Posted on Leave a comment

Al-Xorazmiy nomiga munosib inshootlar



Prezident Shavkat Mirziyoyev Al-Xorazmiy shaharchasining qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Davlatimiz rahbari 2022-yil avgustda ushbu shaharcha poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. O‘tgan yillarda muhandislik tarmoqlari tortilib, 1 ming 773 ta xonadonli 72 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Bu yil mingta xonadonli yana 28 ta turar joy qurilishi rejalashtirilgan. Bu yerda jami 5 mingdan ortiq xonadon bo‘ladi.

Shaharcha Urganch xalqaro aeroporti yaqinida, 130 gektardan ziyod hududda bunyod etilmoqda. Samolyotdan tushgan mehmonlarning ko‘z o‘ngida avvalo mana shu go‘zal maskan namoyon bo‘ladi. Shaharcha markazida Xorazmiy bobomizning muazzam haykali o‘rnatiladi.

Prezidentimizga mazkur haykal loyihasi taqdimot qilindi.

Haykal shaharchada barpo etilayotgan 20 gektarlik bog‘ning kirish qismida o‘rnatiladi. Uning balandligi 22 metr, poydevori bilan birga 30 metrdan ziyod bo‘ladi.

Mutasaddilarga monumentni ham bunyodkorlik, ham ma’no jihatidan takomillashtirish, shaharchada yashillikni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Kecha Prezidentimiz Al-Xorazmiy universiteti va ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish bo‘yicha qaror imzoladi. Bu universitetda 3 ta: matematika va informatika, aerokosmik texnologiyalar muhandisligi hamda sun’iy intellekt fakultetlari bo‘ladi. O‘quv jarayonlari “Yangi O‘zbekiston” universitetining tajribasi asosida, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Qabulni 2025-2026 o‘quv yilidan boshlash rejalashtirilgan. Jami talabalar soni 4-6 ming atrofida bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Shaharcha hududida Toshkentdagi Muhammad al-Xorazmiy maktabining filiali ham tashkil etiladi. Unga 4-sinf bitiruvchilari tanlab olinadi. Ta’limning yakunlovchi 2-yili muhandislikka boshlang‘ich tayyorgarlikka qaratiladi.

Shuningdek, Al-Xorazmiy shaharchasida texnopark va ofislar, tibbiyot va madaniyat markazlari, xiyobonlar, maktab va bog‘chalar, sport majmualari, savdo va maishiy binolar bo‘ladi.

Posted on Leave a comment

Urganch aeroporti Koreyaning Inchon aeroporti bilan sheriklikda boshqariladi



Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishish, yangi istiqbolli rejalarni belgilash maqsadida 1-may kuni Xorazm viloyatiga keldi.

Bu o‘lka qadim tarixi va madaniyati bilan turizm jozibadorligiga ega. Hozirgi iqtisodiy ravnaqi tufayli ishbilarmonlik tashriflari ham ko‘paymoqda. Lekin Urganch xalqaro aeroporti aholi va mehmonlar talabiga to‘la javob bermayapti. U soatiga 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi, xolos. Bu qatnovlarni ko‘paytirish imkonini bermayapti. Shuning uchun bu aeroportni modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish ko‘zda tutilgan.

Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbariga ushbu loyihaning borishi haqida axborot berildi.

Bu borada 2024-yil 1-avgustda e’lon qilingan ochiq tender ikki bosqichda o‘tkazilib, unda Fransiya, Koreya, Turkiya, Qatar kabi davlatlardan sakkizta kompaniya ishtirok etdi. Yakunda idoralararo tender komissiyasining qarori bilan Koreya Respublikasining Incheon International Airport Corporation kompaniyasi g‘olib deb topildi.

Prezidentimiz ushbu kompaniya va loyiha rahbarlari bilan suhbatlashdi.

Kompaniya prezidenti Inchon xalqaro aeroporti sig‘imi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turishi, servis bo‘yicha yetakchilardan biri ekanini aytdi. Urganch kompaniyaning ikkinchi aeroporti bo‘lishini ta’kidlab, uni yangilash va boshqarish rejalarini ma’lum qildi.

Davlatimiz rahbari bunday ilg‘or kompaniya bilan sheriklikdan xursandligini ta’kidlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

– Xorazmda ko‘plab zamonaviy mehmonxonalar, dam olish va savdo markazlari barpo etayapmiz. Kelajakda sayyohlar oqimini 5 millionga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buni aeroport bilan hamohang qilsak, o‘zaro manfaatli bo‘ladi, daromad ko‘payadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda samolyotlar olib kelib, tashuvlarni ko‘paytirish bo‘yicha fikr almashildi. Ushbu sheriklikdan foydalanib, servis bo‘yicha Koreya tajribasini o‘rganish, mutaxassislarimizni o‘qitish va malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Loyihaning umumiy qiymati 223 million AQSH dollari bo‘lib, uning doirasida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yo‘lovchi va yuk terminallari qurish, “ICAO” talablariga javob beruvchi yoritish-signal qurilmalari o‘rnatish, maxsus texnikalar xarid qilish ko‘zda tutilgan.

Qurilish-rekonstruksiya ishlari 2025-2027-yillar davomida amalga oshiriladi. Bularning natijasida aeroport Boeing 747 va Airbus 350 kabi yirik havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi. Aerovokzalning umumiy maydoni 39 ming kvadrat metrga yetib, soatiga 1 ming 300 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvati yaratiladi.

Umuman, bunday zamonaviy infratuzilma orqali Xorazm aeroporti eng qulay yo‘nalishlardan biriga aylanadi. Xorazmning xorijlik sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishga hamda mamlakatimiz aviatsiya sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.

Bo‘lajak yangi terminal loyihasi ham taqdimot qilindi. Prezidentimiz  uning ichki va tashqi qiyofasida milliy ruhni aks ettirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shu yerda davlatimiz rahbari jurnalistlar bilan ham muloqot qildi. Xorazmga tashrifdan maqsad yangi marralarni belgilab, iqtisodiyot ko‘rsatkichlarini yanada oshirish, viloyatda yashayotgan 2 milliondan ziyod aholining sharoitini yaxshilash, ish o‘rinlari ochib, odamlarning daromadini ko‘paytirish ekani ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

Prezident Xorazmga jo‘nab ketdi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga jo‘nab ketdi.

Tashrif dasturidan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan loyihalarni ko‘zdan kechirish va yirik obyektlarni ishga tushirish o‘rin olgan.

Shuningdek, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning kelgusi vazifalari belgilab berilishi rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

Al-Xorazmiy universitetining tashkiliy jihatlari taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni Al-Xorazmiy universitetini tashkil etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari 2022-yil avgustda Urganch shahridagi Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishiga asos solgan edi. U yerda buyuk olim nomidagi universitet va ixtisoslashtirilgan maktab ham bo‘ladi.

Taqdimotda mazkur ta’lim maskanlarini tashkil etish chora-tadbirlari, asosiy yo‘nalishlari haqida axborot berildi.

Universitetda 3 ta: matematika va informatika fakulteti, aerokosmik texnologiyalar muhandisligi fakulteti hamda sun’iy intellekt fakulteti bo‘ladi. Ularda iqtisodiyot, axborot texnologiyalari, sanoat, xavfsizlik, energetika va ekologiya kabi sohalar uchun mutaxassislar tayyorlanadi. Darslar o‘zbek va ingliz tillarida, kredit-modul tizimi asosida olib boriladi.

O‘quv jarayonlari “Yangi O‘zbekiston” universitetining tajribasi asosida, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy Xalq Respublikasi, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Qabulni 2025-2026 o‘quv yilidan boshlash rejalashtirilgan. Jami talabalar soni 4-6 ming atrofida bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Shaharcha hududida Toshkentdagi Muhammad al-Xorazmiy maktabining filiali ham tashkil etiladi. Unga 4-sinf bitiruvchilari tanlab olinadi. Ta’limning yakunlovchi 2-yili muhandislikka boshlang‘ich tayyorgarlikka qaratiladi.

Davlatimiz rahbari universitet hududi nafaqat ta’lim, balki Xorazmning tarixiy-ilmiy va turizm salohiyati bilan uyg‘un majmua bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Ushbu zamonaviy ta’lim muassasalarini tashkil etishga oid hujjat imzolandi.

Posted on Leave a comment

Oliy ta’lim sifatini oshirish choralari ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni nodavlat ta’lim xizmatlari tizimini takomillashtirish, oliy va kasbiy ta’limda sifatni oshirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi.

Iqtisodiyot tarmoqlari rivoji hamda investitsiyaviy muhit, eng avvalo, kadrlar salohiyati bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois oliy va kasbiy ta’lim tizimi doimiy takomillashtirib borilmoqda.

So‘nggi yillarda ta’lim sohasida xususiy sektorga berilgan imkoniyatlar tufayli 71 ta xususiy oliygoh va 51 ta xususiy texnikum tashkil etilib, ularda 500 ming nafarga yaqin talaba va o‘quvchilar tahsil olmoqda. Buning natijasida mamlakatda oliy ta’lim bilan qamrov 9 foizdan 42 foizga oshdi.

Albatta, bugungacha amalga oshirilgan ishlar ko‘plab yoshlarning kasbiy va oliy ma’lumot olishiga imkon yaratdi. Ammo, nodavlat ta’lim tashkilotlarining barchasida ham ta’lim sifati birdek ta’minlanmagan.

Nodavlat ta’lim tashkilotlarida qabul parametrlari, ta’lim dasturlari, o‘quv jarayonlari hamda ilmiy salohiyatni sifat jihatidan yaxshilash, ularni zamonaviy mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish eng asosiy masalalardan biridir.

Shu bois taqdimotda nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishni tartibga solish, litsenziyalash tizimini takomillashtirish hamda davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish bo‘yicha yangi tizimni joriy etishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.

Bu borada ilg‘or xorijiy tajribalar asosida ikki bosqichli litsenziyalash tizimiga o‘tish, ta’lim dasturlarini maxsus akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda har besh yilda kompleks davlat akkreditatsiyasini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, taqdimotda rivojlangan davlatlarning eng ilg‘or tajribasidan kelib chiqqan holda, ta’lim sifatini tashqi baholash bilan shug‘ullanuvchi alohida mustaqil tuzilma tashkil etish hamda sifat nazoratining shaffof, xolis va adolatli tizimini joriy qilish tashabbusi ham ilgari surildi.

Ta’lim sifatini ta’minlash va tashqi baholashning joriy etilishi kasbiy va oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish samaradorligi va ilmiy salohiyatni oshirib, ularning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.

Posted on Leave a comment

“Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilariga



Hurmatli anjuman qatnashchilari, muhtaram mehmonlar!

Avvalo, siz, azizlarni ilm-ma’rifat va taraqqiyotga ulkan hissa qo‘shgan O‘zbekiston zaminida, uning eng qadimiy shaharlaridan biri – azim Samarqandda buyuk alloma Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiyaning ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Jonajon Vatanimizga, ulug‘ alloma va mutafakkirlar yurti bo‘lgan go‘zal Samarqand shahriga xush kelibsiz!

“Kalom ilmining sultoni”, “Musulmonlar e’tiqodini tuzatuvchi” degan yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘lgan Imom Moturidiy o‘rta asrlarda – g‘oyaviy kurashlar avj olgan o‘ta murakkab davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini keng ochib beradigan noyob ilmiy-ma’rifiy asarlar yaratgani, turli zararli oqimlar va jaholatga qarshi mardona kurash olib borgani, hech shubhasiz, chinakam ma’naviy jasorat namunasidir.

Buyuk vatandoshimiz asos solgan moturidiylik maktabi va ta’limoti esa e’tiqod borasida asrlar davomida bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat timsoli bo‘lib kelayotgani tahsinga sazovordir.

Bu o‘lmas ta’limot muqaddas dinimizning ezgu g‘oyalarini soxtalashtirish, ulardan g‘arazli maqsadlarda foydalanishga qaratilgan buzg‘unchi harakatlar yangi shakllarda davom etayotgan bugungi kunda yanada dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib borayotganini, siz, hurmatli anjuman ishtirokchilari albatta yaxshi tushunasiz va biz buni yuksak qadrlaymiz.

Muhtaram do‘stlar!

