Posted on Leave a comment

MARKAZIY OSIYO YANGI DAVR OSTONASIDA

Markaziy Osiyo o‘z taraqqiyotining yangi, tarixiy ahamiyatga molik bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bugun biz chinakam birdamlik bosqichiga o‘tyapmiz. Bizning mintaqamizda uzoq yillar davomida ilk bor birgalikda oldinga qarab borishimiz uchun poydevor bo‘lib xizmat qilayotgan o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hurmat muhiti shakllanmoqda.

Bu — o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgan jarayon emas, balki umumiy taqdiri va birgalikda taraqqiy etish salohiyatini anglab yetgan mamlakatlarimiz yetakchilarining aniq maqsadga qaratilgan sa’y-harakatlari va siyosiy irodasi natijasidir. Ayni paytda bu jarayon o‘zaro ishonch muhitida tobora qizg‘in tus olayotgani Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan mintaqaviy hamkorlik keng ko‘lamdagi zaruratga aylanganidan dalolatdir.

Hamkorligimizni mintaqaviy yaqinlashuvning yangi bosqichiga olib chiqish uchun davlatlarimiz darajasida sharoit yaratilganini ko‘rib turibmiz. Oldimizda erishilgan kelishuvlarni fuqarolar va biznes uchun aniq natija va qulaylik­larga aylantirishdek strategik vazifa turibdi. Markaziy Osiyo qarorlar shunchaki hujjat sifatida emas, balki mintaqa mamlakatlarida barqaror rivojlanishni ta’minlash va odamlarning kundalik hayotini yaxshilash uchun qabul qilinadigan, imkoniyatlardan birgalikda foydalaniladigan umumiy makonga aylanishi kerak.

Nisbatan qisqa muddatda mintaqaviy hamkorlik va ishonchli muloqotning samarali mexanizmiga aylangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqamizda bo‘layotgan o‘zgarishlarning yorqin timsolidir. Ushbu uchrashuvlar Markaziy Osiyoning bugungi taraqqiyoti va kelajagiga daxldor strategik masalalar bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun asosiy muloqot maydoni sifatida shakllandi.

Bo‘lajak Toshkent sammiti barqaror, o‘zaro bog‘liq va farovon Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etishda yangi muhim bosqichni boshlab beradi.

Davlat rahbarlarining Toshkentdagi uchrashuvi biz boshlagan yo‘lning davomi sifatida mamlakatlarimizning o‘zaro anglashuv va sheriklik ruhiga sodiqligini tasdiqlashi, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishda tub burilish yasashi kerak.

Jahon tartibotining keng ko‘lamda transformatsiyaga uchrashi, global iqtisodiyotni parchalashga qaratilgan xatarlar, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarning keskinlashib borayotgani sa’y-harakatlarimizni birlashtirish yo‘lidagi intilishimizni kuchaytirdi.

Bularning barchasi Markaziy Osiyo davlatlaridan yanada jips va hamjihat bo‘lib harakat qilishni taqozo etadi. Aynan shuning uchun ham bugungi kunda hamkorligimizni mustahkamlash shunchaki siyosiy maqsad emas, balki strategik zaruratdir. Markaziy Osiyo barqarorlik va bunyodkorlik hududiga, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotganining namunasiga aylandi.

Maslahat uchrashuvlari formati yo‘lga qo‘yilgan 2017-yil mintaqaviy hamkorlik tarixida tub burilish yasadi. Mintaqa yetakchilari ko‘p yillar mobaynida birinchi marta tashqi vositachilarsiz tizimli va muntazam muloqotni boshladilar. Bu ishonchga, ochiqlik va umumiy manfaatlarni anglashga asoslangan yangicha siyosiy tafakkur ramziga aylandi. Aynan Maslahat uchrashuvlari doirasidagi muloqot tufayli eski davrdan qolgan bir qator kelishmovchiliklarni bartaraf etish va ishonchsizlikdan haqiqiy hamkorlikka o‘tishga erishildi.

Mintaqaviy hamkorlik borasida boshlangan yangi bosqichning eng muhim yutuqlaridan biri — chegara masalalari uzil-kesil hal etilganidir. Yaqin-yaqingacha imkonsiz tuyulgan bu muammoning yechimi bugun real holatga, bir paytlar bizni ajratib turgan chegaralar esa do‘stlik va hamkorlik ko‘prigiga aylandi. 2025-yil mart oyida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida uch davlatning chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi Shartnoma va Xo‘jand deklaratsiyasining imzolangani tarixiy ahamiyatga molik hodisadir. Buni haqli ravishda olamshumul voqea deb atash mumkin.

Mintaqa mamlakatlarining mustaqil rivojlanish tarixida ilk bor o‘zaro chegaralarning barchasi huquqiy jihatdan rasmiylashtirildi, o‘nlab yillar davomida keskinlik manbai bo‘lib kelgan masalaga nuqta qo‘yildi.

Shu yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan Farg‘ona tinchlik forumi mamlakatlarimizning Farg‘ona vodiysida tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga bo‘lgan o‘zaro intilishining yaqqol amaliy tasdig‘i, Markaziy Osiyoda kechayotgan bunyodkorlik jarayonlarining ifodasi bo‘ldi.

Ilgari keskin kelishmovchilik va ziddiyatlarga sabab bo‘lib kelgan suv-energetika sohasida ham prinsipial ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida Qambarota GES-1 loyihasini birgalikda amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim mintaqaning suv-energetika resurslaridan birgalikda foydalanish amaliyotida yangi sahifa ochgani qardoshlarcha hamkorlikning yorqin dalilidir.

Toshkent va Bishkek o‘rtasida Chashma bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv oqilona murosaga misol bo‘la oladi.

O‘zbekiston va Tojikiston ishtirokida Zarafshon daryosida Yovon va Fondaryo GESlarini qurish bo‘yicha hamkorlik oldinga siljimoqda, O‘zbekiston, Tojikis­ton va Qozog‘iston o‘rtasida Bahri Tojik suv omborini vegetatsiya davrida kelishilgan tartibda ishlatish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. 

Turkmaniston bilan hukumatlararo bitim doirasida Amudaryo suv resurs­laridan oqilona foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu suv resurslarini birgalikda boshqarishni yaxshilaydi hamda ekologik muammolar xavfini kamaytiradi.

Bularning barchasi ishonch, o‘zaro manfaatdorlik va umumiy resurslarga adolatli yondashuvga asoslangan yangi hamkorlik ruhini shakllantirmoqda. Bunday loyihalar aholining iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash va mintaqaning energetik xavfsizligini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Shu bilan birga, chegara tartib-taomillari va gumanitar aloqalar sohasida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. 2023-yil sentabr oyidan boshlab O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari ID-kartalar asosida chegaradan o‘tayotgani odamlarning erkin harakatlanish hududini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Qozog‘iston va Tojikiston bilan ham shunday kelishuvlar ishlab chiqilmoqda. Hududlar o‘rtasidagi aloqalar kengaymoqda, chegaraoldi savdo hajmi oshmoqda, gumanitar va madaniy aloqalar mustahkamlanmoqda.

