Posted on Leave a comment

Aholi bandligi, investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha axborot berildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash, investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisobot bilan tanishdi.

Yil boshidan aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim joriy qilingan edi. 208 ta tuman va shahar hokimlari hamda banklar rahbarlari o‘rtasida bu borada hamkorlik shartnomalari imzolandi. Bank filiallarida mahallabay ishlash bo‘limlari tashkil etilib, ularga “mahalla bankirlari” tayinlandi.

Bularning natijasida yanvar oyida 239 ming, fevral oyida 480 ming aholi daromadli mehnatga jalb qilindi. Yil boshidan kichik va o‘rta biznesga jami 14 trillion so‘m kredit yo‘naltirildi. Jumladan, tadbirkorlik dasturlari doirasida 2 trillion so‘m ajratildi.

Odamlarga daromad topish imkoniyatlari, tayyor biznes loyihalari tanishtirilib, ularni amalga oshirish yo‘llari o‘rgatilmoqda. Ishli bo‘lganlar soliq qo‘mitasida tasdiqlanmoqda. Mas’ullarga yuklatilgan vazifalar ijrosi tahlil qilib borilayotir.

Yig‘ilishda ushbu tahlillar haqida axborot berildi.

Aholi bandligini ta’minlashda Jizzax, Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlarida hamda O‘zmilliybank, Asakabank, Mikrokreditbank va Biznesni rivojlantirish banki loyihalarida yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan.

Lekin Sirdaryo viloyati, 24 ta tuman va shaharda natijalar yuqori emas. Shu bois vazifalar ijrosida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan 30 nafar rahbarga nisbatan choralar ko‘rilgan.

To‘plangan tajribadan kelib chiqib, kelgusi oylarda natijadorlikni oshirish, ishsizlarni kasbga va foydali mehnatga yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi. Hozirgi bahor mavsumida tomorqa va ijara yerlarda to‘liq ekin ekish, buni online-mahalla.uz platformasi orqali kuzatib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘tgan ikki oyda investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari ham ijobiy bo‘ldi. Yil boshidan beri 6 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirildi. Qiymati 574 million dollarlik 1 ming 100 ta o‘rta va kichik loyiha bajarilib, 17 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

2,8 milliard dollarlik tovar va xizmatlar eksport qilindi. Ayniqsa, zargarlik mahsulotlari eksporti o‘tgan yilga nisbatan 7 barobar, kimyoda 1,7 marta, elektrotexnika va oziq-ovqatda 1,2 barobar, turizm xizmatlari 1,6 barobar o‘sgan.

132 ta korxonada xalqaro standartlar joriy qilingan. 521 ta korxona ilk bor tashqi bozorga chiqib, birgina fevral oyida qo‘shimcha 183 million dollar eksport qilgan.

Yig‘ilishda ayrim tarmoq va hududlarda investitsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgani qayd etilib, buning sabablari va yechimlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari etib tayinlangan Dilmurod Qosimov tanishtirildi. U tadbirkorlar va investorlarning qonuniy huquq va manfaatlari himoyasi sohasidagi nazorat uchun mas’ul bo‘ladi. Endilikda prokuratura idoralari bu borada qulay huquqiy muhit yaratishda muhim o‘rin tutadi.

Mutasaddilar birinchi chorak yakuni bilan 8 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyani o‘zlashtirish rejalari, qo‘shimcha eksport imkoniyatlari yuzasidan axborot berdi.

Posted on Leave a comment

Xorijiy hamkorlardan samimiy qutlovlar



Ma’naviy poklanish va ezgu amallarga intilish, jamiyatda xayr-u-saxovat, bag‘rikenglik, mehr-oqibat kabi fazilatlarni qaror toptirishni o‘zida mujassam etgan, butun dunyo musulmonlari uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy mamlakatlar yetakchilari, hukumatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan qutlovlar kelmoqda.

Xorijiy hamkorlar o‘z qutlovlarida davlatimiz rahbari va mamlakatimizning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor etmoqda.

Quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:

Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud;

Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud;

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon;

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi;

Kuvayt Davlati Amiri Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh; 

Kuvayt Davlati Valiahdi Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh;

Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II;

O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said;

Bahrayn Podshohi Hamad bin Iso al-Xalifa;

Marokash Podshohi Muhammad VI;

Jazoyir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulmajid Tebbun;

Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos;

Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha.

Qutlovlar kelishda davom etmoqda.

Posted on Leave a comment

Davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-fevral kuni ijtimoiy sohada davlat-xususiy sheriklik loyihalarini samarali tashkil qilishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Iqtisodiyotda davlat ulushini keskin qisqartirish bo‘yicha mamlakatimizda katta islohotlar olib borilmoqda. 2019-yilda “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida” qonun qabul qilingani bunga keng yo‘l ochdi.

Bunday sheriklik ijtimoiy sohalarda yaxshi natijalar berayapti. Masalan, 1 million 200 ming o‘rinli xususiy bog‘chalar ochilgani tufayli qamrov darajasi 77 foizga chiqdi. Oliy ta’lim tizimida 57 ta loyiha samarasida 29 ming talaba yotoqxona bilan ta’minlandi. Tibbiyotda otolaringologiya, diagnostika, laboratoriya kabi xizmatlarda xususiy sektor ulushi ancha yuqori.

Shunga qaramay, bu borada hali imkoniyat ham, talab ham ko‘p. Taqdimotda tibbiyot, ta’lim, madaniyat va sport yo‘nalishlarida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki hamda boshqa hamkorlar bilan birgalikda sog‘liqni saqlash sohasida jami qiymati 1,2 milliard dollarlik 5 ta, maktabgacha va maktab ta’limi sohasida 745 million dollarlik 6 ta hamda oliy ta’lim sohasida 100 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish choralari belgilab olindi.

Xususan, Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Andijon va Samarqand shaharlarida ko‘p tarmoqli zamonaviy klinikalar quriladi. Hududlardagi markaziy shifoxonalarda tibbiyot bilan bog‘liq bo‘lmagan xizmatlar xususiy sektorga o‘tkaziladi.

Madaniyat va sport sohalaridagi ayrim faoliyatlarga xususiy sektorni jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Hozirgi kunga qadar 43 ta madaniyat markazi xususiy sektorga berilgan bo‘lib, yana qo‘shimcha 127 tasini berish imkoniyati aniqlangan.

Shu kabi bo‘sh turgan basseyn, sport zali va maydonlarini ham yangilab, sog‘lomlashtirish xizmatlarini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Buning uchun madaniyat va sport inshootlarini soddalashgan tartibda xususiy sheriklikka berish taklifi ilgari surildi.

Davlatimiz rahbari ijtimoiy sohadagi vazirliklar hamda mahalliy hokimliklarga tegishli obyektlar kesimida “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlab, ijrosini ta’minlash, xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Keyingi yillarda mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini o‘zida mujassam etadigan qadriyat va an’analarni bezavol saqlash hamda kelgusi avlodlarga yetkazish, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlar va dinlararo totuvlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, ko‘makka muhtoj, nogironligi bo‘lgan va ehtiyojmand insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ulkan ishlar olib borilmoqda. Bu kabi ezgu amallar muborak Ramazon oyida ayniqsa yorqin namoyon bo‘lmoqda.

Xalqimiz uchun azaldan mehr-oqibat, shukronalik va bag‘rikenglik timsoli bo‘lib kelgan muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida:

1. 2025-yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 1-mart kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Ushbu fazilatli oyda “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” g‘oyasi asosida:

ehtiyojmandlar hamda ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarga yordam berish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga;

oilaviy rishtalarni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish hamda hurmat va mehr-oqibat qadriyatlarini tarannum etishga;

atrof-muhitni asrash, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va  qabristonlarni obodonlashtirish, ko‘chatlar ekishga hamda Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarda me’yorga amal qilish va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tibor berilsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Xalqaro dzyudo federatsiyasi bilan sheriklikni yanada kengaytirish rejalarini qo‘llab-quvvatladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-fevral kuni nufuzli «Katta dubulg‘a» xalqaro turniri doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbari Marius Vizerni qabul qildi.