Yangi O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan allomalarning ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi buyuk allomalarimiz nomlari bilan ataladigan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘tgan qisqa vaqt mobaynida ushbu ilmiy markazlar tomonidan Qur’oni karim va boshqa muqaddas diniy manbalarning xorijiy fondlarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalari topilib, ularning nusxalari yurtimizga olib kelingani, ilm va ma’rifat rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ zotlarning ko‘plab asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingani bu sohada olib borilayotgan ishlar ko‘lamidan dalolat beradi. Jumladan, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” kitoblari ilk marta o‘zbek tiliga tarjima qilinib, keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilganini ta’kidlash lozim.

Biz xalqaro ilmiy-tadqiqot muassasalari, sizlar kabi musulmon olamida katta nufuzga ega bo‘lgan olimlar bilan hamkorlikda Imom Moturidiyning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosi, ushbu ta’limotning bugungi kundagi ahamiyatini yanada chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

Shu maqsadda Imom Moturidiyning 1155-yillik tavallud sanasini keng nishonlash haqida qaror qabul qilib, bu yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlar, jumladan, ulug‘ mutafakkir bobomizning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini kengaytirib, yanada obod ziyoratgohga aylantirish bo‘yicha vazifalarni aniq belgilab oldik.

Ma’lumki, 2020-yilda Samarqand shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya ishtirokchilarining taklifi asosida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgan edi.

Bugungi kunda buyuk ajdodimiz qoldirgan boy ilmiy-ma’rifiy merosning ahamiyati jahon miqyosida tobora ortib borayotganini inobatga olib hamda ushbu Markazning maqomi va nufuzini yanada oshirish maqsadida, yaqinda imzolangan Farmonga muvofiq, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Vazirlar Mahkamasi huzurida qayta tashkil etilganini alohida qayd etmoqchiman.

Ushbu markaz Imom Moturidiy hazratlarining islom dini ravnaqiga qo‘shgan bebaho hissasi va moturidiylik ta’limotini chuqur tadqiq etishda dunyoning turli mamlakatlaridagi olim va ulamolarni birlashtiradigan xalqaro platforma bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, o‘z hayotini ana shunday ezgu ishga bag‘ishlab kelayotgan siz, azizlarga Imom Moturidiy va O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan boshqa ulug‘ allomalarimizning boy ilmiy-diniy merosini o‘rganish yo‘lidagi mashaqqatli mehnatingiz, izlanish va tadqiqotlaringiz uchun samimiy minnatdorlik bildirib, barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizda yangi yutuqlar, konferensiya ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti «INNOPROM» xalqaro ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-aprel kuni Toshkent shahrida ish boshlagan «INNOPROM. Markaziy Osiyo» beshinchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi.

Ko‘rgazma “Central Asian Expo Uzbekistan” majmuasida o‘tkazilmoqda. Ekspozitsiyaning umumiy maydoni 18 ming kvadrat metrdan ziyod. Unda Rossiya, Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlardan 10 mingdan ortiq delegatlar ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazmada mashinasozlik, elektrotexnika, metallurgiya, kimyo sanoati, transport, qurilish, IT va boshqa tarmoqlardagi yetakchi korxonalarning texnologik yechimlari, zamonaviy uskunalari va tayyor sanoat mahsulotlari namoyish etilmoqda.

Pavilonlar va ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirish chog‘ida davlatimiz rahbari iqtisodiy kooperatsiya uchun katta salohiyat va yangi biznes g‘oyalar ishlab chiqish uchun yaxshi imkoniyatlar mavjudligini alohida ta’kidladi.

Forum yangi yirik loyihalarni ilgari surishga sur’at bag‘ishlashi, uzoq muddatli sheriklik aloqalarini rivojlantirish va hududlararo hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Rossiya delegatsiyasi rahbari Prezidentimizga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘tgan yil may oyida Rossiya Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tovar ayirboshlashning o‘sish sur’ati saqlanib qolmoqda, ikki mamlakat hududlarini faol jalb etgan holda muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, kooperatsiya loyihalari va dasturlarini ilgari surish, shu jumladan «Innoprom» forumi doirasida o‘zaro muvofiqlashgan yechimlarni ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

Tatariston Raisi Rustam Minnixanov bilan uchrashuvda yetakchi korxonalarning sanoat kooperatsiyasini va faol gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Jadal muloqotlarni davom ettirish, neft-gaz, kimyo, transport, turizm va boshqa sohalarda, shu jumladan O‘zbekiston hududlaridagi sanoat zonalari doirasida qo‘shma loyihalarni ilgari surishga kelishib olindi.

«Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev bilan suhbatda tinch atom sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligi va tibbiyotda yadro texnologiyalarini qo‘llash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Toshkent shahridagi “MIFI” filiali negizida kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari davra suhbatida ishtirok etdi. Unda ikki mamlakat hududlari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarni taqdimot qildilar.

Posted on Leave a comment

IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali ishtirokchilariga



Hurmatli festival qatnashchilari, muhtaram mehmonlar!

Avvalo, siz, azizlarni ochiq osmon ostidagi betakror muzey shahar – qadimiy Xivada o‘tkazilayotgan IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Bugungi san’at bayramida ishtirok etayotgan nufuzli xalqaro tashkilotlar va qardosh mamlakatlar vakillariga, dunyoning qirqdan ziyod mamlakatidan kelgan xalq ijodiyoti namoyandalari, atoqli madaniyat va san’at arboblariga samimiy tashakkurim, yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Saxovatli O‘zbekiston zaminiga, ko‘hna Xorazm diyoriga xush kelibsiz!

Qadrli do‘stlar!

Xalqaro nufuzi tobora ortib borayotgan mazkur anjuman bu yil ko‘hna Sharq gavhari – betakror Xorazm diyorida o‘tkazilayotgani unga alohida ruh va mazmun bag‘ishlamoqda. Bu o‘lkaning dostonchilik maktabi g‘oyat qadimiy va boy tarixga ega bo‘lib, “Lazgi” kabi dunyoga mashhur mumtoz kuy-qo‘shiqlari, go‘zal raqslari aynan ana shu azim daryodan oziqlanib kelmoqda, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Bu qutlug‘ zamindan yetishib chiqqan O‘zbekiston xalq baxshilari “Bola baxshi” – Qurbonnazar Abdullayev, “Qalandar baxshi” – Ro‘zimboy Normatov, Abdulla Qurbonnazarov, Yetmishboy Abdullayev kabi yorqin ovoz va iste’dod sohiblari tomonidan yuksak pardalarda kuylangan “Oshiq G‘arib va Shohsanam”, “Go‘ro‘g‘li”, “Avazxon”, “Alpomish” va “Xirmondali” kabi xalq dostonlari milliy madaniyatimizning o‘lmas durdonalari sifatida ma’naviyatimiz xazinasidan mustahkam joy egallaganini chuqur minnatdorlik bilan e’tirof etamiz va baxshichilik san’atining bugungi davomchilariga ijodiy yutuq va ravnaq tilaymiz.

Hurmatli festival ishtirokchilari!

Festival kunlarida sizlar san’atni chin dildan sevadigan mehmondo‘st, bag‘rikeng xalqimiz bilan samimiy muloqotlar o‘tkazib, yurtimizning boy tarixi, madaniyati va bezavol qadriyatlari, tabarruk maskanlari, Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot yutuqlari, jumladan, baxshichilik san’atini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, yorqin taassurotlarga ega bo‘lasiz, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, tanlov ishtirokchilari hamda festival doirasida o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilayman.

Eng ezgu va xalqchil his-tuyg‘ularni tarannum etishda sizlarga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat va ilhom doimo yor bo‘lsin!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 26-aprel kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

O‘tgan yil avgust oyida Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

Iqtisodiy kooperatsiya yili doirasida samarali ishlar olib borilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 20 foizga oshdi. Avtomobilsozlik, to‘qimachilik, elektrotexnika, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar faol bosqichga kirgan.

Birgalikda boy madaniy-gumanitar almashinuv dasturi amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi sammitlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, jumladan, Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, hududlar va rektorlar forumlari, madaniy tadbirlarni o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

Yetakchilar mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak ko‘p tomonlama, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston-Turkmaniston sammiti yakunlandi



Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning Samarqand shahriga tashrifi yakunlandi.

Ikki kunlik tashrif doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va oliy martabali mehmon ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdilar, “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasi va «Zamonlar sadosi» ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.

Turkman xalqining milliy yetakchisini O‘zbekiston Respublikasining «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni davlatimiz rahbari kuzatib qo‘ydi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi.