Posted on Leave a comment

Toshkent viloyatida sholidan mo‘l hosil yetishtirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi “TСT Rice” sholichilik klasteri faoliyati bilan tanishdi.

Ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyatda sholi yetishtirish va uni chuqur qayta ishlash bo‘yicha to‘liq sanoat zanjiri yaratilgan.

Aytish joizki, ilgari sholikorlar faoliyati tarqoq bo‘lgani uchun tuzuk daromad ololmasdi. Ayniqsa, sholini qayta ishlashda ko‘plab muammolarga duch kelinardi. Keyingi yillarda alohida e’tibor tufayli sohada sifat o‘zgarishlari boshlandi, samaradorlik oshdi.

Bugungi kunda Toshkent viloyatida ham sholichilik tarmog‘ida muayyan yutuqlarga erishilmoqda.

Viloyatda joriy yil hosili uchun 8,7 ming gektar sholi ekildi. Suv tejovchi texnologiyalar uchun 3 ming gektar yer lazerli tekislandi. Natijada viloyat bo‘yicha 60 million metr kub suv tejaldi, 522 tonna urug‘lik sarfi kamaydi.

Jumladan, “TCT Rice” klasteri tomonidan 2 ming gektardan ziyod maydonda “Iskandar”, “Guliston”, “Nukus” navlari ekilib, parvarishlandi.

Bugungi kunda 985 gektar maydonda sholi yig‘ib olinib, gektariga o‘rtacha 65-70 sentnerdan, ayrim dalalarda 80-85 sentnerdan hosil olindi.

Davlatimiz rahbari shu yerda fermerlar, qishloq xo‘jaligi faxriylari bilan muloqot qildi. Ular hosildor navlar va yangicha agrotexnologiyalar tufayli mehnatdan manfaatdorlik oshib borayotganini aytdi.

– Bugun hamma sohada ilmga, innovatsiyaga, ilg‘or texnologiyalarga tayanyapmiz. Qishloq xo‘jaligida ham bozor tamoyillarini joriy etib, daromadni oshirmaganimizda bugungidek hosildorlik bo‘lmasdi. So‘nggi vaqtlarda tabiat o‘zgarib, suv taqchilligi ortmoqda. Endi mirishkorlar bunga moslashib ishlashi, tomchilatib sug‘orish, suvdan tejab foydalanishni o‘rganishi kerak, – dedi Prezident.

Sohadagi xorijiy tajribalarni o‘rganish, ilm bilan mehnat unumdorligini oshirish muhim ekani ta’kidlandi. Mutasaddilarga hosildor navlarni ko‘paytirish, qayta ishlashni kuchaytirish, suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

Prezident zamonaviy yechimlar asosida yangilangan ko‘chani ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-oktyabr kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida bo‘lib, Shota Rustaveli ko‘chasida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va transportlar harakatiga qulaylik yaratish aholi soni muntazam oshib, hududi kengayib borayotgan Toshkent uchun dolzarb masala. Shu bois, ravon yo‘llar, muazzam ko‘priklar qurilib, mavjudlari zamon talablariga mos ta’mirlanmoqda.

Shota Rustaveli ko‘chasi poytaxtimizning bir necha tumanlarini bog‘lovchi markaziy yo‘ldir. Transportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida uning Mirobod ko‘chasidan Choshtepa ko‘chasigacha bo‘lgan qariyb 7 kilometr qismi rekonstruksiya qilindi.

Endilikda 10 ta qatnov qismiga bo‘lingan yo‘lning 6 ta tasmasida avtomobillar, maxsus ajratilgan 2 ta yo‘nalishda avtobuslar harakatlanadi.  Qolgan 2 ta yo‘lak esa avtomobillar to‘xtab turishi uchun mo‘ljallangan

Prezidentimiz davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda avtobusda yurib, qulayliklarni ko‘rdi, yo‘lovchilar bilan samimiy suhbatlashdi.

Ko‘cha o‘rtasida rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribasidan kelib chiqib, BRT (Bus Rapid Transit) tizimi asosida ajratilgan avtobus yo‘lagi Toshkent shahrida birinchi bor amaliyotga tatbiq qilindi. Bu jamoat transporti qatnovini tezlashtirib, yo‘lovchilarga qulayliklarni yaxshiladi.

