Posted on Leave a comment

Mo‘tabar maskanlar obod qilinadi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-mart kuni Samarqandga tashrif buyurib, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi. 

– Kuni kecha xalqimiz bilan Navro‘z ayyomini kutib oldik. Bugun, muqaddas Ramazon oyida mana shu tabarruk joyga kelib turibmiz. Bu ulug‘ kunlarga tinchlik-xotirjamlikda yetkazgani uchun Yaratganga shukronalar aytamiz. Ilohim, hamisha yurtimiz tinch, elimiz farovon bo‘lsin, hamma xayrli niyatlarimiz amalga oshsin. Bu majmuani Imom Buxoriy bobomizga munosib tarzda qurayapmiz. U ziyorat bilan birga ma’rifat, tarbiya, ibrat o‘chog‘i bo‘lsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Imom Buxoriy maqbarasi butun islom olamida e’zozli maskan. Ko‘p ming sonli ziyoratchilarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yerda yangi majmua barpo etilmoqda.

Majmuaning umumiy maydoni 44 gektar. Bugungi kunda mahobatli maqbara, 10 ming kishiga mo‘ljallangan masjid qurib bitkazilgan. Balandligi 75 metrlik 4 ta minora majmuaga ulug‘vorlik bag‘ishlagan. Shuningdek, muzey, ayvonlar, ma’muriyat va xizmat ko‘rsatish binolari barpo etilgan. 

Ayni paytda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Bunda milliy an’analar va issiq ranglardan foydalanilmoqda. Peshtoqlar va ayvon devorlariga “Sahihi Buxoriy”dan hadislar bitiladi.

Bundan tashqari, hududda ikki ming o‘rinli yigirmadan ortiq mehmonxona, xiyobonlar, to‘rtta tahoratxona barpo etiladi.

Bu yil yurtimizda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanadi. Shu haqdagi Prezident qarorida kalom ilmi sultonining Samarqand shahridagi majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish belgilangan.

Tashrif chog‘ida Prezidentimizga ushbu loyiha taqdimot qilindi.

Qayd etilganidek, Moturidiy majmuasida 1 ming 500 kishiga mo‘ljallangan jome masjid, ma’muriy bino qurilishi ko‘zda tutilgan. U yerda kutubxona, majlislar zali, innovatsion muzey hamda mutaxassislar uchun xonalar bo‘ladi. Majmua yaqinida ziyoratchilar uchun avtoturargoh, tahoratxona quriladi. 

Imom Abu Mansur Moturidiy islom olamida ixtiloflar avj olib, har xil firqalar ko‘paygan paytda yashagan, butun hayotini islomiy aqiydani himoya qilish va ma’rifatini yoyishga bag‘ishlagan. U zotning moturidiylik ta’limoti, “Ta’vilotul Qur’on”, “Kitob at-Tavhid” kabi asarlari bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillari bilan ahli sunna val-jamoaning ma’naviy asoslariga aylangan.

Davlatimiz rahbari bu tamoyillar bugungi kunda ham dolzarb bo‘lib borayotganini ta’kidlab, alloma bobomizning merosini yanada keng o‘rganish va jahonga targ‘ib etish, majmuaga keluvchilarga sharoitlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Yana bir xayrli loyiha – Oqdaryo tumanidagi Mahdumi A’zam qadamjosini obod qilishga qaratilgan. Asli hozirgi Kosonsoy tumanida tug‘ilgan so‘fiy olim naqshbandiya ta’limotining rahnamolaridani biri bo‘lgan. Ilm va din yo‘lidagi uzoq safardan so‘ng, Samarqand viloyatida abadiy qo‘nim topgan.

Bu maskanga keluvchi ziyoratchilar ham ko‘p. Ularga sharoitlarni yaxshilash maqsadida Mahdumi A’zam maqbarasi yonida uch qavatli avtoturargoh, tahoratxona qurilishi rejalashtirilmoqda.

