Posted on Leave a comment

Gaz qazib olish hajmlarini oshirish va sohani transformatsiya qilish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining kelgusidagi vazifalari va rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Energetik xavfsizlikni taʼminlash va iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish mamlakat taraqqiyotining muhim omillaridan hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, gaz sohasida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va geologiya-qidiruv ishlarini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Taqdimotda “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati oldida turgan eng asosiy vazifa tabiiy gaz zaxiralarini oshirish va qazib chiqarish hajmlarini koʻpaytirish ekani qayd etildi. Kompaniya kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 million kub metrdan 70 million kub metrga koʻpaytirish, bu yil kamida 25,4 milliard kub metr gaz qazib chiqarish choralarini koʻrishi zarurligi taʼkidlandi.

Mavjud imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Gaz zaxiralarini oʻstirish uchun yangi istiqbolli investitsiya bloklarini shakllantirish, investorlarga berilgan ayrim maydonlarda esa ishlarni jadallashtirish va samaradorligini oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Nafta ishlab chiqarish hozirda quvvatning 70 foizida amalga oshirilayotgani, mahsulot esa 50 foiz arzon narxlarda eksport qilinayotgani koʻrsatib oʻtildi. Naftadan polimer mahsulotlari ishlab chiqarilsa, qoʻshilgan qiymatni 6 karra oshirish imkoniyati borligini hisobga olib, mavjud quvvatlarni toʻliq ishlatish choralarini koʻrish topshirildi.

“Oʻzbekneftgaz”ning moliyaviy holatini yaxshilash chora-tadbirlari ham koʻrib chiqildi.

Yigʻilishda neft-gaz sohasida oʻgʻrilik va korrupsiya holatlariga qarshi kurashish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Sohadagi korrupsion xavflarni oldini olish maqsadida “Oʻzbekneftgaz” tuzilmasida raisning alohida oʻrinbosari lavozimi kiritilib, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tashkil etildi. Tizimdagi har qanday noqonuniy holatni tezkor aniqlash va oldini olish boʻyicha samarali tizim yaratish vazifasi qoʻyildi.

Prezidentimiz neft-gaz sohasida transformatsiyani chuqurlashtirish, gaz zaxiralari va qazib olish hajmlarini oshirish, moliyaviy intizomni kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi

Qadrli vatandoshlarim!

Siz, azizlarni, koʻp millatli butun xalqimizni kirib kelayotgan yangi 2026-yil bilan chin yurakdan muborakbod etaman.

Oʻtib borayotgan yil xalqimiz hayotida katta oʻzgarishlar, ertangi kunga mustahkam ishonch va ulkan natijalar yili boʻldi.

Dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, biz oʻz oldimizga qoʻygan barcha maqsad va marralarga erishdik. Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi ilk bor 145 milliard dollardan oshdi va mamlakatimiz oʻrta daromadli davlatlar qatoridagi oʻrnini mustahkamladi.

Iqtisodiy oʻsish samarasi odamlarimiz hayotida, oilalar daromadida, mahallalar qiyofasida, yoshlarimizning kelajakka boʻlgan ishonchida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Oʻtayotgan yilda har bir oila, har bir xonadonda xursandchiliklar, baxtli onlar koʻp boʻldi.

Yangi uyga koʻchib kirgan, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan yoki kengaytirgan, daromadi oshgan, ilm-fan, sport, madaniyat va boshqa sohalarda oʻzi yoki farzandlarining yutuqlaridan quvongan millionlab oilalarning shodligi 2026-yildagi maqsadlarimizga erishish yoʻlida bizga albatta katta kuch beradi.

Aziz yurtdoshlarim!

Biz kelgusi yilda ham har bir oilaning baxtli, farovon va sogʻlom hayot kechirishi, yoshlarimizning sifatli taʼlim olishlari, kelajak kasblarini egallashlari va sport bilan muntazam shugʻullanishlari uchun yangi-yangi imkoniyatlarni ishga solamiz!

Biz 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qildik.

Yangi yilda minglab mahallalar infratuzilmasini yaxshilab, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kiramiz.

Barcha iqtisodiyot tarmoqlarini texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazamiz. Xalqimizning daromadi va xarid qobiliyatini oshirish ishlarini yanada jadallashtiramiz.

Aholining yordamga muhtoj qatlamlari, muhtaram keksalarimiz, qadrli xotin-qizlar va navqiron yoshlarimizni qoʻllab-quvvatlashni kengaytiramiz.