Umumiy qiymati 19,2 million dollarlik ushbu loyiha natijasida yo‘lovchi oqimi soatiga 2 ming 500 dan 6 ming kishiga ortdi. Shuningdek, sutkasiga 40 mingta avtomobil o‘tkazish imkoniyati yaratilib, o‘rtacha tezlik soatiga 23 kilometrdan 30 kilometrga yetkazildi.

Eng muhimi, bu o‘zgarishlar natijasida xavfsizlik darajasi oshib, yo‘l-transport hodisalari kamayadi.

Loyiha doirasida avtobuslar to‘xtashi uchun 21 ta yangi bekat, 463 ta “aqlli” svetofor  o‘rnatildi. Intellektual transport tizimi joriy etildi. Yo‘l bo‘yida avtomobillar to‘xtab turishi uchun ham sharoit inobatga olingan.

Shuningdek, velosiped yo‘laklari, yashil hududlar, sug‘orish va drenaj tizimlari barpo etildi.

Shu yerda Toshkent shahrida alohida ajratilgan avtobus yo‘laklarini uzaytirish, shahar atrofida transport bog‘lamalari tashkil etish loyihalari taqdimot qilindi.

– Agar metro yo‘llari qurmaganimizda, yangi avtobuslar olib kelmaganimizda bugun Toshkentda transport qatnovi qiyin bo‘lardi. Shuning uchun odamlarni rozi qilish nuqtayi nazaridan yo‘llarni to‘g‘rilayapmiz, jamoat transportini rivojlantiryapmiz. Bunday ishlarni barcha shaharlarimizda davom ettiramiz, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga jamoat transporti uchun qulayliklarni oshirib, tirbandlikni kamaytirish, shaharni Yangi Toshkent bilan samarali bog‘lash borasida topshiriqlar berdi.

Shota Rustaveli ko‘chasining yangi qiyofasi nafaqat poytaxt ko‘rkini oshirdi, balki Toshkentning zamonaviy va intellektual transport tizimiga qadam qo‘yganini namoyon etadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni ishbilarmonlari bilan sheriklikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-oktyabr kuni Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda Podshohlikning investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, “ACWA Power”, “Al Muhaidib Group”, “Vision Invest”, “Data Volt”, “Riyadh Cables”, “AlMajdiah”, “InterHealth”, “Saudi Tabreed”, “AlBawani Holding”, “Miahona”, “Pemco” va boshqa yetakchi kompaniya va korporatsiyalari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Prezidentimiz ikki davlat rahbarlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston-Saudiya ko‘p qirrali sheriklik munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.

Qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli 27 milliard dollardan oshdi. Shu bilan birga, joriy yil boshidan buyon yurtimizda Saudiyaning 2 milliard dollarlik investitsiyalari o‘zlashtirildi. O‘zaro savdo hajmi barqaror oshib bormoqda. Aviaqatnovlar soni haftasiga 60 martadan ortdi.

Bugun ikki mamlakat o‘rtasidagi samarali va uzoq muddatli sheriklikning yana bir yorqin dalili bo‘lgan tarixiy loyiha – yangi Toshkent xalqaro aeroportining qurilishiga tamal toshi qo‘yilishi alohida ta’kidlandi.

– O‘zbekistonning iqtisodiy transformatsiyasiga, uning rivojlanishiga katta hissa qo‘shayotgan saudiyalik hamkorlarimizni biz doim yuksak qadrlaymiz, – dedi Prezident.

So‘ng O‘zbekiston yetakchisi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib, energetika sohasidagi loyihalar alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Bugungi kunda «ACWA Power» kompaniyasi tomonidan mamlakatimizda 15 milliard dollarlik loyihalar, jumladan, hududlarda shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, «yashil» vodorodni rivojlantirish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Bunday loyihalarda o‘zimizning ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlaridan keng foydalanish sanoatimiz salohiyati rivojlanishiga xizmat qiladi.

Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. «Data Volt» kompaniyasi Toshkent shahrida zamonaviy ma’lumotlar markazini tashkil etish loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Yangi Toshkent va Buxoroda shunday markazlar qurilishini, shuningdek, Saudiya Arabistoni kompaniyalarining raqamli tashabbuslardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, titan va boshqa strategik muhim foydali qazilmalarning katta zaxiralariga ega.

Toshkent va Samarqand viloyatlarida «Kelajak metallari texnoparki» tashkil etilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Shu munosabat bilan mamlakatimiz yetakchisi saudiyalik investorlarni geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va xomashyoni qazib olishdan tortib, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlardagi loyihalarda faol ishtirok etishga taklif etdi.