Mazkur yirik sport tashkiloti bilan mamlakatimizda dzyudo maktabini rivojlantirish va ushbu yakkakurash turini ommalashtirish borasidagi samarali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston xalqaro federatsiya faoliyatida faol ishtirok etmoqda. 2022-yilda mamlakatimizda kattalar o‘rtasida jahon chempionati, o‘tgan yili harbiy xizmatchilar o‘rtasida jahon birinchiligi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Parij shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida Diyora Keldiyorova O‘zbekiston tarixida ilk bor dzyudo bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Federatsiya rahbari Marius Vizer mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va sportning barcha turlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlar, ayniqsa, qizlarni keng jalb etish, zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi.

Uchrashuvda sportchilar, murabbiylar va hakamlarni tayyorlashda federatsiyaning texnik ko‘magi va ekspert yordamini kengaytirish, iqtidorlarni saralashning samarali mexanizmini joriy qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz hududlarida dzyudo bo‘yicha xalqaro musobaqalarni muntazam o‘tkazib borish taklifi bildirildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti milliy dzyudo maktabini rivojlantirishga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi uchun Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbari Marius Vizerga davlatimizning yuksak mukofoti – «Do‘stlik» ordenini topshirdi.

Posted on Leave a comment

Sud faoliyatini yanada yaxshilash masalalari ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-fevral kuni sud faoliyatini yanada yaxshilash, ochiqlik va raqamlashtirish darajasini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Inson manfaatlari, qonun ustuvorligini ta’minlaydigan bu sohani takomillashtirish davlatimizning doimiy e’tiborida. So‘nggi sakkiz yilda sudlarga doir 70 ga yaqin qonun, farmon va qaror qabul qilindi. Ularning moddiy-texnik bazasi yaxshilandi.

Bular aholi va tadbirkorlarning masalalarini hal etib, adolatni qaror toptirishga xizmat qilayapti. O‘tgan yili sudlarda 3 milliondan ortiq masala ko‘rib chiqildi. Bu – aholining huquqiy ongi oshib borayotganidan dalolat.

Hozirgi kunda sudga ariza berish, sud ishining holatini kuzatish, sud hujjatlaridan elektron nusxa olish kabi 14 ta xizmat raqamlashgan. Oliy sudning my.sud.uz portalida xizmatlar va undan foydalanuvchilar soni ko‘payib bormoqda. Shu paytgacha 17 millionga yaqin sud ishi axborot tizimlari orqali yuritilgan, 15,5 millionta ish sudyalarga inson omilisiz taqsimlangan.

2024-yil 1-noyabrdan boshlab, sudlarning ichki hujjatlar aylanmasi to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi. Natijada qisqa davrda davlat byudjetidan 638 million so‘mlik xarajatlar iqtisod qilindi.

Endi buni izchil davom ettirish, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish kerak. Xususan, sud muhokamasining taxminiy natijasi va ketadigan xarajatlarni oldindan aniqlab berish, huquqiy yordam bo‘yicha virtual maslahatchini yaratish, tayinlangan jarimalarni onlayn kuzatish va elektron shaklda to‘lash kabi imkoniyatlar odamlarga katta qulaylik yaratadi. Bugun rivojlanayotgan sun’iy intellektdan foydalanib, bu kabi ko‘plab yangiliklarni joriy etish mumkin.

Shu bois yig‘ilishda sud faoliyatini raqamlashtirish darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Taqdimotga ko‘ra, sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan butunlay voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi amalga oshiriladi. Buning uchun Oliy sud huzurida Axborot texnologiyalari markazi tashkil etiladi. U sudlarga zarur bo‘lgan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar yaratish, sun’iy intellektni joriy etish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Tadbirkorlik subyektlari bilan sudlar o‘rtasida elektron ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yiladi. Ishlarni ko‘rib chiqish tezkorligi oshadi.