Hamkorlikni institutsional jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha qadamlar ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada 2023-yilda Dushanbe shahrida o‘tkazilgan beshinchi Maslahat uchrashuvini qayd etish lozim.

Mazkur uchrashuvda davlat rahbarlarining kelishuvlarini tayyorlash va amalga oshirishning doimiy mexanizmi sifatida Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ushbu mexanizmning ishga tushirilishi Maslahat uchrashuvlari formatiga tizimli tus berish va birgalikda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishda izchillikni ta’minlash imkonini berdi. Shuningdek, parlamentlar­aro muloqot va Xavfsizlik kengashlari kotiblari darajasida muntazam uchrashuvlar yo‘lga qo‘yilgan.

2022-yilda bo‘lib o‘tgan Cho‘lponota uchrashuvi yakunlari bo‘yicha suveren tenglik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va mintaqa kelajagi uchun birgalikdagi mas’uliyat tamo­yillarini mustahkamlagan XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadlarida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi shartnomaviy-huquqiy bazani yanada mustahkamlashga xizmat qildi. 2025-yilda Tojikistonning bu hujjatga qo‘shilgani mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Biz ushbu qarorni olqishlaymiz hamda yaqin istiqbolda Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhini uzil-kesil mustahkamlashga xizmat qiladigan mazkur shartnoma mintaqaning barcha davlatlari tomonidan imzolanishini kutib qolamiz.

2022-yilda davlat rahbarlari tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘p tomonlama formatlar doirasidagi hamkorligi konsepsiyasi ham tasdiqlandi. Unda mintaqa mamlakatlari xalqaro platformalarda, jumladan, “Markaziy Osiyo plyus” formatlarida o‘zaro muvofiq holda harakat qilishining yo‘nalishlari belgilab olindi.

2024-yilda Ostona sammitida qabul qilingan “Markaziy Osiyo — 2040” mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish konsepsiyasi muhim dasturiy hujjat bo‘ldi. Unda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va mamlakatlarimiz taraqqiyotiga qaratilgan hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlari mustahkamlab qo‘yildi.

Shu tariqa ko‘p qirrali o‘zaro hamkorlik arxitekturasini barpo etar ekanmiz, rivojlanish uchun ulkan manbalarni kashf etdik.

Davlatlarning sa’y-harakatlari bilan mintaqada yangi iqtisodiy voqelik shakllanmoqda. So‘nggi sakkiz yil davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb ikki yarim barobar o‘sib, 520 milliard dollarga, tashqi savdo hajmi esa ikki karradan ziyod ko‘payib, 253 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2 marta oshib, qariyb 11 milliard dollarga, o‘zaro investitsiyalar esa 5,6 barobarga yetdi. Birgina mamlakatimizni oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan tovar ayirbosh­lash hajmi 2016-yildagi 2,4 milliard dollardan 2024-yilda 7,2 milliard dollarga yetdi, qo‘shma korxonalar soni esa 1800 dan oshdi.

Sanoatda Markaziy Osiyo barqaror ravishda yiliga 6 foiz atrofidagi o‘sishni namoyish etmoqda, bu jahondagi o‘rtacha o‘sish sur’atidan ikki karra yuqori. Bunday muvaffaqiyat ishlab chiqarish kooperatsiyasining yangi shakllarini yo‘lga qo‘yish — qo‘shma investitsiya fondlarini (jumladan, O‘zbekiston — Qirg‘iziston, O‘zbekiston — Tojikiston va Qozog‘iston — Qirg‘iziston) tashkil etish, avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi sohalarida loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq. Mintaqa mamlakatlari tomonidan tasdiqlangan 2025-2027-yillarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasi hamkorlikning muhim vositasiga aylanmoqda. Kichik va o‘rta biznesning o‘sishiga ko‘maklashadigan chegaraoldi savdo zonalari va xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazlari faol rivojlanmoqda.

Gumanitar sohada ham keyingi yillarda aloqalar mustahkamlanmoqda. Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti va Yoshlar platformasi ta’sis etildi, 2022-yildan boshlab rektorlar va olimlar forumlari o‘tkazilmoqda, o‘zaro madaniyat yillari, ko‘rgazmalar, konsertlar va sport tadbirlari muntazam o‘tkazilmoqda.

Eng muhimi, qardosh xalqlarimiz bo‘layotgan barcha ijobiy o‘zgarishlarni o‘z kundalik hayotida his etmoqda. Yangi o‘tkazish punktlari ochilgani, aviaqatnovlar, temir yo‘l va avtobuslar yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgani o‘zaro bordi-keldilarni bir necha bor oshirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish imkonini berdi. Mintaqa mamlakatlarining umumiy sayyohlik oqimida ichki mintaqaviy turizmning ulushi 80 foizdan oshdi.

Yaqin-yaqingacha orzu bo‘lib tuyulgan erkin harakatlanish, o‘zaro hurmat, yaqinlik va ishonch tuyg‘usi bugun amaldagi haqiqatga aylanmoqda.

Asta-sekin Markaziy Osiyoning yangi mintaqaviy o‘ziga xosligi vujudga kelmoqda. Bu farqli jihatlarimizni e’tirof etish va ayni paytda xalqlarimizning umumiy tarixi, mushtarak madaniyatini, taqdirlarimiz o‘zaro bog‘liq ekanini chuqur anglashga asoslanadi. Qo‘shnichilik — xavf emas, imkoniyat, bir tarafning muvaffaqiyati — barchaning yutug‘i degan yagona mintaqaviy makonga mansublik hissi shakllanmoqda. 

Mana shunday ishonch, o‘zaro anglashuv va umumiy kelajak ruhi bugungi kunda mintaqaviy jipslashuvni yanada mustahkamlash, ya’ni barqaror va o‘zaro bog‘liq, farovon Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etish bo‘yicha Markaziy Osiyo jarayonini boshlash uchun eng muhim tayanch asosdir.

Ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyo­ning har bir davlati o‘z sa’y-harakatlarini iqtisodiyotni rivojlantirish, ishonchni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga yo‘naltirish orqali mintaqamiz barqarorligi va farovonligini ta’minlashga sezilarli hissa qo‘shmoqda.

Qozog‘iston transport yo‘laklarini faol rivojlantirmoqda, chegara punktlarini modernizatsiya qilmoqda, savdo to‘siqlarini bartaraf etmoqda va madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha loyi­halarni amalga oshirmoqda. Qirg‘iziston va Tojikiston muzliklarning erishi bilan bog‘liq masalalarda izchil hamkorlik qilmoqda, energetika tizimlarini modernizatsiya qilish va transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda. Turkmaniston tinchlik va ishonchni mustahkamlash, mintaqaning transport-tranzit salohiyatini oshirish, BMTning Orol havzasi va iqlim texnologiyalari bo‘yicha dasturini qabul qilishga doir muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Amaliy harakatlarimiz, kelajak uchun mas’uliyatimiz, yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro manfaat tamoyillariga sodiqligimiz shuni isbotladi: Yangi Markaziy Osiyo tinchlik, barqaror taraqqiyot va yaratuvchan sheriklik yo‘lini tanlamoqda. Ramziy ma’noda aytganda, biz devor emas, ko‘prik barpo etmoqdamiz.