Infratuzilma sohasida «Miahona» kompaniyasi bilan Farg‘ona va Jizzax shaharlarida oqova suvlarni tozalash, Qoraqalpog‘istonda suv ta’minoti tizimlarini rivojlantirish va nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish loyihalari bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilinayotgani qayd etildi.

Shuningdek, «Saudi Tabreed» kompaniyasi bilan kommunal sohani rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Prezidentimiz Podshohlik kompaniyalarini infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan yangi o‘zaro manfaatli loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

O‘z navbatida, Saudiya Arabistoni yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy siyosati, barqaror o‘sishi va qulay investitsiyaviy muhitini yuqori baholab, mamlakatimizda o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada chuqurlashtirish, aniq loyiha va dasturlarni ilgari surish rejalarini bayon qildilar.

Posted on Leave a comment

Butunjahon standartlar kuni bilan!

Hurmatli standartlashtirish bo’yicha mutaxassislar!
Sizlarni kasb bayramingiz bilan chin qalbimizdan tabriklaymiz!
Sizlarning faoliyatingiz iste’molchilarimiz kundalik hayotida foydalanadigan mahsulotlar va xizmatlarning sifati va xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o’ynaydi. Sizlarning sa’y-harakatlaringiz tufaili iste’molchilar standartlarga rioya qilinishiga va innovatsiyalar xavfsiz va samarali amalga oshirilayotganiga amin bo’lmoqdalar.
Sizlarga professional g’oyalarni, yangi yutuqlarni amalga oshirishdagi mas’uliyatli ishlaringizda ulkan zafarlar tilaymiz!

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti yakkakurashlar sohasidagi xalqaro sheriklikni kengaytirish rejalarini qo‘llab-quvvatladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-oktyabr kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Birlashgan kurash dunyosi rahbari Nenad Lalovichni qabul qildi.

Ushbu nufuzli global tuzilma bilan O‘zbekistonda sportning yakkakurash turlarini tashkiliy-ekspert jihatdan qo‘llab-quvvatlash va yanada ommalashtirish sohasida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda an’anaviy tarzda yunon-rum kurashi, erkin kurash, ayollar kurashi, shuningdek, aralash jang san’atlari faol rivojlanmoqda.

Keyingi yillarda yakkakurashchilarimiz nufuzli musobaqalarda 45 ta yuksak sovrinni, jumladan, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatida oltin medallarni qo‘lga kiritdi.

Muzokaralar chog‘ida xalqaro birlashma rahbari Yangi O‘zbekistonda ommaviy sport sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni, jumladan, hammabop va zamonaviy infratuzilmani kengaytirish, nufuzli turnir va musobaqalarni muntazam o‘tkazish orqali yoshlarni sport harakatiga keng jalb etish borasidagi ishlarni yuqori baholadi.

Mamlakatimizda yirik qit’a va jahon chempionatlarini tashkil etish, tashkilot shafeligida Mintaqaviy kurash akademiyasini ta’sis etish, sport tibbiyoti, diyetologiyasi, psixologiyasi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda sheriklik masalalari muhokama qilindi.

Prezidentimiz bolalar va yoshlar o‘rtasida sport yakkakurashlarini ommalashtirish, iqtidorlarni saralash va tayyorlashning zamonaviy usullarini joriy etish, mahallalardagi to‘garak va zallardan tortib sport mahorati maktablari va ixtisoslashgan majmualargacha bo‘lgan infratuzilmani takomillashtirish muhimligini ta’kidladi. Bu chora-tadbirlar, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Olimpiya o‘yinlari va boshqa yirik musobaqalarda yangi muvaffaqiyatlarga olib kelishi kerak.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti ommaviy sport va yakkakurash turlarini rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi uchun Nenad Lalovichga davlatimizning yuksak mukofoti – «Do‘stlik» ordenini topshirdi.

Posted on Leave a comment

Suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-oktyabr kuni suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish, quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda sohaning xususiy sektor uchun jozibadorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 50 ming kilometrlik sug‘orish tarmoqlari mavjud bo‘lib, 1,6 ming nasos stansiyasi va 10 mingdan ziyod suv obyektlari faoliyat yuritmoqda. So‘nggi yillarda yurtimizda suv xo‘jaligi tizimini isloh qilish, irrigatsiya infratuzilmasini yangilash va suv resurslaridan tejamkor foydalanish borasida izchil choralar ko‘rilmoqda. Biroq quyi bo‘g‘indagi boshqaruv tizimida, jumladan, xizmat ko‘rsatish samaradorligi, hisob-kitoblar shaffofligi va moliyaviy mustaqillik bilan bog‘liq hali yechimini kutayotgan muammoli masalalar bor.

