Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini qayd etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-oktyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – Rossiya» formatidagi ikkinchi sammitda ishtirok etdi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon raisligida o‘tgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, ko‘p tomonlama sheriklikni yanada rivojlantirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga Markaziy Osiyo bilan keng ko‘lamli strategik sheriklikni rivojlantirish tarafdori bo‘lib kelayotgani uchun minnatdorlik bildirib, uning tabiiy sheriklar bo‘lgan mamlakatlarimiz hamkorligiga yangi sur’at berishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

– Rossiya biz uchun muhim, ustuvor strategik sherik va ittifoqchi bo‘lib kelgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday bo‘lib qolishini ta’kidlayman. Umumiy tarix, ko‘p asrlik aloqalar, xalqlarimizning madaniy va dunyoqarash jihatdan yaqinligi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlar bunday hamkorlikning mustahkam va o‘zgarmas asosi hisoblanadi, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Jahon iqtisodiyotidagi tobora kuchayib borayotgan geosiyosiy keskinlik va inqirozli holatlar, shuningdek, yuzaga kelayotgan yangi xavf-xatar va tahdidlar «Markaziy Osiyo – Rossiya» formatida yanada yaqin muvofiqlashuv va hamkorlikni taqozo etayotgani qayd etildi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston yetakchisi mintaqa mamlakatlarining Rossiya bilan hamkorligi istiqbollari yuzasidan o‘z nuqtayi nazarini bayon qildi.

Eng avvalo, tizimli siyosiy muloqotni mustahkamlash va aniq natijaga qaratilgan amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.

Shu bois, O‘zbekiston Prezidenti har yili oliy darajadagi uchrashuvlarni, hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlarning muntazam muloqotlarini o‘tkazish muhimligini ta’kidladi.

2027 yilga qadar qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlab, davlatimiz rahbari amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan yanada batafsil «yo‘l xaritasi»ni tayyorlashni taklif etdi.

Topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish, mintaqaviy ahamiyatga molik dastur va loyihalarni tayyorlash hamda jadallashtirish maqsadida hukumat rahbarlari o‘rinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish muhimligi qayd etildi.

Iqtisodiy sheriklikni tubdan kengaytirish mintaqa bilan Rossiya hamkorligining asosiy yo‘nalishi bo‘lishi kerak. O‘zaro savdo ko‘rsatkichlarida ijobiy sur’at kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, o‘tgan yil va joriy yilda O‘zbekistonning Rossiya va mintaqa mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 15 foizgacha oshdi.

Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyati doirasida tovar ayirboshlash hajmini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish taklif qilindi.

Bozorlarga kirishni o‘zaro yengillashtirish, tartib-taomillarni soddalashtirish, «Markaziy Osiyo – Rossiya agroekspressi» loyihasini ishga tushirish shular jumlasidan.

Davlatimiz rahbari mamlakatlarimiz tranzit-transport salohiyatidan, eng avvalo, «Shimol – Janub» yo‘lagi doirasida samarali foydalanish g‘oyat muhim ekanini ta’kidladi.

– Biz avtomobil, temir yo‘l va aviatsiya aloqalari sohasida milliy dasturlarni uyg‘unlantirish va shu asosda infratuzilmaviy sheriklikning kompleks rejasi – mamlakatlarimiz Transport-logistika konturini ishlab chiqishni taklif etamiz. Tashqi xavf-xatarlarga nisbatan barqaror bo‘lgan integratsiyalashgan, o‘zaro bog‘liq mintaqaviy transport infratuzilmasini shakllantirish bizning pirovard maqsadimiz bo‘lishi zarur, – dedi Prezident.

Yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish belgilandi. Shu ma’noda, bugungi kunda O‘zbekiston Rossiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasini faol kengaytirayotgani, gaz-kimyo tarmog‘ida yirik strategik loyihalar amalga oshirilayotgani, zamonaviy mis boyitish xabi tashkil etilayotgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, mashinasozlik, aniq asbobsozlik, kimyo, elektrotexnika, tog‘-kon va boshqa tarmoqlarda hamkorlikni klaster asosida kengaytirish uchun ulkan zaxiralar borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yetakchi korxonalar va xususiy sektorning innovatsiyalarga yo‘naltirilgan kooperatsiyasini rag‘batlantirish maqsadida Buxoro shahrida ilg‘or muhandislik yechimlarini ishlab chiqish, joriy etish va ko‘paytirish uchun noyob texnologik maydon bo‘lishi mumkin bo‘lgan «Markaziy Osiyo – Rossiya» sanoat injiniring xabini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Mamlakatimiz yetakchisi Toshkentdagi “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazma-forumi imkoniyatlarini maksimal darajada ishga solish muhimligini ta’kidladi.

Joriy yil aprel oyida o‘tkazilgan beshinchi ko‘rgazmada 35 mamlakatdan 10 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. 5 milliard dollarlik bitimlar tuzildi. Ushbu tadbirga «Markaziy Osiyo – Rossiya» muloqoti formatidagi bosh industrial va innovatsion maydon maqomini berish taklif qilindi.

O‘zbekiston rahbari ta’kidlaganidek, Rossiya bilan energetika sohasidagi hamkorlik bundan buyon ham mintaqa barqarorligining omili bo‘lib qoladi. Bugungi kunda gaz quvurlari va energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha strategik loyihalar amalga oshirilmoqda.

– Shu kunlarda tarixiy bir voqea bo‘lib o‘tadi – O‘zbekistonda barpo etiladigan atom elektr stansiyasining birinchi reaktori va ko‘ptarmoqli yadro tibbiyoti markazi qurilishi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga start beriladi, – dedi Prezident.

Ushbu yo‘nalishda keng ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish – O‘zbekistonda Atom energetikasi bo‘yicha mintaqaviy kompetensiyalar markazini ta’sis etish, shuningdek, Moskva muhandislik-fizika institutining Toshkent filiali negizida Kadrlar tayyorlash dasturini qabul qilish taklif qilindi.

