Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” mavzusidagi III xalqaro forumning ochilish marosimida so‘zlagan nutqi


Assalomu alaykum, muhtaram mehmonlar!

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Sizlarni mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha uchinchi bor o‘tkazilayotgan xalqaro forumda chin dildan qutlashdan g‘oyat mamnunman.

Fursatdan foydalanib, bugungi anjumanda ishtirok etayotgan Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad al-Jassir janoblariga, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Ing-Ming Yang janoblariga, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bosh vitse-prezidenti Sachiko Imoto xonimga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Kaxa Imnadze janoblariga, Jahon bankining kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha global direktori Luis Felipe Lopez-Kalva janoblariga va barcha mehmonlarimizga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Mehmondo‘st O‘zbekiston zaminiga, betakror Namangan diyoriga xush kelibsiz!

Qadrli do‘stlar!

Xabaringiz bor, bundan o‘n yil oldin Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlari haqida muhim hujjat qabul qilingan edi. 2030 yilgacha global miqyosda kambag‘allikka barham berish ushbu maqsadlarning birinchisi sifatida belgilab olingan.

Barchamiz ko‘rib turibmiz, hozirgi vaqtda insoniyat oqibatini oldindan aytib bo‘lmaydigan o‘ta keskin va murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Dunyoda geosiyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy beqarorlik tobora ortib bormoqda.

Yer yuzida kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari, suv tanqisligi va pandemiyalar tufayli oldimizda og‘ir va mashaqqatli sinovlar paydo bo‘lmoqda.

2015 yildan buyon global iqtisodiy o‘sish sur’ati o‘rtacha 3 foizni tashkil etib, oldingi o‘n yillikka nisbatan sekinlashdi. Oqibatda agar besh yil oldin dunyoda 650 million aholi kambag‘allikda yashagan bo‘lsa, bugun ularning soni 800 milliondan oshdi.

Bu holat barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar, umuman, dunyo hamjamiyati oldiga yangi va dolzarb vazifalarni qo‘yib, ularga yechim topish bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilishni taqozo etmoqda.

Bugungi anjumanimizda qatnashayotgan 30 dan ortiq nufuzli tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar ilgari suradigan taklif va tashabbuslar ushbu muammolarga kompleks yechim topishga xizmat qiladi, deb ishonaman.

Muhtaram anjuman ishtirokchilari!

Yangi O‘zbekistonda barcha islohotlar “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida amalga oshirilmoqda.

So‘nggi sakkiz yilda odamlarning haq-huquqini himoya qilish, ularni munosib ish joyi bilan ta’minlash, daromadini oshirish, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ulkan ishlarni amalga oshirdik. Barcha sa’y-harakatlarimiz har bir inson, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun sharoit yaratish va imkoniyatlarni kengaytirishga qaratildi.

Eng murakkab davrda kambag‘allikka qarshi kurashni davlat siyosati darajasiga olib chiqib, uni umummilliy harakatga aylantirdik. Ochiq aytish kerak, o‘sha paytda bizda kambag‘allik darajasini baholash bo‘yicha aniq mezon va metodologiya yo‘q edi. Jahon banki va Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlari bilan hamkorlikda xalqaro tajriba asosida kambag‘allikning milliy mezonlarini ishlab chiqdik.

Yangilangan Konstitutsiyamizda pensiyalar, nafaqalar va ijtimoiy yordam miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligini qat’iy belgilab qo‘ydik.

Ekspertlarning hisob-kitobiga ko‘ra, bu ishlarni boshlaganimizda aholimizning uchdan bir qismi kambag‘allik chegarasida yashardi.

Izchil islohotlarimiz tufayli 7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 2024-yilda 8,9 foizga tushirildi. Yil yakunigacha uni 6 foizgacha kamaytirishni maqsad qilganmiz.

Albatta, qisqa muddatda bunday natijalarga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. O‘tgan davrda iqtisodiyotimiz 2 karra o‘sgani, yil yakuni bilan aholi jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi bu borada muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Biz yangi tashabbus va tajribalarni sinovdan o‘tkazib, dunyodagi ijobiy yutuqlarni o‘rganib, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modelini yaratdik. Avvalo, o‘tish davrining muhim instrumenti bo‘lgan manzilli ijtimoiy daftarlarni joriy etib, barcha ehtiyojmand oilalarni qamrab oldik.

Birgina misol, pandemiya davrida 800 ming oilaga bepul dori-darmon, 255 ming oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, yana 1 million 200 ming oilaga ijtimoiy nafaqalar berildi.

Qanday og‘ir bo‘lmasin, izlanib, imkon topib, bu maqsadlar uchun jami 8 milliard dollarlik mablag‘ va imtiyozlar berdik. Natijada 5 million 200 ming nafar odamni “kambag‘allik qopqoni”ga tushib qolishdan himoya qildik va shu bilan birga, iqtisodiy retsessiyaning oldini oldik.

Jamiyatning eng quyi bo‘g‘inigacha tushib, “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘yganimiz o‘zini har tomonlama oqladi. Har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlab, daromadni oshirish uchun yetarli resurs ajratdik.

Mahallalarni obod qilish, odamlar hayotini yaxshilash va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga har yili 2,5-3 milliard dollar yo‘naltiryapmiz.

Qishloq aholisini daromadli qilish uchun, 235 ming gektar paxta va g‘alla maydonini qisqartirib, odamlarga 30-50 sotixdan yer ajratishning yangi mexanizmini joriy qildik. Bu ishlarimiz 800 ming odamning daromadini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.

Lider tadbirkorlar ko‘magida tomorqada serdaromad ekinlarni ekish va yetishtirilgan mahsulotni kafolatli sotib olish tizimini yo‘lga qo‘ydik.

Muhimi, aholini kambag‘allikdan chiqarish va daromadli qilishda har bir hududning o‘z tajribasi paydo bo‘ldi.

Bugungi forumga mezbonlik qilayotgan Namanganda ham kichik biznes, hunarmandchilik, zamonaviy sanoat zonalarini rivojlantirish bo‘yicha namuna yaratildi.

Bir so‘z bilan aytganda, har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borganini odamlar o‘z hayotida his etmoqda. Bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlarimiz hisobiga O‘zbekiston 2030-yilga qadar kambag‘allikni 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilmoqda.

Shularni inobatga olib, bugun yangi, yanada yuqori marrani belgilab olishga tayyormiz.

2030-yilga borib, xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekistonda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berish uchun barcha imkoniyatlarimiz bor va biz buni albatta uddalaymiz!

Aziz mehmonlar!

Oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishish uchun yettita ustuvor yo‘nalishni o‘z ichiga olgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirmoqdamiz.

Eng avvalo, kambag‘al aholini shunchaki ishga joylashtirish emas, balki doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirib, odamlar barqaror daromad manbasiga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratyapmiz.