Mintaqaviy jipslashuv borasidagi yutuqlar tufayli bugungi kunda Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlarning o‘z manfaatlari va taraqqiyot yo‘llarini aniq tasavvur etadigan mustaqil va mas’uliyatli ishtirokchisi sifatida qaror topdi.

“Markaziy Osiyo plyus” hamkorlik formatlari mintaqaning xalqaro huquqiy subyekt sifatidagi mavqei kuchayib borayotganining ifodasi hamda barqarorlik va taraqqiyotning muhim markazi sifatidagi rolining e’tirofi bo‘ldi.

Ilgari tashqi hamkorlar aloqalarni asosan ikki tomonlama asosda qurgan bo‘lsa, bugungi kunda dunyoning yetakchi davlat va birlashmalari Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni yaxlit mintaqaviy sherik sifatida rivojlantirmoqda.

Bu mintaqaning boshqa hamkorlar bilan munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi: Markaziy Osiyo tashqi hamkorlar bilan xalqaro munosabatlarning yagona subyekti sifatida muloqot qilsa, uning ovozi balandroq va ishonchliroq yangraydi, pozitsiyamiz kuchliroq bo‘ladi, investitsiya­larni jalb etish, boshqa mamlakatlar bilan barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha vazifalarni yanada samarali hal qila olamiz.

Dunyoga ochiqligimiz, niyatlarimizning shaffofligi va muloqotga moyilligimiz xalqaro maydonda Markaziy Osiyoni yangicha qabul qilish uchun asos bo‘ldi.

Ayni paytda Markaziy Osiyoni dunyoning yetakchi davlatlari va birlashmalari bilan bog‘laydigan o‘ndan ortiq “Markaziy Osiyo plyus” formatlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning o‘zida “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi”, “Markaziy Osiyo — Xitoy”, “Markaziy Osiyo — Rossiya” va “Markaziy Osiyo — AQSH” sammitlari bo‘lib o‘tgani mintaqaning global siyosatdagi shiddati va strategik ahamiyati ortib borayotganini tasdiqlaydi.

Yangidan-yangi “Markaziy Osiyo plyus” muloqotlari davlat rahbarlari darajasiga ko‘tarilayotgani ularning amaliy ahamiyati va siyosiy qimmati ortib borayotganidan dalolat beradi. Bir qator formatlarda esa energetika, transport, “yashil iqtisodiyot” va raqamlashtirish sohalarida aniq loyihalarni ishlab chiqish uchun ishchi guruh va kotibiyatlar tashkil etilmoqda.

Afg‘oniston bilan bog‘liq masalalarni hal etmasdan turib, mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlab bo‘lmaydi. Bu mamlakat umumiy mintaqamizning bir chekkasida emas, balki uning tabiiy bir qismidir. Butun Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikning mustahkam bo‘lishi ko‘p jihatdan Afg‘onistonning tiklanishi va rivojlanishiga bog‘liq.

Afg‘onistonning jafokash xalqi chuqur gumanitar inqiroz sharoitida yashashda davom etmoqda. Shu munosabat bilan mintaqa mamlakatlari Afg‘onistonni mintaqaviy va xalqaro jarayonlarga izchil jalb etish zarurligidan kelib chiqmoqda. Bu esa ushbu mamlakat taraqqiyoti va keng mintaqamizda barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydigan Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish muhim ahamiyatga ega. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi savdo, inves­titsiyalar va transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, shuningdek, Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Shu bilan birga, afg‘on xalqiga gumanitar va ta’lim borasida yordam ko‘rsatish, energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash ishlari davom etmoqda.

Afg‘oniston umumiy tinchlik va xavfsizlik, hamkorlik va taraqqiyot makonining bir qismiga aylanishi lozim. Bu mintaqaning barcha mamlakatlari manfaat­lariga javob beradi hamda ­Markaziy Osiyoning janubiy sarhadlarida barqarorlik belbog‘ini shakllantirishga xizmat qiladi.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, bugungi kunda Markaziy Osiyo o‘z jadal taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Biz ikki tomonlama masalalarni hal etishdan iqlim o‘zgarishi, energetika sohasidagi o‘tish, suv va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish kabi asosiy mintaqaviy tahdidlarga birgalikda yechim topish sari bormoqdamiz. Mamlakatlarimiz oldida umumiy mas’uliyat, o‘zaro ishonch va kelajagimiz haqidagi yakdil tasavvurga asoslangan hamkorlikning yangi ufqlari ochilmoqda.

Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo yaqin o‘n yilliklarda qanday rivojlanadi degan prinsipial savolga birgalikda javob berishimiz zarur.

Markaziy Osiyo aholisi 80 millionlik marradan o‘tib bo‘ldi, BMT prognozlariga ko‘ra, 2050-yilga borib, bu ko‘rsatkich 100 milliondan oshadi. Shuningdek, Markaziy Osiyo dunyoning eng yosh mintaqalaridan biri bo‘lib, aholisining o‘rtacha yoshi atigi 29 yoshni tashkil etmoqda.

Oldimizda ushbu demografik resursni taraqqiyot va innovatsiyaning qudratli omiliga aylantirish, yoshlarimizning iste’dodi va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish vazifasi turibdi.

Ayni paytda mamlakatlarimizning o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish suverenitet, teng huquqlilik va ichki ishlarga aralashmaslik borasidagi mustahkam poydevor asosida amalga oshirilishi lozim degan vazmin yondashuvini qayd etish muhimdir. Hech kim mintaqa mamlakatlariga begona modellarni tiqishtirmasligi yoki milliy tuzilmalardan ustun turadigan tuzilmalarni yaratmasligi lozim.

Markaziy Osiyodagi hamkorlik ixtiyoriy, pragmatik va mamlakatlarimiz xalqlariga foyda keltiradigan real natijalarga yo‘naltirilgan bo‘lib qolishi kerak.

Hozirgi bosqichda oldimizda o‘ta muhim masalalar turibdi, mintaqamizning barqarorligi va rivojlanish sur’at­lari ularning hal etilishiga bog‘liq.

