Posted on Leave a comment

Aholi bandligi va kasbiy ta’lim bo‘yicha yangi yondashuvlar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va kasbiy ta’lim tizimidagi yangi yondashuvlarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Joriy yilda bu sohada xorijiy tajriba asosida yangi yondashuvlar yo‘lga qo‘yildi. Banklar mahallalarga bog‘lanib, aholi bandligini ta’minlashga xam hissa qo‘shmoqda. Xususan, birinchi yarim yillikda 3 milliondan ziyod aholi daromadli mehnatga jalb qilindi.

Kambag‘allikni qisqartirish borasida yaratilgan tizim hamda sarflanayotgan mablag‘lar o‘z samarasini berib, joriy yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 6,8 foizni tashkil qildi.

Aholi bandligini oshirishda kasbiy ta’lim sifati juda muhim.  Bu borada ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish, malaka oshirishni yangi darajaga ko‘tarish hamda xususiy sektor ishtirokini ta’minlash talab etilmoqda. Kasbiy ta’limning mehnat bozori ehtiyojlariga mos kelmasligi kadrlar tayyorlashda muayyan muammolarga sabab bo‘lmoqda.

Mehnat munosabatlaridagi ayrim me’yorlar tadbirkorlik subyektlari, ayniqsa, kichik korxonalar uchun murakkablik tug‘dirmoqda. Ishga qabul qilishda axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti.

Shuningdek, amaldagi talablar ish beruvchilarni haqiqiy vakansiyalarni ochiq e’lon qilishga rag‘batlantirmaydi. Oqibatda bu ma’lumotlarni yashirishga olib kelib, mehnat bozorini to‘g‘ri tahlil qilish hamda kasbiy ta’lim yo‘nalishlarini aniqlash imkonini cheklamoqda.

Taqdimotda mazkur muammolarni hal etishga qaratilgan yangi reja va tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.

Unga muvofiq, mehnat organlari ish beruvchilarga nisbatan jazo qo‘llovchi emas, balki hamkor sifatida faoliyat yurituvchi, ularga xizmat ko‘rsatuvchi tuzilmaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Xususan, ish beruvchilar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi majburiy ma’lumotlarni taqdim etmaslik va jo‘natilgan nomzodlarni ishga olmaslik uchun jazo choralarini bekor qilish taklif etilmoqda. Bu orqali bandlik organlari ish beruvchilardan to‘g‘ri va haqqoniy ma’lumotlarni to‘plab, ularga ish izlayotgan fuqarolarni yo‘naltiradi. Ish beruvchi esa nomzodni qabul qilish yoki qilmaslikni o‘zi hal etadi.

Ushbu tizimni joriy etish uchun maxsus elektron platforma yaratilib, dastlab Toshkent shahrida tajriba tariqasida boshlanadi va keyinchalik butun mamlakat bo‘yicha tatbiq etiladi.

Shu bilan birga, mutaxassis topish murakkab bo‘lgan vakansiyalar kasbiy ta’limning asosiy yo‘nalishlariga aylantirilib, tayyorgarlik jarayonlarini maqsadli tashkil etishga xizmat qiladi.

Kasbiy ta’lim sifatini yanada oshirish maqsadida xususiy sektor vakillarini Kasbiy ko‘nikmalar markazlari faoliyatiga jalb etish, ayrim markazlarni esa aniq sohalar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim maskanlariga aylantirish rejalashtirilgan.

Mutasaddilarga kasbiy ta’limni uch bosqichli tizimga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Jumladan, internet orqali bepul videodarslarni joriy etish, ishlovchi fuqarolarga qayta tayyorgarlik yoki malaka oshirish uchun “kasb vaucheri” orqali imkoniyat yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari malakali kadrlar tayyorlash respublikada ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladigan eng muhim omillardan biri ekanini ta’kidladi.

Posted on Leave a comment

Samimiy minnatdorlik



Tug‘ilgan kunim munosabati bilan chin yurakdan muborakbod etib, o‘zlarining samimiy qutlovlari va ezgu tilaklarini bildirgan xorijiy davlatlar, hukumatlar va parlamentlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar yetakchilariga, taniqli siyosat va jamoat arboblari, ishbilarmon doiralar vakillariga, yurtimizdagi mehnat jamoalari, mahallalar, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari faollariga, tadbirkorlarimizga, mamlakatimiz va chet ellardagi barcha vatandoshlarimizga chuqur minnatdorlik izhor etaman.

Mening nomimga yo‘llangan ushbu tabrik va tilaklarni, avvalo, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat va ehtirom, dunyo hamjamiyati bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizga, yorug‘ kelajagimizga ishonch va e’tibor ifodasi sifatida qabul qilaman.

Barcha tashabbus va dasturlarimizni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan mard va olijanob xalqimizga yana bir bor chin dildan farzandlik mehrim va ehtiromimni bildirishdan baxtiyorman.

Ishonchim komil, el-yurtimizning ulkan yaratuvchilik mehnati, azm-u shijoati bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uni jahondagi taraqqiy etgan davlatlar qatoriga olib chiqish bo‘yicha o‘z oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarga albatta yetamiz.

Chuqur hurmat va eng ezgu tilaklar bilan,

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

Xorijiy yetakchilar va hamkorlarning samimiy qutlovlari



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tavallud kuni munosabati bilan xorijiy davlatlar, hukumatlar, parlamentlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar rahbarlari, taniqli jamoat, din va sport arboblaridan samimiy qutlovlar kelmoqda.