Taqdimotda sohada amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish va xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Yangi yondashuv asosida suv hisobini yuritish to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. “Suv hisobi” axborot platformasi orqali foydalanilgan suv miqdori aniq hisoblanadi va iste’molchilarga elektron tarzda ma’lum qilinadi. Bu tizim hisob-kitoblarda inson omilini kamaytiradi, ortiqcha qog‘ozbozlikni bartaraf etadi hamda resurslardan foydalanish samaradorligini oshiradi.

Ma’lumotlarning aniqligini ta’minlash maqsadida “Raqamli qishloq xo‘jaligi” platformasi bilan integratsiya yo‘lga qo‘yiladi. Shu orqali sug‘oriladigan yerlar, ekin turlari va suv limitlari haqidagi ma’lumotlar avtomatik yangilanib boradi.

Shuningdek, sohadagi barcha ma’lumotlarni bir tizimda jamlash uchun Suv xo‘jaligi vazirligining “Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi” tashkil etiladi. Markaz suv balansi, nasos stansiyalari va suv sarfi bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qiladi, qaror qabul qilish jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini yaratadi.

Bundan buyon suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish masalalari bilan alohida vazir o‘rinbosari shug‘ullanadi.

Sohada “Davlat suv kadastri” axborot tizimi yaratiladi. U orqali suv resurslariga oid ma’lumotlar tegishli vazirlik va idoralardan yig‘iladi va yagona bazada shakllantiriladi. Bu, o‘z navbatida, ma’lumot almashish jarayonini soddalashtirib, hisobotlarni qog‘ozda yuritish amaliyotini qisqartiradi. “Davlat suv kadastri” tizimini 2026-yil apreliga qadar to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Quyi bo‘g‘indagi xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Ehtiyoj va mavsumiy sharoitdan kelib chiqib, xizmatlarda shtatlarning o‘zgaruvchan boshqaruv tizimi joriy etiladi. Xizmatlarning samaradorligi KPI ko‘rsatkichlari asosida baholanadi.

2026-yildan boshlab xodimlarni rag‘batlantirish tizimi amaliy natijalarga bog‘lanadi, ya’ni yetkazilgan suv miqdori va foydalanilgan hajm o‘rtasidagi tafovut asosida baholanadi.

Muassasalarning moliyaviy mustaqilligini oshirish maqsadida suv solig‘idan tushgan mablag‘larning 40 foizini o‘zining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirishiga ruxsat beriladi.

Suv xo‘jaligi nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish amaliyoti kengaytiriladi. 2026-yilda Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridagi nasos stansiyalarning 50 foizi, 2027-yilga borib esa Namangan viloyatidagi barcha nasos stansiyalarini xususiy sheriklikka berish rejalashtirilmoqda.

Bu borada Namangan viloyatining Chortoq tumanida “bir nasos – bir tizim” tamoyili asosida “Chortoq tajribasi” amalga oshiriladi. Bunda xususiy sherik iste’molchilarni suv limiti doirasida suv bilan ta’minlaydi, nasoslarga bog‘langan maydonlardan hisoblangan suv solig‘ining 40 foizi xususiy sherikka to‘lab beriladi. Ushbu mablag‘lar hisobiga suv hisobini avtomatlashtirish va nasos stansiyalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Tajribaning mazmun-mohiyati va afzalliklarini dehqon va fermerlarga yetkazish maqsadida “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida 2025-2026-yillarda har bir tumanda bittadan “o‘quv dala-shiypon” tashkil etilib, jami 141 ta tumanda 3,5 ming gektar maydon qamrab olinadi.

Prezidentimiz mutasaddilarga sohada raqamlashtirishni jadallashtirish, hisob va hisobot jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish, quyi bo‘g‘inda xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish va xodimlarning mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi hamda bu boradagi tegishli hujjatlarni imzoladi.