Birinchidan, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishni davom ettirish — mavjud mexanizmlarni mustahkamlab, ularga barqaror tus va amaliy ma’no-mazmun bag‘ishlash zarur. Oxir-oqibatda samarali mintaqaviy institutlarsiz hamkorlikni tizimli rivojlantirish va qabul qilinayotgan qo‘shma qarorlarni sifatli amalga oshirishni ta’minlab bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, xavfsizlik sohasidagi maqsadimiz — tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha umumiy salohiyatni shakllantirishdan iborat. Xavfsizlik kengashlari kotiblari, maxsus xizmatlar, mudofaa va huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini davom ettirish lozim. “Xavfsizlikning bo‘linmasligi” prinsipi asos bo‘lib qolishi kerak. Ayni paytda mintaqaviy hamkorlik amaldagi xalqaro mexanizmlar bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi, barqarorlikni mustahkamlash hamda mamlakatlar va umuman, mintaqa xavfsizligiga nisbatan tahdidlarning keng doirasiga qarshi turish bo‘yicha o‘z salohiyatini shakllantirishi lozim.

Uchinchidan, iqtisodiy sohada ichki mintaqaviy savdoni rivojlantirish, chegaralardan o‘tish tartib-taomillarini soddalashtirish va o‘zaro investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish muhimdir. Sanoat kooperatsiyasini faollashtirish, mintaqaviy va hududlararo yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish, chegaraoldi savdo zonalarini rivojlantirish, transport va iqtisodiy yo‘laklar tarmog‘ini kengaytirish, transport, energetika, qish­loq xo‘jaligi va raqamli iqtisodiyot sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish zarur.

Hamkorlikning ekologik jihatiga — iqlim o‘zgarishlariga moslashish, trans­chegaraviy suv resurslari va biologik xilma-xillikni asrash, “yashil” energetika va kam uglerodli texnologiyalarga o‘tish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.

Markaziy Osiyo barqaror ekologik rivojlanish mintaqasi va atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatning namunasi bo‘lishga qodir va shunday bo‘lishi kerak.

To‘rtinchidan, gumanitar hamkorlik ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim, ilm-fan va madaniy aloqalarni mus­tahkamlash markaziy vazifadir. Umumiy axborot makonini yaratish, ta’lim, sog‘liqni saqlash sifatini oshirish, umuman, ijtimoiy sohani, jumladan, turizmni va yoshlarga oid qo‘shma dasturlarni rivoj­lantirish — bularning barchasi xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga bevosita xizmat qiladi. Umumiy qadriyatlar, madaniy yaqinlik va farovonlikka birgalikda intilishga asoslangan mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Beshinchidan, Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi siyosatda kelishilgan yondashuvlarini ishlab chiqish muhim yo‘nalish hisoblanadi.

Geosiyosiy beqarorlik tobora ortib borayotgan va jahon kuch markazlari o‘rtasida raqobat kuchaygan sharoitda mintaqa davlatlarining xalqaro maydondagi pozitsiyalarini muvofiqlashtirish barqarorlik va umumiy manfaatlarni himoya qilishning muhim omiliga aylanmoqda. Shu nuqtayi nazardan asosiy hamkorlar bilan pragmatik aloqalarni yo‘lga qo‘yishda o‘z samaradorligini isbotlagan “Markaziy Osiyo plyus” formatlarini yanada rivojlantirish zarur.

Hozirgi bosqichda “Markaziy Osiyo plyus” formatlari va boshqa xalqaro muloqot maydonlarida mintaqaviy muvofiqlashuvni rivojlantirish, tashqi sheriklar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha kelishilgan ustuvor yo‘nalishlar va pozitsiyalarni ishlab chiqish strategik vazifaga aylanmoqda. Faqat shu yo‘l bilangina jahonning yetakchi mamlakatlari va birlashmalari bilan hamkorligimizni davlatlarimiz va butun mintaqaning iqtisodiy hamda texnologik taraqqiyotiga, barqarorligiga xizmat qiladigan aniq loyihalar asosida boyi­tishimiz mumkin.

O‘zbekiston uchun mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish taktik tanlov emas, balki Markaziy Osiyo kelajagi uchun umumiy mas’uliyatni anglashdan kelib chiqadigan ongli strategik qarordir.

Ishonchimiz komilki, global noaniqlik davrida yaxshi qo‘shnichilik, hamjihatlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash — Markaziy Osiyoning asosiy resursidir. Mintaqa mamlakatlari yakka holda hal qilishi qiyin bo‘lgan umumiy xavfsizlik muammolari va rivojlanish vazifalari birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan muvaffaqiyatli hal qilinishi mumkin. Ishonch va sheriklikni mustahkamlash o‘z kelajagini umumiy qadrdon diyorimiz — Markaziy Osiyoning tinchligi, barqarorligi va taraqqiyoti bilan bog‘lagan mil­lionlab odamlarning manfaatlariga javob beradi.

Bugun biz kuchli, barqaror va farovon mintaqa — Yangi Markaziy Osiyoning mus­tahkam poydevorini yaratmoqdamiz.

Mintaqamizda kechayotgan jarayonlar — bu ongli va ortga qaytmas tanlov. Ushbu yo‘l bizdan nafaqat birgalikdagi sa’y-­harakatlarni, balki umumiy kelajagimiz uchun mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishga tayyor bo‘lishimizni ham talab qiladi.

Kuch va imkoniyatlarimizni birlashtirib, umumiy vazifalarni hal etmoqdamiz, shuningdek, xalqaro hamjamiyatga tinch va bunyodkor hamkorlikning vaqt va hayot sinovidan o‘tgan — ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga asoslangan o‘z modelimizni taklif etmoqdamiz. Va bugun Markaziy Osiyoni keng mintaqamizda yashayotgan barcha millat va xalqlar uchun yagona tinchlik, farovonlik va taraqqiyot makoniga aylantiradigan ushbu tarixiy sur’atni saqlab qolishimiz har qachongidan ham muhimdir.

Shavkat MIRZIYOYЕV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Yuta shtati bilan aloqalarning mustahkamlanishini qo‘llab-quvvatladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Yuta shtatining Iso Masih Oxirgi zamon avliyolari cherkovi oqsoqoli Devid Bednar va “Stirling” xalqaro xayriya fondi raisi Mayls Xansendan iborat ishbilarmonlar delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuvda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarining sur’ati ortib borayotgan sharoitda Yuta shtati bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Yuta shtati o‘rtasidagi faol muloqot va almashinuvlar mamnuniyat bilan qayd etildi. Raqamlashtirish, ta’lim va ijtimoiy himoya sohalarida qo‘shma loyihalar boshlangan.

Innovatsiyalar, tog‘-kon sanoati, xotin-qizlar tadbirkorligi, inklyuziv ta’lim, sog‘liqni saqlash, suv ta’minoti va sanitariya sohalarida loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat borligi ta’kidlandi.

Yakunda hududlararo aloqalarni rivojlantirish maqsadida Yuta shtati gubernatori boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni multimodal tashuvlar bo‘yicha xalqaro forumda ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirimni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Kengashning ko‘p tomonlama tashabbuslarni muvofiqlashtirish va ilgari surishdagi o‘rni hamda faol ishtiroki ortib borayotganini hisobga olib, tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Joriy yilda Budapesht va Gabala shaharlarida o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlarida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan strategik takliflarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentimiz Oqsoqollar kengashining institutsional salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, turkiy xalqlarning milliy an’analari, ma’naviy merosi va madaniy birligini saqlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni ilgari surish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti UNESCOning yangi saylangan bosh direktorini qabul qildi

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) bosh direktori lavozimiga saylangan Holid al-Ananiyni qabul qildi.