Ekologiyani yaxshilash, “yashil” energetikani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha taʼsirchan choralarni davom ettiramiz.

Bir soʻz bilan aytganda, yangi 2026-yilda ham barcha islohotlarimiz, saʼy-harakatlarimiz odamlarimiz yaxshi yashashi va biznes uchun eng qulay sharoitlarni yaratishga qaratiladi.

Tajribali mahalla raislari va faollari, ziyolilar, tadbirkorlarimiz, sergʻayrat yoshlarimiz, keng jamoatchiligimiz, har bir vatandoshimiz ushbu olijanob ishlarga munosib hissa qoʻshadi deb ishonaman!

Aziz vatandoshlarim!

Yangi yil arafasida har bir oila yaxshi niyatlar qiladi, har bir inson qalbida yorqin orzu-umidlar joʻsh uradi.

Har birimizning pok niyatlarimiz, ezgu maqsadlarimiz 2026-yilda albatta amalga oshsin!

Yangi yil har bir oilaga sihat-salomatlik, baxt-saodat, qut-baraka, yurtimizga yuksak taraqqiyot, tinchlik-xotirjamlik olib kelsin!

Yaratgan Parvardigor Vatanimizni asrasin, xalqimiz hayotini yanada yaxshilash yoʻlidagi ishlarimizda madadkor boʻlsin!

Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin, azizlarim!

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

Yangi 2026 yil bilan!



Hurmatli hamkasblar, hamkorlar va do‘stlar!

Sizlarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bilan tabriklaymiz!
2026-yil sizga yangi imkoniyatlar, barqarorlik, ertangi kunga ishonch va barcha rejalaringizning muvaffaqiyatli amalga oshishini olib kelsin.

Ishonchingiz, hamkorligingiz va birgalikdagi mehnatingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz. Sizga mustahkam sog‘lik, farovonlik, ilhom va belgilangan maqsadlarga erishishni tilaymiz!

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar

Kirib kelayotgan yangi 2026-yil munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar, parlamentlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, yetakchi moliyaviy institutlar rahbarlari, taniqli siyosatchilar, jamoat va din arboblaridan samimiy tabrik va tilaklar kelmoqda.

Qutlovlarda Prezidentimiz rahbarligida Yangi Oʻzbekistonni barpo etish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli siyosiy yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga yuksak baho berilgan. Mamlakatimizning xalqaro maydondagi mavqei va nufuzi tobora mustahkamlanib borishiga xizmat qilayotgan proaktiv, ochiq va pragmatik tashqi siyosatning samaralari alohida qayd etilgan.

Xorijiy hamkorlar Oʻzbekiston yetakchisi va koʻp millatli xalqiga yangi yilda tinchlik-osoyishtalik, baxt-saodat, farovonlik, katta muvaffaqiyatlar va ravnaq tilaklarini izhor etmoqda.

Jumladan, quyidagilar oʻz tabriklarini yoʻllagan:

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin;

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin;

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev;

Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov;

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon;

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov;

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov;

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko;

Qozogʻiston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev;

Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta;

Germaniya Federativ Respublikasi Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer;

Germaniya Federativ Respublikasi Federal kansleri Fridrix Merts;

Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Bosh vaziri Kir Starmer;

Italiya Respublikasi Prezidenti Serjio Mattarella;

Ispaniya Qiroli Filipp VI;

Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirts Musar;

Vengriya Prezidenti Tomash Shuyok;

Polsha Respublikasi Prezidenti Karol Navrotskiy;

Latviya Respublikasi Prezidenti Edgars Rinkevichs;

Litva Respublikasi Prezidenti Gitanas Nauseda;

Xorvatiya Respublikasi Prezidenti Zoran Milanovich;

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon;

Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi;

Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon;

Kuvayt Davlati Amiri Mishʼal al-Ahmad al-Jobir as-Saboh;

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi;

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon;

Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulmajid Tebbun;

Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos;

Myanma Ittifoqi Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Min Aun Xlayn;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid al-Maktum;

Oʻmon Sultonligi Bosh vaziri oʻrinbosari Fahad al-Said;

Singapur Respublikasi katta vaziri Li Syan Lun;

Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Nurlan Yermekbayev;

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi bosh kotibi Sergey Lebedev;

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev;

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Xon;

BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze;

Jahon banki prezidenti Ajay Banga;

Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi prezidenti Janni Infantino.