Posted on Leave a comment

Iste’fodagi general-polkovnik Rustam O‘rmonovich Ahmedov vafoti munosabati bilan hamdardlik

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining taniqli namoyandasi, mamlakatimizning birinchi mudofaa vaziri, iste’fodagi general-polkovnik Rustam O‘rmonovich Ahmedov shu yil 12-oktyabr kuni 82 yoshida vafot etdi.

R.Ahmedov 1943-yil 10-noyabrda Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng dastlab Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtida, keyin Moskva shahridagi Zirhli tank qo‘shinlari harbiy akademiyasida ta’lim oldi.

Butun hayotini harbiy sohaga bag‘ishlagan R.Ahmedov tank polkida vzvod komandiri, tank diviziyasi siyosiy bo‘limi boshlig‘ining yordamchisi, tank diviziyasi bataloni komandirining siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurti kursantlar bataloni komandirining o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qilib, shaxsiy tarkibni boshqarish, uning harbiy, jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini oshirish borasida yetarli bilim va tajriba orttirdi.

Toshkent oliy tank qo‘mondonlik, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik va Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan yillarida uning tashkilotchilik qobiliyati yaqqol namoyon  bo‘ldi.

Vatanimiz istiqlolga erishganidan so‘ng R.Ahmedov O‘zbekiston Respublikasining mudofaa vaziri, ayni vaqtda birmuncha muddat Milliy gvardiya qo‘mondoni vazifasini bajaruvchi sifatida faol ish olib borib, milliy armiyamizni shakllantirish, davlatimiz mudofaa tizimini barpo etish, harbiy kadrlarni tayyorlash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdi. Mudofaa vazirligining Bosh shtabi qayta tashkil etilib, Qurolli Kuchlar Birlashgan shtabiga aylantirildi, harbiy okruglar tuzildi, harbiy qismlarning joylashuv va boshqaruv tizimi takomillashtirildi. Mudofaa vazirligining boshqa kuch tuzilmalari bilan hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

R.Ahmedov 1997–1998-yillarda O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida ham samarali faoliyat olib bordi.

Faxriy general, ulug‘ yoshda bo‘lishiga qaramasdan, Yangi O‘zbekistonda Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish, harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligini oshirish borasidagi ulkan islohotlarni amalga oshirishda mudofaa vazirining maslahatchisi sifatida o‘zining boy bilim va tajribasi bilan faol ishtirok etdi.  Qaysi lavozimda xizmat qilmasin, harbiy qasamyodiga sodiq qolib, o‘z zimmasidagi vazifalarni mas’uliyat va sharaf bilan bajardi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda shaxsiy namuna ko‘rsatdi.

R.Ahmedovning harbiy sohadagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U O‘zbekiston Respublikasining II darajali “Shon-sharaf” va “Do‘stlik ordenlari bilan mukofotlandi.

Taniqli harbiy qo‘mondon, samimiy va kamtarin inson Rustam Ahmedovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, V. Maxmudov, Sh. Xalmuxamedov

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Tojikistonga amaliy tashrifini yakunladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga amaliy tashrifi yakunlandi.

Tashrif doirasida davlatimiz rahbari Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan muzokara o‘tkazdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahrida o‘tgan «Markaziy Osiyo – Rossiya» formatidagi ikkinchi sammit va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

O‘zbekiston yetakchisi siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish va ko‘p tomonlama sheriklik natijadorligini oshirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Tashrif dasturidagi tadbirlar yakunlangach, Dushanbe xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti MDH doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-oktyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon raisligida o‘tgan sammit ishida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan hamda MDH bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, Hamdo‘stlik doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari nutqining avvalida global siyosat va iqtisodiyotdagi oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan jarayonlar hamda xalqaro institutlarning roli zaiflashib borayotganiga qaramasdan, MDH o‘zining barqarorligi, samaradorligi va zarurligini namoyish etishda davom etayotganini ta’kidladi.

O‘n yillar davomida yo‘lga qo‘yilgan mexanizmlar va aloqalar tufayli iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar masalalarning barcha yo‘nalishlarida yaqindan hamkorlik qilinmoqda.