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi yakunlari va BMTning ushbu nufuzli instituti bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Holid al-Ananiyni yuksak lavozimga saylangani bilan tabriklab, kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘z navbatida, yangi saylangan bosh direktor O‘zbekiston Prezidentiga tashkilotning bosh tadbiri qo‘llab-quvvatlangani va yuksak saviyada tashkil etilgani uchun alohida minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston va UNESCO o‘rtasida keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab olgan tizimli va sermahsul hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlarning hamkorlikni yanada faollashtirish, jumladan, tashkilotning mamlakatimizdagi loyihaviy faoliyatini kengaytirish borasidagi intilishi qat’iy ekani tasdiqlandi.

UNESCO Bosh konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan strategik tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

Inflyatsiyani yanada pasaytirish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumot berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga inflyatsiyani jilovlash va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda 2026-yilga mo‘ljallangan vazifalar to‘g‘risida axborot berildi.

Ichki bozorni to‘yintirish va inflyatsiya omillarini jilovlash bo‘yicha izchil ishlar tufayli barqaror iqtisodiy o‘sish ta’minlanayotgani, inflyatsiyani pasaytirish va milliy valyutani mustahkamlashda ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi.

2025-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, yillik inflyatsiya darajasi o‘tgan yilgi 10,2 foizdan 7,8 foizgacha pasaygan. 2026-yilda bu ko‘rsatkichni 7 foizgacha tushirish, 2027-yilda esa 5 foiz doirasida ushlab turish rejalashtirilmoqda.

Shu maqsadda ichki bozorda tovar va xizmatlar taklifini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, 2026-yilda banklar agrar tarmoq, oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishni kengaytiradi.

Yig‘ilishda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.

Yuqori o‘sish sur’atlari va aholi bandligini ta’minlash maqsadida kelgusi yilda tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga ajratiladigan kreditlar hajmi 450 trillion so‘mga yetkaziladi.

Davlatimiz rahbariga mikro, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha berilgan topshiriqlarning ijrosi haqida axborot berildi. Yil boshidan buyon tadbirkorlik subyektlariga 116 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,4 barobar ko‘pdir.

Mahallabay ishlash doirasida 89 ming fuqaroning biznes tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, ularga 1,1 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi. Yil yakuniga qadar mazkur ko‘rsatkich 100 ming nafarga yetkaziladi.

2026-yilda ham kambag‘allikni qisqartirish, aholini tadbirkorlikka faol jalb etish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish rejalashtirilgan. Mikro, kichik va o‘rta biznesni kreditlash hajmini 140 trillion so‘mga yetkazish, yana 100 ming fuqaroning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mo‘ljallangan.

Prezidentimiz aholi va biznes uchun barqaror moliyaviy muhit yaratish, bank tizimiga ishonchni mustahkamlash hamda moliya bozorida sog‘lom raqobatni rivojlantirish bundan buyon ham bank-moliya siyosatining bosh vazifasi bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga inflyatsiyani jilovlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimiz makroiqtisodiy barqarorligini mustahkamlash yuzasidan qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Posted on Leave a comment

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish, samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

 Quyidagilar tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish;

(b) aholiga sifatli va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan fidoyi xodimlarga qo‘shimcha rag‘batlantirish choralarini joriy etish;

(v) istiqbolli yosh mutaxassislar o‘z kasbiy malakasini oshirib borishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish;

(g) “shifokor – aholi salomatligi posboni” shiori ostida jamiyatda ularning nufuzini oshirish.

II. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash

2026-yildan boshlab davlat tibbiyot muassasalari xodimlari Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan har yili mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida rag‘batlantirilsin.

Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan har yili quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha tanlov o‘tkazilsin:

(a) “Eng yaxshi respublika shifoxonasi rahbari”, “Eng yaxshi hududiy sog‘liqni saqlash organi rahbari”;

(b) har bir hududda:

(i) “Eng yaxshi tuman (shahar) sog‘liqni saqlash organi rahbari”, “Eng yaxshi oilaviy poliklinika rahbari”, “Eng yaxshi tuman (shahar) shifokori” va “Eng yaxshi tuman (shahar) o‘rta tibbiyot xodimi”;

(ii) “Eng yaxshi oilaviy poliklinika”, “Eng yaxshi tuman (shahar) shifoxonasi” va “Eng yaxshi hududiy shifoxona”.

Belgilansinki:

(a) tanlov natijalari asosida g‘oliblar quyidagi miqdorlarda Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) hisobidan bir martalik rag‘batlantiriladi:

(i) tibbiyot muassasalari – 500 million so‘m;

(ii) tibbiyot va rahbar xodimlar – 30 million so‘m;

(b) tanlov g‘oliblari Tibbiyot xodimlari kuni arafasida e’lon qilinadi, ularni davlat mukofotlariga tavsiya etish hamda xorijdagi nufuzli ta’lim va ilmiy tashkilotlarda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan menejerlik va boshqa zamonaviy dasturlar asosida o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;

(v) “Eng yaxshi respublika shifoxonasi rahbari”, “Eng yaxshi tuman (shahar) sog‘liqni saqlash organi rahbari” va “Eng yaxshi oilaviy poliklinika rahbari” nominatsiyalari bo‘yicha tanlov g‘oliblari “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlashga tavsiya etiladi.

2026-yil 1-apreldan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi besh kunlik ish haftasiga o‘tkazilsin. Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.

Belgilab qo‘yilsinki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat tibbiyot muassasalarida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan:

(a) tuman (shahar) darajasida yangi davolash usullarini joriy qilgan va uning ijobiy samarasiga erishgan tuman (shahar) tibbiyot muassasalari shifokorlariga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi;

(b) davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga respublika hududidagi oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha yillik kontrakt summasining 30 foizi miqdoridagi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmaydigan qismi qoplab beriladi;

(v) tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasida indekslanuvchi va yuqori impakt-faktorli jurnallarda maqolalarni chop etish bilan bog‘liq xarajatlari to‘liq qoplab beriladi;

(g) har yili davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan 500 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to‘lovining 25 foizi qoplab beriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining milliy akkreditatsiyadan o‘tgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlariga 2026-yil 1-yanvardan boshlab lavozim maoshining 10 foizi miqdorida oylik ustama to‘lash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga quyidagi qo‘shimcha imtiyozlar berilsin:

(a) davlat tibbiyot muassasalarida kamida 3 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bir yilda bir marotaba bepul yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish;

(b) davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda tibbiyot muassasasining mablag‘lari hisobidan bir yilda bir marotaba respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yo‘llanma berish;

(v) barcha turdagi davlat xizmatlari uchun to‘lovlar miqdorini ikki barobar kamaytirish.

III. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat qilish

Sog‘liqni saqlash vazirligi bir oy muddatda mazkur qarorda belgilangan imtiyozlarni qo‘llash hamda tanlov g‘oliblarini aniqlash bo‘yicha mezon va tartib-taomillarni tasdiqlash choralarini ko‘rsin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yildan boshlab:

(a) mazkur maqsadlar uchun har yili Jamg‘armaga qo‘shimcha indeksatsiya qilib boriladigan 100 milliard so‘m mablag‘ ajratsin;

(b) Davlat budjeti parametrlarida mazkur qaror bilan belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larning ko‘zda tutilishini ta’minlasin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul hamda shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining tibbiyotni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari T.A. Aliyeva zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimi va farmatsevtikani rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, sohani tubdan isloh etishga qaratilgan dasturlar ijrosini muvaffaqiyatli ta’minlash borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, o‘zining bilim va salohiyati, professional mahorati bilan diagnostika va davolash amaliyotida zamonaviy, yuksak texnologik usullarni keng qo‘llash, aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgani, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi katta xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun quyidagilar mukofotlansin:  

«Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan

Abdinazarova Karamat – Paxtakor tumanidagi «Mingchinor» oilaviy shifokorlik punkti oilaviy shifokori, Jizzax viloyati

Ergashev Baxtiyor Berdaliyevich – Respublika perinatal markazining chaqaloqlar neonatal xirurgiyasi bo‘limi mudiri 

«Mehnat shuhrati» ordeni bilan

Ziyayev Maxammat Mamirovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Toshloq tumani bo‘limi haydovchisi, Farg‘ona viloyati

Irgashev Shuxrat Boisovich – Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi preventiv tibbiyot –  valeologiya asoslari kafedrasi professori

Yaqubova Rano Abdullayevna – Tuproqqal’a tumanidagi «Shixlar» oilaviy shifokorlik punkti mudiri, Xorazm viloyati

I darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan

Gadayev Abdigaffar – Toshkent davlat tibbiyot universitetining oilaviy tibbiyotda ichki kasalliklar kafedrasi professori

Kabulov Mels – Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutining xirurgik kasalliklar va transplantologiya kafedrasi professori

II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan

Abdusalamova Kimiyo Kushanovna – Ko‘kdala tumanidagi «Guliston» oilaviy shifokorlik punkti oilaviy shifokori, Qashqadaryo viloyati

Akbarov Murat Turgunovich – Namangan viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limi mudiri

Aliyeva Marxaboxon Nosirovna – Oltiariq tumanidagi 89-oilaviy poliklinikasi mudiri, Farg‘ona viloyati

Gaffarov Isokul Sayitkulovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Payariq tumani bo‘limi «Chelak» punkti haydovchisi, Samarqand viloyati

Djabbarova Dodar Raximovna – Yashnobod tumanidagi «Lor mama» xususiy klinikasi bosh shifokori, Toshkent shahri

Yerimbetova Indira Oralbayevna – Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining onkogematologiya bo‘limi mudiri

Isaqova Barnoxon Anvarovna – Buloqboshi tumani tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi pediatri, Andijon viloyati

Nurova Zamira Annakulovna – Toshkent davlat tibbiyot universitetining Termiz filiali tibbiy biologiya va gistologiya kafedrasi mudiri, Surxondaryo viloyati

Raximov Baxodir Baxranovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Xatirchi tumani bo‘limi haydovchisi, Navoiy viloyati

Suyarova Zebo Isroilovna – Nurobod tumani tibbiyot birlashmasining bolalar bo‘limi mudiri, Samarqand viloyati

I darajali «Salomatlik» ordeni bilan

Gulamova Risolat Sadikovna – Sayxunobod tumanidagi 21-oilaviy poliklinikasi patronaj doyasi, Sirdaryo viloyati

Nazarov Abdukayum Abduxalilovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Yangi Namangan tumani bo‘limi feldsheri, Namangan viloyati

II darajali «Salomatlik» ordeni bilan

Aliyeva Jamila Azadovna – Xiva shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi shifokor-onkoginekologi, Xorazm viloyati 

Alimdjanov Nusratdjan Amildjanovich – Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining endokrin xirurgiya bo‘limi mudiri 

Altibayev Uyg‘un Uchkunovich – Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining neyroxirurgiya bo‘limi mudiri 

Axmadjonov Orifjon Ne’matjonovich – Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining anesteziologiya va reanimatsiya bo‘limi mudiri

Baxadirxanov Muxamedzarif Muxamed Kabirovich – Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining operatsiya bo‘limi mudiri 

Djumayeva Mexriniso Abdulxamidovna – Qumqo‘rg‘on tumanlararo perinatal markazining chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limi mudiri, Surxondaryo viloyati

Djumaniyazov Djavoxir Azatbayevich – Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining endoskopiya bo‘limi mudiri

Yesenbayev Puxarbay Qazakbayevich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Qonliko‘l tumani bo‘limi avtokorxonasi boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Imomberdiyeva Rajabbuvi Biyjanovna – Chirchiq shahridagi «Dilchehra» xususiy klinikasi rahbari, Toshkent viloyati 

Qurbonov Doniyor Oltinovich  – Qorako‘l tumani tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limi mudiri, Buxoro viloyati

Qurbonov Hoshim Narzimuradovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Baxmal tumani bo‘limi haydovchisi, Jizzax viloyati

Mavlonova Extibor Shukrulloyevna – Respublika tez tibbiy yordam markazining Zarafshon shahar bo‘limi shifokori, Navoiy viloyati

Madreymova Gulparshin Imamaddinovna – Taxtako‘pir tumanidagi «A.Adilov» oilaviy shifokorlik punkti patronaj hamshirasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Maxkamov Maxkamjon Kozimovich – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining qon tomir neyroxirurgiyasi bo‘limi mudiri

Ochilov Anvar Samarovich – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax viloyati filiali anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limi mudiri

Reshetnyak Marina Yurevna – Yakkasaroy tumanidagi 58-oilaviy poliklinikasi oilaviy shifokori, Toshkent shahri

Rustamov Baxt Yerashimovich – «Ezgu niyat» ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining yurak-qon tomir jarrohi, Toshkent shahri

Sattarova Gulnara Alobidinovna – Farg‘ona viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining proktologiya bo‘limi jarrohi

Safarov Sunnatulla Satorovich – Ishtixon tumani sog‘liqni saqlash bo‘limi mudiri, Samarqand viloyati

To‘lakov Ravshan Panjiyevich – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qashqadaryo viloyati filiali direktori 

Umurzakov Kosimjon Xolmirzayevich – Andijon shahridagi «Great Medical» mas’uliyati cheklangan jamiyati shifokori, Andijon viloyati

Hotamov Bahodir Ravshanovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining G‘ijduvon tumani bo‘limi «Og‘itma» punkti haydovchisi, Buxoro viloyati