Uglevodorodlarni izlash va qayta ishlash, elektr energetikasini modernizatsiya qilish, energiya tejamkor yechimlarni joriy etish borasidagi hamkorlikni kengaytirish niyati bildirildi.

Ilg‘or bilim va texnologiyalar transferi, qo‘shma loyihalarni tayyorlash va ilgari surish maqsadida «Markaziy Osiyo – Rossiya energetika sherikligi» kompleks dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatib o‘tildi.

Innovatsiyalar sohasida «Skolkovo» markazining mintaqa mamlakatlarida filiallarini ochish taklif etildi.

Shuningdek, yetakchi markazlar, tashkilotlar va IT kompaniyalar darajasida sa’y-harakatlarni birlashtirish va loyihaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini beruvchi Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha mintaqaviy ekspert kengashini ta’sis etish zarurligi qayd etildi.

Gumanitar hamkorlikni kengaytirish maqsadida har yili Etnomadaniyat forumi – Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari madaniyati, san’ati va ijodi festivalini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Bundan tashqari, dual va professional ta’lim tizimini joriy etish, fundamental ilmiy ishlanmalarni amalga oshirish uchun yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tuzilmalarining salohiyatini birlashtirishga qaratilgan «Kelajak muhandislari» ilmiy-ta’lim konsorsiumini ishga tushirish taklif qilindi. Mintaqa mamlakatlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan Rossiya universitetlarining filiallari Konsorsiumning intellektual bazasi bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. O‘zbekistonda ularning soni 15 tani tashkil etadi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo va Rossiyaning yosh tadqiqotchi va olimlari uchun maxsus grant dasturini ta’sis etish taklif qilindi.

Har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun bolalar va onalar salomatligini muhofaza qilish, mehnat migratsiyasi sohasida ijtimoiy moslashuvga ko‘maklashish, shuningdek, mintaqaviy yo‘nalishlar asosida sayyohlar oqimini kengaytirish bo‘yicha dasturlar qabul qilish dolzarbligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekiston Prezidenti mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalariga alohida to‘xtaldi.

– Terrorizm, ekstremizm, radikalizm, uyushgan jinoyatchilik, odam savdosi va narkotrafiklarga qarshi kurashda maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yaqin hamkorligini yanada kengaytirish muhim, deb hisoblaymiz. Yangi kibertahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikda chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif etamiz, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Hamkorlikni kengaytirish va Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ko‘maklashish borasidagi yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida oliy darajadagi maslahatlashuvlar o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi. Ushbu uchrashuvlar kun tartibidan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, ushbu mamlakat barqarorligi va taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish masalalari o‘rin olishi mumkin.

So‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti mintaqaning barcha mamlakatlari xavfsizligi, barqaror taraqqiyoti va ravnaqini ta’minlash yo‘lida Rossiya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga intilishi qat’iy ekanini yana bir bor ta’kidladi.

Sammit davomida boshqa davlatlar rahbarlari ham so‘zga chiqdi.

Tadbir yakunida Qo‘shma kommyunike va ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha 2025 – 2027 yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ikkinchi sammitdagi nutqi

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Avvalo, an’anaviy samimiy qabul va uchrashuvimizni yuksak darajada tashkil etgani uchun Tojikiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Emomali Sharipovich Rahmon sha’niga bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Biz har safar Tojikistonga tashrif buyurar ekanmiz, Sizning rahbarligingizda ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Ko‘z o‘ngimizda mamlakat qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda – iqtisodiyot va infratuzilma jadal rivojlanmoqda, eng asosiysi – aholi farovonligi oshib bormoqda.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti hurmatli Vladimir Vladimirovich Putinga Markaziy Osiyo bilan keng ko‘lamli strategik sheriklikni rivojlantirishning qat’iy tarafdori bo‘lib kelayotgani uchun samimiy tashakkur izhor etaman.

Sizning mintaqa bilan ittifoqchilik munosabatlari va ko‘pqirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalaridagi doimiy qo‘llab-quvvatlashingiz va shaxsiy e’tiboringizni O‘zbekiston doimo his etib kelishi va qadrlashini alohida qayd etmoqchiman.

Siz ilgari surgan, tabiiy sheriklar bo‘lgan mamlakatlarimizning o‘zaro hamkorligiga yangi sur’at berishga qaratilgan tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.

Hurmatli davlat rahbarlari!

Rossiya biz uchun muhim, ustuvor strategik sherik va ittifoqchi bo‘lib kelgan, hozir ham shunday  va kelgusida ham shunday bo‘lib qolishini ta’kidlayman.

Umumiy tarix, ko‘pasrlik aloqalar, xalqlarimizning madaniy va dunyoqarash jihatdan yaqinligi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlar bunday hamkorlikning mustahkam va o‘zgarmas asosi hisoblanadi.

Shu bilan birga, geosiyosiy ziddiyatlar va jahon iqtisodiyotida inqiroz holatlari kuchayib borayotgani, yangi xavf va tahdidlar mintaqada barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bizning formatimiz doirasida yanada yaqin muvofiqlashtirish va hamkorlikni talab etmoqda.

Kun tartibidan kelib chiqib, Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi keng miqyosdagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha o‘z qarashlarimizni aytib o‘tmoqchiman.

Biz ushbu formatda aniq natijaga erishishga yo‘naltirilgan tizimli siyosiy muloqotlarni kuchaytirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim, deb hisoblaymiz.

Biz har yili oliy darajadagi uchrashuvlarni, hukumatlar, vazirlik, idora va mintaqalarning muloqotlarini muntazam ravishda o‘tkazib borish tarafdorimiz. Shu munosabat bilan 2027-yilgacha bo‘lgan Qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Shu bilan birga, hukumatlarimizga amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan kengaytirilgan “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash bo‘yicha topshiriq berishni taklif etamiz.