Davlatimiz rahbari buning uchun sudlar va barcha aloqador tashkilotlarning axborot tizimlari integratsiyasi muhimligini, qulayliklarni odamlar sezishi kerakligini ta’kidladi.

Bu ishlarni kengaytirish, huquq-tartibot idoralari ma’lumotlarini sudlar bilan samarali bog‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Har yili sudlarda 1 millionga yaqin nizosiz ishlar ham ko‘rilayapti. Masalan, o‘tgan yili fuqarolik sudlarida kommunal qarzdorlik bo‘yicha 200 mingga yaqin shunday ish ko‘rilgan. Aslida buni notariusda ham hal qilsa bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, nizosiz ishlarni ko‘rib chiqishni tegishli idoralarga o‘tkazish taklifi bildirildi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasiga ko‘ra, Oliy sudga qonunchilik tashabbusi vakolati berilgan. Shunga asosan, tadbirkorlik, investitsiya, infratuzilma, yer, soliq, kredit, mehnat munosabatlari kabi eng ko‘p uchrayotgan masalalarni tahlil qilib, har oyda hukumatga, har chorakda parlamentga taklif kiritib borish muhimligi ta’kidlandi.

Sohaga oid qonunlarni xalqaro standartlarga moslashtirish, sudni yanada xalqchil qilish, tizimni moliyalashtirish bo‘yicha qonunlar zarurati qayd etildi.

Iqtisodiy sud tizimini isloh qilish, bu borada yagona sud amaliyotini yo‘lga qo‘yish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

Sud binolarida odamlar uchun zarur sharoit yaratish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Sudyalar malakasini, jumladan, axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimini oshirish, yosh kadrlarni shu jihatlardan yetuk etib tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

Sud faoliyatini yanada yaxshilash masalalari ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-fevral kuni sud faoliyatini yanada yaxshilash, ochiqlik va raqamlashtirish darajasini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Inson manfaatlari, qonun ustuvorligini ta’minlaydigan bu sohani takomillashtirish davlatimizning doimiy e’tiborida. So‘nggi sakkiz yilda sudlarga doir 70 ga yaqin qonun, farmon va qaror qabul qilindi. Ularning moddiy-texnik bazasi yaxshilandi.

Bular aholi va tadbirkorlarning masalalarini hal etib, adolatni qaror toptirishga xizmat qilayapti. O‘tgan yili sudlarda 3 milliondan ortiq masala ko‘rib chiqildi. Bu – aholining huquqiy ongi oshib borayotganidan dalolat.

Hozirgi kunda sudga ariza berish, sud ishining holatini kuzatish, sud hujjatlaridan elektron nusxa olish kabi 14 ta xizmat raqamlashgan. Oliy sudning my.sud.uz portalida xizmatlar va undan foydalanuvchilar soni ko‘payib bormoqda. Shu paytgacha 17 millionga yaqin sud ishi axborot tizimlari orqali yuritilgan, 15,5 millionta ish sudyalarga inson omilisiz taqsimlangan.

2024-yil 1-noyabrdan boshlab, sudlarning ichki hujjatlar aylanmasi to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi. Natijada qisqa davrda davlat byudjetidan 638 million so‘mlik xarajatlar iqtisod qilindi.

Endi buni izchil davom ettirish, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish kerak. Xususan, sud muhokamasining taxminiy natijasi va ketadigan xarajatlarni oldindan aniqlab berish, huquqiy yordam bo‘yicha virtual maslahatchini yaratish, tayinlangan jarimalarni onlayn kuzatish va elektron shaklda to‘lash kabi imkoniyatlar odamlarga katta qulaylik yaratadi. Bugun rivojlanayotgan sun’iy intellektdan foydalanib, bu kabi ko‘plab yangiliklarni joriy etish mumkin.