«Do‘stlik» ordeni bilan

Abas-zada Nigina Jahangir qizi – UNFPA tashkilotining O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy vakili 

Avazov Komiljon Jurayevich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Shahrisabz tumani bo‘limi haydovchisi, Qashqadaryo viloyati

Atajanova Ra’no Shadibayevna – Mirzacho‘l tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi patronaj hamshirasi, Jizzax viloyati 

Varfolomeyeva Tatyana Aleksandrovna – U.Q.Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy asab kasalxonasi bo‘lim mudiri

Jaybergenova Gulnara Muratbayevna – Qorao‘zak tumani tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limi neonatologi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Korneliya Beker – Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi sog‘liqni saqlash dasturi direktori

Obeyd Mustafa – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining kardioxirurgiya bo‘limi mudiri 

Rexina Mariya Kastillo Rodriges – YUNISЕFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari

Sankaves Dmitriy – Belarus Respublikasi «Ona va bola» ilmiy-amaliy markazining bolalar anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limi anesteziolog-reanimatologi

Suxova Lyudmila Vyacheslavovna – Respublika tez tibbiy yordam markazining Bo‘stonliq tumani bo‘limi katta feldsheri, Toshkent viloyati

Turdaliyeva Dilfuza Mamadaliyevna – Pop tumanidagi «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyi katta hamshirasi, Namangan viloyati

Xalak-Dina Ashina – Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari 

Yusupov Sulaymonqul Ibragimovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Sirdaryo viloyati filiali haydovchisi

«Sog‘lom turmush» medali bilan

Avazova Muqaddas Binoyevna – Angor tumanidagi «Q.Tulakov» oilaviy poliklinikasi patronaj hamshirasi, Surxondaryo viloyati 

Jumanov Zoir Yuldashovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Gurlan tumani bo‘limi haydovchisi, Xorazm viloyati

Jurayeva Sadoqat Uktamovna – Navoiy shahridagi «Logo Effect Sadoqat» imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan xususiy muassasasi rahbari, Navoiy viloyati

Kambarova Sanobar Kurbonboyevna – Sardoba tumanidagi 26-oilaviy poliklinikasi patronaj hamshirasi, Sirdaryo viloyati 

Kamolova Xulkarxon Sadriddinovna – Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 61-oilaviy poliklinikasi oilaviy shifokori, Namangan viloyati

Karimov Komil Olimjonovich – Parkent tumanidagi 44-oilaviy poliklinikasi mudiri, Toshkent viloyati 

Kurbonova Radxa Raxmatullayevna – Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo viloyati filiali chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limi mudiri

Kuchkarova Munira Kaxramanovna – Salomatlik va strategik rivojlanish instituti direktorining o‘rinbosari

Mavlyanova Shaxnoza Zakirovna – Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining ilmiy laboratoriyasi mudiri

Marimova Erkinoy Koziyevna – Beruniy tumani tibbiyot birlashmasining chaqaloqlar bo‘limi mudiri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Mexmonaliyeva Nodira Tolibovna – Dang‘ara tumanidagi 31-oilaviy poliklinikasi mudiri, Farg‘ona viloyati

Polvanova Adolat Otaboyevna – Yangiariq tumani tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limi katta hamshirasi, Xorazm viloyati

Rajabova Mamlakat Ikromovna – Romitan tumani tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi, Buxoro viloyati 

Tashbayev Nuriddin Sarayevich – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining strategik rejalashtirish, axborot-tahlil va ijro intizomi bo‘limi boshlig‘i

Umarov Baxrom Yaminovich – Andijon viloyati ftiziatriya klinik shifoxonasining davolash bo‘limi ftiziatri

Fozilbekov Ruzikul Anarkulovich – Toshkent shahridagi «Akfa medline» klinikasining ginekologiya bo‘limi mudiri

Yuldasheva Gulnora Djasurovna – Respublika tez tibbiy yordam markazining Jizzax viloyati filiali shifokori

Yusupov Saminjon Absattarovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Quyi Chirchiq tumani bo‘limi haydovchisi, Toshkent viloyati

Yaxshilikova Feruza Nuridinovna – Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi, Samarqand viloyati

«Kelajak bunyodkori» medali bilan

Axmadiyev Edvard Erikovich – Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining akusher-ginekologi

Olimjonov Kamoliddin Alisher o‘g‘li – Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining transplantatsiya bo‘limi shifokor-gematologi

Rajabov Doniyorbek Baxtiyor o‘g‘li – Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazining lor shifokori

«Shuhrat» medali bilan

Ashirova Muxabbat Xolmatovna – Respublika tez tibbiy yordam markazining Yunusobod tumani bo‘limi shifokori, Toshkent shahri 

Ashurov Abdug‘afor G‘ulomovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Chust tumani bo‘limi «Axcha» punkti haydovchisi, Namangan viloyati

Jabborova Dilshoda Rabimovna – Nurota tumanidagi «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyi xo‘jalik bekasi, Navoiy viloyati

Ibragimov Nasridinbek Rasulovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Andijon viloyati filiali haydovchisi

Kazakov Ruzimurot Elomonovich – Koson tumanidagi «Andabozor» oilaviy shifokorlik punkti o‘rta tibbiyot xodimi, Qashqadaryo viloyati 

Kurbanova Mavluda Razikovna – «Buxoro dori-darmon» mas’uliyati cheklangan jamiyatining 1-markaziy dorixonasi bo‘lim boshlig‘i, Buxoro viloyati 

Maxmudov Abrorxon Saidmusayevich – Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limi mudiri

Mirzaidov Umid Mirkomil o‘g‘li – «Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi» loyiha ofisining guruh rahbari

Samadov Furkatjon Nosibjanovich – Bolalar milliy tibbiyot markazining nevrologiya bo‘limi shifokor-nevrologi

Safarov Ahror Zuvaydillo o‘g‘li – Milliy tibbiyot markazining transplantologiya va angioxirurgiya bo‘limi mudiri

Sultanov Alijon Tursunbayevich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Toshkent shahar filiali haydovchisi

Tashmamatov Sherzod Xolmamatovich – Guliston tibbiyot klasterining nefrologiya-gemodializ bo‘limi shifokori, Sirdaryo viloyati 

Temirova Sevara Orifjon qizi – Qo‘shrabot tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi patronaj doyasi, Samarqand viloyati 

Toshboyev Xusniddin Numonjonovich – Farg‘ona tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, Farg‘ona viloyati 

Turayev Bobur Batir o‘g‘li – Toshkent davlat tibbiyot universitetining bolalar ko‘p tarmoqli klinikasi kardioxirurgiya bo‘limi kardiojarrohi

Tursunkulov Ilxomjon Kamalovich – Milliy tibbiyot markazining intervension aritmologiya bo‘limi mudiri

Xusanbayev Xasanjon Shavkatovich – Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining operatsiya bo‘limi oftalmologi

Elamanov Kenja Gulbayevich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Uzun tumani bo‘limi haydovchisi, Surxondaryo viloyati 

Esonov Aziz Raximberdiyevich – Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limi mudiri

Yuldasheva Mufazzalxon Shokirovna – Xo‘jaobod tumanidagi «To‘raobod» oilaviy shifokorlik punkti patronaj hamshirasi, Andijon viloyati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

​​​​​​​O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga

Hurmatli sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari! 