Topshiriqlarimiz o‘z vaqtida ijro etilayotganini nazorat qilish, mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan dastur va loyihalarni tayyorlash va amalga oshirilishini tezlashtirish uchun hukumat rahbarlari o‘rinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash ta’sis etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Biz mintaqamizning Rossiya bilan iqtisodiy sherikligini tubdan kengaytirishdan manfaatdormiz. Buni birgalikdagi faoliyatimizning asosiy yo‘nalishi, deb hisoblaymiz.

Bozorlarda noqulay kon’yunktura saqlanib qolayotgan va tashqi ta’sirlar kuchayib borayotgan sharoitda o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarida ijobiy o‘sish sur’atlarini ta’minlashga erishmoqdamiz. Jumladan, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha va joriy yilda O‘zbekistonning Rossiya va mintaqa mamlakatlari bilan o‘zaro tovar aylanmasi 15 foizga o‘sdi.

Bu ishlarni davom ettirish va biz taklif etayotgan Kengash doirasida mahsulot ayirboshlash hajmini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Bu o‘rinda so‘z mahsulot bozorlariga o‘zaro kirishni yengillashtirish, jarayonlarni soddalashtirish, “Markaziy Osiyo – Rossiya agroekspress” loyihasini ishga tushirish haqida bormoqda.

Mamlakatlarimizning tranzit-transport salohiyatidan, birinchi navbatda, Shimol–Janub yo‘lagi doirasida samarali foydalanish hayotiy muhim ahamiyat kasb etadi.

Biz avtomobil, temir yo‘l va aviatsiya aloqalari sohasida milliy dasturlarni uyg‘unlantirish va shu asosda infratuzilmaviy sheriklikning kompleks rejasi – mamlakatlarimiz Transport-logistika konturini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Tashqi xavf-xatarlarga nisbatan barqaror bo‘lgan integratsiyalashgan, o‘zaro bog‘liq mintaqaviy transport infratuzilmasini shakllantirish bizning pirovard maqsadimiz bo‘lishi zarur.

Biz barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishni yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘ramiz.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Rossiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat bo‘yicha sheriklikni faol kengaytirmoqda. Shu borada gaz-kimyo sohasida yirik strategik sanoat loyihalari amalga oshirilayotgani va zamonaviy mis boyitish xabi yaratilayotganini misol sifatida keltirib o‘tishni istar edim.

Ayni vaqtda mashinasozlik, asboblar ishlab chiqarish, kimyo, elektrotexnika, tog‘-kon va boshqa sohalarda klaster asosida hamkorlikni kengaytirish uchun hali ishga solinmagan ulkan zaxiralar mavjud.

Yetakchi korxonalar va xususiy sektorning innovatsiyaga yo‘naltirilgan kooperatsiyasini rag‘batlantirish uchun Buxoro shahrida “Markaziy Osiyo – Rossiya” sanoat injiniring xabini tashkil etishni taklif qilamiz. Ushbu loyiha ilg‘or muhandislik yechimlarini ishlab chiqish, joriy qilish va ommalashtirish uchun noyob texnologik maydonchaga aylanishiga ishonaman.

Toshkentda o‘tkaziladigan “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmali forum imkoniyatlarini yuqori darajada ishga solish muhim ekanini qayd etmoqchiman. Aprel oyida o‘tkazilgan ko‘rgazma 35 mamlakatdan 10 mingdan ortiq ishtirokchilarni birlashtirdi. Besh milliard dollarlik bitimlar imzolandi.

Ushbu tadbirga “Markaziy Osiyo – Rossiya” muloqoti formatidagi asosiy sanoat va innovatsiya maydoni maqomini berishni taklif etamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Mamlakatlarimizning Rossiya bilan energetika sohasidagi hamkorligi bundan buyon ham mintaqaning tinchligi va barqarorligi omili bo‘lib qoladi. Biz bugun strategik, jumladan, gaz quvurlari va energetika infratuzilmalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshiryapmiz.

Shu kunlarda tarixiy bir voqea bo‘lib o‘tadi – O‘zbekistonda barpo etiladigan atom elektr stansiyasining birinchi reaktori va ko‘ptarmoqli yadro tibbiyoti markazi qurilishi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga start beriladi.

Ushbu yo‘nalishda keng ko‘lamli ilmiy-amaliy hamkorlik o‘rnatishni – O‘zbekistonda atom energetikasi bo‘yicha Mintaqaviy kompetensiyalar markazini ta’sis etish, shuningdek, Moskva davlat muhandislik-fizika institutining Toshkent filiali bazasida kadrlar tayyorlash dasturini qabul qilishni taklif etamiz.

Bundan tashqari, uglevodorod resurslarini qidirish va qayta ishlash, elektr energetikasi tizimini modernizatsiya qilish, energiyani tejaydigan yechimlarni joriy etish sohasida hamkorlikni kengaytirish niyatidamiz.

Ilg‘or bilim va texnologiyalar transferi, qo‘shma loyihalarni tayyorlash va ilgari surish uchun “Markaziy Osiyo va Rossiya energetik sherikligi” kompleks dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

Innovatsiyalar sohasida mamlakatimizda “Skolkovo” markazi filialini ochishni taklif etamiz.

Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha Mintaqaviy ekspert kengashini ta’sis etishni davrning o‘zi talab etmoqda, deb hisoblaymiz. Ishonchim komil, bunday platforma yetakchi markazlar, tashkilotlar va IT kompaniyalar darajasida sa’y-harakatlarni birlashtirish va loyihalar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun imkon yaratadi.

Biz, shuningdek, qo‘shma dasturlarni amalga oshirish yo‘li bilan gumanitar hamkorlikni kengaytirish niyatidamiz. Shu borada etnomadaniyat forumi – Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari madaniyati, san’ati va ijodiyoti festivalini har yili o‘tkazib borish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

“Kelajak muhandislari” ilmiy-ta’lim konsorsiumini tashkil etishni taklif qilamiz. Bu muloqot maydoni dual va professional ta’lim tizimini joriy etish, fundamental ilmiy ishlanmalarni amalga oshirish maqsadida mamlakatlarimizning yetakchi oliygohlari va tadqiqot tuzilmalari salohiyatini birlashtirishga xizmat qiladi.