Faol investitsiya siyosatimiz tufayli shu yilning o‘zida 35 milliard dollar sarmoya evaziga 9 mingdan ortiq yangi korxona, 300 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rni tashkil etilmoqda.

Qulay ishbilarmonlik muhiti hisobiga o‘tgan sakkiz yilda 700 ming tadbirkor o‘zining barqaror biznesiga ega bo‘ldi.

E’tiborlisi – davlat biznesga sharoit yaratib beryapti, tadbirkorlar esa o‘ziga ijtimoiy mas’uliyat olib, ehtiyojmand aholini ishli va daromadli qilishda ko‘makchi bo‘lmoqda. Mana shunday samarali hamkorlik tufayli shu yilning o‘zida 270 mingdan ziyod kambag‘al oila a’zosi doimiy ishli bo‘ldi.

Biz hozirgi texnologiyalar asrida IT, sun’iy intellekt, fintex kabi odamlarga yuqori daromad keltiradigan sohalarda startaplar ekotizimini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqdamiz.

Yil boshidan buyon startaplarga 270 million dollar yoki o‘tgan yilga nisbatan 4 barobar ko‘p xorijiy investitsiya kiritildi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirib, birgina Jahon banki bilan hamkorlikda qiymati 100 million dollar bo‘lgan yangi loyihalarni boshlayapmiz.

Biz mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va nufuzli moliya institutlari bilan faol ishlayapmiz. Bu borada Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda qishloqlarda yashash sharoitini yaxshilash, yo‘l qurilishi, tibbiyot va ta’lim xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan 5 milliard dollarlik loyihalar alohida ahamiyatga ega.

Ushbu loyihalarni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishga ulkan hissa qo‘shayotgan bank prezidenti Muhammad al-Jassir janoblarining xizmatlarini yuksak qadrlaymiz.

Mana shu imkoniyatdan foydalanib, bunday keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda bizga yaqindan ko‘maklashayotgan barcha xalqaro moliya institutlari va hamkor davlatlar delegatsiyalariga samimiy tashakkurimni izhor etaman.

Ikkinchidan, odamlarning bilimini oshirmasdan, ularni “kambag‘allik girdobi”dan chiqarish imkonsizdir.

Shu bois sifatli ta’lim asosida inson kapitalini rivojlantirish, uzoq muddatli istiqbolda kambag‘allikni qisqartirishning asosiy “drayveri” bo‘lib qoladi.

Birgina misol, bolalarimizning bog‘chalardagi qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshgani natijasida 1 million ayollarimiz ta’lim olish, kasb-hunar o‘rganish va daromad topish imkoniga ega bo‘ldi. Biz bu ishlarni davom ettirib, kambag‘al oilalar farzandlarini maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish uchun barcha sharoitlarni yaratamiz. Bunday oilalar farzandlari uchun xorijiy til va kasb-hunar o‘rganishga ketadigan xarajatlarning 80 foizini qoplab beramiz va bu orqali 100 mingta kambag‘al oila farzandlarini qamrab olamiz.

Har bir kambag‘al oilada kamida 1 nafar oliy ma’lumotli yigit yoki qiz bo‘lishi uchun imtiyozli ta’lim krediti va davlat grantlarini ko‘paytiramiz.

So‘nggi besh yilda 800 mingdan ziyod aholini zamonaviy kasblarga o‘rgatib, ularni yuqori daromadli ishlarga joylashtirdik. Kelgusida bu amaliyotni yanada kengaytiramiz. Xalqaro standartlar asosida Kasbga tayyorlash xalqaro markazlarini tashkil etib, ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar berishni yo‘lga qo‘yamiz.

Uchinchidan, biz xotin-qizlarni jamiyatning faol a’zosiga aylantirish masalasini ham davlat siyosati darajasiga olib chiqdik.

Bundan bir asr oldin buyuk ajdodimiz Abdulla Avloniy: “Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, – degan.

Bu so‘zlar naqadar to‘g‘ri ekanini bugun hayotning o‘zi yana bir bor tasdiqlamoqda.

Shu bois biz xotin-qizlarga oliygohda o‘qish uchun foizsiz kredit ajratish, magistraturada bepul ta’lim olish tizimini joriy etdik. Bugungi kunda talabalarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani, shu yilning o‘zida 1 million 700 ming ayol ishli bo‘lgani quvonarlidir. Bu ishni davom ettirib, “Raqamli avlod qizlari” dasturi doirasida 50 ming nafar qizlarni IT, fintex va sun’iy intellektga o‘qitamiz.

Xotin-qizlar jamiyatning barcha bo‘g‘inlarida o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Bu yil ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun 1,5 milliard dollar ajratdik. Ushbu mablag‘larni yanada ko‘paytirib, kelgusi yili yana 2 million ayol doimiy daromadli bo‘lishi uchun sharoit yaratamiz.

Kelgusi yildan mehnat bozorida ayollar uchun teng sharoit yaratish maqsadida ijtimoiy sug‘urta tizimi qamrovini keskin oshiramiz. Bu – ularning kambag‘allikka tushib qolmasligini kafolatlaydi.

Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish bo‘yicha yangi-yangi tajribalarni o‘rtoqlashish maqsadida kelgusi yili Namanganda o‘tadigan Osiyo ishbilarmon ayollar forumiga barchangizni taklif qilaman.

To‘rtinchidan, inson salomatligini muhofaza qilmay turib, uning imkoniyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarib bo‘lmaydi.

Bu borada 140 ming kambag‘al oilaga shifokor biriktirib, ularni yiliga bir marta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydik. Endi, kafolatlangan tibbiy xizmatlarni ko‘paytirib, kambag‘al oilalarning bunga sarf qiladigan xarajatini 2 karra qisqartiramiz. Bunda ularga bepul dori va kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi taqdim etiladi.

Beshinchidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan manzilli ishlash – kambag‘allikka qarshi kurashda asosiy yo‘nalishlardan biri.

Biz bu tizimni tubdan isloh qilib, ilgari 6 ta davlat tashkilotida bo‘lgan vakolatlarni yagona – Ijtimoiy himoya milliy agentligiga birlashtirdik.

Qisqa muddatda har bir tuman va shaharda 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlarni “bir darcha” tamoyili asosida ko‘rsatadigan “Inson” markazlarini tashkil qildik. Har bir mahallada ijtimoiy xodim aholi bilan proaktiv usulda ishlamoqda.

Shu yilning o‘zida 2 million 700 ming aholiga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatildi. Ayniqsa, kambag‘al oilalarning parvarishga muhtoj a’zolariga yangi ijtimoiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yganimiz, 50 ming nafar mehnatga layoqatli aholi uchun ishlash imkonini yaratdi.

