Posted on Leave a comment

Pokiston Bosh vazirini tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi



26-fevral kuni Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifni rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, shohsupaga taklif etdi. Harbiy orkestr ikki mamlakat davlat madhiyalarini ijro etdi.

Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdilar.

Birgalikda suratga tushilgandan so‘ng tor doiradagi muzokaralar boshlandi.

Posted on Leave a comment

Energiyani tejash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu haqda 28-yanvarda elektr energetikasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tgan yig‘ilishda topshiriq berilgan edi.

Mamlakatimizda energiya quvvatlari aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘suvchan talabiga mos ravishda oshirib borilmoqda. Xususan, o‘tgan yili 50 milliard kub metr tabiiy gaz ta’minlandi, 81 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarildi.

2035-yilga borib, elektr iste’moli hozirgidan 1,7 barobar oshishi hisob-kitob qilingan. Bu talabni to‘liq qondirish uchun faqat ishlab chiqarish emas, tejamkorlik ham zarur.

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 dollarlik yalpi ichki mahsulot yaratish uchun dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2,5 barobar ko‘p energiya sarflanayapti. Elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 14 foiz, tabiiy gazda esa 7 foizdan yuqori.

Shu bois olimlar jalb qilinib, joylarda energiyani tejash imkoniyatlari ilmiy asosda o‘rganilmoqda. Hozirgacha 7 ta viloyatda 4,6 milliard kilovatt-soat elektr va 1 milliard kub metr gazni iqtisod qilish imkoniyatlari aniqlangan.

Taqdimotda shu kabi o‘rganishlar asosida ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi.

Misol uchun, suv xo‘jaligidagi eski nasoslarni zamonaviysiga almashtirib, yiliga 1 milliard kilovatt-soat elektrni tejash mumkin. Ijtimoiy muassasalarda qozonxonalarni yangilash, “yashil” energiyadan foydalanish orqali bu yil 5 million kub metr gaz, 15 million kilovatt-soat elektrni iqtisod qilsa bo‘ladi.

Umuman, bu yil 1,6 milliard kub metr gaz va 3,5 milliard kilovatt-soat elektrni tejash mo‘ljallangan. Buning uchun har bir korxona va tashkilotga ilmiy asoslangan chora-tadbirlar yetkaziladi.

Jumladan, yirik sanoat korxonalarida bir mahsulot birligi ishlab chiqarishga ketadigan energiya me’yori belgilanadi. Shuning o‘zidan energiya sarfi 5-10 foizga qisqaradi. Ijtimoiy obyektlarda energiya tejamkor uskunalarni o‘rnatish bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlanadi.

Ko‘p qavatli uylarda issiqlikni yaxshi saqlash uchun ularni izolyatsiyalash kengaytiriladi. Xonadonlarda geliokollektor va quyosh paneli o‘rnatishga arzon kreditlar beriladi. Iste’molchilar Yaponiya tajribasi asosida energiya tejash savodxonligi bo‘yicha o‘qitiladi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, ijtimoiy soha va uy-joylarda tejamkorlik muhimligini ta’kidladi. Hudud va tarmoqlar kesimida energiya isrofini kamaytirish, talon-torojliklarning oldini olish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti ziyoratchilarimizga qulaylik yaratishda Saudiya Arabistoni bilan yaqindan hamkorlik qilish muhimligini ta’kidladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saud va Valiahd, mamlakat Bosh vaziri Muhammad Ol Saudning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi. Vazir, shuningdek, Podshohning ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga hadyasi – muqaddas Ka’ba yopinchig‘i kisvaning bir parchasini topshirdi.

O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, Saudiya Arabistoni rahbariyatiga bebaho tuhfa hamda ziyoratchilarimizning musulmon dunyosi markazlari – Makka va Madinada bo‘lishi uchun yaratilgan imkoniyatlar va qulay sharoitlar uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 800 mingdan ziyod fuqarolarimiz Umra ziyoratini, 15 ming nafari Haj ibodatini ado etdi.

Suhbat chog‘ida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga shart-sharoitlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, ularning Saudiya Arabistoniga tashrifi xavfsiz va qulay bo‘lishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

Kuvayt Davlatiga rasmiy tashrif yakunlandi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kuvayt Davlatiga ilk rasmiy tashrifi tadbirlari yakunlandi.