Qutlovlar kelishda davom etmoqda.

Posted on Leave a comment

Prezidentimiz Yangi Toshkentda amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

Davlatimiz rahbari Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan va istiqboldagi yirik qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Mazkur shahar qurilishiga 2023-yilda tamal toshi qoʻyilgan edi. Loyiha uchun Yuqori va Oʻrta Chirchiq tumanlaridan jami 19 ming 700 gektar yer maydoni ajratilgan. Konsepsiya Britaniyaning “Cross Works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Ayni paytda bu yerda 100 dan ziyod katta-kichik loyihalar jadal olib borilmoqda. Har bir tashabbus xalqaro meʼyorlar va zamonaviy shaharsozlik tendensiyalariga asoslanadi.

Hozirga kelib, dastlabki inshootlar mahobati koʻrina boshladi. Yakuniga yetayotgan 2025-yilda yangi shaharda olib borilayotgan qurilish maydonlari 3 million kvadrat metrga yetdi.

Bir qancha uy-joy massivlari qurilishi yakuniy bosqichga kirdi. Infratuzilma obyektlarida ishlar jadal bormoqda.

Birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda qurilish ishlari bajariladi. Natijada 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma barpo etilishi belgilangan. Loyiha toʻliq yakunlanganda esa Yangi Toshkent 2 million nafar odam yashaydigan ulkan megapolisga aylanadi.

Bunday koʻlamdagi qurilish uzoq muddatli va barqaror infratuzilmani talab qiladi. Hozirgi paytda hududda yirik yer osti muhandislik tarmoqlari qurilmoqda. Bir va ikki seksiyali kollektorlar yotqizilib, issiqlik, suv, elektr energiyasi va telekommunikatsiya kabi barcha tarmoqlarning yer ostidan oʻtkazilishi taʼminlanmoqda.

Transport qatnovini yengillashtirish maqsadida olib borilayotgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Tunnel va yer osti avtoturargohlarining barpo etilishi shaharning kelajakdagi harakatlanish tizimi uchun muhim ekani qayd etildi.

Hududda oʻn kilometrlik sohil bogʻi tashkil etildi. Bir million tup buta va koʻchatlar ekildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan shaharsozlikda “yashil” tamoyillar muhim oʻrin tutishi lozimligi aytildi. Bunda metro va elektrobuslar harakatini muvofiqlashtirish, piyoda va velosipedchilar uchun xavfsiz, toʻsiqsiz yoʻlaklar barpo etilishi boʻyicha masʼullarga qoʻshimcha topshiriqlar berildi.

Hududda 60 dan ortiq davlat idoralari uchun zamonaviy maʼmuriy binolar quriladi. Ayni vaqtda qator vazirlik va idoralar vaqtincha majmualarda faoliyat boshlagan.

Investorlarning faolligi ham yuqori. Auksion orqali sotilgan 24 ta tijoriy lot boʻyicha 2 milliard dollarlik investitsiya shartnomalari imzolangan. Bu mablagʻlar hisobidan mehmonxonalar, restoranlar, servis markazlari va oʻziga xos arxitekturaga ega zamonaviy binolar barpo etiladi.

Ayni paytdagi qurilish jarayonining oʻzida 10 ming nafar insonning bandligi taʼminlangan. Loyiha toʻliq amalga oshirilgandan keyin esa innovatsion texnologiyalarga asoslangan, yuqori daromadli yuz minglab doimiy ish oʻrinlari yaratilishi kutilmoqda.

Prezidentimizga Yangi Toshkentda barpo etilayotgan turizm obyektlari, xizmat koʻrsatish va dam olish majmualari, shuningdek, mamlakatimizning boshqa hududlarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yirik investitsiya va infratuzilma loyihalari toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Davlatimiz rahbari har bir tashabbusda ilm-fan yutuqlariga tayanish, loyihalarda mahalliy ruhni aks ettirish, eng asosiysi, ular xalq manfaatiga xizmat qilishi lozimligini taʼkidladi.