– Biz MDH doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, tabiiy sheriklarimiz bo‘lgan mamlakatlar bilan amaliy hamkorlikning samaradorligini oshirishdan manfaatdormiz, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

So‘ng mamlakatimiz yetakchisi Hamdo‘stlik doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Jahon iqtisodiyotidagi vaziyatning keskinlashishi, proteksionizmning kuchayishi va barqaror rivojlanish yo‘lida yangi xavf-xatarlar yuzaga kelayotganini hisobga olgan holda iqtisodiy sheriklikni kengaytirish tashkilotning so‘zsiz ustuvor yo‘nalishi ekani ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekistonning MDHdagi sheriklari bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yili 11 foizga oshgani va bu ko‘rsatkich joriy yilda ham o‘sishda davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bunday ko‘rsatkichlar tarmoqlararo kooperatsiya chuqurlashayotgani va o‘zaro investitsiyalar oqimi ko‘payib borayotgani tufaylidir.

Mavjud imkoniyatlarni yanada to‘liq ishga solish, hamkorlikning bugungi sur’atini saqlab qolish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti birgalikdagi sa’y-harakatlarni quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga qaratishni taklif etdi.

Birinchidan, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish uchun yanada qulay sharoitlarni shakllantirish.

Alohida tovarlarni, birinchi navbatda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish jarayonida tartib-taomil va talablarni soddalashtirish va milliy bozorlarga kirish, jumladan, davlat xaridlarida ishtirok etish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek MDH Iqtisodiy kengashi doirasida tashqi kon’yunktura o‘zgarishlariga tezkor javob berish va savdo oqimlari yo‘nalishini o‘zgartirish bo‘yicha mexanizmlarni ishga tushirish, texnik to‘siqlar va muvofiqlikni baholashga oid hujjatlarni tan olish to‘g‘risidagi bitimlar loyihalarini kelishish borasidagi ishlarni faollashtirish maqsadga muvofiq ekaniga e’tibor qaratildi.

Ikkinchidan, transport sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish.

MDH makonidagi transport tarmog‘ida mavjud yo‘laklar samaradorligini pasaytirayotgan muammoli holatlar hamon saqlanib qolayotgani qayd etildi. Bu barcha turdagi transportlar bilan integratsiyalashgan axborot-logistika markazlarini tashkil etishni taqozo etmoqda.

Yuk tashish infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun xususiy investitsiyalarni jalb qilish muhimligini hisobga olib, O‘zbekistonda transport sohasida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish masalalari bo‘yicha konferensiya o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Uchinchidan, o‘zaro investitsiyalar o‘sishini rag‘batlantirish va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash.

Bu borada maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash, kooperatsiyani chuqurlashtirish va biznesni jalb qilgan holda innovatsion startaplarni ilgari surish uchun MDHning Venchur platformasini yaratish, kelgusi yilda Toshkentdagi «INNOPROM» ko‘rgazmasi negizida Innovatsion sanoat forumini o‘tkazish taklif qilindi.

To‘rtinchidan, energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish.

O‘zbekiston rahbari ta’kidlaganidek, bugungi kunda MDHdagi sheriklar bilan an’anaviy va muqobil energiya manbalaridan foydalanish, jumladan, atom elektr stansiyalari qurilishi sohasida qator yirik strategik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari MDH mamlakatlarida energetika sektorini innovatsion rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishlab chiqish va amalga oshirishni taklif etdi.

Beshinchidan, raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik.

Davlatimiz rahbari joriy yil avgust oyida Samarqandda o‘tgan «MDHda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish» mavzusidagi xalqaro forum bu sohadagi kooperatsiya borasida o‘zaro qiziqish va imkoniyatlar ortib borayotganini ko‘rsatganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan ushbu sohada Amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha ko‘p tomonlama harakatlar rejasini ishlab chiqishni taklif etdi.

Davlatimiz rahbari fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni kengaytirish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi.

– Mamlakatlarimizda ta’lim sektori va mehnat bozori jadal rivojlanayotganini hisobga olib, Diplomlar, malaka va akademik dasturlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida yangi davlatlararo kelishuvni tayyorlash, Professional standartlar va malaka talablarini uyg‘unlashtirish mexanizmini joriy etish lozim, deb hisoblaymiz, – dedi Prezident.

Kelgusi yilda kun tartibiga innovatsion ekotizimlarni shakllantirish, yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun Yoshlar laboratoriyasini yaratish masalasini kiritgan holda, MDH Yoshlar forumini Xivada o‘tkazishga tayyorlik bildirildi. 

Mintaqaviy xavfsizlik masalalariga to‘xtalar ekan, Prezidentimiz tashqi siyosiy idoralar va maxsus xizmatlar o‘rtasidagi tizimli va yaqin aloqalarni davom ettirish muhimligiga e’tibor qaratdi. Afg‘onistondagi vaziyat alohida e’tiborni talab qiladi.