Rossiya universitetlarining muvaffaqiyatli ishlayotgan filiallari konsorsiumning intellektual bazasi bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda 15 ta ana shunday filiallar faoliyat yuritmoqda.

Bu borada Markaziy Osiyo va Rossiyadagi yosh tadqiqotchilar va olimlar uchun Maxsus grantlar dasturini birgalikda ta’sis etishimiz mumkin.

Bundan tashqari, onalik va bolalikni muhofaza qilish, mehnat migratsiyasi sohasida ijtimoiy moslashuvga ko‘maklashish dasturlarini qabul qilish, shuningdek, mintaqaviy yo‘nalishlar asosida sayyohlik oqimini kengaytirish dolzarb ahamiyatga ega.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tishni istar edim.

Terrorizm, ekstremizm, radikalizm, uyushgan jinoyatchilik, odam savdosi va narkotrafiklarga qarshi kurashda maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yaqin hamkorligini yanada kengaytirish muhim, deb hisoblaymiz.

Yangi kibertahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikda chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif etamiz.

Afg‘oniston bilan hamkorlikni rivojlantirish va ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan taraqqiy ettirishga ko‘maklashish bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida yuqori darajadagi maslahatlashuvlarni o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz. Xavfsizlik sohasida o‘zaro hamkorlik, ushbu mamlakatda barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish masalalari ushbu uchrashuvlar kun tartibiga kiritilishi mumkin.

Hurmatli hamkasblar!

So‘zimning yakunida mamlakatlarimiz xavfsizligi, barqaror taraqqiyoti va farovonligini ta’minlash yo‘lida Rossiya bilan ko‘pqirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga sodiq ekanimizni yana bir bor ta’kidlamoqchiman.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar

Dushanbe shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida O‘zbekiston yetakchisi Tojikiston Prezidentini Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raisligi samarali bo‘lgani bilan samimiy tabrikladi hamda «Markaziy Osiyo – Rossiya» formatidagi bo‘lajak uchrashuv va MDH sammiti muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki tomonlama hamkorlik ijobiy sur’at bilan rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi, aviaqatnovlar soni ortib bormoqda.

O‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Faol madaniy-gumanitar almashinuv va sermahsul hududlararo aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik asosiy masalalar, shu jumladan joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjonga amaliy tashrifini yakunladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gabala shahriga amaliy tashrifi yakunlandi.

Bugun O‘zbekiston yetakchisi Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etib, ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.

Gabala xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev kuzatib qo‘ydi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Gabala shahrida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev va boshqa rasmiy shaxslar ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy sheriklikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida Ozarbayjon Prezidentiga qadimdan Buyuk ipak yo‘lidagi muhim savdo va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan Gabala shahrida sammit yuksak darajada tashkil etilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

– Sizning bevosita tashabbusingiz bilan biz oxirgi yillarda zamonaviy Ozarbayjonning ko‘plab hududlariga tashrif buyurdik. Go‘zal Qorabog‘ kun sayin obod bo‘layotganiga, Shusha, Xonkendi, Ag‘dam shaharlaridagi ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘ldik. Albatta, yaqin do‘stlaringiz sifatida bu ijobiy jarayonlar bizlarni juda quvontiradi, – dedi davlatimiz rahbari.

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida imzolangan Tinchlik deklaratsiyasi tashkilot mamlakatlariga savdo, iqtisodiyot, transport va gumanitar sohalarda hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar ochayotgani alohida ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga TDTga samarali raislik qilgani va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qo‘shgan munosib hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

Sammit kun tartibiga o‘tar ekan, O‘zbekiston yetakchisi bugungi xalqaro vaziyatga qisqacha tavsif berdi.

Bu galgi yig‘ilish murakkab geosiyosiy o‘zgarishlar, dunyoda va mintaqada xavfsizlikka tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda o‘tayotgani ta’kidlandi.

– Yaqinda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasidagi jahon yetakchilarining chiqish va yondashuvlari ham zamonaviy dunyoning siyosiy va xavfsizlik arxitekturasi bo‘yicha yakdil pozitsiya yo‘qligini yana bir bor namoyon etdi, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu nuqtayi nazardan, global boshqaruv tizimini chuqur isloh qilish va takomillashtirish, BMT va Xavfsizlik Kengashining rolini oshirish, shuningdek, xalqaro ishlarda rivojlanayotgan mamlakatlarning ovozini kuchaytirish zarurligi yana bir bor ta’kidlandi.

Yevroosiyo qit’asida tobora avj olayotgan, oxiri ko‘rinmayotgan mojaro va urushlar Tashkilot davlatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. G‘azo sektoridagi fojia, Ukraina atrofidagi vaziyat, Eronning yadro dasturi muammosi, Afg‘onistondagi barqarorlik masalalari jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

O‘zbekiston rahbari jahonning qudratli davlatlarining adolatli dunyo tartibotini shakllantirish, o‘zaro ishonch va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi intilishlari va yangi rejalarini olqishladi.

Global vaziyatni chuqur tahlil qilish va zarur qarorlar qabul qilish maqsadida TDT mamlakatlari tashqi siyosiy idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlarining qo‘shma uchrashuvlarini o‘tkazish va bunday formatdagi birinchi yig‘ilishni kelgusi yilda Samarqand shahrida tashkil etish taklif qilindi.

O‘zbekiston yetakchisi qisqa muddatda jadal rivojlanib borayotgan nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoriga kirgan Turkiy davlatlar tashkilotining o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Oliy darajadagi siyosiy muloqot kengayib, o‘zaro ishonch mustahkamlanib borayotgani, qo‘shma loyihalar va gumanitar dasturlar faol amalga oshirilayotgani bundan dalolat beradi.