Ushbu qutlug‘ ayyomda xalq salomatligining posbonlari bo‘lgan siz, azizlarni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman. 

Hammamizga ayonki, sihat-salomatlik har bir inson, butun jamiyat uchun bebaho boylik, ulug‘ ne’matdir. Faqat sog‘lom inson va sog‘lom xalq mislsiz ishlarga qodir ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz. 

Shu ma’noda, Mir Alisher Navoiy bobomizning “Davron elining jismida ham jon bo‘lg‘il, Ham jonlarig‘a moyai darmon bo‘lg‘il”, degan hikmatli da’vati aynan sizlar kabi jonkuyar va fidoyi insonlarga bag‘ishlangan, desak, adashmagan bo‘lamiz. 

Biz sizlarning Yangi O‘zbekistonda yangi tibbiyot tizimini rivojlantirish yo‘lidagi samarali faoliyatingizni yuksak qadrlaymiz hamda sharafli va mas’uliyatli mehnatingiz uchun el-yurtimiz nomidan samimiy tashakkur bildiramiz. 

Aziz shifokorlar! 

Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlarini amalda ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatida aholi salomatligini mustahkamlash ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta. 

Bu haqda so‘z yuritganda, keyingi yillarda davlat budjetidan tibbiyot sohasi uchun yo‘naltirilayotgan mablag‘lar hajmi 6 karra oshirilgani, sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyati tubdan yaxshilanganini ta’kidlash lozim. Tibbiy xizmatlar aholiga yanada yaqinlashtirilib, sifatli tibbiy xizmatlar mahallagacha tushirilmoqda. Eng muhimi, bunday o‘zgarishlar natijasini har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida his etmoqda. Masalan, ilgari faqat poytaxtda ko‘rsatilgan 400 dan ziyod yuqori texnologik tibbiy xizmatlar hozirgi vaqtda viloyat va tumanlarning o‘zida ham amalga oshirilmoqda.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami bo‘yicha xalqaro tajribaga asoslangan yangi model joriy etilmoqda. Qisqa muddatda hududlarimizda 490 ta muassasa qayta tashkil etilib, yuridik maqomga ega bo‘lgan 350 ta mustaqil oilaviy poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi ishlarimizning natijasidir. 

Yurtimizda 2017-yildan buyon onalar o‘limi ko‘rsatkichi 21 promilledan 11 promillega, go‘daklar o‘limi esa 11,5 promilledan 7,8 promillega kamaygani ham sohada amalga oshirilayotgan islohotlarimizning samarasidir. 

Joriy yil birinchi marta davlat tibbiyot muassasalariga robot texnologiyalari kirib keldi. O‘tayotgan yilda tibbiyotni raqamlashtirish ishlari butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. 

Sohada DMED yagona elektron axborot platformasi ishga tushirilib, unga 36 million nafardan ziyod aholining tibbiy ma’lumotlari kiritildi. Vazirlik tizimida “Raqamli sog‘liqni saqlash” markazi ochildi. 

Sun’iy intellekt asosida bajarilayotgan tibbiy tekshiruv va muolajaning turlari 43 taga yetdi. 

Tez tibbiy yordam xizmatida chaqiriqlarni elektron boshqarish tizimi o‘rnatilgani ham muhim yangilik bo‘ldi. Davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etish ishlari izchil davom ettirilmoqda. 

Tibbiyotda xususiy sektor ulushi ortib bormoqda. O‘tgan sakkiz yilda yurtimizda xususiy klinikalarning soni 3,5 mingtadan 9 mingtaga, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlari esa 50 tadan qariyb 130 taga yetgani buning yaqqol tasdig‘idir. 

Mamlakatimiz farmatsevtika bozorida milliy mahsulotlarning hajmi ko‘payib, 2017-yildan buyon ishlab chiqarish 1,4 trillion so‘mdan 6,3 trillion so‘mga, eksport miqdori esa 6,3 million dollardan 250 million dollarga o‘sdi.

Soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida mavjud uchta oliy o‘quv yurti negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Urganch davlat tibbiyot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Samarqand davlat tibbiyot universiteti nufuzli xalqaro “Times Higher Eduсation” (THE) reytingidan joy oldi. Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining soni 8 tani tashkil etmoqda. 

Bu yil 300 nafarga yaqin mutaxassislarimiz o‘nlab rivojlangan xorijiy mamlakatlarda o‘z bilim va malakasini oshirib keldi. 

Yurtimiz aholisining turmush sharoitlari yaxshilanib, o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzayganida siz, o‘z kasbi va xizmat vazifasiga sodiq, zahmatkash soha xodimlarining munosib hissangiz bor, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. 

Hurmatli shifokorlar! 

Bugungi kunda biz o‘z oldimizga qo‘ygan ulkan marralarga erishishda xalqimizning tinchligi va sog‘lig‘ini asrash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki tinchlik va sog‘liqni mustahkamlab, o‘z kuch hamda imkoniyatlariga ishonib, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va millat ezgu maqsadlariga albatta erishadi. 

Siz, azizlar bundan buyon ham boy bilim va tajribangiz, malaka va mahoratingiz bilan soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, O‘zbekiston tibbiyotining shonli an’analarini izchil davom ettirish, jahon tibbiyotining ilg‘or yutuqlarini o‘zlashtirish uchun yanada katta kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilasiz deb ishonaman. 

O‘z navbatida, soha xodimlarining xizmatlarini munosib qadrlash, ular uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratib berish masalalari bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning e’tibor markazida bo‘lib qoladi. 

Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, ish faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va fayz-u baraka tilayman.

Hamisha sog‘-omon bo‘ling, qo‘lingiz dard ko‘rmasin, aziz shifokorlar! 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti AQSHga tashrifini yakunladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga amaliy tashrifining tadbirlarga boy dasturi yakuniga yetdi.

Davlatimiz rahbari Vashington shahridagi Oq uyda Prezident Donald Tramp bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etdi.

O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, “С5+1” formatida Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Davlatimiz rahbari senator Stiv Deyns, kongressmenlar Kerol Miller, Bill Xayzenga va Sidni Kamlager-Dav bilan ham uchrashdi.

O‘zbekiston Prezidenti AQSH savdo vaziri Xovard Latnik, Eksimbank prezidenti va raisi Jon Yovanovich, Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Ben Blek hamda “General Motors International” kompaniyasining global ijrochi direktori Shilpan Aminni qabul qildi.

Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida AQSH ishbilarmonlari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Uchrashuv hamda muzokaralar yakunida qator ikki va ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilindi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Toshkent shahriga jo‘nab ketdi.