– O‘zbekiston Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning qat’iy tarafdori ekanini ta’kidlayman. Shu munosabat bilan ushbu mamlakatda yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda birgalikda ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

So‘zining yakunida Shavkat Mirziyoyev Sergey Lebedevning MDH Bosh kotibi lavozimiga qayta tayinlanishini qo‘llab-quvvatladi hamda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga tashkilotga raislikni qabul qilib olgani munosabati bilan muvaffaqiyatlar tiladi.

Yig‘ilishda Hamdo‘stlikka a’zo boshqa mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari ham so‘zga chiqdi.

Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuv va qarorlar to‘plami imzolandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi

Hurmatli hamkasblar!

An’anaviy iliq qabul va bugungi sammitimizni ajoyib tarzda tashkil etgani uchun Tojikiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Emomali Sharipovich Rahmon sha’niga bildirilgan samimiy minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Tojikistonning MDHga samarali raisligini, bu davrda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘ptomonlama sheriklik yangi sur’at bilan rivojlana boshlaganini alohida qayd etishni istar edim.

Global siyosat va iqtisodiyotda murakkab, oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan jarayonlar kechayotgan sharoitda, xalqaro institutlarning roli zaiflashib borayotgan bir vaziyatda MDH o‘zining barqarorligi, samaradorligi va zaruriy tuzilma ekanini namoyish qilishda davom etayotganini ta’kidlamoqchiman.

O‘n yillar davomida yaratilgan mexanizmlar va yo‘lga qo‘yilgan muloqotlar tufayli iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar masalalarga oid barcha jabhalar bo‘yicha yaqin hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Biz MDH doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, tabiiy sheriklarimiz bo‘lgan mamlakatlar bilan amaliy hamkorlikning samaradorligini oshirishdan manfaatdormiz. Shu munosabat bilan O‘zbekiston ko‘ptomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish bo‘yicha bildirilgan baho va takliflarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiy sheriklikni kengaytirish biz uchun, hech shubhasiz, ustuvor yo‘nalishdir. Jahon iqtisodiyotida vaziyat yomonlashib, proteksionizm kuchayib borayotgani, barqaror taraqqiyotga yangi tahdidlar paydo bo‘layotganini hisobga olganda, bu alohida muhim ahamiyatga egadir.

Ta’kidlash zarurki, o‘tgan yili O‘zbekistonning MDHdagi sheriklari bilan savdo aylanmasi hajmi 11 foizga o‘sdi. O‘zaro savdoda o‘sish hajmi joriy yilda ham ta’minlanmoqda.

Bunday ko‘rsatkichlar tarmoqlararo kooperatsiyani chuqurlashtirish va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi investitsiya oqimlarining ko‘payishi bilan bevosita bog‘liqdir. Jadal hamkorligimiz sur’atlarini saqlab qolish maqsadida mavjud resurslarni yanada to‘liq ishga solish hal qiluvchi masala, deb hisoblaymiz.

Birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni quyidagi ustuvor masalalarga yo‘naltirishni taklif etamiz.

Birinchidan, savdo aylanmasini kuchaytirish uchun yanada qulay shart-sharoitlarni shakllantirish.

Bu o‘rinda so‘z alohida tovarlarni, birinchi navbatda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish jarayonida tartib-taomil va talablarni soddalashtirish va milliy bozorlarga kirish, jumladan, davlat xaridlarida ishtirok etish haqida bormoqda.

Mamlakatlarimiz bozorlarini o‘zaro mos holda kengaytirish muhimdir. Shu munosabat bilan MDH Iqtisodiy kengashi doirasida tashqi kon’yunktura o‘zgarishlariga tezkor javob berish va savdo oqimlari yo‘nalishini o‘zgartirish bo‘yicha mexanizmlarni ishga tushirish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, texnik to‘siqlar va muvofiqlikni baholashga oid hujjatlarni tan olish to‘g‘risidagi bitimlar loyihalarini kelishish borasidagi ishlarni faollashtirish zarur, deb hisoblaymiz.

Ikkinchidan, transport sohasida o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratishni istar edim.

Afsuski, MDH makonida transport tarmog‘ida amaldagi yo‘laklarning o‘tkazish samaradorligini pasaytiradigan muammoli holatlar hamon saqlanib qolmoqda.