Biz bu yo‘nalishdagi ishlarimizni kelgusida yanada keng ko‘lamda davom ettiramiz.

Jahon banki bilan ijtimoiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish maqsadida 100 million dollarlik loyihani boshladik.

Imkoniyati cheklangan aholining kambag‘allikka tushib qolish ehtimoli yuqori. Shu bois ularni qo‘llab-quvvatlash, inklyuzivlik asosida jamiyatga integratsiya qilish bo‘yicha yangi yondashuvlarni ishlab chiqdik.

Munosib mehnat sharoitini yaratganimiz uchun bu yil nogironligi bor 150 ming nafar shaxs ishga joylashdi. Ularga hayotiy zarur tibbiy jihozlar, kolyaska va protezlar bepul yetkazib berilmoqda.

Imkoniyati cheklangan bolalarni maktab va kasbiy ta’lim bilan qamrab olish uchun alohida dasturlarni amalga oshiryapmiz.

O‘zbekistonda og‘ir vaziyatga tushib qolgan bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va ularni zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishidan himoya qilish borasida yangi tajriba yaratildi.

Oltinchidan, hududlarda infratuzilmani yaxshilash, odamlarga yashash uchun qulay sharoitlar yaratish – ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni qisqartirishda muhim qadam bo‘ladi.

Shu maqsadda qariyb 3,5 million aholi yashaydigan, sharoiti og‘ir 1 mingta mahallada infratuzilmani yaxshilayapmiz. Natijada shu yilning o‘zida 470 ming xonadonga qarashli tomorqaga suv bordi, yana 790 ming xonadonda elektr energiyasi ta’minoti yaxshilandi.

Kelgusi yili mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yana 400 million dollar ajratyapmiz. Bunda 32 ta tuman va ijtimoiy sharoiti og‘ir 328 ta mahallani tanlab, ularni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilamiz. Bu – yangi tajriba bo‘ladi.

Shuningdek, 810 ta mahallada suv, kanalizatsiya, yo‘l, maktab va bog‘cha qurish bo‘yicha 1,3 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.

Uy-joyga muhtoj va daromadi past aholiga ipoteka tizimidan foydalanish uchun har yili 200 million dollar subsidiya ajratiladi.

Xalqaro moliya institutlari rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda kambag‘allikni qisqartirish talabini kiritsa, o‘ylaymanki, bu ham maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yettinchidan, bizdagi davlat xarajatlarining 70 foizdan ortig‘i aynan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun sarflanmoqda.

Shu bilan birga, global miqyosda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun rivojlanayotgan davlatlarga yiliga 4 trillion dollardan ziyod mablag‘ zarur. Bunday sharoitda xavf-xatarlarni obyektiv baholash, moliyaviy resurslarni jalb qilish, ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha “kambag‘allikka qarshi kurashning yangi moliyaviy arxitekturasi”ga ehtiyoj sezilmoqda.

Ushbu masalalarga yechim topish maqsadida 2026 yilda ko‘hna Xiva shahrida xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar va hamkor davlatlar ishtirokida yuqori darajadagi konferensiya o‘tkazishni taklif qilamiz.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Inson qadrini ulug‘lash orqali odamlar uchun munosib sharoit yaratish, bu borada kambag‘allikni qisqartirish – Yangi O‘zbekistondagi barcha islohotlar zamiridagi bosh maqsaddir.

Aminman, O‘zbekiston ortga qaytmas islohotlar yo‘lidan qat’iy borib, kambag‘allikni qisqartirish borasida ham, Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq erishish bo‘yicha ham barcha majburiyatlarini bajarishga harakat qiladi.

Bugungi anjuman barchamiz uchun sermahsul va foydali muloqot maydoniga aylanadi va men bunga ishonaman.

Sizlarni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sog‘liq, g‘oyat sharafli va olijanob faoliyatingizda ulkan yutuqlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.

Posted on Leave a comment

Namanganda tikilgan kiyimlar jahon bozorlarida sotilmoqda


Prezident Shavkat Mirziyoyev To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Iftixor kiyim sanoat” klasterining yangi korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Namangan to‘qimachilik bo‘yicha mamlakatimizda yetakchi. Viloyat sanoatining uchdan biri, eksportining yarmi shu sohaga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda 2 ming 500 ga yaqin to‘qimachilik korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular 250 ga yaqin brendlar ostida mahsulot tayyorlab, yuz mingdan ortiq insonni yuqori daromad bilan ta’minlayapti.

Sanoat rivojiga qo‘shimcha sharoit yaratish maqsadida “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi To‘raqo‘rg‘on tumaniga kengaytirilgan edi. Yigirmaga yaqin loyiha qatorida bu yerda “Iftixor kiyim sanoat” klasterining yangi korxonasi ham barpo etildi.

13-avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari to‘qimachilik korxonalarining yirik brendlar bilan hamkorligi masalasiga alohida urg‘u bergan edi. “Iftixor kiyim sanoat”da shunday tizim yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda “Bugatti”, “Pierre Cardin”, “Roy Robson”, “Baldessarini”, “Lavard”, “Jake’S”, “Engbers”, “Cinque”, “Walbusch” kabi mashhur brendlar buyurtmalariga ko‘ra mahsulot tayyorlanmoqda. Namanganda tikilgan kiyimlar Yevropa do‘konlarida sotilmoqda.

Bundan tashqari, “Mercedes-Benz”, “BMW”, “Rolls-Royce” kabi avtomobillar uchun o‘rindiq matolari ham ishlab chiqarilmoqda. Mazkur yo‘nalishda u mintaqamizda yagona korxona hisoblanadi. Umuman, korxona yigirmaga yaqin xorijiy brendlar bilan hamkorlikda ishlamoqda.

Yangi loyihaning umumiy qiymati 198 million dollar bo‘lib, mablag‘lar asosan qurilish ishlari va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishga yo‘naltirildi. Zamonaviy inshootlar barpo etildi, maxsus laboratoriya tashkil qilindi. Germaniya, Italiya, Turkiya va Polsha kabi to‘qimachilikda yetakchi mamlakatlardan keltirilgan energiya tejamkor uskunalar ish unumdorligini oshirdi. Korxonadagi zamonaviy laboratoriya sifat nazoratini ta’minlash va nufuzli brendlar ishonchini qozonishda muhim o‘rin tutmoqda.

Dastlab oddiy tikuvchilik sexi sifatida ish boshlagan “Iftixor kiyim sanoat” bugun paxta yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulotni eksportga yo‘naltirayotgan yirik klasterga aylandi. Sifat bo‘yicha qat’iy talablar uni xalqaro bozorga olib chiqdi.  

Prezident korxonadagi ish jarayoni bilan tanishdi, xodimlar bilan suhbatlashdi.

