyaga har tomonlama yordam koʻrsata boshladi.

Qisqa fursatda 100 nafar oʻzbekistonlik qutqaruvchi va 70 nafar tibbiyot xodimi falokat sodir boʻlgan hududga yetib bordi. Qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 18 kishi qutqarildi, 200 nafarga yaqin jabrlanganlar vayronalar ostidan chiqarildi. Dala shifoxonasi 4 ming nafar bemorga tibbiy yordam koʻrsatdi.

Prezident Rejep Tayyip Erdogʻan tashabbusi bilan zilzila oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha keng koʻlamli dasturlar amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi. Bugungi kunga qadar mamlakatda 455 mingdan ortiq uy-joy qurildi.

Oʻzbekiston, oʻz navbatida, qisqa muddatlarda Hatay viloyatining Arsuz tumanida 300 dan ziyod toʻliq jihozlangan xonadon, jami 24 ta koʻp qavatli uydan iborat barcha zarur infratuzilmaga ega zamonaviy turar joy majmuasini barpo etdi.

Turkiya Prezidenti ushbu majmua nafaqat jabrlangan oilalar uchun yangi uy, balki oʻzbek va turk xalqlari oʻrtasidagi abadiy doʻstlikning yorqin namunasi ekanini taʼkidladi.

Yetakchilar loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan quruvchilar, muhandislar, ishchilar va barcha hamkorlarga samimiy minnatdorlik bildirdilar.

Davlat rahbarlari yangi xonadonlar kalitlarini ularning egalariga tantanali ravishda topshirdilar.

Shuningdek, Prezidentlar Istanbulning Bekirkyoy tumanida oʻzbek maktabi qurilishini boshlab berdilar. Mazkur dargoh Oʻzbekistonning xorijdagi birinchi taʼlim muassasasi boʻladi.

Yangi oʻquv maskani Turkiyada yashovchi oʻzbek oilalarining farzandlariga oʻz ona tilida taʼlim olishi bilan birga milliy qadriyatlar, madaniyat va anʼanalarni saqlab qolish imkonini beradi.

Tomonlar ushbu maktab ikki qardosh xalq oʻrtasidagi rishtalar yanada mustahkam boʻlishiga xizmat qilishi, yosh avlod uchun muhim taʼlim va tarbiya markaziga aylanishiga ishonch bildirdilar.

Posted on Leave a comment

Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatini yangicha tashkil qilish vazifalari belgilab olindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilish avvalida davlatimiz rahbari mazkur uchrashuv jahonda keskin geosiyosiy oʻzgarishlar boʻlayotgan, davlatlar suverenitetiga xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan murakkab bir paytda oʻtayotganini qayd etdi. Bunday sharoitda tashqi siyosat sohasidagi faoliyatni tanqidiy muhokama qilib, Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar ishini yangicha tashkil qilish zarurligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari tashqi siyosat borasida 2025-yil koʻp jihatdan natijador boʻlganini qayd etdi. Oʻtgan yili 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, yangi tariximizda ilk bor qator davlatlar rahbarlarining Oʻzbekistonga tashriflari tashkil etildi. “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi koʻp tomonlama muloqotlar sermahsul boʻldi. Soʻnggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatilib, ularning umumiy soni 19 taga yetdi, Qozogʻiston, Ozarbayjon va Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatlari yoʻlga qoʻyildi.

– Ochiq, pragmatik, puxta oʻylangan va tashabbuskor tashqi siyosatimiz natijasida Oʻzbekiston global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib bormoqda, – dedi Prezidentimiz.

2017-yildan buyon xorijiy davlatlarda 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonalari ochilib, ularning soni 60 taga, diplomatik aloqa oʻrnatilgan davlatlar soni esa 165 taga yetdi. Elchixonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalar shtatlari hamda Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining ish haqi oshirilgani qayd etildi.

Shu bilan birga, “Barcha diplomatik vakolatxonalar mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanyaptimi?” degan masala oʻrtaga qoʻyildi.

– Hozirgi sharoitda elchi degani faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emas. Elchi – investitsiya va texnologiya olib keladigan, yangi eksport bozorlarini ochadigan, transport-logistika yoʻlaklarini ishga soladigan, turistlar oqimini koʻpaytirib, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratadigan, eng asosiysi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qiladigan davlat vakilidir, – dedi Prezidentimiz.