Barcha transport turlari bilan integratsiyalashgan axborot-logistika markazlarini yaratishni zamonning o‘zi talab etmoqda, deb hisoblaymiz.

Bundan tashqari, yuk tashish infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun xususiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish muhimdir. Shu munosabat bilan transport sohasida davlat-xususiy sheriklik masalalari bo‘yicha MDH mamlakatlari konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz.

Uchinchidan, o‘zaro investitsiyalarning o‘sishini rag‘batlantirish va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash.

Hamkorlik bo‘yicha to‘plangan ijobiy tajribani hisobga olib, mamlakatlarimizda maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga oid “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashni taklif etaman.

Biznesni jalb etgan holda kooperatsiyani chuqurlashtirish va innovatsion startaplarni ilgari surish MDHning Venchur platformasini yaratishga xizmat qiladi.

Kelgusi yili Toshkent “INNOPROM” ko‘rgazmasi doirasida mamlakatlarimiz hududlari va yetakchi kompaniyalarining keng ishtirokida MDH innovatsion sanoat forumini o‘tkazishga tayyormiz.

Agar hamkasblarimiz ma’qullashsa, MDH Iqtisodiy kengashiga qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga ko‘rsatma berishni taklif etaman.

To‘rtinchidan, energetika sohasidagi hamkorlik muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda MDHdagi sheriklarimiz bilan an’anaviy va muqobil energiya manbalaridan foydalanish, jumladan, atom elektr stansiyalari qurilishi sohasida qator yirik strategik loyihalarni amalga oshiryapmiz.

Biz, MDH mamlakatlarida energetika sektorini innovatsion rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish tarafdorimiz.

Beshinchidan, raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik alohida e’tiborga molikdir.

Joriy yilning avgust oyida Samarqandda tashkil etilgan “MDHda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro forum kooperatsiya borasida o‘zaro qiziqish va imkoniyatlar o‘sib borayotganini ko‘rsatdi.

MDH bo‘yicha sheriklarimizning bu sohadagi faol sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz va Amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ko‘ptomonlama reja ishlab chiqishni taklif etamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Biz ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohasida qo‘shma dasturlarni kengaytirishdan manfaatdormiz.

Mamlakatlarimizda ta’lim sektori va mehnat bozori jadal rivojlanayotganini hisobga olib, Diplomlar, malaka va akademik dasturlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida yangi davlatlararo kelishuvni tayyorlash, Professional standartlar va malaka talablarini uyg‘unlashtirish mexanizmini joriy etish lozim, deb hisoblaymiz.

Kun tartibiga innovatsion ekotizimlarni shakllantirish, yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun Yoshlar laboratoriyasini yaratish masalasini kiritgan holda, MDH Yoshlar forumini Xivada qabul qilishga tayyormiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Bugun mamlakatlarimizning xavfsizligi va barqarorligiga nisbatan umumiy xavf-xatar va tahdidlar haqida ko‘p aytildi.

Tashqi siyosat idoralari va maxsus xizmatlar yo‘nalishlari bo‘yicha tizimli va yaqin aloqalarni davom ettirish muhimdir. Bu o‘rinda so‘z hamkorlikni muvofiqlashtirish, axborot almashish va qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish haqida bormoqda.

Hamdo‘stlikning janubiy chegaralari haqida so‘z yuritar ekanmiz, Afg‘onistonda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatni unutmasligimiz kerak. Ushbu mamlakatda iqtisodiy va ijtimoiy inqiroz chuqurlashib borayotganini hisobga olsak, uning hududidan bo‘ladigan xavf-xatar va tahdidlar saqlanib qolmoqda.

O‘zbekiston Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning qat’iy tarafdori ekanini ta’kidlayman.

Shu munosabat bilan ushbu mamlakatda yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda birgalikda ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Biz hurmatli Sergey Nikolayevich Lebedevni Hamdo‘stlik Bosh kotibi lavozimiga qayta tayinlanishini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

So‘zimning yakunida Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga MDHda raislikni qabul qilib olgani munosabati bilan muvaffaqiyatlar tilayman.

Ishonchim komil, ushbu uchrashuv va qabul qilinayotgan qarorlar o‘zaro manfaatli ko‘ptomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga imkon yaratadi, xalqlarimiz va mamlakatlarimizning ravnaqi va farovonligi yo‘lidagi umumiy maqsadlar va vazifalarimizga erishishga xizmat qiladi.