Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti vatandoshlar va «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSHga amaliy tashrifini yakunlar ekan, an’anaga ko‘ra, ushbu mamlakatda mehnat va istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz, shuningdek, AQSHning nufuzli universitetlarida tahsil olayotgan «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi.

Norasmiy muhitda o‘tgan samimiy suhbat davomida Yangi O‘zbekistondagi islohotlarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar, xususan, ularni faol ilgari surishda vatandoshlar va ularni birlashtiruvchi tashkilotlarning ishtiroki muhokama qilindi.

Uchrashuvda muvaffaqiyatli tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan vatandoshlar va yoshlar o‘rtasida muloqot maydonini yaratishga qaratilgan «Vatandoshlarning xalqaro biznes marafoni»ga start berildi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy va ta’lim aloqalarini kengaytirish va mustahkamlash, milliy iqtisodiyotning ustuvor sohalariga AQSHning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish, tibbiyot, transport va logistika sohalarida innovatsiyalarni ilgari surish, mamlakatimizda marketpleyslarni rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.

Davlatimiz rahbari yig‘ilganlarga Vatanimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirib, aytilgan barcha taklif va tashabbuslar mamlakatimiz vazirlik va idoralari tomonidan puxta o‘rganib chiqilishi, eng istiqbollilari esa amaliyotga tatbiq etilishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Prezidenti AQSHda «El-yurt umidi» stipendiatlari soni 500 nafardan oshganiga alohida e’tibor qaratdi. Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va tajribasini ona yurtda qo‘llash uchun imkoniyat yaratish davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev talabalarga o‘qishda va kelgusidagi kasbiy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilab, davlatimiz yoshlarning tashabbuslariga doimo ochiqligi va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ta’kidladi.

O‘z navbatida, uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston yetakchisiga xorijdagi vatandoshlar va yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, Vatanimiz ravnaqiga yanada ko‘proq hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti AQSH bilan parlamentlararo muloqotni kengaytirish muhimligini ta’kidladi


BMT Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-sentyabr kuni o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda AQSH Kongressi a’zosi, Vakillar palatasidagi «O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus» raisi Trent Kelli va Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-mayor Bobbi Jinni qabul qildi.

O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, shu jumladan parlamentlararo muloqotni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Parlamentlararo muloqot va almashinuvlar jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Kongress Senati va Vakillar palatasi a’zolari O‘zbekistonga muntazam tashrif buyurmoqda. «O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus» faol ishlamoqda, uning tarkibi kengaymoqda. Kongressda har yili ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan O‘zbekiston kunlari o‘tkazib kelinmoqda.

AQSHning Missisipi shtati bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarga yuksak baho berildi.

O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada kengaytirish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda Kongressning qo‘llab-quvvatlovi muhim ekani ta’kidlandi.

Suhbat yakunida yaqinda Kongress delegatsiyasi va Missisipi shtati ishbilarmonlarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Chexiya yetakchilari hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida Chexiya Respublikasi Prezidenti Petr Pavel bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiyani rivojlantirish bo‘yicha aniq loyihalar muhokama qilindi.

Idoralararo aloqalarni faol davom ettirishga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Iordaniya Podshohi bilan uchrashuv o‘tkazdi


BMT Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Joriy yil avgust oyida O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni ijrosi muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Iordaniyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan chora-tadbirlar ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va BMT keng ko‘lamli sheriklikni kengaytiradi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha milliy vazifalarni amalga oshirish doirasida BMT bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Antoniu Guterrishni BMTning yubiley sessiyasi bilan samimiy tabriklab, uning tashkilot tizimini zamonaviy voqelikka mos ravishda isloh qilish borasidagi tashabbuslarini qat’iy qo‘llab-quvvatladi.

O‘zbekiston va BMT sherikligida misli ko‘rilmagan yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 160 dan ortiq dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Oktyabr oyida besh yilga mo‘ljallangan yangi Hamkorlik dasturi imzolanishi kutilmoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston EKOSOS, Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mita, Statistika komissiyasi kabi nufuzli tuzilmalarga a’zo etib saylandi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan ertaga BMT bosh qarorgohida bolalar saratoni va boshqa og‘ir kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha yuqori darajadagi forum bo‘lib o‘tadi. Samarqand shahrida YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Antoniu Guterrish O‘zbekiston Prezidentining Bosh Assambleyaning yubiley sessiyasidagi nutqiga yuksak baho berib, uning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, yoshlar, ma’rifatparvar islom dini va boshqa sohalarda global hamkorlikni ilgari surish borasidagi tashabbuslari muhimligini alohida ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida ustuvor yo‘nalishlarda keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirish, hamkorlikning yangi dastur va loyihalarini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti AQSHga keldi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga keldi.

Jon Kennedi nomidagi xalqaro aeroportda davlatimiz rahbarini AQSH Prezidentining global sherikliklar bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampolli, Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasining umumiy munozaralarida nutq so‘zlaydi, shuningdek, qator xorijiy mamlakatlar yetakchilari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy tuzilmalar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazadi.