Posted on Leave a comment

Yoʻl-transport obyektlarining qurilishi haqida axborot berildi

Yangi Toshkentda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev Chirchiq daryosi ustidan yangi ko‘prik hamda metro bekati bilan birlashtirilgan avtoturargoh barpo etish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Poytaxt va Yangi Toshkent oʻrtasida transport aloqalarini mustahkamlash, transport oqimini samarali boshqarish hamda aholi uchun qulay harakat muhitini yaratishga qaratilgan mazkur loyihalar shahar infratuzilmasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangi koʻprik Toshkent va Yangi Toshkentni bogʻlaydi. Bir sutkada 40-50 mingta avtotransport vositasini oʻtkazish quvvatiga ega boʻladi. Qurilish ishlari joriy yil oxirida boshlangan boʻlib, ayni paytga kelib loyihaning dastlabki qismi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Sohil hududlari koʻkalamzorlashtiriladi, energiya tejamkor yoritish tizimlari oʻrnatiladi, piyodalar va velosiped yoʻlaklari barpo etiladi. Shuningdek, koʻprik orqali ikki tasmali tramvay yoʻli yotqizilishi rejalashtirilgan.

Yangi Toshkentni Toshkent shahri bilan bogʻlaydigan boʻlajak metro liniyasining uzunligi 21 kilometrni tashkil etib, 9 ta zamonaviy bekatni oʻz ichiga oladi. U kuniga 230 ming nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Liniya poytaxt metrosining mavjud tarmoqlari bilan toʻliq integratsiya qilinadi, bu esa yoʻlovchilar uchun yagona va uzluksiz transport tizimini shakllantiradi.

Davlatimiz rahbari boʻlajak liniyaning avtoturargoh bilan integratsiyalashgan bekatlaridan birining qurilish jarayoni bilan tanishdi.

Metro bekati bilan integratsiyalashgan avtoturargoh 20 ming kvadrat metr maydonda barpo etiladi, unda avtomobillar, piyodalar va jamoat transporti harakati aniq ajratilib, xavfsizlik va funksionallikka ustuvor ahamiyat beriladi.

Ayni paytda hududda yer ishlari va beton quyish ishlari olib borilmoqda. Majmua 2027-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimiz loyihalarning Yangi Toshkent uchun strategik ahamiyatini taʼkidlab, qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda, yuqori sifatda amalga oshirish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi.

Posted on Leave a comment

Taʼlim va maʼrifat maskanlarining qurilishi bilan tanishildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi binolarining qurilishini koʻzdan kechirdi.

Mamlakatimizda iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini ilmiy asosda rivojlantirish, innovatsiya va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu jarayon, avvalo, zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan malakali kadrlar tayyorlash bilan uzviy bogʻliq.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-iyundagi qaroriga muvofiq “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etilgan.

Universitetning Yangi Toshkentda barpo etilayotgan binolari majmuasining dastlabki qiymati 200 million dollar bo‘lib, 50 gektar maydonni qamrab oladi.

Loyiha Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi buyurtmasi asosida turkiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Qurilish ishlari “Özgüven” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Universitet binolarini 2027-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Majmua tarkibida 10 ming talabaga moʻljallangan 5 ta fakultet, rektorat, ming oʻrindan ortiq joyga ega kutubxona, muzey, koʻrgazmalar zali, multimedia xonalari barpo etiladi. Shuningdek, talabalar uchun ming oʻrinli sport majmuasi va suzish havzasi, professor-oʻqituvchilar va talabalarga moʻljallangan 2 ming oʻrinli yotoqxonalar hamda oshxonalar quriladi.

Ayni paytda qurilish ishlari uch bosqichda olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari loyihaning asosiy parametrlari, taʼlim jarayoni uchun yaratiladigan infratuzilma va sharoitlarga alohida eʼtibor qaratdi. Yoshlarning ilmiy va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarishda bunday zamonaviy taʼlim dargohlarining ahamiyati alohida qayd etildi.

– Ushbu universitetda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ta’lim dasturlari boshqa oliy o‘quv yurtlari uchun andoza bo‘lishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Boshqa oliy o‘quv yurtlarini ham shu tarzda ta’mirlash, jihozlash, ta’limga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, qariyb 4 gektar maydonda Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosini barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda. Inshoot milliy meʼmorchilik anʼanalari va zamonaviy arxitektura yechimlarini uygʻunlashtirgan holda loyihalashtirilgan.

Toʻrt qavatli binolarning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ziyod boʻlib, bir vaqtning oʻzida 1 ming 420 nafar kitobxonga xizmat koʻrsatish imkonini beradi. Kutubxona fondlarini saqlash, hisobga olish, xavfsizligini taʼminlash va sterilizatsiya qilish uchun maxsus yuqori texnologiyali xonalar tashkil etiladi.

Majmua koʻp funksiyali boʻlib, xalqaro va milliy yirik kutubxonalarning elektron bazalariga onlayn ulanish imkoni yaratiladi. Koʻzi ojiz fuqarolar uchun maxsus oʻqish va tadqiqot muhiti yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun 300 oʻrinli kafe, galereya, yengil sport oʻyinlari maydonchalari va dam olish hududlari barpo qilinadi.

Prezidentimiz ushbu kutubxona Yangi Toshkentda barpo etilayotgan taʼlim va maʼrifat maskanlarining tizimida muhim oʻrin tutib, yosh avlodning intellektual rivoji uchun mustahkam zamin boʻlishini taʼkidladi. Ilm-fan va maʼnaviyatga sarmoya kiritgan davlatning iqtisodiy salohiyati ham barqaror va yuqori boʻlishi qayd etildi.

Zamonaviy kutubxona imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanish uchun xodimlar axborot texnologiyalari va xalqaro standartlarni chuqur oʻzlashtirishi zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlariga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti topshirildi

Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif doirasida N.A.Rimskiy-Korsakov nomidagi Sankt-Peterburg davlat konservatoriyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin huzurida xalqaro mukofotni uning hay’ati raisi, Mariinskiy teatri badiiy rahbari va bosh direktori, Rossiya Katta teatri bosh direktori, dirijyor Valeriy Gergiyev topshirdi.

Uch mamlakat yetakchilari ushbu nufuzli mukofotga Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi uchun sazovor bo‘ldilar.

Hakamlar hay’atining qarorida ta’kidlanganidek, 2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida uchta davlat rahbarlari Davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma va Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasini imzoladilar va shu bilan xalqaro huquq ustuvorligiga asoslangan umumiy va barobar xavfsizlikni ta’minlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv hamda hamkorlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shdilar.

Ushbu mukofot insonparvarlik g‘oyalariga sadoqatni ifodalashi va Markaziy Osiyoni tinchlik, farovonlik hamda bunyodkorlik makoniga aylantirish yo‘lidagi umumiy hissaning e’tirofi ekani ta’kidlandi. Birodar O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochilishi uch mamlakat xalqlarining siyosiy irodasi, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka intilishi tufayli bo‘lgani qayd etildi.

Posted on Leave a comment

Kapital bozorini yanada rivojlantirish hamda bank sektoriga xalqaro standartlarni joriy etish masalalari koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-dekabr kuni kapital bozorini yanada rivojlantirish hamda bank sohasida xalqaro standartlarni joriy etishni jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda muomaladagi qimmatli qogʻozlarning bozor qiymati 275 trillion soʻmni tashkil etib, birjada erkin muomaladagi qimmatli qogʻozlar hajmi 4 trillion soʻmga yetdi, bozorda 717 ta emitent va 77 ta professional ishtirokchi faoliyat yuritmoqda.

Shu bilan birga, kapital bozorining kapitallashuv hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 20 foizni tashkil etib, jahon koʻrsatkichlaridan ancha past ekani, mazkur sohada hali katta salohiyat mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan mahalliy kapital bozoriga kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Jumladan, mahalliy va xorijiy fond birjalarida xalqaro standartlar asosida qimmatli qogʻozlarni joylashtirish – “dual listing” amaliyotiga ruxsat berish, shuningdek, valyuta obligatsiyalari, global depozitar tilxatlar, xorijiy qimmatli qogʻozlar hamda birja investitsiya fondlari kabi yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish rejalashtirilgan.

Taqdimotda “tartibga solish qumdoni” huquqiy rejimini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Ushbu mexanizm doirasida qumdon shartlarini nafaqat norezidentlar, balki rezidentlar uchun ham tatbiq etish, xorijiy investorlar uchun muddatsiz amal qilishini belgilash, shuningdek, chet el kompaniyalarining aksiyalari, obligatsiyalari va boshqa qimmatli qogʻozlar bilan savdo qilishga ruxsat berish taklif qilindi. Bu xorijiy qimmatli qogʻozlarning norasmiy savdosini qisqartirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Mahalliy investorlarni kapital bozoriga faol jalb etish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Bunda mahalliy kompaniya va banklarga Toshkent fond birjasida xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berish orqali tashqi bozorga chiqmasdan turib valyuta mablagʻlarini jalb qilish imkoniyatlari yaratilishi qayd etildi.