Maktublarda O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida aholi farovonligini oshirish, mamlakat barqarorligi va izchil taraqqiyotini ta’minlash, uning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan ortga qaytmas siyosiy islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar dasturini samarali amalga oshirish borasida erishilgan yuksak natijalar qayd etilgan.

Prezidentimizga mustahkam sog‘lik va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari izhor etilgan.

Jumladan, qo‘yidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin,

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin,

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev,

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon,

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov,

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov,

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev,

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko,

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an,

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi,

Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon,

Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux,

Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella,

Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musar,

Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich,

Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident devoni raisi Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon,

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon,

Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev,

Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko,

Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin,

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev,

Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan,

Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Nurlan Yermekbayev,

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bosh kotibi Sergey Lebedev,

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Xon,

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati Raisi Bakitjan Sagintayev,

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso,

Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef,

Yevroosiyo taraqqiyot banki boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov,

Xitoy eksport-import banki boshqaruvi raisi Chen Xuayuy,

Ipak yo‘li fondi raisi Chju Szyun,

Moskva va Butun Rus patriarxi Kirill,

Kavkaz musulmonlar idorasi raisi Ollohshukur Poshshozoda,

Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer,

Yevroparlamentning Fransiyadan saylangan deputati Terri Mariani,

AQSH Kongressi a’zolari Trent Kelli va Kerol Miller,

Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov,

Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov,

Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm.

Qutlovlar kelishda davom etmoqda.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida Turkiya yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Davlatlararo hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Turli darajalarda samarali muloqotlar davom etmoqda, tovar va yuk ayirboshlash, investitsiya ko‘rsatkichlari o‘smoqda, qo‘shma korxonalar soni va aviaqatnovlar ko‘paymoqda. Madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari telefon orqali muloqotda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining bo‘lajak navbatdagi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratdilar.

Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Prezidentlari ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish rejalarini muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Koreya Respublikasi Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va davlat rahbari sifatidagi faoliyatida yangi zafarlar, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston Prezidenti, o‘z navbatida, Janubiy Koreya rahbarini bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan yana bir bor samimiy tabriklab, belgilangan rejalarni amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston-Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.

Tarixiy do‘stlik rishtalari, o‘xshash mentalitet, an’ana va qadriyatlarga asoslangan ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari va qo‘shma korxonalar soni barqaror oshib bormoqda. Koreya kompaniya va tashkilotlarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 8 milliard dollardan oshdi.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi va Koreya Eksimbanki bilan samarali moliyaviy-texnik hamkorlik davom etmoqda.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish va oliy darajadagi faol muloqotlarni davom ettirish muhim ekanini ta’kidladilar.

Shu ma’noda, Tashqi ishlar vazirlari strategik muloqoti va Hukumatlararo komissiyaning bo‘lajak yig‘ilishlarini samarali o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» formati doirasidagi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

Qirg‘iziston Prezidenti O‘zbekiston Prezidentini tabrikladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Qirg‘iziston Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Yetakchilar O‘zbekiston-Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini batafsil muhokama qildilar.

O‘zaro savdo hajmi jadal ortmoqda, sanoat kooperatsiyasi loyihalari, shu jumladan Qo‘shma fond doirasida amalga oshirilmoqda. «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li va Qambarota GESini qurish kabi yirik mintaqaviy infratuzilmaviy loyihalar bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

Prezidentlar bo‘lajak oliy darajadagi ikki hamda ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi va kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya bilan parlamentlararo hamkorlik samarali bo‘layotganini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan telefon orqali muloqot qildi.

Federatsiya Kengashi Raisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, shu jumladan samarali parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini ta’minlash, sanoat kooperatsiyasi, ta’lim va madaniyat sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish bo‘yicha faol hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Belarus Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida Belarus yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat hamda O‘zbekistonning ravnaqi va farovonligi yo‘lida yangi zafarlar tiladi.

Belarus Prezidentining o‘tgan yil fevral oyidagi O‘zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni qabul qilingan «yo‘l xaritasi» asosida amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Turli darajalardagi faol va sermahsul muloqotlar, shu jumladan yaqinda Minsk shahrida o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va Toshkent shahrida o‘tgan tashqi ishlar vazirlari uchrashuvining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 28 foizga oshdi. Qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda qo‘shma kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Birgalikda madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston va Belarus yetakchilari bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasini ham muhokama qildilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Ozarbayjon yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lidagi davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston Prezidentining shu oy boshida Ozarbayjonga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifining samarali natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yetakchilarning bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi yakunida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi O‘zbekiston-Ozarbayjon ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 30 foizga oshdi. Sanoat zonasi va logistika kompaniyasini tashkil etishni o‘z ichiga olgan istiqbolli kooperatsiya loyihalari portfelini shakllantirish ustida ish olib borilmoqda. Neft-gaz sohasidagi strategik loyiha bo‘yicha Mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolandi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30-yilligini nishonlash doirasida yirik qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari ikki tomonlama kun tartibidagi masalalarni muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Qozog‘iston Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi farovonligi yo‘lidagi mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik sur’ati ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda. Metallurgiya, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, logistika, qurilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Joriy yilda qator madaniy-gumanitar tadbirlar, jumladan, yoshlar, turizm va ta’lim forumlari o‘tkaziladi.

Davlat rahbarlari bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.