Shu bois yig‘ilishda sud faoliyatini raqamlashtirish darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Taqdimotga ko‘ra, sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan butunlay voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi amalga oshiriladi. Buning uchun Oliy sud huzurida Axborot texnologiyalari markazi tashkil etiladi. U sudlarga zarur bo‘lgan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar yaratish, sun’iy intellektni joriy etish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Tadbirkorlik subyektlari bilan sudlar o‘rtasida elektron ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yiladi. Ishlarni ko‘rib chiqish tezkorligi oshadi.

Davlatimiz rahbari buning uchun sudlar va barcha aloqador tashkilotlarning axborot tizimlari integratsiyasi muhimligini, qulayliklarni odamlar sezishi kerakligini ta’kidladi.

Bu ishlarni kengaytirish, huquq-tartibot idoralari ma’lumotlarini sudlar bilan samarali bog‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Har yili sudlarda 1 millionga yaqin nizosiz ishlar ham ko‘rilayapti. Masalan, o‘tgan yili fuqarolik sudlarida kommunal qarzdorlik bo‘yicha 200 mingga yaqin shunday ish ko‘rilgan. Aslida buni notariusda ham hal qilsa bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, nizosiz ishlarni ko‘rib chiqishni tegishli idoralarga o‘tkazish taklifi bildirildi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasiga ko‘ra, Oliy sudga qonunchilik tashabbusi vakolati berilgan. Shunga asosan, tadbirkorlik, investitsiya, infratuzilma, yer, soliq, kredit, mehnat munosabatlari kabi eng ko‘p uchrayotgan masalalarni tahlil qilib, har oyda hukumatga, har chorakda parlamentga taklif kiritib borish muhimligi ta’kidlandi.

Sohaga oid qonunlarni xalqaro standartlarga moslashtirish, sudni yanada xalqchil qilish, tizimni moliyalashtirish bo‘yicha qonunlar zarurati qayd etildi.

Iqtisodiy sud tizimini isloh qilish, bu borada yagona sud amaliyotini yo‘lga qo‘yish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

Sud binolarida odamlar uchun zarur sharoit yaratish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Sudyalar malakasini, jumladan, axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimini oshirish, yosh kadrlarni shu jihatlardan yetuk etib tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Turkiya Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-fevral kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anni tavallud kuni bilan samimiy tabrikladi.

Davlatimiz rahbari Turkiya yetakchisiga sihat-salomatlik, farovonlik, qardosh turk xalqining barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Zamonaviy Turkiyaning barpo etilishida, mamlakatning global maydondagi nufuzi yuksalishida, O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari bugungi yuksak darajaga ko‘tarilishida Prezident Rejep Erdog‘anning o‘rni va shaxsiy hissasi alohida qayd etildi.

Turli darajalarda faol, sermahsul muloqot va almashinuvlar davom etayotgani, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlik sur’ati oshib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Investitsiyalar, innovatsiyalar, energetika, infratuzilma, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarda qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi bo‘lajak sammitlar kun tartibini tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Suhbat yakunida yetakchilar butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan bir-birini tabriklab, qardosh O‘zbekiston va Turkiya xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri qo‘shma biznes forumida ishtirok etdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif O‘zbekiston-Pokiston biznes forumida ishtirok etdilar.

Tadbirda ikki mamlakat yetakchi kompaniyalarining 300 nafarga yaqin rahbarlari va vakillari ishtirok etdi. Pokiston tomonidan «Al-Rafique Enterprises,» «Mehran Dates Products», «Brighto Chemicals», «Transfopower Industries», «FWO», «T.M.C», «Pakistan Mobile», «TCS» va boshqa ko‘plab kompaniyalar qatnashdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bugun bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralarda ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilingani, katta reja va vazifalar belgilab olinganini ta’kidladi. Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzishga kelishib olindi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning «lokomotivi» sifatida belgilandi.

– Ulkan salohiyatga ega bo‘lgan iqtisodiyotlarimiz bir-birini to‘ldirishga qodir, – dedi Prezidentimiz.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan oshdi, 130 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Shu jihatdan O‘zbekiston Pokistonning Markaziy Osiyodagi eng yirik savdo sherigiga aylandi.

Keyingi yillarda biznes uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda. Lahor bilan aviaqatnovlar tiklandi, reyslar sonini ko‘paytirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish rejalashtirilgan. Biznes forumlari, sanoat ko‘rgazmalari o‘tkazilmoqda. Karachi va Toshkent shaharlarida savdo uylari tashkil etilgan.

O‘zbekiston-Pokiston hamkorligi yangi loyihalar bilan boyimoqda. «Pak Merit», «Diamond Group», «Silk-way», «Getz Pharm», «Gerbion», «NLS» va boshqa kompaniyalar bilan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi.

Avvalo, yiliga kamida ikki marta – O‘zbekiston va Pokistonda biznes vakillarini keng jalb qilgan holda ishbilarmonlik tadbirlarini muntazam o‘tkazib borish muhimligi ta’kidlandi.

Jug‘rofiy yaqinlikni hisobga olib, tovar ayirboshlash hajmini keskin oshirish, shu jumladan amaldagi Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar nomenklaturasini kengaytirish, fitosanitariya, karantin va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, banklararo hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Elektron savdo platformalarini integratsiya qilishga alohida e’tibor qaratiladi.

Transport va logistika imkoniyatlari kengaymoqda. So‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasida yuk tashish hajmi 5 barobar oshdi. Ushbu sohadagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida qo‘shma transport-logistika kompaniyasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Xitoyni Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan temir yo‘l qurilishi boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Kelajakda ushbu strategik yo‘l Pokiston bandargohlari olib chiqishi mumkin, bu esa o‘zaro savdo va investitsiyalarni sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.

Sanoat kooperatsiyasini jadal rivojlantirish mamlakatlarimizning tub manfaatlariga mosdir.

Farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, geologiya, tog‘-kon, elektrotexnika, to‘qimachilik, charm sanoati va boshqa tarmoqlardagi loyihalar shular jumlasidan.

Hududlararo hamkorlik salohiyatidan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Shu ma’noda, hududlar rahbarlarining o‘zaro tashriflarini faollashtirish, bunda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini keng jalb etish muhimligi qayd etildi.

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif, o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar dasturini, shuningdek, biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholab, sheriklikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari strategik sheriklikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.

O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning barcha yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbarlari keyingi yillarda ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Faol siyosiy muloqotlar, samarali parlamentlararo va idoralararo almashinuvlar davom etmoqda.

2024-yilda tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni 130 taga yetdi. Karachi va Toshkentda savdo uylari ochildi. Toshkent va Lahor o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklandi.

Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forumlari va O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Qabul qilingan «yo‘l xaritasi» asosida tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.

Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, fitosanitariya va karantin talablarini, bojxona tartib-taomillarini o‘zaro soddalashtirish, standartlarni yaqinlashtirish, elektron savdo platformalarini integratsiya qilish, xaridlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash, banklararo hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish va boshqalar ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Yetakchi kompaniyalarning farmatsevtika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, geologiya va mineral resurslar, to‘qimachilik, charm sanoati va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Hududlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida davlatimiz rahbari O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlari forumini o‘tkazishni taklif etdi.

O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida to‘xtaldilar.

Keyingi bir necha yilda «O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston» multimodal yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi 5 barobar ko‘paygani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yuk aylanmasi hajmini yanada oshirish maqsadida qo‘shma transport-logistika kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi.

Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalda ilgari surish maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhim ekani ta’kidlandi.

Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini joriy yil iyul oyida Lahor shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.

Tomonlar madaniy-gumanitar va turizm almashinuvini yanada kengaytirish muhimligini qayd etdilar. Shu ma’noda, o‘zaro Madaniyat haftaliklari va turizm dasturlari taqdimotlarini o‘tkazishga kelishib olindi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, SHHT va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri terrorizm, radikalizm, islomofobiya va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini ta’kidladilar.

Keng ko‘lamli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yilda o‘tkazishga kelishib olindi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.