AQSHning yirik korporatsiyalari rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar va yetakchi kompaniyalari vakillari bilan davra suhbatida ishtirok etish ham rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan AQSHga jo‘nab ketdi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun 20-sentyabr kuni amaliy tashrif bilan Nyu-York shahriga jo‘nab ketdi.

Davlatimiz rahbari Bosh Assambleya yalpi sessiyasi umumiy munozaralarining birinchi kunida nutq so‘zlaydi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, qator xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Sammit doirasida nufuzli xalqaro moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashuvlar, AQSHning yetakchi kompaniyalari va investitsiya tuzilmalari ishtirokida tadbirlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etadi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun 20-24-sentyabr kunlari amaliy tashrif bilan Nyu-York shahrida bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi yalpi sessiyasi umumiy munozaralarining birinchi kunida nutq so‘zlaydi.

Ta’kidlash joizki, Bosh Assambleyaning bu yilgi yubiley sessiyasida global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, BMT tizimi va xalqaro moliya arxitekturasini isloh qilish, iqlim o‘zgarishi oqibatlari va boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.

Sammit doirasida O‘zbekiston yetakchisi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro moliyaviy institutlar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Tashrif dasturining ishbilarmonlik qismidan AQSHning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy-investitsiya tuzilmalari ishtirokida uchrashuv va tadbirlar o‘rin olgan. Yangi kelishuv va shartnomalar to‘plami imzolanishi kutilmoqda.

Posted on Leave a comment

Uchinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali va Xalqaro kulolchilik forumi ishtirokchilariga


Hurmatli festival va forum ishtirokchilari!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Siz, azizlarni jonajon Vatanimizning tarixiy shaharlaridan biri – qadimiy Ho‘qandi latifga yana katta bayram nafasini olib kelgan Xalqaro hunarmandchilik festivali va Xalqaro kulolchilik forumining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Xalq amaliy san’atini, uning rivojlanish tarixi, maktab va an’analarini o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan ushbu anjumanimizda dunyoning 70 dan ziyod mamlakatidan 300 nafarga yaqin mohir hunarmandlar, xalqaro tashkilotlar, madaniy va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etayotgani uning xalqaro nufuzi va obro‘-e’tibori tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

El-yurtimizning ko‘p asrlar davomida shakllangan boy madaniy merosi, milliy an’ana va qadriyatlarining ajralmas qismi bo‘lgan, o‘tmish va kelajak o‘rtasida bamisoli ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarib kelayotgan hunarmandchilik sohasi rivojiga mamlakatimizda katta e’tibor berilmoqda. Natijada bu yo‘nalish iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlaridan biriga aylanib bormoqda. Buning tasdig‘ini hunarmandlar, qo‘li gul ustalar, dizayner va yosh ijodkorlar uchun katta imkoniyatlar yaratilayotgani, ularning mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish va milliy brend sifatida tanitish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganida ko‘rish mumkin.

Ayniqsa, ushbu soha rivojlangan shahar va tumanlarda 11 ta hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari tashkil etilgani, yillik mahsulot ishlab chiqarish hajmi 1 trillion 500 milliard so‘mdan oshgani hamda ularni dunyoning turli davlatlariga eksport qilish kengayib borayotganini ta’kidlash lozim.

Amaliy san’at turlarini qayta tiklashga qaratilgan izchil sa’y-harakatlarimiz natijasida ularning soni 43 taga yetdi, co‘nggi uch yilda turli yo‘nalishlarda mehnat qilayotgan 31 ming 500 nafar mohir ustalarimiz esa “Hunarmand” uyushmasi a’zoligiga ilk marotaba qabul qilindi.

Birgina “Ustoz va shogird” an’anasi asosida 118 ming nafar yosh, jumladan, kam ta’minlangan, vaqtincha ishsiz, nogironligi bo‘lgan fuqarolarning bandligi ta’minlangani soha rivoji ijtimoiy masalalarni hal etishda ham muhim ahamiyat kasb etib borayotganini ko‘rsatadi.

Mamlakatimizda o‘z kasbiga doimo ulkan mehr va sadoqat bilan mehnat qilib kelayotgan hunarmandlarning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor berilmoqda, ko‘plab soha vakillari davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlanmoqda.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Festival doirasidagi xalqaro konferensiyalar, ko‘rgazma va yarmarkalar, milliy liboslar namoyishlari va uchrashuvlar, Rishton tumanida o‘tkaziladigan Xalqaro kulolchilik forumi o‘ziga xos ijodiy muloqotlar maydoni, yosh hunarmandlar uchun mahorat darslari bo‘lib xizmat qiladi, albatta.

Ma’lumki, Jahon hunarmandlar kengashi qarori bilan Buxoro, Qo‘qon va Marg‘ilon kabi qadimiy shaharlarimiz “Jahon hunarmandlar shahri” degan yuksak maqomga sazovor bo‘lgan edi. Bu yil ularning qatoriga Rishton va Shahrixon shaharlari ham qo‘shilmoqda.

Shu kunlarda TURKSOY Bosh kotibiyati tomonidan Qo‘qon shahriga yana bir sharafli nom – “Turkiy dunyoning hunarmandlari shahri” degan maqom berildi. Biz bularning barchasini mamlakatimizda xalq amaliy san’atini rivojlantirishga qaratilgan ishlarimizning xalqaro miqyosdagi yana bir e’tirofi sifatida qabul qilamiz.

Azaldan o‘zining go‘zal an’analari, jumladan, hunarmandchilik maktablari, mahorat bobida tengsiz ustalari bilan shuhrat qozongan betakror Farg‘ona zaminida o‘tayotgan ushbu san’at bayramlari madaniy hayotimizda chuqur iz qoldiradigan, do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlaydigan, yosh avlod uchun keng imkoniyatlar ochadigan unutilmas voqea bo‘lib qoladi, deb ishonaman.

Barchangizga sihat-salomatlik, yangi ijodiy yutuqlar, festival hamda forum ishiga muvaffaqiyatlar tilayman.                                                     

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berildi


Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-sentyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan hisobot bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning xalqaro tajribaga asoslangan va tibbiyotni aholiga yaqinlashtirishga qaratilgan yangi modelini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu asosda ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar, mahalla tibbiyot punktlari yagona yondashuv asosida rivojlantirilmoqda.

Buning natijasida oilaviy shifokorlar ulushini 70 foizga yetkazish mo‘ljallangan. Raqamlashtirish va qog‘oz hujjat aylanishini qisqartirish orqali tibbiyot xodimlarining ish yuklamasini qariyb uchdan bir qismga kamaytirish, fuqarolarning birlamchi bo‘g‘in xizmatlaridan qoniqish darajasini 85 foizdan oshirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning ularning kasbiy samaradorligiga bevosita bog‘liq bo‘ladigan yangi tizimi joriy etilmoqda.

Prezidentimiz ixtisoslashgan yordamni tubdan takomillashtirish muhimligini ta’kidladi. Mamlakatimizda o‘nlab ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari mavjud bo‘lib, ular zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda, budjetdan katta mablag‘ ajratilmoqda.

Shu bilan birga, aholi orasida xizmat sifati va uzun navbatlar yuzasidan e’tirozlar saqlanib qolmoqda. Ixtisoslashtirilgan markazlarda davolashning xalqaro standartlarini joriy etish, birlamchi bo‘g‘inda metodologik ishlar sustligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, barcha respublika ixtisoslashtirilgan klinikalari faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, ularning boshqaruviga zamonaviy, professional menejerlarni jalb qilish taklifi bildirildi. Turkiyalik mutaxassislar faoliyat yuritayotgan Respublika onkologiya va radiologiya markazi bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Ayni paytda klinik protokollarni qayta ko‘rib chiqish va yangilash davom etmoqda: hozirgacha 400 tasi qayta ko‘rildi, yil oxirigacha bu ko‘rsatkich ikki baravar oshadi. Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida uch mingdan ziyod tibbiy xizmatlar uchun tariflar metodologiyasi ishlab chiqilmoqda.

Davlatimiz rahbari yana beshta markazga xorijiy professional menejerlarni jalb qilish yoki ularni xorijdagi nufuzli klinikalar boshqaruviga berish imkoniyatini o‘rganishga topshiriq berdi.

Bunda xalqaro tajriba asosida diagnostika va davolash standartlari ishlab chiqilishi, milliy klinik protokollar yaratilishi, yangi texnologiyalar joriy qilinishi, markazlarni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqilishi, yuqori malakali mutaxassislar jalb etilishi, aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishning shaffof va adolatli tizimi yaratilishi shartligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda bolalar salomatligini muhofaza qilish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, butun dunyoda bolalarni ona suti bilan oziqlantirish muammosi dolzarb bo‘lib, ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlardan foydalanish sur’ati ortib bormoqda.

2030-yilga qadar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatkich – 6 oygacha bo‘lgan bolalarning 70 foizi faqat ona suti bilan oziqlantirilishiga erishish maqsadida mamlakatimizda ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi tasdiqlanadi.

Dastur doirasida JSST va YUNISЕFning “Ona suti bilan oziqlantirish uchun qulay sharoit yaratuvchi tibbiyot muassasasi” va “Ona suti bilan muvaffaqiyatli oziqlantirish sari 10 qadam” tashabbuslari joriy etiladi. Tibbiyot xodimlarini ona suti bilan oziqlantirish bo‘yicha o‘qitish, homilador ayollar va onalarning bilimini oshirish tadbirlari o‘tkaziladi.

Qonunchilikka ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlar reklamasini cheklashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, bolalar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, import va eksport qilish, tashish, saqlash, sotish va yetkazib berishga oid talablar hamda standartlarni takomillashtirish taklif etildi.

Prezidentimiz bildirilgan takliflarni ma’qullab, tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish va sifatini oshirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklardan o‘limni kamaytirish, yosh avlod salomatligini mustahkamlash bo‘yicha qator topshiriqlar berdi.