Korxona to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga 100 million dollarlik mahsulot ishlab chiqaradi. Bu orqali 2 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi, davlat budjetiga esa yiliga salmoqli soliq tushumlari qo‘shiladi. Xalqaro brendlar bilan hamkorlik mahsulotga kafolatli bozor, katta valyuta tushumlari va yangi ish o‘rinlarini ta’minlaydi. 

Bu yerga Namanganda o‘tayotgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumining xorijiy mehmonlari ham tashrif buyurdi. Milliy hamda xorijiy brendlar uchun tikilgan tayyor kiyimlar, shuningdek, oziq-ovqat, charm, qurilish materiallari, farmatsevtika tarmoqlaridagi mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. 

O‘zbekistonda biznes uchun yaratilgan sharoitlar, milliy mahsulotlarimiz turi va sifati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shu yerda davlatimiz rahbariga Namangan viloyatida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar haqida axborot berildi. Xususan, shaharsozlik, to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektrotexnika, turizm, qishloq xo‘jaligi va kimyo sanoati kabi yo‘nalishlarda 252 ta yirik loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Mutasaddilarga investor va tadbirkorlar uchun barcha qulayliklarni yaratib, loyihalarni jadallashtirish, ko‘proq ish o‘rinlari yaratib, aholi daromadini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti OTB bilan sheriklikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida o‘tayotgan «Kambag‘allikdan farovonlik sari» xalqaro forumi doirasida Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Inmin Yangni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida vitse-prezident Inmin Yang davlatimiz rahbariga OTB rahbari Masato Kandaning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda forum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar strategiyasini amalga oshirish doirasida ushbu yetakchi xalqaro moliyaviy institut bilan hamkorlikni chuqurlashtirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda «yashil» energetika, transport, raqamli transformatsiya, ta’lim va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalar portfeli 14 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Mamlakatimiz yetakchisi OTB bilan infratuzilma, davlat-xususiy sheriklik, biznes, ijtimoiy soha va kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli strategik sheriklik dasturini tayyorlash muhimligini qayd etdi.

Kambag‘allikka qarshi kurashish, muhim minerallarni qayta ishlash, budjetni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma investitsiya platformasini yaratish bo‘yicha loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, bank Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va uni kelgusi yilda O‘zbekistonda o‘tkazish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Jahon banki bilan sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini qayd etdi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-sentyabr kuni Namangan shahrida Jahon bankining global direktori Luis Felipe Lopes-Kalvani qabul qildi.

Muzokaralar avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banganing salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda «Kambag‘allikdan farovonlik sari» xalqaro forumi muvaffaqiyatli tashkil etilgani bilan tabrikladi.

Jahon banki bilan strategik sheriklikni, eng avvalo, Barqaror rivojlanishning birinchi maqsadi bo‘lmish kambag‘allikka qarshi kurashish sohasida yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ushbu global moliyaviy institut bilan amaliy hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mamlakat dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston bankning makromintaqadagi yetakchi hamkorlaridan biridir. Loyihalar portfeli 14 milliard dollardan oshdi.

Jahon bankining faol ko‘magida kambag‘allik darajasini aniqlash metodologiyasi ishlab chiqildi. Ayni paytda O‘zbekistonda kambag‘allik va tenglik ko‘rsatkichlari birgalikda diagnostika qilinmoqda.

«Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturini amalga oshirish doirasida xotin-qizlar va yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratish, shahar va qishloqlarning ijtimoiy infratuzilmasini modernizatsiya qilish, turizmni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan qo‘shma loyiha tayyorlash taklif qilindi.

Xususiy sektor loyihalarini ilgari surish, o‘rta muddatli rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish, aholini ro‘yxatga olish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti ITB bilan yangi Strategik sheriklik dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi


17-sentyabr kuni Namangan shahrida o‘tayotgan «Kambag‘allikdan farovonlik sari» xalqaro forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy tashkilot rahbari forum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabriklab, ITB O‘zbekistonda kambag‘allikni yanada qisqartirish borasidagi vazifalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi.

Mamlakatimizda ortga qaytmas tus olgan islohotlar strategiyasini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Bank guruhi bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda ITB bilan sheriklik jadal rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Qo‘shma loyihalar portfeli 5 milliard dollardan oshib, bugungi kunda transport, infratuzilma, uy-joy qurilishi, energetika, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi ustuvor sohalarni qamrab olgan. Shu bilan birga, investitsiyalarning 40 foizdan ortig‘i xususiy sektorga to‘g‘ri keladi.

Davlatimiz rahbari ITB bilan loyihalar portfelini ikki barobar ko‘paytirish, infratuzilma, ijtimoiy soha va xususiy sektor loyihalarini moliyalashtirish hajmini oshirishni nazarda tutadigan uzoq muddatli Strategik sheriklik dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Xususiy biznes salohiyatini ro‘yobga chiqarish, mamlakatimiz hududlarida zamonaviy tibbiyot markazlarini barpo etish, avtomobil yo‘llarini modernizatsiya qilish, irrigatsiya kanallarini tiklash va betonlash hamda boshqa yo‘nalishlarda aniq loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

2030-yilga borib, O‘zbekistonda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berish imkoniyati bor


Namangan shahrida 17-sentyabr kuni “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumi boshlandi.

Anjumanning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi. 

Davlatimiz rahbari dunyoda kuzatilayotgan geosiyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy beqarorlik, iqlim o‘zgarishlari ta’sirida global iqtisodiy o‘sish sekinlashgani, oqibatda kambag‘al aholi soni oshganiga e’tibor qaratdi. Bu holat barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar, umuman, dunyo hamjamiyati oldiga yangi va dolzarb vazifalarni qo‘yayotgani ta’kidlandi.

Shunday murakkab davrda O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Barcha sa’y-harakatlar har bir inson, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarga o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun sharoit yaratish va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratildi.

Yangilangan Konstitutsiyamizda pensiyalar, nafaqalar va ijtimoiy yordam miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligi belgilab qo‘yildi.

Izchil islohotlar tufayli 7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarilib, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 8,9 foizga tushirildi. Yil yakunigacha kambag‘allik darajasini 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan.

O‘tgan davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra o‘sgani bunda muhim omil bo‘ldi. Shu yil yakuni bilan aholi jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi kutilmoqda. 

Yangi tashabbus va tajribalarni sinovdan o‘tkazib, dunyodagi ijobiy yutuqlarni o‘rganib, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modeli yaratildi.

Avvalo, manzilli ijtimoiy daftarlar joriy etilib, barcha ehtiyojmand oilalar qamrab olindi. Pandemiya davrida bepul dori-darmon, ijtimoiy nafaqalar uchun jami 8 milliard dollarlik mablag‘ va imtiyozlar berildi. Natijada 5 million 200 ming nafar odamning “kambag‘allik qopqoni”ga tushib qolishi hamda iqtisodiy retsessiyaning oldi olindi.