Shu munosabat bilan elchilar uchun ular faoliyat yuritayotgan davlatlardan eksport tushumlari, turistlar oqimi hamda ushbu mamlakatlarga qonuniy mehnat migratsiyasi samaradorlik mezoni boʻlishi qayd etildi.

Iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish orqali eksport va investitsiya hajmini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Ikki va koʻp tomonlama tadbirlar doirasida 2025-yilda umumiy qiymati 160 milliard dollarlik investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari boʻyicha bitimlar imzolandi. Tarixda ilk bor tashqi savdo aylanmasi 80 milliard dollardan oshib, eksport 33,5 milliard dollarga, xorijiy investitsiyalar esa 43 milliard dollardan oshdi. Oʻtgan yili 75 ta davlatga eksport hajmi qariyb 4,5 milliard dollarga koʻpaydi.

Shu nuqtayi nazardan elchilarga Yaqin Sharq, Yevropa, Osiyo va Afrika davlatlari yoʻnalishlarida eksportni kengaytirish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, kimyo, toʻqimachilik, issiqxona va xizmatlar sohalarida aniq loyihalar bilan ishlash vazifalari qoʻyildi. Ayrim bozorlarda Oʻzbekiston mahsulotlarining nomi yetarlicha tanitilmayotgani qayd etildi.

Logistika xarajatlarining ortishi milliy mahsulotlar raqobatdoshligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani taʼkidlanib, Yevropa bozorlariga chiqishda tranzit yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish, logistika zanjirlarini qisqartirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Qishloq xoʻjaligi sohasida tejamkor texnologiyalar, innovatsion issiqxonalar tajribasini oʻrganish, ularni hududlarimizda joriy etish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi. Shuningdek, kimyo sanoati mahsulotlari uchun yangi eksport bozorlarini ochish, standart va talablarni ishlab chiqaruvchilarga yetkazish, koʻrgazmalar tashkil etish masalalari qayd etildi.

Yangi eksport yoʻnalishi sifatida Afrika qitʼasi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Shu maqsadda tegishli vazirliklar va elchilar ishtirokida aniq “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish topshirildi.

Elchilar loyiha topish, uni olib kelib, ishga tushirishdan manfaatdor boʻlishi kerakligi qayd etildi. Aniq investitsiya yoki eksport loyihasini yakuniga yetkazgan elchilarni moddiy ragʻbatlantirish amaliyoti joriy etilishi belgilandi.

Ayrim sohalarda elchilar va tarmoq rahbarlari mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanmayotgani tanqid qilindi. Xususan, xalqaro grantlar jalb qilish boʻyicha salohiyat yetarli darajada ishga solinmagani qayd etildi. Agar vazirliklar va tarmoq rahbarlari elchilar bilan hamkorlikni toʻgʻri yoʻlga qoʻyganida oʻtgan yili qoʻshimcha ravishda yana kamida 200-300 million dollar grant jalb qilish mumkin edi.

Qayd etilganidek, xalqaro tashkilotlar va donor mamlakatlar har yili 200 milliard dollarga yaqin xalqaro grantlar eʼlon qilmoqda. Ushbu resurslardan samarali foydalanish, grantlar bilan ishlash boʻyicha yagona va tizimli yondashuvni joriy etish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya, Xitoy, Yaponiya va Singapurdagi elchilar bilan birgalikda dunyodagi TOP-100 talikka kiruvchi yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarini Oʻzbekiston oliygohlariga hamkor sifatida jalb etish boʻyicha aniq choralar koʻrish zarurligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda hududlar va elchixonalar oʻrtasidagi hamkorlik yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagani qayd etildi. Viloyat hokimlari elchilar bilan birgalikda hududlarda ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlarni tizimli ravishda xorijda ilgari surishi, mahalliy korxonalarning tashqi bozorlarga chiqishida faol ishtirok etishi zarurligi taʼkidlandi.