Shuningdek, emitentlarga oʻz kapitali hajmidan ortiq, taʼminotsiz obligatsiyalar chiqarish imkoniyatini yaratish orqali obligatsiyalar bozorini kengaytirish mumkinligi taʼkidlandi.

Kapital bozorida nazorat va tartibga solish tizimini takomillashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Milliy qonunchilikni Qimmatli qogʻozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti talablariga moslashtirish, regulyator vakolatlarini kuchaytirish, shuningdek, professional ishtirokchilarning ustav kapitaliga qoʻyiladigan talablarni bosqichma-bosqich oshirish rejalari taqdimot qilindi.

Bank sohasidagi islohotlar doirasida soʻnggi yetti yilda tijorat banklarining aktivlari 5,3 barobar oʻsib, 877 trillion soʻmdan oshgani, banklarning soni 35 taga yetib, 2017-yildan beri 3 ta xorijiy bank Oʻzbekistonda faoliyatini yoʻlga qoʻygani taʼkidlandi.

Mamlakatimiz ilk bor Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon bankining Moliyaviy sektorni baholash dasturida ishtirok etdi, unda bank nazorati, risklarni boshqarish, toʻlov tizimlari, makroprudensial siyosat va inqirozlarni boshqarish kabi yoʻnalishlar baholandi.

Baholash natijalaridan kelib chiqib, kelgusi yilda Oʻzbekiston moliya sektorini Bazel qoʻmitasining Samarali bank nazorati boʻyicha 29 ta asosiy tamoyiliga toʻliq moslashtirish belgilangan. Bu maqsadda barcha tijorat banklarida moliyaviy hisobotlarni toʻliq xalqaro standartlar asosida yuritish, Bazel III standartlarini joriy qilish, Hukumat va Markaziy bank ishtirokida Moliyaviy barqarorlik kengashini tashkil etish vazifalari belgilandi.

Davlatimiz rahbari kapital bozori hamda bank sohasidagi islohotlar iqtisodiyotni barqaror moliyalashtirish, xususiy sektor ulushini oshirish va xalqaro investitsiyalarni faol jalb etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, belgilangan vazifalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Xalqaro avtomobil federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish rejalarini qo‘llab-quvvatladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-dekabr kuni Xalqaro avtomobil federatsiyasining (FIA) Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turgan ushbu nufuzli tashkilotning prezidenti Muhammad bin Sulaym boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda delegatsiya tarkibida FIA Senati prezidenti Karmelo Sans de Barros hamda mobillik va turizm boʻyicha vitse-prezidenti Tim Shirman ham ishtirok etdilar.

Avtosportni tartibga soluvchi va yoʻl harakati xavfsizligini targʻib qiluvchi ushbu global tashkilot bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Muhammad bin Sulaym Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan professional va ommaviy sportni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, aholi oʻrtasida jismoniy faollikni oshirish hamda barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholadi.

Mamlakatimizda avtomobil sportining kartingdan tortib, to “Formula” poygalarigacha boʻlgan barcha yoʻnalishlarini rivojlantirishda yaqindan hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.

FIA universitetining imkoniyatlaridan foydalangan holda oʻzbekistonlik poygachilar, karting haydovchilari, muhandislar, konstruktor va mexaniklarni tayyorlash, Oʻzbekistonda zamonaviy avtosport infratuzilmasini yaratish, piyoda va transport vositalari harakati xavfsizligini taʼminlash dasturlarini amalga oshirishga koʻmaklashish hamda mazkur xalqaro tashkilot shafeligida xalqaro musobaqalar, avvalo, “Formula-1” bosqichlarini oʻtkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida mamlakatimiz yetakchisi Xalqaro avtomobil federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekistonda avtosportni xalqaro standartlarga muvofiq ommalashtirishga qoʻshgan katta shaxsiy hissasi uchun FIA rahbariga davlatimizning yuksak mukofoti – “Doʻstlik” ordenini topshirdi.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston 2019-yildan buyon federatsiyaning faol aʼzosi hisoblanadi. Oʻtgan yili Samarqandda FIAning 120 yilligiga bagʻishlangan navbatdan tashqari Bosh assambleyasi boʻlib oʻtgan edi. Bu yilgi tadbir doirasida 12-dekabr kuni “Humo Arena” majmuasida yuqori martabali xorijiy mehmonlar va chempion poygachilar ishtirokida eng namunali sportchilar va jamoalarni taqdirlash marosimi oʻtkaziladi.