Bugungi kunda TDT doirasida 35 dan ortiq yo‘nalishda amaliy hamkorlik qilinmoqda. O‘zaro savdo hajmi barqaror oshib bormoqda va 2030 yilga borib ikki barobar ko‘payishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqining asosiy qismida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishning aniq masalalariga to‘xtaldi.

Tashkilotning nufuzi va salohiyatini oshirish, yaqin istiqbolda uning samarali hamkorlik maydoni sifatidagi rolini kuchaytirish ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi.

– Bu borada Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi bitimni tezroq kelishib, qabul qilish tarafdorimiz. Albatta, bu muhim bitim hamkorligimizni rivojlantirish yo‘lida asosiy siyosiy hujjat sifatida qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, amaliy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish va jadallashtirish maqsadida Turkiy davlatlar tashkilotini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha alohida «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish taklif qilindi. Ushbu hujjatlarda quyidagi aniq yo‘nalish va chora-tadbirlarni aks ettirish zarurligi qayd etildi.

Birinchidan, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish.

O‘zbekiston Prezidenti yaqin istiqbolda TDT doirasida savdo, biznes va o‘zaro investitsiyalar uchun eng qulay sharoitlar, huquqiy asos va infratuzilma yaratishni nazarda tutadigan Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirish muhimligini yana bir bor ta’kidladi.

Amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish va aniq loyihalarni ishlab chiqish, xususan, Turkiy investitsiya jamg‘armasi doirasidagi rejalarni kelishish maqsadida Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini ta’sis etish muhimligi qayd etildi. Doimiy asosda faoliyat yuritadigan ushbu tuzilmaga Tashkilot mamlakatlari Bosh vazirlarining o‘rinbosarlari rahbarlik qilishi mumkin. Kengashning Loyiha ofisini Toshkent shahrida joylashtirish taklif etildi.

O‘zbekiston rahbari ta’kidlaganidek, quyidagi masalalar Kengashning doimiy e’tiborida bo‘lishi kerak:

– Turkiy davlatlar Sanoat alyansini tuzish va shu orqali mashinasozlik, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika, neft-kimyo, farmatsevtika, yengil, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida yetakchi kompaniyalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ko‘maklashish;

– o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish va texnik reglamentlarni yaqinlashtirish maqsadida «Turkiy yashil yo‘laklar» elektron tizimini joriy etish;

– «yashil» energetika, «yashil» vodorod va ammiak bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalar, standartlar va vakolatlarni jalb qilish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etish uchun «Yashil transformatsiya» konsorsiumini tashkil etish;

– strategik minerallar xomashyo bazasini rivojlantirish asosida qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish.

Shu bilan birga, «xomashyo – qayta ishlash – ilm va texnologiyalar – tayyor mahsulot» tamoyili asosida amaliy hamkorlik dasturini qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.

Ikkinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash. Mavjud salohiyatni hisobga olgan holda, TDT mamlakatlari organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha jahon yetakchilariga aylanishi mumkin.

FAO tahliliga ko‘ra, bugungi kunda jahon organik mahsulotlar bozori hajmi 225 milliard dollardan oshadi va kelajakda bu ko‘rsatkich har yili 10 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Sifatli va xaridorgir organik mahsulotlar ishlab chiqarish uchun ilmiy-tadqiqot va seleksiya, sanoat kooperatsiyasi va logistika aloqalarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

– Kelajakda organik mahsulotlarimiz jahon bozoriga yagona brend bilan chiqishi mumkin. Bu borada qishloq xo‘jaligi vazirlarimiz nazoratida Ekspert ishchi guruhini tashkil etib, dastlabki “pilot” loyihalarni saralash va mamlakatlarimizda amalga oshirishni taklif etamiz, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Uchinchidan, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va xalqaro tranzit yo‘laklarini rivojlantirish sohasida muvofiqlashtirilgan siyosatni amalga oshirish.

Mamlakatimiz yetakchisi O‘rta koridorni izchil rivojlantirish borasidagi rejalarni qo‘llab-quvvatlab, ushbu yo‘nalishning raqobatbardoshligini ta’minlash va biznes hamjamiyati uchun eng qulay sharoitlar yaratish muhim ekanini ta’kidladi.

Shu ma’noda, maqbul tranzit tariflarini qo‘llash, zamonaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish va raqamli bojxona tartib-taomillarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘rta koridor qurilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li va istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lansa, ulkan mintaqada ko‘p tarmoqli, strategik magistral yo‘llar tizimi yaratiladi.

Transport sohasiga oid bu tashabbuslarning barchasi 12-noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Multimodal tashuvlar bo‘yicha xalqaro forum doirasida atroflicha muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

To‘rtinchidan, keng ko‘lamli sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun samarali moliyaviy vositalarni joriy etish.

O‘zbekiston Prezidenti Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish, ITB, ETTB va boshqa xalqaro hamda milliy moliya institutlari bilan Strategik hamkorlik dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Beshinchidan, barqaror rivojlanishning muhim drayverlariga aylanayotgan sun’iy intellekt, raqamlashtirish va kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish.

Ushbu yo‘nalishlardagi sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Oltinchidan, «Jaholatga qarshi – ma’rifat» tamoyili asosida ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish.

2025-2026-yillarda mamlakatimiz 100 dan ortiq ta’lim muassasalarini birlashtirgan Turkiy universitetlar ittifoqiga raislik qilishi ta’kidlandi. Kelgusi hafta Toshkentda ittifoqning Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston raislik davrida «Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari»ni o‘tkazish niyatida.

O‘zbekiston Prezidenti ilm-fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash, iqtidorli olimlarning tadqiqotlarini rag‘batlantirish maqsadida mamlakatimizda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti o‘z faoliyatini boshlayotganini ma’lum qildi. Davlatimiz rahbari uning negizida Qo‘shma tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqishni taklif etdi.

Yettinchidan, yoshlar orasida yot va buzg‘unchi g‘oyalar tarqalishining oldini olish.