Navbatdagi ustuvor vazifa sifatida fuqarolarimizni xorijda qonuniy va yuqori daromadli ish oʻrinlari bilan taʼminlash belgilandi. Tartibli mehnat migratsiyasining geografiyasi kengayib borayotgani, lekin ayrim mamlakatlarda bu yoʻnalishda ish yetarli darajada tashkil etilmayotgani koʻrsatib oʻtildi va elchilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Elchixonalar va konsulliklar fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishda faol boʻlishi, har bir holat boʻyicha malakali yuridik yordam koʻrsatishi shartligi taʼkidlandi. “Kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, joylarda ishlash, vatandoshlar bilan bevosita muloqot qilish vazifasi qoʻyildi.

Turizm sohasida elchilarning rolini yanada kuchaytirib, turizm va madaniyat boʻyicha ishlarga yangi yondashuv joriy etish, vizasiz rejimlardan samarali foydalanish, xalqaro autsorsing kompaniyalarni jalb etish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, tashqi siyosiy aloqalarni kengaytirish, oliy darajadagi tashriflarga puxta tayyorgarlik koʻrish, diplomat kadrlarni qayta tayyorlash va istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Tashqi axborot siyosati va mamlakat imijini oshirishda xalqaro OAV va maxsus media loyihalar bilan ishlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilab, uning ustuvor yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqish, milliy manfaatlarni himoya qilish va xalqaro maydonda mamlakatimizning oʻrnini mustahkamlashga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, yangi konsepsiya mamlakatimizning uzoq muddatli strategik maqsadlarini, ichki islohotlarimiz mantigʻini, iqtisodiy diplomatiya, xavfsizlik, investitsiya, eksport, transport-logistika, suv va iqlim masalalaridagi milliy manfaatlarimizni yaxlit va oʻzaro bogʻliq holda aks ettirishi lozim.

Diplomatlarimizning xizmatlarini munosib eʼtirof etish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan diplomat” faxriy unvonini taʼsis etish taklif etildi.

– Endi yangicha ruhda ishlaydigan, aniq natijalarga erishayotgan, Oʻzbekiston manfaatlarini xalqaro miqyosda qatʼiy himoya qiladigan diplomatlar davri keldi, – dedi davlatimiz rahbari yigʻilish yakunida.

Yigʻilishda xorijdagi elchilarning hisobot va takliflari tinglandi.

Posted on Leave a comment

Turizm va madaniyat sohasidagi masalalar muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro madaniy tadbirlarning natijalari, turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha navbatdagi vazifalar hamda yirik madaniyat va turizm obyektlarini barpo etishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro madaniyat makonida oʻz mavqeini izchil mustahkamlab bormoqda. Samarqandda UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 190 mamlakatdan 3 mingdan ortiq delegatlar ishtirokida muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Tadbir yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning madaniy merosni muhofaza qilish, taʼlim va kreativ iqtisodiyot boʻyicha tashabbuslarini amaliyotga joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Mamlakatimizning Yaponiyada boʻlib oʻtgan EKSPO-2025 Butunjahon koʻrgazmasidagi ishtiroki yakunlari sarhisob qilindi. Oʻzbekistonning 1,2 ming kvadrat metr maydonda tashkil etilgan “Bilimlar bogʻi” pavilyoniga 1 million nafarga yaqin odam tashrif buyurdi. Taqdim etilgan ekspozitsiyalar xalqaro miqyosda keng yoritildi hamda eng koʻp tashrif buyurilgan pavilyonlar qatoridan joy oldi. Ayni paytda Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtadigan EKSPO-2030 koʻrgazmasida ishtirok etishga tayyorgarlik ishlari boshlanib, maydoni 3,6 ming kvadrat metr boʻlgan pavilyon qurilishi rejalashtirilgan.

Buxoroda oʻtkazilgan birinchi Zamonaviy sanʼat biyennalesiga alohida eʼtibor berildi. 70 kun davom etgan tadbir 3,5 gektar maydonni va 14 ta restavratsiya qilingan madaniy meros obyektlarini qamrab oldi. Biyennaleda 40 dan ortiq davlatdan 70 nafar ijodkor va kurator ishtirok etdi. Tadbirda ishtirok etganlarning soni qariyb 1,8 million nafarni tashkil etib, jumladan, 100 nafardan ortiq yuqori martabali xorijiy mehmon tashrif buyurdi. Oʻzbekiston 2021-yildan buyon Venetsiya biyennalesida doimiy ravishda ishtirok etishi esa Italiyadan sayyohlar oqimining oʻsishiga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Mamlakatda yirik xalqaro konsert dasturlari oʻtkazildi. Xususan, Toshkentda Jennifer Lopes, Xivada Black Coffee, Samarqandda Andrea Bochellining konsertlari boʻlib oʻtdi. Tadbirlarni oʻtkazish davrida mazkur shaharlarda mehmonxonalardan foydalanish darajasi 90 foizdan oshdi, bu esa turizm va xizmatlar sohasi daromadlariga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

2025-yilda sayyohlar soni 11 milliondan oshib, turistik xizmatlar eksporti 4,8 milliard dollarga yetgani, shuningdek, vizasiz tartib joriy etilgan davlatlarning soni 94 taga koʻpaygani qayd etildi.

Shu bilan birga, turizm sohasini loyiha boshqaruvi tizimiga oʻtkazish, turizm mahsulotlarini yaratish va rivojlantirish boʻyicha yagona mexanizmni joriy etish hamda yirik tadbirlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Soha faoliyatini raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Davlat va xususiy axborot tizimlarini uygʻunlashtirib, Milliy turizm platformasini ishga tushirish, turistlar va tadbirkorlar uchun proaktiv raqamli xizmatlarni joriy etish, naqdsiz hisob-kitoblarni kengaytirish hamda turistlar oqimini tahlil qilish vazifalari belgilab berildi. Raqamlashtirish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va sayyohlik yigʻimidan yillik tushumlarni oshirish rejalashtirilgani qayd etildi.

Mamlakatimiz turizm salohiyatini AQSh, Fors koʻrfazi davlatlari, Hindiston, Xitoy va Skandinaviya kabi ustuvor bozorlarda ilgari surish boʻyicha yangi marketing strategiyasini amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi. Oʻzbekistonning xalqaro turistik platformalardagi ishtirokini kengaytirish, raqamli kontentni rivojlantirish hamda yirik media resurslari va fikr yetakchilarini jalb qilish vazifalari belgilandi.

Taqdimotda yirik madaniyat va turizm obyektlari loyihalari koʻrib chiqildi.

Samarqandda “Samarqand merosi yoʻlagi” loyihasi ish boshlamoqda. Registon ansambli, Bibixonim va Shohi Zinda majmualari hamda Mirzo Ulugʻbek rasadxonasini 6,6 kilometrlik yagona sayyohlik yoʻnalishi oʻzaro bogʻlaydi.

Samarqandda yangi “Ipak yoʻli” muzeyini qurish loyihasi taqdim etildi. Umumiy maydoni 19,5 ming kvadrat metrni tashkil etadigan uch qavatli zamonaviy bino qurilib, unda inklyuziv muhit, koʻrgazma zallari, eksponatlarni saqlash fondlari, shuningdek, taʼlim olishga moʻljallangan hududlarni yaratish koʻzda tutilgan.

Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi hududida landshaft dizaynini yangilash rejalashtirmoqda. Yangi muzey binosi, immersiv koʻrgazma zallari, tashrif buyuruvchilar uchun markaz barpo etiladi. Piyoda yoʻlaklari obodonlashtirilib, arxeologik obyektlar yagona muzey muhitiga uygʻunlashtiriladi.

Shuningdek, Buxoro shahrining bosh rejasi taqdim etildi. Unda qulay shahar muhitini shakllantirish, transport va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, kongress-xoll, amfiteatr, kutubxona, fud-xoll, chakana savdo va tijorat obyektlari hamda yuqori toifali mehmonxonani oʻz ichiga oladigan koʻp funksiyali majmua sifatida tarixiy-etnografik bogʻ barpo etish nazarda tutilgan.

Muhokama yakunida Prezidentimiz madaniyat loyihalarini turizmni rivojlantirish vazifalari bilan oʻzaro bogʻlagan holda amalga oshirish, ularning iqtisodiy barqarorligi va sifatli boshqaruvini taʼminlash zarurligini alohida taʼkidladi.

Posted on Leave a comment

Prezident Shavkat Mirziyoyev harbiy texnikalar ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Chirchiq shahridagi texnoparkka tashrif buyurib, mudofaa sanoati korxonalari faoliyati bilan tanishdi.

Bu yerda zirhli va maxsus texnikalar hamda ilgʻor funksional imkoniyatlari va texnik xususiyatlari bilan ajralib turadigan bir necha turdagi masofadan boshqariladigan jangovar modullarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

Ushbu yechimlar harakatlanuvchi va turgʻun nishonlarga, shu jumladan, koʻrinish cheklangan sharoitlarda oʻt ochishni taʼminlaydi. Avtomatlashtirilgan boshqaruv, barqarorlashtirish, optik va akustik kuzatuv tizimlari, shuningdek, zamonaviy nishonga olish vositalari bilan jihozlangan.

Davlatimiz rahbariga asosiy butlovchi qismlarni yigʻish, optik-elektron va barqarorlashtirish tizimlarini oʻrnatish, dasturiy sozlash va germetiklikni nazorat qilish, qurol-aslahalarni integratsiyalash va kompleks sinovlarni oʻz ichiga olgan ishlab chiqarish bosqichlari haqida maʼlumot berildi. Yakuniy bosqichda tayyor modullar yengil zirhli texnika namunalariga oʻrnatiladi va dala sharoitida tekshiriladi.

Jangovar modullar turli platformalar, jumladan, yengil zirhli texnika, maxsus avtomobillar, katerlar va zirhli transportyorlarni jihozlash uchun moʻljallangan.

Loyiha bir qator xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yurtimizning tegishli idoralari va sanoat korxonalari ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Bularning barchasi mamlakatimiz mudofaa sanoati korxonalarida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, ish oʻrinlarini yaratish, oʻz sanoat va texnologik bazasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari mahsulotlarning sifati va ishonchliligiga doir talablarga qatʼiy amal qilish, mahalliylashtirishni izchil kengaytirish, muhandislik kompetensiyalarini rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish muhimligini taʼkidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Prezident Shavkat Mirziyoyev Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining kompleks harbiy mashqlarini kuzatdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi Maxsus operatsiyalar kuchlari poligoni bilan tanishdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan soʻnggi yillarda Mudofaa vazirligi qoʻshinlaridagi barcha dala oʻquv maydonlari, harbiy qism va muassasalarda modernizatsiya ishlari olib borilib, ular xalqaro standartlarga moslashtirildi.

Maxsus boʻlinmalarni samarali tayyorlash maqsadida xalqaro tajriba va qoʻshinlarni tayyorlashning zamonaviy tendensiyalarini hisobga olib tashkil etilgan Maxsus operatsiyalar kuchlarining yangi poligoni mazkur ishlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Poligon obyektlarida shaxsiy tarkibning jangovar koʻnikmalarini takomillashtirish, tayyorgarlik mashgʻulotlarini samarali yoʻlga qoʻyish hamda maʼnaviy-ruhiy barqarorligini oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi jangovar va maxsus tayyorgarlik mashgʻulotlarini tashkil qilishning yangi usullari bilan tanishdi. Qurolli Kuchlar boʻlinmalari bilan oʻtkazilayotgan mashqlarning faol bosqichini kuzatdi.

Oʻquv davomida turli qoʻshinlarga mansub boʻlinmalarning jangovar imkoniyatlari hamda ularning birgalikdagi harakatlarining muvofiqlashganlik darajasi, shuningdek, qoʻshinlar va qurol-yarogʻni boshqarishning yangi raqamli tizimlari namoyish etildi.

Turli jangovar operatsiyalarni oʻtkazishda uchuvchisiz uchish apparatlaridan samarali foydalanish usullari, shuningdek, turli xil oʻquv-jangovar vazifalarni bajarish jarayonida artilleriya, aviatsiya, havo hujumidan mudofaa va quruqlikdagi qoʻshinlarning birgalikdagi harakatlari koʻrsatildi.

Bunda kichik komandirlarning zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda mustaqil qaror qabul qilish koʻnikmalari va boshqaruv mahorati darajasi, shuningdek, harbiy xizmatchilarning tez oʻzgarib borayotgan jangovar vaziyat sharoitida jang maydonida zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikani samarali qoʻllash boʻyicha kasbiy mahoratini baholashga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻquv yakunida Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni boʻlinmalarning tayyorgarligi va ularning birgalikdagi harakatlarida erishilgan uygʻunlik darajasini yuqori baholadi.

Davlatimiz rahbari Qurolli Kuchlarning qoʻmondonlik tarkibi bilan boʻlgan suhbatda dunyoda xavfsizlikka tahdidlar avj olayotgan bugungi tahlikali kunlarda Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini yanada mustahkamlash, xalq va armiya birdamligini taʼminlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash harbiy sohadagi islohotlarning oʻzagini tashkil etishi kerakligini taʼkidladi.

Posted on Leave a comment

Prezident Shavkat Mirziyoyev Chirchiq aviatsiya taʼmirlash zavodiga tashrif buyurdi

Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Chirchiq aviatsiya taʼmirlash zavodiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari korxonada amalga oshirilgan keng koʻlamli modernizatsiya natijalari hamda uning yangi yuqori texnologik boʻlinmalari faoliyati bilan tanishdi.

Zavod negizida MDH va mintaqamizda yagona boʻlgan “Airbus” vertolyotlariga texnik xizmat koʻrsatish markazi ishga tushirilgan.

Markaz Fransiyaning “Airbus” kompaniyasi tomonidan rasmiy sertifikatsiyadan oʻtkazilgan boʻlib, ishlab chiqarish yuqori saviyada tashkil etilgani, xalqaro standartlar va ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan talablarga muvofiqligi tasdiqlangan. Bu yerda Gʻarb aviatexnikasining zamonaviy modellari, shu jumladan, H-125, H-215 va H-130 rusumli vertolyotlar uchun servis va taʼmirlash ishlarining toʻliq zanjiri yoʻlga qoʻyilgan.

Markaz Oʻzbekistonni “Airbus” vertolyotlariga texnik xizmat koʻrsatish va ularni ekspluatatsiya qilish boʻyicha muhim mintaqaviy xabga aylantirish imkonini beradi.

Mamlakatimiz yetakchisi markaz imkoniyatlari bilan tanishdi va mutaxassislar bilan muloqot qildi.

Shu yerning oʻzida Prezidentimizga zavodning Su-25 harbiy samolyotlarini kapital taʼmirlash va chuqur modernizatsiya qilish boʻyicha yangilangan sexlari taqdimot qilindi. Ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish hisobiga endilikda korxonada texnikani zamonaviy navigatsiya tizimlari, tungi koʻrish qurilmalari va bortdagi oʻzini himoya qilish komplekslari bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashrif yakunida mamlakatimiz mudofaa sanoati salohiyatini yanada mustahkamlash boʻyicha topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini yanada mustahkamlashning ustuvor vazifalari muhokama qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari boʻyicha kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi, Vazirlar Mahkamasi aʼzolari, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar rahbarlari, harbiy okruglar qoʻmondonlari, harbiy-maʼmuriy sektorlar rahbarlari, boshqa idoralar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Oʻtgan yillarda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Milliy armiyamiz zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika bilan taʼminlanmoqda. Harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy-ruhiy tayyorgarlik darajasi izchil oshirib borilmoqda, mudofaa sanoatining salohiyati mustahkamlanmoqda.

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida yangi taktik usullar joriy etilib, mashgʻulotlar soni va shiddati 1,5 barobarga oshirildi, uchuvchisiz uchish apparatlari boʻlinmalari va mutaxassislar tayyorlash markazlari tashkil etildi.

Armiyani raqamlashtirish boʻyicha boshlangan ishlar natijasida axborot xavfsizligi, boshqaruv va koʻrsatilayotgan xizmatlar samaradorligi sezilarli darajada oshdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan harbiy taʼlim tizimi tubdan yangilandi, malakali professor-oʻqituvchi va instruktorlardan iborat Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi.

Taʼlim jarayoniga oʻqitishning ilgʻor raqamli texnologiyalari, jumladan, sunʼiy intellektga asoslangan va zamonaviy baholash tizimlari joriy etilgani harbiy kadrlar tayyorlash sifatini yangi bosqichga olib chiqdi.

Yigʻilishda mamlakatimiz xavfsizligini taʼminlash, mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Turli mintaqaviy mojarolar kengayib, qurollanish poygasi avj olayotgani, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, xalqaro huquq normalari va xalqaro diplomatiya zaiflashib borayotgani qayd etildi.

– Bir narsani tushunib olish zarur. Zamonaviy urush tabiati tubdan oʻzgardi. Endi qaysi davlat faqat tank, samolyot yoki askarlar soniga tayanib gʻalaba qozonaman desa, qattiq adashadi. Hozirgi janglar sunʼiy intellekt, raqamli boshqaruv, uzoq masofaga yuqori aniqlikda zarba beruvchi vositalar, kiber va robot texnologiyalar, siyosiy-iqtisodiy bosim asosida olib borilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois, tinchlik va xotirjamlik eng qimmat boylikka aylanayotganini bir daqiqa ham unutmaslik lozimligi taʼkidlandi. Bu boylikni asrab-avaylash uchun esa har bir soha va tarmoq xavf-xatarlarga oldindan javob qaytarish boʻyicha “proaktiv ish rejimi”ga oʻtishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Oliy Bosh Qoʻmondon kelgusi istiqbolga moʻljallangan eng muhim vazifalarni belgilab berdi.

Harbiy kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga ustuvor eʼtibor qaratiladi.

– Shuni unutmaslik kerakki, harbiy taʼlim va kadrlar tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish armiyaning yangi qiyofasini shakllantirishning asosiy shartidir, – dedi Prezident.

Muddatli harbiy xizmat – faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlarimiz jamiyatda mustahkam oʻrnini topishi uchun ularni mehnat bozoriga va mustaqil kasbga tayyorlash bosqichi sifatida tashkil etilishi zarurligi qayd etildi.

Jumladan, armiyada yoshlar kamida bitta kasb egasi boʻlib chiqishi boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratiladi. Harbiy qismlardagi asosiy yoʻnalish va mutaxassisliklardan kelib chiqib, askarlarni kasbga tayyorlash boʻyicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi. Dasturni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan oʻtkazilib, ularga kasb sertifikati beriladi.

Har yili 5 ming askar saralab olinib, “Bir million dasturchi” va “Besh million sunʼiy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida oʻqitiladi.

Askarlarga muddatli harbiy xizmatni oʻtash davrida harbiy qismning oʻzida oliygohga oʻqishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliygohda oʻqishini boshlaydi.

Shu bilan birga, armiyadan qaytib, oliy oʻquv yurtlarida tahsil olmoqchi boʻlgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi. Agar ular oliygohlarga kontraktga kirsa, foizsiz taʼlim krediti ajratiladi.

Bundan tashqari, armiyadan qaytgan yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha ham alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan, tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagidagi yoshlarning kredit xarajatini 6 foizi davlat tomonidan qoplanadi, davlat tashkilotlariga ishga kirmoqchi boʻlgan yoshlar uchun Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan oʻtkaziladigan test ballariga 10 foizlik imtiyoz berish amaliyoti joriy qilinadi. Xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi boʻlgan yoshlarga kasbni egallash va sertifikat olish xarajatlari toʻlab beriladi.

– Bir soʻz bilan aytganda, “muddatli harbiy xizmatni oʻtash – yoshlar uchun muvaffaqiyat yoʻli”ga aylanishi kerak, – dedi Prezidentimiz.

Muhandislik-texnika, kiberxavfsizlik va axborot xurujlariga qarshi kurashish sohalarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash eng muhim masala ekani taʼkidlandi. Shu bois, muhandislik-texnik yoʻnalishdagi harbiy-ilmiy bazani mustahkamlash, joylarda harbiy texnoparklar tashkil etish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini yanada mustahkamlash bilan birga, ularning maʼnaviy olamini ham muntazam boyitib borishni zamonning oʻzi talab etmoqda.

Bunda kitobxonlik muhim oʻrin tutadi. Shu bois, joriy yilda barcha harbiy qism va muassasalar jami 1 million nusxadagi badiiy adabiyotlar bilan taʼminlanadi.

Qurolli Kuchlar tizimidagi harbiyga yoʻnaltirilgan maktab-litsey oʻquvchilari, muddatli harbiy xizmatchilar, kursantlar, serjant va ofitserlar oʻrtasida Oliy Bosh Qoʻmondon sovrini uchun kitobxonlik tanlovi yoʻlga qoʻyiladi. Okrug, qoʻmondonlik, vazirlik, Oliy Bosh Qoʻmondon tanlovlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan askarlarning muddatli harbiy xizmati bir oyga qisqartirib beriladi.

Har yili harbiy xizmatchilar oʻrtasida koʻpkurash, qoʻl jangi, ogʻir atletika kabi sportning 10 dan ortiq anʼanaviy turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazilmoqda. Endi joriy yildan boshlab kibersport, dron va robot texnologiyalari kabi zamonaviy sport turlari boʻyicha uch bosqichli musobaqalar tashkil etiladi.

– Mintaqaviy va global vaziyatni doimiy tahlil qilib borish, milliy armiyamizning salohiyatini mustahkamlash – bugungi kun talabi. Oʻzbekiston armiyasi xalq himoyasiga doimo tayyor turishi, buning uchun tezkor, yuqori texnologiyali, yangi jang sharoitlariga mos boʻlishi kerak, – dedi Prezident.

Shu sababli, qoʻshinlarni sunʼiy intellekt asosidagi robotlashgan majmualar va uchuvchisiz tizimlar, yengil harbiy texnika, zamonaviy qurol-aslaha, razvedka vositalari bilan jihozlashga alohida eʼtibor qaratish kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Prezidentimiz mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish, soha korxonalarida raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etish ustuvor vazifalardan biri boʻlishi kerakligini qayd etdi.

Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini raqamlashtirish sharoitida kiberxavfsizlikni taʼminlash va milliy raqamli infratuzilmaning barqarorligini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, mutasaddilarga shaxsga doir maʼlumotlar va raqamli tizimlar himoyasini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash topshirildi.

– Harbiy xizmatchilar mehnatini qadrlash, ularning oila aʼzolari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilish doimo diqqat-eʼtiborimiz markazida boʻlishi zarur, – dedi Prezidentimiz va bu borada katta yangiliklarni eʼlon qildi.

Xususan, 1-apreldan boshlab Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshiriladi. Kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi.

Hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va bo‘limlarining harbiy bo‘lmagan xizmatchilarini oyligi bu yil 20 foizga, kelasi yili yana 50 foizga oshiriladi.

Qurolli Kuchlar safida 30-yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik miqdori 75 foizdan 100 foizga yetkaziladi.

Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar uchun uy-joy qurilishi kengaytiriladi.

Mas’ullarga harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotini belgilaydigan qonun loyihasini ishlab chiqib, parlamentga kiritish topshirildi.

Zamonaviy xavf va tahdidlarning mazmuni ham, ko‘lami ham kundan kunga o‘zgarib borayotgani, mudofaa va xavfsizlik sohasi oldiga katta vazifalar qo‘yilayotganini inobatga olib, davlatimiz rahbari sakkiz yil oldin qabul qilingan Mudofaa doktrinasi hamda 1997 yilda qabul qilingan Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish vaqti kelganini ko‘rsatib o‘tdi.

Yangi Mudofaa doktrinasi mamlakatimizni hech qaysi harbiy blogga qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolishini, ko‘p tomonlama diplomatiyaga tayanishda davom etishini, yuqori texnologiyalarga asoslangan strategiya, harbiy mustaqillik va mintaqaviy barqarorlik yo‘nalishida rivojlanishini ta’minlashi lozimligi ta’kidlandi.

– Umuman, yangi doktrina armiyani texnologik yangilash va ilg‘or harbiy yechimlarni joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi kerak, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari yig‘ilish yakunida Qurolli Kuchlarimizning jasur askar va serjantlari, ofitser va generallari, faxriylari, ularning oila a’zolari va yaqinlarini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabrikladi.

– Sizlarning jasoratingiz, qasamyodga sadoqatingiz, el-yurt himoyasi yoʻlidagi fidoyiligingiz bilan butun xalqimiz faxrlanadi. Goʻzal yurtimizda tinchlik-osoyishtalik va hamjihatlik doimo hukm sursin, jonajon Vatanimiz yanada mustahkam va barqaror boʻlsin! – dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda mudofaa vaziri, harbiy okrug qo‘mondonlari va boshqa ma’sullarning hisobot hamda takliflari eshitildi.