Davlatimiz rahbari Al-Kuvayt shahrida Amir Shayx Mish’al as-Saboh va Valiahd Shayx Saboh as-Saboh bilan tarixiy muzokaralar, shuningdek, ushbu mamlakat hukumatining a’zolari, yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.

Sammit yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi, shuningdek, hamkorlikning turli yo‘nalishlari, jumladan, iqtisodiy sohada 4,9 milliard dollarlik salmoqli kelishuvlar to‘plami imzolandi.

Davlatimiz rahbari madaniy dastur doirasida «As-Salom» saroy-muzeyining Kuvayt xalqi madaniyati va tarixini aks ettiruvchi ekspozitsiyalarini ko‘zdan kechirdi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, Al-Kuvayt xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Valiahd Shayx Saboh as-Saboh va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahriga jo‘nab ketdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rasmiy tashrif bilan Kuvayt Davlatida bo‘ladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al as-Sabohning taklifiga binoan 17-18-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Al-Kuvayt shahrida oliy darajada ikki tomonlama muzokaralar hamda ushbu mamlakat hukumati a’zolari, yetakchi kompaniyalari va bank-moliya tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.

Bo‘lajak sammit kun tartibidan O‘zbekiston-Kuvayt do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, savdo, innovatsiyalar, investitsiya va moliya, «yashil» energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, infratuzilma, shaharsozlik, sog‘liqni saqlash va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olishi ko‘zda tutilgan.

Madaniy-gumanitar va turizm almashinuvini kengaytirish masalalari ham diqqat markazida bo‘ladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston va Kuvayt yetakchilari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlarini ko‘rib chiqadilar.

Muzokaralar yakunida qator qo‘shma hujjatlar va bitimlar qabul qilinishi kutilmoqda.

Posted on Leave a comment

Prezident yoshlar bilan samimiy muloqot qildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-fevral kuni yoshlar bilan muloqot qildi. Videoselektor shaklida o‘tgan uchrashuvda yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokama etildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining boshida bu uchrashuvdan mamnun ekanini ta’kidlab, yoshlarni xalqimizning oltin fondi, deb atadi.

O‘zbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yigit-qizlar kirib kelmoqda. 2030-yilga borib, bu ko‘rsatkich 1 million nafarga yetadi.

Yoshlarning bandligini ta’minlash, intilishlariga sharoit yaratish davlatimizning ustuvor siyosatiga aylangan. O‘tgan 8 yilda yosh tadbirkorlar soni 3 karra ko‘payib, ular bugun biznes vakillarining salkam 40 foizini tashkil etmoqda.

Ishsiz yoshlar 2 karra kamaydi. Ishsizlikdan xoli mahallalar soni 1 ming 889 taga yetdi. “Yoshlar daftari” orqali o‘tgan yili 180 ming nafar yoshlarga 345 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi.

Ilgari oliy ta’limda bitta o‘rin uchun kamida 10 nafar bola kurash olib borar edi. Qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirilgani natijasida endi 42 foiz yoshlar qamrab olinmoqda. Xotin-qizlarga shartnoma to‘lovi davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga, ularning soni 11 karra ko‘paydi.

O‘z sohalarida muvaffaqiyatga erishayotgan o‘g‘il-qizlar safi tobora kengaymoqda. Birgina misol – hozirgi vaqtda dunyodagi nufuzli universitetlarda 1 ming 500 dan ziyod talabalarimiz tahsil olmoqda.

Avvalgi 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yigit-qiz xorijga o‘qishga ketgan bo‘lsa, birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali so‘nggi 7 yilda 2 ming 300 nafar vatandoshimiz shunday imkoniyatga ega bo‘ldi.

Ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni ham 2 karra ko‘payib, 4 ming nafardan oshdi. Mutolaa madaniyatini shakllantirish umummilliy harakatga aylandi. An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi ishtirokchilari soni 3 millionga yetdi.