Shu munosabat bilan Turkiy davlatlar makonida ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashish bo‘yicha Harakatlar rejasini qabul qilish taklif etildi.

O‘zbekiston, shuningdek, islomofobiyaning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashishga qaratilgan yaqin muloqotni davom ettiradi.

Bundan tashqari, Tashkilot doirasida yoshlar o‘rtasida ekologik bilimlar bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhim ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston yetakchisi yana bir muhim masalaga e’tibor qaratdi.

– Biz kelgusi yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning 585 yilligi hamda ulug‘ ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy tavalludining 885 yilligini keng nishonlaymiz. Ana shu mumtoz siymolarning insonparvarlik, o‘zaro do‘stlik va birdamlik haqidagi g‘oyalari, bebaho adabiy merosini keng targ‘ib etish maqsadida “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazishni taklif etamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda xorijiy davlatlar delegatsiyalari rahbarlari ham so‘zga chiqdi.

Sammit yakunida Tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qo‘shma qaror va hujjatlar to‘plami qabul qilindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqi


Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Qadimdan Buyuk ipak yo‘lining muhim savdo va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan betakror Gabala shahrida siz, aziz qardoshlarim bilan diydor ko‘rishib turganimdan behad mamnunman.

Avvalambor, sammitni yuqori saviyada tashkil etganlari, an’anaviy va samimiy mehmondo‘stlik uchun Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyev Janobi Oliylariga minnatdorlik izhor etaman.

Sizning bevosita tashabbusingiz bilan biz oxirgi yillarda zamonaviy Ozarbayjonning ko‘plab hududlariga tashrif buyurdik. Go‘zal Qorabog‘ kun sayin obod bo‘layotganiga, Shusha, Xonkendi, Ag‘dam shaharlaridagi ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘ldik. Albatta, yaqin do‘stlaringiz sifatida bu ijobiy jarayonlar bizlarni juda quvontiradi.

Sizning qat’iy siyosiy irodangiz tufayli Armaniston bilan imzolangan Tinchlik deklaratsiyasi esa Turkiy davlatlarning ham umumiy g‘alabasidir, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu tarixiy kelishuv mamlakatlarimiz uchun savdo, iqtisodiyot, transport va gumanitar sohalarda yaqin hamkorlik borasida keng imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda.

Hurmatli hamkasblar!

Yil davomida Tashkilotimiz faoliyatida samarali raislik qilgani, hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarishga munosib hissa qo‘shgani uchun Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti hurmatli Sadir Nurg‘ojoyevich Japarov Janobi Oliylariga tashakkur bildiraman.

“Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusidagi bugungi uchrashuvimiz dunyoda murakkab geosiyosiy o‘zgarishlar yuz berayotgan va xavfsizlikka tahdidlar tobora ortib borayotgan bir sharoitda o‘tmoqda. Hozir so‘zga chiqqan hamkasblarim bu muammolar bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirib o‘tdilar.

Yaqinda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasidagi jahon yetakchilarining chiqish va yondashuvlari ham zamonaviy dunyoning siyosiy va xavfsizlik arxitekturasi bo‘yicha yakdil pozitsiya yo‘qligini yana bir bor namoyon etdi.

Davrning o‘zi bizdan global boshqaruv tizimini chuqur isloh qilish va takomillashtirish, BMT va uning Xavfsizlik Kengashi rolini oshirishni taqozo qilmoqda. Jumladan, rivojlanayotgan davlatlarning o‘rni va ovozini mustahkamlashda yaqin hamkorlikni kuchaytirish muhim vazifadir.

Dunyodagi eng og‘riqli muammolar, Yevroosiyo mintaqasida avj olayotgan va oxiri ko‘rinmayotgan nizo va urushlar, albatta, bizning davlatlarimizga ham o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

G‘azo sektoridagi fojia, Ukraina atrofidagi vaziyat, Eronning yadro dasturi muammosi, Afg‘onistonning barqarorligi masalalari barchamizni jiddiy tashvishga soladi.

Jahonning qudratli davlatlari tomonidan adolatli dunyo tartibotini shakllantirish, o‘zaro ishonch va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladigan intilish va yangi rejalarni olqishlaymiz.

O‘ylaymanki, global vaziyatni chuqur tahlil etish va kerakli qarorlar qabul qilish maqsadida Turkiy davlatlar tashkiloti tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining birgalikdagi uchrashuvlarini muntazam o‘tkazib borishni ham zamonning o‘zi taqozo qilmoqda. Biz birinchi qo‘shma uchrashuvni kelgusi yili Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusi bilan chiqamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Turkiy davlatlar tashkiloti qisqa vaqt ichida jadal rivojlanib borayotgan nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoriga kirdi. Avvalambor, mamlakatlarimiz o‘rtasida yuksak darajadagi siyosiy muloqotlar faollashgani, o‘zaro ishonch mustahkamlanayotgani, amaliy sheriklik loyihalari va gumanitar dasturlar hayotga faol tatbiq etilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Birgina misol keltirmoqchiman. Bugungi kunda Tashkilotimiz doirasida o‘ttiz beshdan ziyod yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik olib borilmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro savdo hajmi barqaror o‘sib bormoqda va bu ko‘rsatkich 2030-yilga qadar ikki barobar oshishi kutilmoqda.

Kun tartibidan kelib chiqib, bir qator masalalarga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Tuzilmamizning mavqei va salohiyatini yanada oshirish, yaqin kelajakda uning samarali hamkorlik maydoni sifatidagi o‘rnini mustahkamlash oldimizda turgan ustuvor vazifadir.

Bu borada Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tezroq kelishib, qabul qilish tarafdorimiz. Albatta, bu muhim bitim hamkorligimizni rivojlantirish yo‘lida asosiy siyosiy hujjat sifatida qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, amaliy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Ko‘p qirrali sherikligimizni yanada kengaytirish va jadallashtirish maqsadida Tashkilotning 2030 yilga qadar bo‘lgan rivojlanish strategiyasi va alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz. Bunda quyidagi aniq yo‘nalishlar va chora-tadbirlarni ko‘zda tutishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishni asosiy yo‘nalish sifatida ko‘ramiz.