Samarqand zaminidan yetishib chiqqan boshqa olim va mutafakkirlar, aziz avliyolarning qadamjolari ham bosqichma-bosqich ta’mirlanib, obod qilinadi.

Posted on Leave a comment

Shavkat Mirziyoyev mahalladagi bayram saylida qatnashdi



Yurtimizning barcha joylarida Navro‘z ayyomi ko‘tarinki ruhda kutib olinmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-mart kuni Bektemir tumani Rohat mahallasiga tashrif buyurib, bayram saylida qatnashdi.

Xizmat ko‘rsatish va savdoga ixtisoslashgan mahallada 4 ming nafar aholi yashaydi. Bandlikni ta’minlash bo‘yicha yangi tizimga muvofiq, banklar ishtirokida mahallaning ichki imkoniyatlari yuzaga chiqarilmoqda.  O‘tgan yili yuzga yaqin aholi ishga joylashtirilgan, 256 nafari o‘zini o‘zi band qilgan, 13 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshlagan. Ikkita ishlab chiqarish korxonasi, o‘nlab savdo va maishiy xizmat shoxobchalari odamlarga qulaylik yaratmoqda.

Prezidentimiz ushbu korxonalarni ko‘zdan kechirdi.

Mahallada ko‘chalar obod, xonadonlar saranjom-sarishta. Ta’lim va tibbiyot muassasalari, sport maydonchalari, o‘quv markazi, amfiteatr, hunarmandlar va axborot-kutubxona markazlari faoliyat yuritmoqda. Hozir, ayniqsa, nuroniylar maskani gavjum.

Davlatimiz rahbari ushbu maskanda tashkil etilgan sumalak saylida qatnashdi, mahalla faollari, nuroniylar bilan samimiy suhbatlashdi. Muloqotda joriy yilgi rejalar, jumladan, tinchlik-osoyishtalikni saqlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish haqida so‘z yuritildi.

– Mahallangizdagi obodlikni, odamlarning kayfiyatini ko‘rib, mamnun bo‘ldim. Vaqti bilan barcha tumanlardagi imkoniyatlarni oshiramiz. Buning uchun eng asosiysi – tinchlik-ahillik kerak. Ilgari chegaralarimizda vaziyat qanday edi? Vazminlik bilan, siyosiy iroda bilan hamma masalalarga yechim topayapmiz. Barcha ishlarni quyi tizimda tashkil qilganimiz uchun 10 mingga yaqin mahallaning holati yaqqol namoyon. “Mahalla yettiligi” orqali xonadonga yetib borilayapti. Odamlarning daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar siyosatida hali ishlarimiz ko‘p. Shuning uchun ta’limga, o‘g‘il-qizlarni o‘qitishga katta e’tibor berishimiz kerak. Yoshlari bilimli va ma’naviyatli  jamiyat, albatta, farovonlikka erishadi,  – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Rohat mahallasida umumta’lim maktabi, bolalar musiqa va san’at maktabi, “Barkamol avlod” markazi, akademik litsey faoliyat yuritmoqda. Yaqinda yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti qurib bitkazildi. Bular ham yoshlar ma’rifatini oshirishga xizmat qiladi.

Posted on Leave a comment

Bektemir tumanida yana bir bog‘ paydo bo‘ldi



“Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida ko‘chat ekib, yashillik yaratish ko‘lami kengaydi. Poytaxtimizning Bektemir tumanida yana bir bog‘ga asos solindi.

Prezidentimiz davlat tashkilotlari va jamoatchilik vakillari bilan birga bu yerda ko‘chat ekdi.

Iykota, Majnuntol, Zilola, Rohat va Iqbol mahallalari orasidagi bu hudud avval qarovsiz joy edi. Elning birligi bilan yana bir yashil makon, aholi hordiq chiqaradigan park paydo bo‘lmoqda. Uch gektarlik hududga o‘rmon konsepsiyasi asosida uch ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Ularning sug‘orilishi va parvarishiga mas’ullar biriktirildi.

Mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy muloqot bo‘ldi. Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillariga ushbu xayrli tashabbusga hissa qo‘shayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.  Barchani kirib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.

Prezident farmoyishi bilan e’lon qilingan dolzarb bir oylik doirasida mahallalarda dehqonchilik va obodonlashtirish ishlari safarbarlik bilan olib borilmoqda.

Bahorda 125 million tup ko‘chat ekilishi mo‘ljallangan. Bunda ekin joylarini to‘g‘ri tanlash, sug‘orishni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi bog‘da ekilgan ko‘chatlar ana shu ezgu amalning davomi bo‘ldi.

“Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturiga muvofiq, bu yil ko‘chatchilikka ixtisoslashgan 18 ta o‘rmon xo‘jaligi tashkil qilinadi. Ularda “ilm-loyiha-amaliyot” tamoyili asosida genetik seleksiya ishlari kuchaytirilib, plantatsiyalar kengaytiriladi. “Yashil olam” platformasi ishga tushirilib, ko‘chatlarni onlayn sotib olish yo‘lga qo‘yiladi.

Posted on Leave a comment

Obod mahallada bayram shukuhi



Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Bektemir tumaniga tashrifi chog‘ida Iykota mahallasida bo‘lib, qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Bu yerdagi 37 ta ko‘p qavatli uy va 1 ming 400 ta hovlida 6 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mamlakatimizda mahallabay amalga oshirilayotgan manzilli ishlar Iykotada ham o‘z natijasini bermoqda. Yangi ko‘p qavatli uylar qurilgan. Yo‘laklar va ichki ko‘chalar ta’mirlangan. Maydonchalarga gul va maysalar ekilgan.

O‘tgan yili uch qavatli mahalla idorasi foydalanishga topshirilgan edi. Endi davlat byudjeti hisobidan 358-umumta’lim maktabi qurildi. Prezidentimiz ushbu yangi muassasani ko‘zdan kechirdi.

Ta’lim tizimiga bo‘layotgan e’tiborning yorqin ifodasini bu yerda ham ko‘rish mumkin. Qariyb ming o‘rinli maktabda fan xonalari, kompyuter va xorijiy til xonalari, robototexnika to‘garagi, laboratoriya zarur o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan. Kutubxona, sport zali, futbol maydoni va oshxona bolalar uchun keng qulayliklar yaratilgan.

Pedagoglar bilan muloqot chog‘ida bolalarning qobiliyatini to‘g‘ri shakllantirish, kasbiy ta’limni rivojlantirib, bitiruvchilarni kasb-hunarli qilib hayotga yo‘llash muhimligi ta’kidlandi. Xususan, axborot texnologiyalari, robototexnika, muhandislik kabi yo‘nalishlarni kengaytirish, o‘smirlarda harbiy-vatanparvarlik ruhini kuchaytirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.

Mahalladagi yangi uylarning birinchi qavatlarida ikkita xususiy bog‘cha tashkil etilgan. Ular Navro‘z arafasida ochilgani ota-onalar uchun bayramona tuhfa bo‘ldi.

Ichki imkoniyatlarni ishga solib, aholi bandligini ta’minlash tamoyili bu mahallada ham namoyon. 70 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 2 ta ishlab chiqarish korxonasida ko‘pchilik ro‘zg‘or tebratayapti. Prezidentimiz farmoyishi bilan e’lon qilingan dolzarb bir oylik doirasida tomorqadan unumli foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish qizg‘in davom etmoqda.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bahor ayyomi – Navro‘z munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, mustahkam sog‘lik, farovonlik va muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlariga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladilar.

Do‘stlik, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

2024-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi. Sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlanmoqda va kooperatsiya chuqurlashmoqda. Birgalikda «Shovot – Toshovuz» chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda, faol hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuv dasturi doirasida tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy sheriklik, muhim forum va anjumanlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish masalalariga alohida to‘xtaldilar.

Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo plyus» formatida o‘tkaziladigan sammitlar hamda Toshkent shahrida mintaqa davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi kun tartibi yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari joriy yil dekabr oyida Ashxobod shahrida Turkmaniston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasida o‘tkaziladigan forum va boshqa xalqaro tadbirlar muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

Posted on Leave a comment

Prezident: Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – strategik yo‘limiz


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Yurtimizda bu soha ish o‘rni, investitsiya, innovatsiya, raqobat, qo‘shilgan qiymat va eksportni ko‘paytirishga eng katta turtki berayotgan yo‘nalishga aylandi. So‘nggi besh yilda kichik va o‘rta tadbirkorlar soni 2 karra ko‘paydi. Ularda 10 million 500 ming odam – jami band aholining 74 foizi daromad topib, ro‘zg‘or tebratayapti. Iqtisodiyot hajmining yarmidan ko‘pi, sanoat va eksportning uchdan biri shu soha vakillari hissasiga to‘g‘ri kelayapti.

Ushbu raqamlarning o‘ziyoq mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun kichik va o‘rta biznes qanchalik muhimligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Davlatimiz rahbari shu bois bu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishini ta’kidladi.

– Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – bizning strategik yo‘limiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda kichik va o‘rta biznes yo‘nalishidagi ustuvor vazifalar haqida fikr almashildi.

Xususan, 2025-yilda uning iqtisodiyotdagi ulushini 55 foizga ko‘tarib, 70 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish;

– yangi bozorlarga kirib borishda transport, sertifikat va standartiga ko‘maklashib, kichik biznes eksportini o‘tgan yilgi 9 milliarddan 12 milliard dollarga olib chiqish;

– ichimlik suvi, kanalizatsiya, yo‘l, qurilish, kommunal xo‘jalik, yetkazib berish, utilizatsiya, migratsiya, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarda kichik biznes ulushini 2-3 karra oshirish;

– 1,5 million doimiy ish o‘rni tashkil qilib, sohada band aholi ulushini 75 foizga yetkazish;

– 100 nafardan ko‘p ishchisi bor korxonalarni 4 mingtaga olib chiqish;

– kichik biznesda yangi 100 ta brend mahsulot chiqarishni yo‘lga qo‘yish;

– kichik biznes ishtirokida 200 ta startap loyihalarni moliyalashtirish kabi katta maqsadlar qo‘yilmoqda.

Bu borada xorijiy ekspertlar bilan birga dastur ishlab chiqildi. Unga 2025-yilda barcha manbalar hisobidan 10 milliard dollar yo‘naltirilmoqda.

Prezidentimiz buning samarasida kichik va o‘rta biznesga yaratiladigan yangi imkoniyatlarni alohida qayd etib o‘tdi.

Xususan, aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 trillion so‘mlik imtiyozli resurs ajratiladi. Shuning 2,5 trillion so‘mi yoshlarga, yana shunchasi ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun yo‘naltiriladi. Ayol tadbirkorlarga kredit stavkasi boshqalarga nisbatan 2 foiz arzon bo‘ladi.

Joriy yildan kichik biznesga 300 million so‘mgacha kredit berila boshlandi. Endi oxirgi bir yilda yiriklashib, kichik yoki o‘rta korxonaga aylangan tadbirkorlarga shuning 150 million so‘mi garovsiz beriladi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha ham 50 million so‘mgacha garovsiz kredit bo‘ladi.

Biznesni moliyalashtirishda muqobil manba sifatida venchur fondlar ommalashmoqda. Besh yilda ular ishtirokida 145 million dollarlik 53 ta startap loyiha amalga oshirilgan.

Buni kengaytirish maqsadida davlat banklari tomonidan yana 3 ta venchur kompaniya ochilib, 50 million dollar fond shakllantirildi. Xorijdan ham yana 50 million dollar jalb qilinadi. Bu biznesni boshlayotgan tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘ladi. Eng muhimi, bunday loyihalar iqtisodiyotga yangi yo‘nalish, texnologiya, innovatsiya va yuqori qo‘shilgan qiymat olib kiradi.

Startap orqali yaratilgan yuqori samarali innovatsion mahsulot yoki xizmatlar texnik reglament va standartlarga kiritiladi. Bu ularga davlat buyurtmasi uchun yo‘l ochadi.

Biznes uchun yaratilgan sharoitlar evaziga so‘nggi uch yilda 250 ming yangi korxona tashkil topdi. Endi ularning faoliyati kengayishi uchun joy va bino kerak. Shu bois hokimlar yer tanlashda, eng avvalo, ishini yo‘lga qo‘yib, rivojlanish istagida yurgan tadbirkorlar so‘ragan joylarni auksionga chiqarishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yana bir yangilik: bu yil Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Denov, Quva, Shovot tumanlari hamda Yangiyo‘l va Marg‘ilon shaharlarida barcha davlat idoralari bitta ko‘p qavatli binoga ko‘chiriladi. Ulardan bo‘shaydigan 150 ta bino auksionda tadbirkorlarga taklif qilinadi.

Bunday yangiliklar qishloq xo‘jaligi sohasida ham bor. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Toshkent va vodiy viloyatlarida 5 ming gektardan ziyod yer yangicha tartibda ijaraga berilmoqda. U yerda tadbirkorlar o‘zi xohlagan ekinni ekib, bir qismiga saqlash, saralash, qadoqlash quvvatlari qurishi ham mumkin. Bu yil yana 30 ming gektar yer shunday tizim asosida savdoga chiqarilishi aytildi.

Yaqinda “Uzagrostar” xolding kompaniyasi tashkil qilingan edi. Uning tarkibida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 16 ta kompaniya ochildi. Endi, bu kompaniyalar har bir viloyatda meva-sabzavotni qayta ishlaydigan agrosanoat majmualari quradi. Bunga dastlabki bosqichda yana 200 milliard so‘m beriladi.

Salohiyatli yo‘nalishlardan yana biri – ishlab chiqarish. Joylarda bunga intiluvchilar ko‘p, lekin hammasi ham ishni nimadan boshlash, qayerdan mutaxassis va texnologiya olib kelishni bilmaydi.

Shu bois, 20 ta tumanda kichik va o‘rta sanoat korxonalarini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari ochilishi ma’lum qilindi. Ularga xorijiy muhandis, texnolog, dizayner, buxgalter va marketologlar olib kelinadi. Bunga shu yilning o‘zida 100 milliard so‘m ajratiladi.

Bundan tashqari, kichik biznesda yangi “drayver” bo‘ladigan uskuna va dastgohlar, tibbiy vositalar, elektronika sanoati, logistika kabi sohalarda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida dasturlar qabul qilinishi aytildi.

Yangi tadbirkorlar “oyoqqa turib olishi” uchun faoliyatining birinchi yili muhim. Shu bois ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etiladi. Ya’ni, ilk bor ma’muriy huquqbuzarlik qilgan tadbirkor javobgarlikdan ozod qilinib, kamchilikni bartaraf etish uchun imkoniyat beriladi.

Hozirda faoliyatni tugatish uchun barcha toifadagi tadbirkorlarga bir xil talab belgilangan. Endi bu jarayon ham soddalashadi. Oxirgi uch yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshmagan, soliqdan qarzi bo‘lmagan korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv o‘tkazilmaydi.

Ma’lumki, yurtimizda 2028-yil 1-yanvarga qadar qo‘shimcha qiymat solig‘i va foyda solig‘i stavkasi oshirilmasligi belgilangan. Endi kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan me’yoriy hujjatlar qabul qilishga ham uch yillik moratoriy e’lon qilindi.

Fermerlar uchun ham muhim yangilik: soliqdan qarzini vaqtida to‘lay olmagani uchun shu paytgacha yig‘ilib qolgan 1 trillion so‘mlik penyani undirishdan voz kechildi.

Dunyoda keng rivojlanayotgan sun’iy intellekt, raqamli va yashil texnologiyalar, kreativ xizmatlar sohasidagi loyihalarga ham qulay sharoitlar yaratib berilishi ta’kidlandi.

O‘zbekistonda kichik biznesni rivojlantirish strategiyasini xalqaro moliya tashkilotlari ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Prezidentimiz uchrashuvda Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Fransiya taraqqiyot agentligining vakolatxonalari rahbarlari bilan ham muloqot qildi. Xalqaro moliya tashkilotlariga amaliy hamkorligi va ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuvda tadbirkorlar so‘zga chiqib, faoliyatini kengaytirish, yangi bozorlarga kirib borish, standartlarni o‘rganish, brend yaratish, startaplarni yuzaga chiqarish bo‘yicha takliflarini aytdi. Davlatimiz rahbari buning uchun Kichik biznes uyushmasi tashkil qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Tadbirkorlar hamisha qonun va davlat himoyasida ekani ta’kidlandi.

– Prezident doimo sizlarga eng yaqin ko‘makchi, tayanch va suyanch bo‘ladi. Sizlar yangilik qilishdan charchamanglar, men qo‘llab-quvvatlashdan charchamayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda muhokama qilingan masalalar va takliflardan kelib chiqib, Prezident farmoni qabul qilinadigan bo‘ldi. Ushbu farmondagi yengilliklar qo‘shimcha hujjatlarni kutmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri amaliyotga kiritiladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari qo‘shma kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish muhimligini qayd etdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan Navro‘z bayrami munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, mustahkam sog‘lik, farovonlik va muvaffaqiyatlar, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladilar.

Davlatimiz rahbari Tojikiston yetakchisini muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangani va Tojikiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani bilan ham tabrikladi.

Oliy darajada qabul qilingan bitim va kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Faol siyosiy muloqotni davom ettirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini, faol madaniy-gumanitar va hududlararo almashinuv dasturlarini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Mart oyi oxirida Tojikistonda bo‘lajak uch tomonlama uchrashuvga hamda joriy yil aprel-may oylarida mamlakatimizda o‘tadigan «Markaziy Osiyo plyus» formatidagi sammitlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari qo‘shma kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish muhimligini qayd etdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan Navro‘z bayrami munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, mustahkam sog‘lik, farovonlik va muvaffaqiyatlar, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladilar.

Davlatimiz rahbari Tojikiston yetakchisini muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangani va Tojikiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani bilan ham tabrikladi.

Oliy darajada qabul qilingan bitim va kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Faol siyosiy muloqotni davom ettirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini, faol madaniy-gumanitar va hududlararo almashinuv dasturlarini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Mart oyi oxirida Tojikistonda bo‘lajak uch tomonlama uchrashuvga hamda joriy yil aprel-may oylarida mamlakatimizda o‘tadigan «Markaziy Osiyo plyus» formatidagi sammitlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari qo‘shma loyihalarning borishini muhokama qildilar



Yetakchilar yaqinlashib kelayotgan bahor va yangilanish bayrami – Navro‘z munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tiladilar.

Davlatimiz rahbari Qirg‘iziston Prezidentini muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangani va Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasini delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani bilan ham tabrikladi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni, eng avvalo, savdo, sanoat kooperatsiyasi, logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Transport-tranzit va energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yirik mintaqaviy loyihalarni jadallashtirish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari bo‘lajak oliy darajadagi uch tomonlama uchrashuvga, shuningdek, Samarqand shahrida o‘tkaziladigan «Markaziy Osiyo – YEI» sammiti va Iqlim forumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida to‘xtaldilar.