Ayniqsa, farzandlarimiz orasida chet tillarni o‘rganishga qiziqish keskin kuchaydi. So‘nggi 3 yilda til o‘rganayotgan yoshlar soni 2 millionga yetgan bo‘lsa, “IELTS” imtihonidan yuqori ball olganlar 5 karra kupaygan.

Yurtimizdagi yoshlar siyosati xalqaro jamoatchilik tomonidan ham e’tirof etilmoqda. O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoridan joy oldi.

Uchrashuvda Prezident yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 3 ta muhim hujjat imzolaganini ma’lum qildi.

Birinchi hujjatga ko‘ra, Yoshlar agentligi huzurida jamg‘arma tuzilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratildi. Endi tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi, startap loyihalariga 2 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi.

Ikkinchi qaror bilan, oliy o‘quv yurti bitiruvchilarining bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun Milliy bankka 100 million dollar yo‘naltirilib, ularning tashabbus va g‘oyalarini loyihaga aylantirish bo‘yicha bank xizmatlari joriy etiladi.

Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi.

Uchinchi hujjatga ko‘ra, Aloqabank yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch bankka aylantirilib, unga 200 million dollar beriladi. Aloqabank o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarning loyihalari uchun 100 million so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratadi.

Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan, kamida 20 nafar yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va o‘quv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Bank kreditlarining kamida 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yo‘naltiriladi.

Ma’lumki, bu yil salkam 5 million 200 ming aholini band qilish mo‘ljallangan. Bunda yoshlarning katta o‘rni bor.

Masalan, tomorqa va dalasidan samarali foydalanib, kamida 100 million so‘m daromad olgan yoshlarga soddalashtirilgan tartibda yer ajratiladi. Sanoat ipotekasi orqali tayyor ishlab chiqarish maydonini olgan yosh tadbirkorga imtiyozli shartlarda uskunalar ham olib beriladi. Xizmat ko‘rsatish sohasida yoshlarni ishga olib, kamida 3 million so‘m oylik to‘lagan korxonalarga ijtimoiy soliq 1 foiz bo‘ladi.

Kreativ iqtisodiyot sohalarida faoliyat ko‘rsatayotganlarning 98 foizi yoshlar. O‘tgan yili bu bo‘yicha qonun qabul qilinib, huquqiy asoslari belgilandi.

Endi hududlarda ham kreativ industriya parklari barpo etiladi. Ularning rezidentlariga 2030-yil yakunigacha imtiyozli soliq rejimi qo‘llanadi. Bu borada biznes maktablari tashkil qilinib, biznes yuritish hamda elektron tijorat kabi xizmat ko‘rsatishning innovatsion usullari o‘rgatiladi.

Ish topishda xorijiy tillarni bilish juda muhim. Shu bois chekka hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlari ochgan malakali yoshlarlarga 120 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Shuningdek, xususiy o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan yoshlarga to‘lovlari “2+6” oy shaklida qoplab beriladi.

IT sohasida “Bir million dasturchi” loyihasiga qo‘shimcha 300 ming yoshlar jalb etiladi. “Raqamli ijtimoiy ekotizim”ni joriy etish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqiladi.

Kambag‘allikdan chiqishning eng samarali yechimi ham – bu ta’lim. Shu bois bunday oilalar farzandi foizsiz ta’lim krediti, qo‘shimcha grant, shartnoma to‘loviga yordam orqali o‘qishga rag‘batlantiriladi. Bilimga chanqoq, lekin oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim – “Yorqin kelajak” loyihasi joriy etiladi.

Yoshlar agentligi xorijda o‘qiyotgan har bir talabaga bosh-qosh bo‘ladi. Bilimli yigit-qizlar dunyoning “Top-100” oliygohlariga yuborilib, o‘qish va yashash xarajatlari qoplab beriladi. Chet elda o‘qib kelganlar milliy kadrlar zaxirasiga kiritilib, davlat organlariga tanlovsiz ishga olinadi.

Bundan tashqari, reytingi yuqori xalqaro universitetlarda ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlarga uy-joy uchun 10 yil muddatga 800 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladi. Nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lganlar uchun bir martalik pul mukofoti miqdori 5 karra oshiriladi.

Energetika, transport, urbanizatsiya, zamonaviy arxitektura, tibbiyot yo‘nalishlarida “El-yurt umidi” jamg‘armasi kvotalari ko‘paytiriladi. Harbiy bilim yurtlarining namunali tinglovchilari uchun “Oliy bosh qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi.