Yaqin kelajakda Tashkilotimiz doirasida Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirish tarafdorimiz. So‘z, birinchi navbatda, savdo, biznes va o‘zaro investitsiyalar uchun eng qulay sharoitlarni, huquqiy baza va infratuzilmani yaratish haqida ketmoqda.

Amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish va aniq loyihalarni ishlab chiqish, jumladan, Turkiy investitsiya jamg‘armasi doirasidagi rejalarni kelishish maqsadida Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tashkil etish vaqti keldi. Bu tuzilma mamlakatlarimiz Bosh vazirlari o‘rinbosarlari tomonidan boshqarilib, doimiy faoliyat olib borishi muhim. Kengashning Loyiha ofisini esa Toshkentda joylashtirishga tayyormiz.

Kengash doirasida bir qator yangi tashabbuslarni amalga oshirishimiz mumkin. Jumladan, Turkiy davlatlarning Sanoat alyansini tuzish va bu orqali mashinasozlik, kon sanoati, elektrotexnika, neft-kimyo, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat, qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohalarida yetakchi kompaniyalarimizning kooperatsiya loyihalarini ilgari surish; o‘zaro savdo hajmlarini keskin oshirish va texnik reglamentlarni yaqinlashtirish maqsadida “Turkiy yashil yo‘laklar” elektron tizimini joriy etish zarur; “yashil energetika”, “yashil vodorod va ammiak” loyihalarini birgalikda amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalar, standartlar va kompetensiyalarni jalb qilish, davlat va xususiy sheriklik mexanizmlarini keng tatbiq etish uchun “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish; strategik minerallar bazasini o‘zlashtirish va qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish kabi masalalar Kengashning doimiy e’tiborida turishi darkor.

Bunda “xomashyo – qayta ishlash – ilm va texnologiyalar – tayyor mahsulot” tamoyili asosida amaliy Hamkorlik dasturini qabul qilish muhim ahamiyatga ega.

Ikkinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berishda mamlakatlarimiz dunyo yetakchilaridan bo‘lishlari mumkin.

FAOning tahlillariga ko‘ra, bugungi kunda organik mahsulotlarning jahon bozoridagi hajmi 225 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etadi va bu raqamlar istiqbolda har yili 10 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Davlatlarimizning bu boradagi salohiyatidan kelib chiqib, sifatli va talab yuqori bo‘lgan organik mahsulotlarni ishlab chiqarishda ilmiy izlanishlar va seleksiya, sanoat kooperatsiyasi va logistika aloqalarini kuchaytirishimiz lozim.

Kelajakda organik mahsulotlarimiz jahon bozoriga yagona brend bilan chiqishi mumkin. Bu borada qishloq xo‘jaligi vazirlarimiz nazoratida Ekspert ishchi guruhini tashkil etib, dastlabki “pilot” loyihalarni saralash va mamlakatlarimizda amalga oshirishni taklif etamiz.

Uchinchidan, turkiy davlatlarning transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish va xalqaro tranzit yo‘laklarini rivojlantirishda muvofiqlashtirilgan siyosat olib borish zarurligini hammamiz chuqur anglab turibmiz.

O‘rta koridorni izchil rivojlantirish borasidagi aytib o‘tilgan barcha rejalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Eng asosiysi, bu yo‘lak raqobatbardoshligi bilan ajralib turishi lozim. U biznes hamjamiyati uchun eng qulay shart-sharoitlarni ta’minlab berishi kerak.

Bu borada maqbul tranzit tariflarini qo‘llash, zamonaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish va raqamlashtirilgan bojxona tartibotini joriy qilish bo‘yicha loyihalarga katta ahamiyat beramiz.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, O‘rta koridor hozirda qurilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li va istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lansa, keng mintaqamizda ko‘p tarmoqli, strategik magistrallar tizimini yaratishga erishamiz.

Aminmanki, transport sohasi bilan bog‘liq barcha tashabbuslarimiz 12 noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Multimodal tashuvlar bo‘yicha xalqaro forum doirasida batafsil muhokama qilinadi. Bu tadbirda transport vazirlari, yirik logistika kompaniya va uyushmalari rahbarlari, olim va ekspertlardan iborat milliy delegatsiyalarning faol ishtirok etishlariga ishonamiz.

To‘rtinchidan, yirik sanoat va infratuzilma loyihalari to‘g‘risida gapirganimizda, samarali moliyaviy instrumentlarni joriy etish alohida ahamiyat kasb etadi.

Bu borada biz albatta Turkiy investitsiya jamg‘armasining faoliyatini kengaytirish tarafdorimiz. Shu bilan birga, ustuvor loyihalarga qo‘shimcha mablag‘lar jalb etish maqsadida Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, boshqa xalqaro moliya va milliy rivojlanish institutlari bilan Strategik hamkorlik dasturini qabul qilishni taklif etamiz.

Beshinchidan, sun’iy intellekt, raqamlashtirish va kreativ iqtisodiyot sohalari mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishida muhim drayverlarga aylanmoqda.

Bu sohalardagi sa’y-harakatlarimizni birlashtirish uchun “Sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishni taklif etamiz.

Shu bilan birga, Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini mamlakatimizda o‘tkazish tashabbusini bildiramiz.

Oltinchidan, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida ilm-fan va ta’lim sohalarida hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarish muhim.

O‘zbekiston 2025-2026 yillarda 100 dan ziyod universitetlarni o‘z ichiga olgan Turkiy universitetlar ittifoqiga raislik qiladi. Kelgusi hafta Ittifoq Bosh Assambleyasi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.

Raisligimiz davrida “Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari”ni o‘tkazish tashabbusi bilan chiqamiz.

Sohadagi hamkorlikni mustahkamlash, iqtidorli olimlarning izlanishlarini rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekistonda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti o‘z faoliyatini boshlamoqda. Ushbu oliygoh negizida Qo‘shma tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqsak, ayni muddao bo‘lar edi.

Yettinchidan, yoshlarimiz orasida yot va buzg‘unchi g‘oyalar tarqalishining oldini olish maqsadida turkiy davlatlar makonida ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashishga qaratilgan Harakatlar rejasini qabul qilishni taklif etaman.

Ayni vaqtda biz islomofobiyaning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashish borasida ham yaqin muloqotlarni davom ettiramiz.

Bundan tashqari, Tashkilotimiz doirasida Yoshlar o‘rtasida ekologik bilimlar bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish bu yo‘lda muhim qadam bo‘lishi shubhasiz.

Yana bir masalaga alohida to‘xtalmoqchiman. Biz kelgusi yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning 585 yilligi hamda ulug‘ ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy tavalludining 885 yilligini keng nishonlaymiz.

Ana shu mumtoz siymolarning insonparvarlik, o‘zaro do‘stlik va birdamlik haqidagi g‘oyalari, bebaho adabiy merosini keng targ‘ib etish maqsadida “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazishni taklif etamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

So‘zimning yakunida Tashkilotimizda raislikni qabul qilib olayotgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevga ulkan omadlar tilayman.

Bugun qabul qilinadigan Gabala deklaratsiyasi birgalikda ilgari surayotgan ezgu tashabbus va rejalarimizni yanada mustahkamlab, davlatlarimizning umumiy taraqqiyotiga, qardosh xalqlarimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shadi, deb ishonaman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar


7-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Rossiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, do‘st Rossiya xalqiga esa ravnaq tiladi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’atini davom ettirish, yetakchi korxona va kompaniyalarning sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlarining ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjonga keldi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga keldi.

Gabala xalqaro aeroportida O‘zbekiston yetakchisini Ozarbayjon madaniyat vaziri Odil Karimli, Gabala tumani ijro hokimiyati rahbari Sabuhi Abdullayev va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tashrif dasturiga muvofiq, davlatimiz rahbari ertaga, 7-oktyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining rasmiy tadbirlarida ishtirok etadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjonga jo‘nab ketdi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 6-oktyabr kuni amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi.

Davlatimiz rahbari Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti asosiy tadbirlarida ishtirok etadi.

«Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik» mavzusida o‘tkazilayotgan uchrashuv kun tartibidan ustuvor sohalarda ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari o‘rin olgan.

Sammit yakunida tashkilotdagi mamlakatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilinadi.

Posted on Leave a comment

Sun’iy intellekt sohasining infratuzilmasi va kadrlar salohiyati rivojlantiriladi


Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-oktyabr kuni mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish hamda ularni iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda dunyoda sun’iy intellekt texnologiyalari iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik va boshqa muhim yo‘nalishlarda asosiy vositalardan biriga aylanmoqda. Sun’iy intellekt texnologiyalari davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish, resurslardan tejamkor foydalanish, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham bu sohada tizimli islohotlar amalga oshirilib, mamlakatimiz sun’iy intellektni tatbiq etish bo‘yicha xalqaro reytingda 17 pog‘ona yuqoriladi. Hozirda O‘zbekiston 188 davlat ichida 70-o‘rinni, Markaziy Osiyo bo‘yicha esa birinchi o‘rinni egallab turibdi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu natijalar sohada qo‘yilgan ilk qadamlar samarasidir, ammo oldinda hali ko‘p ish turibdi. Shu maqsadda o‘tgan yili 2030-yilgacha mo‘ljallangan Sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi va Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida maxsus markaz tashkil etildi.

Taqdimotda sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun’iy intellekt loyihalarini joriy etish maqsadida 50 million dollar mablag‘ ajratilgan. Sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, ekologiya va moliya sohalarini qamrab olgan 86 ta loyiha shakllantirildi. Hozirda sun’iy intellektni qo‘llash uchun zarur hisoblash imkoniyatlarini yaratish maqsadida “superkompyuter klasteri”ni tashkil etish ishlari jadal olib borilmoqda.

– Sun’iy intellektni tezroq rivojlantirish uchun doimiy ravishda ilg‘or, o‘zini oqlagan xorijiy va mahalliy tajribalarni o‘rganib borish zarur. Buning uchun sohada samarali faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz, xorijiy ekspertlar va xususiy sektor bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Taqdimotda sun’iy intellekt sohasida zamonaviy hisoblash quvvatlarini o‘zimizda yaratish, ma’lumotlar markazlarini qurish va bunga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun jozibador muhitni ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Sun’iy intellektni rivojlantirishda eng muhim omil – malakali kadrlar tayyorlash. Bu ishlarni maktablardan boshlash, informatika o‘qituvchilarini qayta tayyorlash, yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Sohada kadrlar tayyorlashni jadallashtirish maqsadida ko‘plab dasturlar amalga oshirilmoqda. “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” milliy dasturi doirasida yoshlar uchun aistudy.uz va omp.aistudy.uz platformalari ishga tushirildi, ularda SI bo‘yicha 5 ta bepul onlayn o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Dastur doirasida 2027-yilga qadar 1 million nafar yosh sun’iy intellekt sohasidagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.

Yoshlarning istiqbolli loyihalarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlash uchun barcha hududlarda Sun’iy intellekt xakatoni yo‘lga qo‘yiladi. Shu kunlarda Nukus shahrida sog‘liqni saqlash bo‘yicha “Healthtech AI Hackathon” musobaqasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu tajribani kengaytirib, ta’lim, sud tizimi, suv xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlarida ham o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

Prezidentimiz taqdimot qilingan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlab, ularni sun’iy intellektni joriy etishni yanada jadallashtirish, ilg‘or tajribani amaliyotga tatbiq etish, sohada kadrlar salohiyatini oshirish yo‘nalishida yanada takomillashtirish va kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.