Jamiyatning eng quyi bo‘g‘inigacha tushib, “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlab, daromadini oshirish uchun yetarli resurs ajratildi.

Mahallalarni obod qilish, odamlar hayotini yaxshilash va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga har yili 2,5-3 milliard dollar yo‘naltirilmoqda.

Qishloq aholisini daromadli qilish uchun 235 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, odamlarga 30-50 sotixdan ajratib berildi. Bu 800 ming insonning daromadini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.

– Bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlarimiz hisobiga O‘zbekiston 2030-yilga qadar kambag‘allikni 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilyapti. Shularni inobatga olib, bugun yangi, yanada yuqori marrani belgilab olishga tayyormiz. 2030-yilga borib, xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekistonda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berishga barcha imkoniyatimiz bor va biz buni, albatta, uddalaymiz, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturining mazmun-mohiyatiga ham to‘xtaldi. Bu dastur yettita ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan.

Eng avvalo, kambag‘al aholini shunchaki ishga joylashtirish emas, balki doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirib, odamlar barqaror daromad manbasiga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratilmoqda.

Faol investitsiya siyosati tufayli shu yilning o‘zida 35 milliard dollar sarmoya evaziga 9 mingdan ortiq yangi korxona, 300 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rni tashkil etilmoqda.

Davlat biznesga sharoit yaratib beryapti, tadbirkorlar esa o‘ziga ijtimoiy mas’uliyat olib, ehtiyojmand aholini ishli va daromadli qilishda ko‘makchi bo‘lmoqda. Shunday samarali hamkorlik tufayli joriy yilning o‘zida 270 mingdan ziyod kambag‘al oila a’zosi doimiy ishli bo‘lgan.

Ikkinchidan, sifatli ta’lim inson kapitalini rivojlantirish, uzoq muddatli istiqbolda kambag‘allikni qisqartirishning asosiy “drayveri” bo‘lib qoladi.

Xususan, kambag‘al oila bolalarini maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish uchun barcha sharoit yaratiladi. Bunday oilalar farzandlari uchun xorijiy til va kasb-hunar o‘rganishga ketadigan xarajatlarning 80 foizi qoplab beriladi.

So‘nggi besh yilda 800 mingdan ziyod aholi zamonaviy kasblarga o‘qitilib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirilgan. Endi Kasbga tayyorlash xalqaro markazlari tashkil etilib, ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar berish yo‘lga qo‘yiladi.

Uchinchidan, xotin-qizlarni jamiyatning faol a’zosiga aylantirish alohida e’tiborda bo‘ladi. Shu bois, talaba qizlarga foizsiz kredit ajratish, magistraturada bepul ta’lim olish imkoniyati yaratildi. Bugun talabalarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. shu yilning o‘zida 1 million 700 ming ayol ishli bo‘lgan.

Buni davom ettirib, “Raqamli avlod qizlari” dasturi doirasida 50 ming nafar qizlar axborot texnologiyalari, fintex va sun’iy intellektga o‘qitiladi.

Joriy yil ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun 1,5 milliard dollar ajratildi. Kelasi yili yana 2 million ayolni doimiy daromadli qilish choralari ko‘riladi.

To‘rtinchidan, inson salomatligi muhofaza qilinib, uning imkoniyatlari to‘laqonli yuzaga chiqarilmoqda. Jumladan, 140 ming kambag‘al oilaga shifokor biriktirilib, ular yiliga bir marta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Endi kafolatlangan tibbiy xizmatlar ko‘paytirilib, kambag‘al oilalarning bunga sarf qiladigan xarajati 2 karra qisqartiriladi. Bunda ularga bepul dori va kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi taqdim etiladi.

Beshinchidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tizim tubdan isloh qilinib, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Har bir tuman va shaharda 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlarni “bir darcha” tamoyili asosida ko‘rsatadigan “Inson” markazlari ochildi. Har bir mahallada ijtimoiy xodim aholi bilan proaktiv ishlamoqda.

Shu yilning o‘zida 2 million 700 ming aholiga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatildi. Ayniqsa, kambag‘al oilalarning parvarishga muhtoj a’zolariga yangi ijtimoiy xizmatlar yo‘lga qo‘yilgani 50 ming nafar mehnatga layoqatli aholi uchun ishlash imkonini yaratdi.

Ijtimoiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish maqsadida Jahon banki bilan 100 million dollarlik loyiha boshlandi. Imkoniyati cheklangan bolalarni maktab va kasbiy ta’lim bilan qamrab olish uchun alohida dasturlar amalga oshirilmoqda.

Oltinchidan, hududlarda infratuzilmani yaxshilash, odamlarga yashash uchun qulay sharoit yaratish – ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni qisqartirishda muhim qadam bo‘ladi.

Shu maqsadda qariyb 3,5 million aholi yashaydigan sharoiti og‘ir mingta mahallada infratuzilma yaxshilanmoqda. Kelasi yil mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yana 400 million dollar ajratiladi. Bunda 32 ta tuman va 328 ta og‘ir mahalla tanlanib, ularni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.

Shuningdek, 810 ta mahallada suv, kanalizatsiya, yo‘l, maktab va bog‘cha qurish bo‘yicha 1,3 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.

Uy-joyga muhtoj va daromadi past aholiga ipoteka tizimidan foydalanish uchun har yili 200 million dollar subsidiya ajratiladi.

Yettinchidan, davlat xarajatlarining 70 foizdan ortig‘i aynan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun sarflanmoqda.

Shu bilan birga, global miqyosda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun rivojlanayotgan davlatlarga yiliga 4 trillion dollardan ziyod mablag‘ zarur.

Bunday sharoitda xavf-xatarlarni obyektiv baholash, moliyaviy resurslarni jalb qilish, ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha “kambag‘allikka qarshi kurashning yangi moliyaviy arxitekturasi”ga ehtiyoj sezilmoqda.

Ushbu masalalarga yechim topish maqsadida 2026 yilda Xiva shahrida xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar va hamkor davlatlar ishtirokida konferensiya o‘tkazilishi aytildi.

Forumda Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad al-Jassir, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Inmin Yang, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bosh vitse-prezidenti Sachiko Imoto, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Kaxa Imnadze, Jahon bankining kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha global direktori Luis Felipe Lopez-Kalva ishtirok etdi. Umuman, anjumanda 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar qatnashdi.

Tadbir doirasidagi sessiyalarda kambag‘allikni qisqartirishda bozor talablari, islom moliyasining imkoniyatlari, biznes inklyuzivligi, inson kapitaliga sarmoya mavzularida innovatsion yondashuvlar muhokama qilindi.

Forum 18-sentyabr kuni yakunlanadi.

Posted on Leave a comment

Rezavor bog‘lar tajribasi kengaytiriladi


Prezident Shavkat Mirziyoyev Bo‘stonliq tumani Chimyon mahallasida barpo etilayotgan agrosanoat bog‘ini borib ko‘rdi.

Bo‘stonliqda suv mo‘l, yeri unumdor. Bunga asoslanib, turizm va agrar soha uyg‘un rivojlantirilmoqda. Jumladan, Chimyon mahallasida 3 ming gektar maydonda malina, qorag‘at, qulupnay, o‘rmon yong‘og‘i kabi mevalar yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 60 million dollardan ortiq. Bu mablag‘ evaziga bog‘lar tashkil etiladi, mevani qayta ishlash korxonalari hamda katta sig‘imli omborxonalar quriladi.

Ayni paytda 50 gektar maydonda malina va qulupnayning xorijiy eksportbop navlari ekilgan. Bog‘ to‘liq tomchilatib sug‘oriladi.  Malinaning har gektaridan 400 million so‘m, qulupnaydan esa 500 million so‘mgacha daromad olinadi.

Loyiha to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng, yiliga 24 ming tonnaga yaqin mahsulot yetishtiriladi. Uning salmoqli qismi – o‘rmon yong‘og‘i va rezavorlar eksportga yo‘naltiriladi. Eng muhim jihati, bog‘larda 12 mingdan ziyod kishi ishli bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari loyihani qo‘llab-quvvatlab, endi qayta ishlashni rivojlantirish kerakligini ta’kidladi. Buning uchun navni tanlashdan tortib, ishlov berish, mevalarni terish va saralash jarayonlarigacha zamonaviy yondashuv talab etiladi. Bu mahsulotlarning sifati va xaridorgirligini ta’minlab, eksportda ham muhim o‘rin tutadi. Bog‘ yashnab, atrofida korxonalar va turdosh xizmatlar ko‘paygani sari odamlar uzoqqa qatnamay, shu yerda ishlaydi. Qo‘shimcha daromad manbai paydo bo‘lib, hudud iqtisodiyoti rivojlanadi.

Prezidentimiz boshqa adir va yaylovlar imkoniyatini ham o‘rganib, shunday serdaromad bog‘lar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

– Bu bog‘da yerga mehr, sidqidildan qilingan mehnat ko‘rinib turibdi. Natijasi, avvalo, daromad, xalqimizga manfaat. Bu jihatlari boshqa an’anaviy ekinlarga nisbatan bir necha barobar yuqori. Shuning uchun bunday mahsulotlar yetishtirishni ko‘proq odamlarga o‘rgatib, daromadini ko‘paytirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Posted on Leave a comment

Bo‘stonliqda yana bir umummavsumiy kurort


Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi yangi turizm majmuasi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.

So‘nggi yillarda hududda infratuzilma rivojlantirilib, yilning to‘rt faslida maroqli sayohat uchun qulay sharoit yaratildi. Amirsoy, Chinorkent, Chorvoq darvozasi kabi ulkan majmualar, zamonaviy mehmonxonalar, dam olish va umumiy ovqatlanish maskanlari ishga tushirildi. 

Endi bu safga “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti ham qo‘shiladi. Fransiyaning “MND” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha uchun 1 ming 278 gektar maydon ajratilgan. 

Loyiha doirasida mehmonxonalar va dengiz sathidan 3 ming 300 metr balandlikkacha osma dor yo‘li quriladi. Bu to‘liq mavsumiy turizmni ta’minlaydi. Qishda chang‘i va snoubord, boshqa oylarda esa tog‘ sayyohligi va ko‘ngilochar hordiq imkoniyatlari paydo bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi mehmonxona, restoran va savdo majmualarini ko‘zdan kechirdi.

Jumladan, 6 qavatli zamonaviy mehmonxona 320 nafar sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega. Unda yil davomida o‘rtacha 45 ming turistga xizmat ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. E’tiborlisi, bu yerda “Wyndham” brendi bilan hamkorlikda malakali boshqaruv yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu nafaqat xizmat sifati, balki mamlakatimiz turizmining xalqaro nufuzini oshirishda ham muhim sanaladi. Mehmonxonani noyabrda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Hududdagi yana bir loyiha doirasida 7 va 5 qavatli apart-otellar, 7 qavatli mehmonxona hamda 2 qavatli restoran qurildi. Ularda ham xizmat sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish rejalashtirilgan. Yil davomida o‘rtacha 54 mingdan ziyod mehmonni qabul qilish mo‘ljallangan. Majmuada 100 dan ortiq kishi ishli bo‘ladi. 

Ayni paytda 6 ta shale qurilishi davom etmoqda.

Prezidentimiz yangi majmualar qurish va xizmat ko‘rsatishda ilg‘or tajribalarni qo‘llash, xodimlar malakasini oshirish muhimligini qayd etdi. Hududdagi imkoniyatlarni turizm platformalarida targ‘ib etib, mahalliy va xorijiy sayyohlarni faol jalb etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Shu yerda 300 ta avtomobilga mo‘ljallangan turargoh ham bor. Uning birinchi qavatida restoran, bolalar maydonchasi va savdo majmuasi tashkil etilgan. Bu nafaqat qulaylik, balki turistlar uchun qo‘shimcha xizmatlarni yaxlit taqdim etish imkoniyatini ham beradi.

Umuman, “Chimyon” umummavsumiy kurorti samarasida xizmat ko‘rsatish sohasida minglab yangi ish o‘rinlari, mahalliy aholi uchun barqaror daromad manbai paydo bo‘ladi. Turistlarga eng zamonaviy xizmatlarni taklif etib, mamlakatimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini sezilarli oshiradi.

Bo‘stonliqda turizm boshqa sohalar bilan uyg‘un tarzda rivojlanib, butun hududning iqtisodiy qiyofasini o‘zgartirayapti. Savdo va xizmatlar turi, transportlar harakati ko‘payyapti. Shu bois umummavsumiy kurort loyihasi doirasida avtomobil yo‘lida tunnel ham qurildi.

Ushbu inshoot tarkibiga uzunligi 1 ming 450 metr bo‘lgan asosiy yo‘l qismi, 2 ta ko‘prik va piyodalar yo‘laklari kiradi. U hududdagi tog‘ kurortlariga olib boruvchi asosiy yo‘lni qisqartiradi. Xavfsizlikni oshirib, transportlar harakatini yengillashtiradi. Tunnel orqali soatiga 500 dan ziyod avtomashinalar xavfsiz va qulay harakatlanishi mumkin.

Yo‘llar qulayligi hududning turizm salohiyatini to‘la ishga solish va iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim omili ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, tabiatni musaffo saqlash, dam oluvchilarning ekologik madaniyatini oshirish muhimligi qayd etildi.

Bu kabi loyihalar turistlarga qulaylik yaratishi barobarida mamlakatimizning investitsiyaviy va madaniy jozibadorligini oshiradi. Bo‘stonliq bugungi kunda tabiiy go‘zalliklari, zamonaviy majmualari va yuksak xizmat madaniyati bilan ana shunday markazga aylanib bormoqda.

Posted on Leave a comment

O‘qituvchilarga ehtirom va yoshlarga imkoniyat mamlakat kelajagini ta’minlaydi 



Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida o‘z hayotini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek eng ulug‘ ishga bag‘ishlab kelayotgan barcha muallimlarni tabriklab, ularga chuqur hurmat-ehtiromini bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 11-sentyabrdagi farmoniga muvofiq, ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhi faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Ular orasida o‘z mablag‘i hisobidan maktablar qurgan saxiy tadbirkorlar, ta’limdagi ilg‘or yutuqlarni joriy qilishga ko‘maklashayotgan xorijiy hamkorlar ham bor.

Marosimda ana shu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

– Men ko‘plab soha vakillariga unvon, orden va medallar beraman. Lekin ustozlar mukofotlanadigan kunni sog‘inib kutaman. Ko‘ksingizni bezab turgan orden-medallar muborak bo‘lsin. Yurtimizda yuksak mukofotlarga munosib fidoyi muallimlar ko‘paysin, – dedi Prezident. 

 Taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar ta’lim sohasiga e’tibori, ustoz zotiga yuksak hurmati uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik izhor etdi.

Shundan so‘ng sohani rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda videoaloqa orqali butun respublikamizdan 40 mingdan ziyod ustoz va murabbiylar qatnashdi.

Davlatimiz rahbari yig‘ilishdagi nutqida so‘nggi sakkiz yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra o‘sgani, yalpi ichki mahsulot hajmi yil yakunigacha 130 milliard dollarga yetishini qayd etdi.

Ushbu iqtisodiy zamin asosida o‘tgan sakkiz yilda ta’lim va ilm-fan sohasiga xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Prezidentimiz ta’lim sifatini oshirish, ustoz va murabbiylarning mehnat va yashash sharoitini yaxshilash islohotlarning eng ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Yig‘ilishda ta’limning barcha bo‘g‘inlarini rivojlantirish, yoshlar va pedagoglar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar belgilandi.

2017-yilda 4 mingdan ortiq mahallada birorta ham bolalar bog‘chasi yo‘q edi, qamrov 27 foizdan oshmasdi. Bugungi kunda bog‘chalar soni 38 mingdan, qamrovi esa 78 foizdan oshdi. Yaqinda e’lon qilingan yangi imtiyoz va imkoniyatlar natijasida maktabgacha ta’lim kirib bormagan birorta mahalla qolmaydi, qamrov ham 80 foizdan kam bo‘lmaydi.

Bog‘chadagi rahbar va pedagoglar oyligi qariyb 2 karra oshdi. Xususiy bog‘chalardagi tarbiyachilar oyligi va bola xarajatining bir qismi ham budjetdan qoplab beriladigan tizim joriy etiladi.

Endi davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilarini ishdan ajralmagan holda oliy ta’limda o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Xuddi Prezident maktablari kabi har bir viloyatda “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil qilinib, tarbiyachilar ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi.

Ta’limning eng uzoq davom etadigan, hal qiluvchi bosqichi bu – maktab ta’limidir.

Mamlakatimiz aholisi so‘nggi 34 yilda 2 karra o‘sib, 38 milliondan oshdi. Hozirda maktablarda 6,5 million o‘quvchi ta’lim olyapti. So‘nggi sakkiz yilda 500 ga yaqin yangi maktablar qurilgani, mavjudlari kengaygani hisobiga 1 million o‘quvchi o‘rni yaratildi. 200 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar xususiy maktablarda o‘qiyapti.

Endi maktab davrida o‘quvchilarni qobiliyatiga qarab kasb yoki oliy ta’limga yo‘naltirish uchun 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi. Shu orqali 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga qamrab olinadi. O‘qishni maktabda davom ettirib, oliygohga kirish istagida bo‘lgan yoshlarga fanlar tanlov asosida chuqurlashtirib o‘tiladi.

Har yili o‘n minglab maktab o‘quvchilari xorijiy til va fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatlar olyapti. Endi bunday sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham tan olinadi.

Davlatimiz rahbari kasbiy ta’lim masalasiga alohida to‘xtaldi. Soha uchun 2026-yil – yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘lishi ta’kidlandi.

Shu maqsadda Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinadi. Agentlikning asosiy vazifasi barcha 598 ta texnikumga yangi muhit olib kirish va xalqaro standartlarni joriy qilishdan iborat bo‘ladi.

Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning eng ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlari joriy qilinadi.

Shuningdek, kasbiy ko‘nikmasi bor istalgan talabgor bu texnikumlarda xorijiy davlatlarning malakani baholash tizimi orqali imtihon qilinib, xalqaro sertifikat olishi mumkin bo‘ladi.

Joriy o‘quv yilidan Angliyaning Pirson kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda “BITЕK” xalqaro dasturi boshlandi. Bu orqali yoshlar xalqaro standartlar asosida turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda talab yuqori kasblarni egallaydi.

Kelasi yili sanoatda qariyb 45 milliard dollarlik 456 ta yirik loyiha boshlanadi. Endi texnikumlarda “investor – tarmoq – texnikum” zanjiri asosida har bir loyiha bo‘yicha dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.

Korxonalar bilan aniq loyihalari bo‘lgan texnikumlar o‘rtasida zamonaviy ustaxonalar barpo qilish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi. Tanlov g‘oliblariga ustaxona uchun zamonaviy uskuna va jihozlar, sport anjomlari olib beriladi.

Umuman, dual ta’lim bilan qamrov 5 barobar oshiriladi. Hamkor korxonalarga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi, dual ta’lim orqali ishlayotgan o‘quvchilar bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lov ikki barobar qisqartiriladi.

Yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, ish topishda chet tillarini bilish juda muhim. Shu bois, texnikumlardagi xorijiy tillar uchun ajratilgan soatlar 4 karra ko‘paytiriladi.

Prezidentimiz qaroriga muvofiq, maktablarda maslahatchi lavozimi joriy qilinyapti. Endi ular 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarni fanlarni o‘zlashtirishi va kasbiy qiziqishi bo‘yicha saralab, 9-sinfni bitirganida texnikumlarga yo‘naltiradi.

Bundan tashqari, bu yil 11-sinfni bitirib, oliygohga kira olmagan 200 ming yoshlar ham texnikumlarda 3-6 oylik qisqa muddatli dasturlar asosida kasbga o‘qitiladi.

– Bu yangi tashabbuslarimizdan maqsad nima? Har bir bolani kasb-hunar orqali daromadli qilsak, oilalarning ro‘zg‘ori but bo‘ladi, mahallalarda tinchlik hukm suradi. O‘ylaymanki, bundan ota-onalar ham rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 Texnikumdagi muallim va ustalarning malakasini, jamiyatdagi mavqeini oshirish choralari ham belgilandi. Jumladan, maktabdagi kabi texnikumlarning o‘qituvchi va ustalari uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi. Bu orqali texnikum ustozlariga milliy sertifikat uchun oyligining 30 foizi, xalqaro sertifikatga esa 50 foizi miqdorida ustama to‘lanadi. Bundan texnikumlarning 30 minglik pedagoglar jamoasi manfaat ko‘radi. Ushbu muassasalar direktor va o‘rinbosarlarining oylik maoshi ham oshiriladi. Endi texnikumlarda ham ilmiy daraja va unvonlar uchun ustamalar to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.

So‘nggi yillarda, ayniqsa, oliy ta’lim qamrovi jadal oshdi. Oliy o‘quv muassasalari soni 77 tadan 202 taga, jami talabalar soni 250 mingdan 1,5 millionga yetdi.

Yangi industrial davr – “to‘rtinchi sanoat inqilobi”ni amalga oshirish uchun dunyoda “texnologik minerallar”ga talab bir necha karra ko‘paymoqda. Tahlillarga ko‘ra, dunyodagi volfram, molibden, rux va titan zaxiralarining 10-15 foizi mintaqamizga to‘g‘ri keladi. Ushbu ulkan resurslarni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylantirish uchun bizga eng avvalo ilm, bilim va innovatsiya kerak.

Shuning uchun ilm-fan va biznes vakillarini uchrashtirib, manfaatli hamkorlikda ishlaydigan tizim tashkil etilishi aytildi. Ixtirolarning tajriba-sinov ishlari xarajatlarini qoplashga qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Yaqinda ixtirochilar o‘rtasida to‘qqizta yo‘nalishda o‘tkazilgan tanlov g‘oliblariga elektromobil berildi. Ikkinchi o‘rin sohiblari xorijga stajirovkaga yuboriladi, uchinchi o‘rinni egallaganlar esa pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Endi bunday tanlovlar oliy ta’limning har bir yo‘nalishida, o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida ham o‘tkazilishi e’lon qilindi.

Oliy o‘quv yurtlarida xorijiy TOP-500 talik universitetlar bilan hamkorlikda axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, agrotexnologiya, tibbiyot, “yashil” energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. TOP-100 talikka kirgan universitetlar filiallari ochiladi.

Prezidentimiz ustoz va murabbiylarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ham qator tashabbuslarni bildirdi.

Endi yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi.

Kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining shartnomasi summasiga 30 foiz chegirma beriladi.

O‘qituvchilar yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytiriladi.

Fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama to‘lanadi.

Bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi. Dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi.

Yig‘ilishda o‘qituvchi va talabalar, ta’lim tashkilotlari rahbarlari bilan muloqot qilinib, taklif va fikrlari tinglandi.

Posted on Leave a comment

Xushmanzara oromgohda bilimlar mustahkamlanadi


Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurib, “Renessans” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Mamlakatimizda ta’lim va yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Buning uchun ko‘plab o‘quv muassasalari qurilib, zamonaviy jihozlanmoqda. Yoshlarga umumiy ta’lim bilan birga iqtidoriga qarab ixtisoslashtirilgan bilimlar ham berilmoqda. Jumladan, 14 ta Prezident maktabi, 201 ta ixtisoslashgan, 2 ta sport va 9 ta ijod maktabi tashkil etildi. Ulardagi o‘qitish va baholash tizimi 1 ming 500 ta maktabda ham joriy etildi.

Buning mantiqiy davomi sifatida bilimli o‘quvchilarni saralab, xalqaro darajada tarbiyalashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili Fan olimpiadalari markazi, bu yil xalqaro maktab tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusiga muvofiq, yoshlarimizni Amerikaning “Pechak ligasi” (The Ivy League) universitetlariga tayyorlash yo‘lga qo‘yilmoqda. Buning uchun milliy dastur qabul qilindi. Joriy yil dastlab 1,5 ming nafar o‘quvchi saralab olindi. Ularga Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi biriktirildi.

Mazkur “Renessans” oromgohi ushbu tizimning bir qismi. Bu yerda yoshlar yil davomida 3 haftalik intensiv o‘quv kurslarda o‘qitiladi. Yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafari “Pechak ligasi” universitetlariga tajriba almashish uchun yuboriladi.

Oromgoh 500 ga yaqin o‘quvchini qabul qilish quvvatiga ega. Ma’muriyat, o‘quv binolari va yotoqxonada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Mehmonxona, oshxona hamda avtoturargohlar tashrif buyuruvchilar uchun qo‘shimcha qulaylik sanaladi.

Yozda o‘tkazilgan seminarlarda fan olimpiadalari g‘oliblari, xorijiy til sertifikatiga ega yoshlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari ishtirok etdi. Bu teng imkoniyatlardan foydalangan o‘g‘il-qizlar bilimini oshirib, kelajagiga mustahkam zamin yaratdi.

Sir emas, ilgari oromgohlarga dam olish va ko‘ngilochar maskan sifatida qaralgan. Endi bunday qarash mutlaqo o‘zgardi. “Renessans” o‘quvchilarning ta’lim, ma’naviyat va innovatsiya maydoniga aylandi.

Prezidentimiz oromgoh xonalaridagi sharoitlarni, yoshlarning ixtirolarini ko‘zdan kechirdi.  

STEAM xonalari, samolyot boshqaruvi simulyatori, tabiiy fanlar laboratoriyalari bolalarning qiziqishlarini amaliy ko‘nikmalarga aylantiradi. Ular kutubxonada bilimini, sport maydonchalarida salomatligini mustahkamlaydi. San’at burchagida san’at, adabiyot yo‘nalishidagi mashg‘ulotlar qo‘llab-quvvatlanadi. Xushmanzara tabiat, do‘stona muhit yoshlarning kayfiyati, intilishini oshiradi.    

Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekiston universiteti rahbariyati va bitiruvchilari bilan ham muloqot qildi.

– O‘zbekiston yoshlarining salohiyati, g‘ayrat-shijoati, intilishi kuchli. Biz davlat bo‘lib, millat bo‘lib, sifatli ta’limni ta’minlasak, farzandlarimizga hech kim bas kelolmaydi, ular hamma sohada yetakchi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 Shu yerda Al-Xorazmiy universiteti kampusi loyihasi taqdimot qilindi. Bu tashabbus zamirida ham yoshlarning bilimli bo‘lishi, iqtidori rivojlanishi uchun sharoit yaratish maqsad qilingan. Loyihani samarali amalga oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.