Kelgusi o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar o‘rtasida muhandislik olimpiadalari va tanlovlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. G‘olib bo‘lgan bitiruvchi yoshlar texnika oliygohlariga grant asosida o‘qishga kiradi.

Yig‘ilishda yosh avlodda milliy ruhiyatni shakllantirish, g‘oyaviy xurujlar va zararli axborotlardan asrash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Tarbiyasi og‘ir bolalarga alohida mehr-e’tibor ko‘rsatish, hayotda o‘rnini topishiga ko‘maklashish zarurligi aytildi.

Vatanparvarlik hissini kuchaytirish maqsadida 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Vatan tayanchi” harakati boshlandi. Unga 300 mingdan ziyod yoshlar qamrab olindi.

Endi bu harakat kasb-hunar maktabi, texnikum va xususiy ta’lim tashkilotlarida ham yo‘lga qo‘yilib, 1 million o‘quvchi qamrab olinadi. Ular o‘rtasida turli tanlov va musobaqalar tashkil etiladi. Shuningdek, mahallalarda “Shijoat va g‘ayrat” sport o‘yinlari o‘tkaziladi. G‘olib mahallalarga sport inshooti qurilib, anjomlar bilan ta’minlanadi. “Vatan tayanchi” hamda “Shijoat va g‘ayrat” musobaqalari g‘oliblariga harbiy bilim yurtlariga kirish uchun tavsiya beriladi.

Muloqotda so‘zga chiqqanlar mazkur reja va tashabbuslar yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishi, ularning orzu-intilishlariga rag‘batlantiruvchi kuch bo‘lishini ta’kidlashdi.

Davlatimiz rahbari yoshlarning takliflarini ma’qullab, ularni har doim qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

Posted on Leave a comment

Sport – sog‘lom xalq, sog‘lom avlodning tayanch ustuni



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 13-fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Har bir ota-ona, har bir millatning niyati – jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalashdir. Bunga esa jismoniy tarbiya va sportsiz erishib bo‘lmaydi. Sport sog‘lom xalq, sog‘lom avlodning tayanch ustunidir.

Shu bois davlatimiz tomonidan bu sohaga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi to‘rt yilda budjetdan sportga ajratilayotgan mablag‘ 1,5 trillion so‘mdan 3 trillion so‘mga oshdi. Murabbiylarning o‘rtacha maoshi 2 barobar ko‘paydi. 101 ta yirik sport inshootlari qurildi, 67 tasi rekonstruksiya qilindi. Sportchilarimizning Parij Olimpiadasida erishgan yutuqlari bu e’tiborning yorqin natijalari bo‘ldi.

Endi 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida kuchli o‘ntalikka kirish maqsad qilingan. Buning uchun tayyorgarlikni kuchaytirish, sport federatsiyalarini rivojlantirish zarur.

Yig‘ilishda bu masalalar 26 ta sport federatsiyasi va hududlar kesimida tahlil qilindi.

Masalan, so‘nggi Olimpiya o‘yinlarida 48 ta dastur bo‘lgan yengil atletika bo‘yicha 5 ta, 49 ta suv sporti dasturidan 4 ta litsenziya olingan, xolos. Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan va sirdaryolik sportchilar past natija ko‘rsatgan.

Shu bois iqtidorli yoshlarni topish, olimpiya sport turlariga tayyorlash, ularni va murabbiylarni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Davlatimiz rahbari bu boradagi qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Avvalo, olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish, seleksiya tizimini yaxshilash maqsadida Olimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘limlari tashkil etiladi. Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Prezident bo‘lganidek, hududiy bo‘limlarga viloyat hokimlari boshchilik qiladi.

Ular har bir federatsiya bilan birga, Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik davri bo‘yicha strategiya ishlab chiqadi. Buning uchun zarur sharoit va infratuzilmaga 300 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, chet eldan ilg‘or tajribalar, grantlar jalb qilish choralari ko‘riladi. Sportchi va murabbiylar xorijiy sport akademiyalarida o‘qitiladi. Oldingi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari natijasiga qarab, sport turlari ustuvorligi bo‘yicha 3 ta toifaga ajratiladi.

Hududlardagi 310 ta sport maktabi milliy terma jamoalarning seleksiya bazasiga aylanishi kerakligi ta’kidlandi. Ularda yangi metodika va yondashuvlar joriy qilinadi.

Olimpiya sport turlariga moslashtirilgan 56 ta sport maktabi milliy terma jamoalarga asosiy zaxira bo‘ladi. Ularda hududdan saralangan yoshlar individual reja asosida maqsadli tayyorlanadi.

Shuningdek, yiliga ikki marta hududlarda olimpiya sport turlari bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalar tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Tuman va viloyat sovrindorlarini hokimlar rag‘batlantirib boradi. Viloyat bosqichi g‘oliblari har yili dekabrda Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladigan “Prezident Olimpiadasi”da ishtirok etadi.

Musobaqa g‘oliblari uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Birinchi va ikkinchi o‘rinni olgan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi. Bunda, 1-2 kurs o‘quvchilariga stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentimiz musobaqalarda yuqori natija ko‘rsatgan sportchi va terma jamoa ustozlari qatorida sportchilarni yetishtirgan birinchi murabbiylarni ham rag‘batlantirish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda para sport imkoniyatlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ilgari bu toifadagi yoshlar uchun atigi 33 ta maktabda sport to‘garaklari bo‘lgan, bugun bunday maktablar soni 235 taga yetdi. Parasport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar 4 karra ko‘payib, 7 mingdan oshdi.

Endi Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan yoshlarni sport bilan qamrab olish, natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ilmiy metodika va standartlar ishlab chiqiladi. Uning Toshkentdagi filialida adaptiv sport bo‘yicha alohida fakultet ochiladi.

Shuningdek, hududlardagi 39 ta sport maktabi parasport turlariga ixtisoslashadi. Bunday yoshlarni, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan qizlarni imkoniyatiga qarab, boshqa sog‘lom sport guruhlarida ham shug‘ullanishiga sharoit yaratiladi. Trenerlarga malaka sertifikati berish va ularni qayta tayyorlash tizimi soddalashtiriladi.

Parasport turlari bo‘yicha terma jamoalarni shakllantirish tartibi ham o‘zgartiriladi. Bundan buyon, yoshlar faqat musobaqa natijasiga qarab emas, balki sport normativlarini bajarishiga qarab ham terma jamoaga qabul qilinadi. Bunda, nogironligi bo‘lgan sportchilarning ko‘rsatkichlarini monitoring qilib boradigan alohida onlayn platforma bo‘ladi.

Musobaqa va sport yig‘inlari tashkil qilishda olimpiya va paralimpiya tizimiga o‘tiladi. Ya’ni, qayerda chempionat bo‘lsa, unga yonma-yon parasport musobaqasi ham o‘tkaziladi, yig‘inlar ham birgalikda tashkil qilinadi. Bu haqiqiy inklyuziv tizimga aylanadi, nogironligi bor sportchilar uchun ishonch va rag‘bat bo‘ladi.

Sport sohasida ham xususiy sektorga keng yo‘l ochilishi qayd etildi. Endi xususiy sport klublarining yagona reyestri yuritiladi, ularning faoliyati bo‘yicha mezonlar yaratiladi. Qamrov darajasiga qarab, klublarga bepul sport jihozlari ajratiladi. Xususiy murabbiylarga o‘zini o‘zi band qilish huquqi beriladi.

Muhimi, xususiy klublardagi yoshlar barcha musobaqalarda o‘z nomidan ishtirok etishi mumkin bo‘ladi va natijasiga qarab, terma jamoalarga qabul qilinadi.

Sportchilarni topish, saralash va tayyorlash jarayoniga raqamlashtirishni keng joriy qilish, adolatni ta’minlab, qobiliyatli yoshlarni yuzaga chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

O‘tgan yili musobaqalarda yoshlar qamrovi 10 millionga yetgan. Lekin katta yoshdagi insonlarning sportda ishtiroki kam.

Shu bois endi mahallalarda ommaviy jismoniy faollik tadbirlari o‘tkaziladi, bu bo‘yicha reyting yuritiladi. Yil yakuni bilan eng faol oilalarga mashq jihozi beriladi, eng yaxshi mahallalarda sport maydonchalari quriladi.

O‘quvchilarni sportga keng jalb etish maqsadida har bir maktabda yakkakurash va jamoaviy olimpiya sport turlari bo‘yicha to‘garaklar ochiladi. Maktablar o‘rtasida olimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil qilinadi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan o‘quvchilar seleksiya qilinib, maktablar esa kerakli sport inventari bilan ta’minlanadi. Natija ko‘rsatgan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari alohida rag‘batlantiriladi.

Yurtimizda 700 mingdan ziyod talabalar borligi qayd etilib, ular o‘rtasida sportga havasni kuchaytirish, qamrovni oshirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Aholini sog‘lom turmush tarziga o‘rgatishda nafaqat sport, balki to‘g‘ri ovqatlanish ham dolzarb. O‘rganishlarga ko‘ra, aholimizning 44 foizi jismoniy faol emas, 36 foizi to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilmaydi. Boshoqli va donli mahsulotlar, meva-sabzavotlar iste’moli kam. Tez tayyor bo‘luvchi va tarkibida kanserogen moddalar yuqori bo‘lgan mahsulotlar savdosi ko‘paygan. Bular turli kasalliklar va erta o‘limlarga sabab bo‘layapti.

Shu bois “Sog‘lom inson – sog‘lom millat” g‘oyasi umummilliy harakatga aylantirilishi ta’kidlandi. Buning uchun sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik targ‘ibotini har bir oilaga olib kirish kerakligi aytildi.

Yig‘ilishda soha mutasaddilari, hokimlar va sportchilar bilan muloqot bo‘ldi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya delegatsiyasini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Maksim Oreshkin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Maksim Oreshkin davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘tgan yil may oyida O‘zbekistonga amalga oshirilgan davlat tashrifi va boshqa oliy darajadagi muloqotlar davomida erishilgan kelishuvlarni tasdiqlangan «yo‘l xaritasi»ga muvofiq amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanish sur’atini saqlab qolish, sanoat kooperatsiyasi va elektron tijorat loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, suv xo‘jaligi, oliy ta’lim va muhandis kadrlar tayyorlash, sun’iy intellekt, madaniy almashinuv va sport sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

Atom energetikasi sohasidagi ishlar bo‘yicha axborot berildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni atom energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sib borayotgan ehtiyojini ta’minlash uchun mamlakatimizda energetikaning barcha manbalari ishga solinmoqda. An’anaviy generatsiyadan tashqari, so‘nggi yillarda qariyb 4 gigavattli muqobil quvvatlar ishga tushirildi va “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetdi.

Kelgusi besh yilda yana 25 gigavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari barpo etiladi. Bularning hisobiga yiliga 64 milliard kilovatt soat “yashil” energiya olinadi. Umuman, 2030-yilga borib, yurtimizda jami generatsiyada “yashil energiya” ulushini 50 foizdan oshirish maqsad qilingan.

Ayni paytda raqamli texnologiyalar, elektromobillar, elektr jihozlar, sun’iy intellekt, mayning kabi tarmoqlarning rivojlanishi energiyaga bo‘lgan talabni keskin oshirmoqda. Shu bois ko‘plab davlatlar yangi turdagi energiya quvvatlariga o‘tish yo‘llarini izlayapti. Yer qa’ridan qazib olinadigan yoqilg‘ilar o‘z o‘rnini qayta tiklanuvchi manbalarga bo‘shatib berayapti. Bugunga kelib, dunyodagi jami generatsiyaning 42 foizi muqobil energiyadir.

Uzoq yillik quvvatlarni barpo etishda atom energetikasi maqbul hisoblanadi. Hozirgi kunda dunyoda 375 gigavattli 417 ta atom reaktorlari ishlatilmoqda. Yana yangi stansiyalar qurilayapti, ko‘p davlatlar atom energetikasini o‘zining rivojlanish strategiyasiga kiritayapti.

Mamlakatimizda uran zaxirasi borligidan foydalanib, uzoq muddatga mo‘ljallangan quvvat tashkil etish rejalashtirilgan. Xususan, kichik quvvatli reaktorlar barpo etish loyihasi ishlab chiqildi. 2024-yil 5-dekabrda Samarqand shahrida atom energiyasidan foydalanish masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Yig‘ilishda mutasaddilar atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bo‘yicha axborot berdi.

Davlatimiz rahbari bo‘lajak stansiya va tizimda ishlaydigan mutaxassislarni hozirdan tayyorlash, xavfsizlikni Xalqaro atom energiyasi agentligi talablari darajasida ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bunday texnologiyalar iqtisodiyot raqobatdoshligini oshirib, uzoq muddatli o‘sish sur’atlari uchun munosib zamin yaratishi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

“Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumi ishtirokchilariga



Hurmatli simpozium qatnashchilari!

Muhtaram mehmonlar!

Avvalo, siz, azizlarni “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Qadimiy O‘zbekiston zaminida, go‘zal Zarafshon vohasida Sharq Uyg‘onish davrining yorqin namoyandasi, buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan navqiron shaharda ilk bor  o‘tkazilayotgan ushbu forumning nufuzi dunyo miqyosida tobora ortib bormoqda. Bu galgi anjumanda Osiyo, Afrika, Yevropa va Amerika qit’alari mamlakatlaridan ko‘plab taniqli olim va tadqiqotchilar ishtirok etayotgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Mazkur anjuman Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilingan joriy yilda, ulug‘ ajdodimizning 584 yillik tavallud sanasi keng nishonlanayotgan kunlarda o‘tayotgani uning fayzi va shukuhini yanada oshirmoqda.

Qadrli do‘stlar!

Jahon adabiyoti va tafakkuri tarixida o‘chmas iz qoldirgan Alisher Navoiyning serqirra ijtimoiy-siyosiy, ijodiy, ilmiy-ma’rifiy faoliyati, boy adabiy-badiiy merosi asrlar davomida yuksak insonparvarlik, Vatanga sadoqat, adolat va ezgulik timsoli sifatida hamisha jahon ahlining e’tiborini tortib kelmoqda.

Hazrat Mir Alisher Navoiy o‘ta murakkab sharoitda milliy va umuminsoniy g‘oyalarni  baland ko‘tarib maydonga chiqqani, o‘zbek adabiy tiliga asos solib, uning o‘lmas ruhi, qudrati va latofatini har tomonlama isbotlab bergani chinakam ma’naviy jasorat namunasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Bu mumtoz siymo jahon adabiyoti mezonlariga, zamon va tarix sinovlariga to‘la javob beradigan durdona asarlar yaratib, nafaqat o‘zbek, balki barcha turkiy adabiyotlar rivojiga beqiyos hissa qo‘shgani ham yuksak hayrat va tahsinga munosibdir.

Alisher Navoiyning bebaho ijodiy merosi haqli ravishda jahon adabiyoti daholarining buyuk asarlari bilan bir qatorda turishi bizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Ayniqsa, mutafakkir ajdodimizning turli xalqlar o‘rtasida tinchlik va do‘stlikni mustahkamlash, bashariyatning yorug‘ kelajagini birgalikda qurishga chorlaydigan g‘oya va qarashlarining ahamiyati hozirgi tahlikali davrda tobora ortib bormoqda.

Bugungi kunda biz Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansni barpo etish jarayonlarida Alisher Navoiy asarlarini o‘zimiz uchun bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat va ilhom manbai deb bilamiz. Shu bois bu noyob ma’naviy boylikni chuqur o‘rganish va targ‘ib etish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Fursatdan foydalanib, shu borada yurtimiz olimlari bilan faol hamkorlik qilib kelayotgan siz, azizlarga, barcha ilm-fan namoyandalariga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Ushbu anjumanga puxta tayyorgarlik ko‘rgan, Alisher Navoiyning tavallud ayyomini katta shod-u xurramlik va bunyodkorlik ishlari bilan kutib olayotgan Navoiy shahri va viloyati ahliga, mutasaddi rahbarlarga ham samimiy tashakkur izhor etaman.

Sizlarni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sog‘liq, ilmiy va ijodiy faoliyatingizda ulkan yutuq va omadlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti