Posted on Leave a comment

“Temir yo‘l mahsulotini sertifikatlashtirish markazi” MCHJ Rahbariyati tomonidan Muqaddas Ramazon hayiti bayrami va Navro‘z – Umumxalq bayrami munosabati bilan Jamiyat xodimlarini tabriklash tadbiri o‘tkazildi.

2026 yil 19 mart kuni soat 16:00da, “Temir yo‘l mahsulotini sertifikatlashtirish markazi” MCHJ Rahbariyati tomonidan Muqaddas Ramazon hayiti bayrami va Navro‘z – Umumxalq bayrami munosabati bilan Jamiyat xodimlarini tabriklash tadbiri o‘tkazildi.

Rahbariyat tomonidan ushbu tadbirda Jamiyat xodimlari Muqaddas Ramazon hayiti bayrami va Navro‘z – Umumxalq bayrami bilan samimiy qutlandi.

Posted on Leave a comment

Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi – Yangi Oʻzbekistonning durdonasi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasida yakuniga yetgan bunyodkorlik ishlari va yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. 

Majmua davlatimiz rahbari tashabbusi bilan buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi. 

Xususan, majmua qoshida turizm markazi ochildi. Yondosh 15 gektar maydonda zamonaviy infratuzilma yaratilib, shinam mehmonxonalar, xizmat koʻrsatish va servis nuqtalari barpo etildi. Jumladan, 1 ta 115 oʻrinli toʻrt yulduzli, 2 ta uch yulduzli, 22 ta 176 oʻrinli oilaviy mehmon uylari hamda avtoturargoh qurilgan. Mazkur obyektlar toʻliq kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlanib, hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.

Natijada Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat koʻrsatgan boʻlsa, hozir kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega.

Majmuaning oʻzi Samarqandning, yangi Oʻzbekistonning durdonasi boʻlib qad rostladi. Uning maydoni 45 gektarni tashkil etadi. 10 ming kishiga moʻljallangan ulkan masjid, maʼmuriyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvon qurildi.

Ziyoratgohning qoq markazida Imom Buxoriy bobomizning tabarruk maqbarasi oʻrin olgan. 

Majmua tarkibida eng ilgʻor axborot texnologiyalari asosida 9 pavilyondan iborat noyob innovatsion muzey barpo etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya eʼtirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom maʼrifati rivojiga qoʻshgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qurʼoni karimda ismlari zikr qilingan 25 paygʻambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi maʼlumotlar joylashtirilgan.

Qadamjoda 14 ta moviy gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora unga ulugʻvor qiyofa bagʻishlab turibdi.

Davlatimiz rahbari turizm markazi va masjidda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

Maʼlumki, bir yarim ming yillik islom tarixini, ilm-maʼrifatini yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk olim-u ulamolarning nomlarisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shu kunlarda rasman ochilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham bu haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi.

Butun musulmon olamida hadis ilmi haqida gap ketsa, hech shubhasiz, bizning diyorimiz birinchilar qatorida tilga olinadi. Chunki Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk hadisshunos olimlar aynan mana shu zamin farzandlaridir.

Xususan, Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” kitobi dunyoda tan olingan eng moʻtabar oltita hadis kitobining biridir. Oʻn yoshidan boshlab hadis ilmini oʻrgangan alloma bobomiz 20 dan ortiq asar yozganlar. Ular to hanuz din-u diyonatimizni mustahkamlash yoʻlida islom ummatiga xizmat qilib kelmoqdalar.

Prezidentimiz har gal Samarqandga kelganida majmuaning qurilish jarayoni bilan tanishib, bu joy faqat ziyorat emas, ilm-maʼrifat, tarbiya va ibrat maskani boʻlishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna boʻlishi kerakligini taʼkidlagandi. 

– Ushbu betakror qurilish yangi Oʻzbekistonning ulkan imkoniyatlarini yaqqol namoyon etadi. Ziyoratgoh xalqimiz uchun, jahondagi barcha musulmonlar uchun ezgulik va maʼrifat nurini taratadigan qutlugʻ maskanga aylanadi deb ishonaman. Aminmanki, bu dargohni ziyorat qilib, uning maʼnaviy muhitidan bahramand boʻlgan inson, ayniqsa, yoshlar islom dinining asl maʼnosini anglab yetadi, toʻgʻri yoʻldan adashmaydi, – dedi Prezidentimiz.

Shuning uchun ham Imom Buxoriy majmuasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni keng yoʻlga qoʻyish, uni chinakam tarbiya va ibrat maktabiga aylantirish, bu yerda imom-xatiblar, mahalla faollari uchun malaka oshirish dasturlarini kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.

Bu yerdagi barcha ishlar yakuniga yetganini hisobga olib, yangi qurilgan muhtasham masjidda Hayit namozini ado etish taklif qilindi, bu moʻmin-musulmonlarimiz, butun el-yurtimizning koʻnglidagi ish, xalqimizga munosib Ramazon sovgʻasi boʻlishi taʼkidlandi. 

Shuning bilan davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston va Ozarbayjon yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti va Navroʻz bayrami munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Suhbatda Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yigʻilishida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tovar ayirboshlash barqaror ortib borayotgani, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarda qoʻshma kooperatsiya loyihalari ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tomonlar, shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildilar. Uning yanada keskinlashishi keng mintaqa uchun oldindan aytib boʻlmaydigan oqibatlarga, jahon iqtisodiyoti retsessiyasiga olib kelishi mumkinligi, vaziyatni faqat siyosiy-diplomatik vositalar bilangina tez fursatda yumshatish zarurligi qayd etildi.

Boʻlajak ikki va koʻp tomonlama tadbirlar rejasi ham koʻrib chiqildi.

Posted on Leave a comment

Birinchi Prezident maqbarasi ziyorat qilindi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi Hazrati Hizr majmuasida boʻlib, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi.

Qurʼon oyatlari tilovat etilib, duo oʻqildi.

Bugungi ayyom kunlarida ulugʻ ajdodlarimiz va bu dunyodan oʻtgan yaqinlarimizni yod etish, ularning ezgu ishlarini eslash xayrli amallardan ekani taʼkidlandi.

Posted on Leave a comment

Imom Buxoriy ruhi poklariga hurmat-ehtirom bajo keltirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 mart kuni Samarqand viloyati Payariq tumanida qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi.

Ziyoratgohning qoq markazida buyuk hadisshunis bobomizning tabarruk maqbarasi o‘rin olgan.

Davlatimiz rahbari maqbarani ziyorat qildi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

– Muborak Ramazon hayiti arafasida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining ruhi poklariga yana bir bor hurmat-ehtirom bajo keltirmoqdamiz. Buxoriy bobomiz Qur’oni karimdan keyingi eng mo‘tabar manba bo‘lgan hadislar kitobini yaratib, butun islom olamida shuhrat qozongan ulug‘ siymodir. Muqaddas zaminimiz dunyoga mana shunday mashhur allomani bergani bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

El-yurtimizning fidokorona mehnati bilan bugun orzu-niyatlarimiz ro‘yobga chiqdi. Bu betakror ziyoratgohni Imom Buxoriy bobomizning olamshumul mavqeiga, yuksak maqomiga munosib darajada bunyod etishga muyassar bo‘ldik. Mana shunday tabarruk maskan barchamizga muborak bo‘lsin, – dedi davlatimiz rahbari.

Posted on Leave a comment

Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifining ikkinchi kuni Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, oʻtgan yili yurtimizda aqida ilmining asoschisi Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoni hududida Imom Moturidiy majmuasini qayta taʼmirlash va obodonlashtirishga kirishilgandi.

Ayni paytda majmua va uning atrofida qurilish-obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Umumiy maydoni 10,2 gektar boʻlgan hududda Imom Moturidiy majmuasi qayta qurilib, 250 oʻrinli masjid, kirish peshtoqi, kutubxona, muzey va avtoturargoh bunyod etilmoqda.

Shuningdek, qurilish ishlari jarayonida Chokardiza qabristonida buyuk faqih Burhoniddin Margʻinoniy dafn etilgan joy ham aniqlanib, bu yerda maqbara qurilmoqda.

Allomalar yodga olinib, Qur’on tilovat qilindi.

Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirib, ushbu maskan dunyo musulmonlari talpinadigan ziyorat manzillaridan biri ekanini qayd etib, bu yerda ular uchun zamon talablariga mos sharoit yaratish zarurligini taʼkidladi.

– Majmuaga kelgan kishi avvalo Imom Moturidiy bobomizning ilmiy-maʼnaviy merosi, islom olamida tutgan mavqei haqida yorqin tasavvurga ega boʻlishi, allomaning maʼrifatparvar qarashlari bugun ham dolzarbligini his qilishi kerak, – dedi Prezidentimiz.

Qurilishni sifatli va oʻz vaqtida bajarish, hududda yashil maydonlarni koʻpaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmoniga sharh

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navro‘z umumxalq bayrami va muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarni namoyon etgan holda hamda davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining amaliy tasdig‘i sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 392 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 223 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 82 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 34 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi.

Shuningdek, 53 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 3 nafarini chet el fuqarolari, 26 nafarini ayol, 14 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 166 nafarini yoshlar hamda 24 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Posted on Leave a comment

Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Narpay tumanida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari avvalo yigʻilganlarni kirib kelayotgan muborak Ramazon hayiti va qutlugʻ ayyom – Navroʻzi olam bilan chin qalbdan tabrikladi.

Samarqandga oxirgi tashrifdan keyin oʻtgan toʻrt oy davomida mamlakatimiz hayotida katta oʻzgarishlar roʻy bergani taʼkidlandi.

Xususan, shu haftaning oʻzida Olmaliq shahrida 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi, poytaxtimizda nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning maʼnaviy xazinasi boʻlgan Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi. Ertaga esa Payariq tumanida buyuk hadisshunos ajdodimiz Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining ochilish marosimi oʻtkazilishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari bugun Vatanimiz qudratini yuksaltirish, har bir oila va har bir inson hayotini yaxshilash boʻyicha yanada katta marralar olinganini, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar esa bunga mustahkam zamin yaratayotganini taʼkidladi.

Shu bilan birga, bugungi talab kechagi yondashuvlar bilan cheklanib qolmaslikni, ertangi kun vazifalari esa yanada samarali va qatʼiy harakat qilishni talab etishi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda Samarqand ishsizlik, kambagʻallik, investitsiya va eksport kabi barcha yoʻnalishlarda namunaviy viloyat boʻlishi shartligi qayd etildi.

Buning uchun viloyat mahallalari infratuzilmasini yaxshilashga 100 million dollar, Urgut tumaniga qoʻshimcha 50 million dollar ajratildi. Umuman, viloyatga barcha manbalar hisobidan 11 trillion soʻm yoʻnaltirilmoqda. Tadbirkorlarga kredit resurslari uchun yana 18 trillion soʻm berilayotgani taʼkidlandi.

Ushbu mablagʻlar, eng avvalo, tumanlarda ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirishga, pirovardida esa viloyat iqtisodiyotini yuksaltirishga xizmat qilishi shartligi qayd etildi.

Yigʻilishda tumanlarning sanoat, servis va qishloq xoʻjaligi koʻrsatkichlari, yer osti va yer usti zaxiralari, mehnat resurslari, aholining biznes va kasbiy koʻnikmalarini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish, mahallalar imkoniyatlaridan kelib chiqib, har bir tumanning ichki rivojlanish modelini yaratish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Mazkur tahlillar asosida tuman hokimlari, “mahalla yettiligi” va mahalla bankirlari resurslarni eng koʻp ish oʻrni yaratadigan va budjet tushumlarini oshiradigan loyihalarga yoʻnaltirishi lozim.

Ushbu tizim 1-mayga qadar Narpay va Termiz tumanlarida joriy qilinib, butun respublika uchun namuna sifatida tatbiq etilishi belgilandi.

Yigʻilishda Samarqand viloyati rahbariyati oldida kamida 9 foiz iqtisodiy oʻsishni taʼminlab, yalpi hududiy mahsulot hajmini 144 trillion soʻmdan oshirish, 3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish va eksportni 1,2 milliard dollarga yetkazish vazifasi turgani qayd etildi.

Shuningdek, 100 ming aholini doimiy ish bilan taʼminlash, 31 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish va viloyatni ishsizlik hamda kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Mavjud imkoniyatlar va ishga solinmagan salohiyat Narpay, Qoʻshrabot, Kattaqoʻrgʻon, Paxtachi tumanlari misolida tahlil qilindi.

Ushbu tumanlar va Kattaqoʻrgʻon shahrining viloyat sanoatidagi jami ulushi atigi 10 foizni tashkil qilayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan mazkur hududlarda sanoatni rivojlantirish boʻyicha alohida dastur qabul qilinib, 1 trillion 200 milliard soʻm ajratiladi. Bu mablagʻning 800 milliard soʻmi sanoat loyihalarini zarur infratuzilma bilan taʼminlashga, qolgan 400 milliard soʻmi yoʻl, suv, elektr taʼminotini yaxshilash, servis va renovatsiya loyihalariga yoʻnaltiriladi.

Mazkur mablagʻlar hisobidan Kattaqoʻrgʻon shahridan 40 kilometr masofada joylashgan Ingichka shaharchasiga sanoat va Yangi Oʻzbekiston qiyofasi kirib borishi, Kattaqoʻrgʻon shahri markazidagi Narpay kanali ustida 60 yil avval qurilgan koʻprik ham rekonstruksiya qilinishi belgilandi.

Joriy yil Samarqand viloyatiga 500 ta elektrobus olib kelish choralarini koʻrish topshirildi.

Umuman, Narpay, Paxtachi, Payariq, Qoʻshrabot, Ishtixon, Kattaqoʻrgʻon tumanlari va Kattaqoʻrgʻon shahrida sanoat va servisni rivojlantirish, hududlarga yangicha qiyofa olib kirish ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.

Yigʻilishda jahondagi notinchliklar tufayli logistika zanjirlarining uzilishi, neft narxi va transport xarajatlarining oshib borayotgani oziq-ovqat narxlariga taʼsir qilishi tabiiy ekani taʼkidlandi. Shu bilan birga, dunyoda qariyb 100 million turist sayohat uchun tinch va xavfsiz mamlakatlarni qidirayotgani qayd etildi.

Bunday sharoitda oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish, turizm va servis sohalaridagi mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solish hokimlarning eng asosiy vazifasi boʻlishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Yaylov yerlarini toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berish muddati yana bir yilga uzaytirilishi belgilandi. Viloyatning 4 ta tumanida jami 43 ming gektar maydonda jamoat yaylovlari tashkil etilib, mahallalarga 30 yilga bepul ijaraga beriladi. Yaylovlarda quduq qazish, suv chiqarish, urugʻ ekish va degradatsiyadan chiqarish xarajatlari uchun 50 milliard soʻm ajratiladi.

Chorva naslchiligini rivojlantirish maqsadida laboratoriya uskunalari va naslli qoramol xaridi uchun 10 yilga 12 foizli kredit ajratiladi. Bulungʻur tumanida 50 million dollarlik goʻsht yoʻnalishidagi naslchilik korxonasi, Qoʻshrabotda esa 20 million dollarlik tuxum yoʻnalishidagi naslchilik korxonasi ishga tushiriladi.

Joriy yil 1-maydan boshlab baliqchilik xoʻjaliklariga quyosh panellarini oʻrnatish uchun 16 foizli kredit ajratiladi. Panelni oʻz mablagʻi hisobidan oʻrnatganlarga esa xarajatning 25 foizi qoplab beriladi.

Kartoshka yetishtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, Misrdan 250 ming dona kartoshka mini tuganagi olib kelinib, Bulungʻur tumanida koʻpaytirish boshlanadi. Gollandiyadan 6 ming tonna urugʻlik kartoshka olib kelinib, fermerlarga ustamasiz yetkazib beriladi.

Prezidentimiz turizm sohasidagi vazifalarga ham alohida toʻxtalib oʻtdi.

Xalqaro turizm bozoridagi noaniqlik sharoitida Oʻzbekistonni xavfsiz turistik yoʻnalish sifatida targʻib qilish boʻyicha katta kampaniya boshlanishi qayd etildi. Bu jarayonda turizm uchun eng qulay davr boʻlgan aprel-iyun oylari uchun alohida dastur tayyorlanib, “Oʻzbekistonda ochiq turizm mavsumi” eʼlon qilinadi.

Ushbu muddatda aviakompaniyalarga yangi reyslar yoʻlga qoʻyib, olib kelingan har bir xorijiy sayyoh uchun 100 dollardan subsidiya beriladi. Bunday aviakompaniyalarga aeroport xizmatlari uchun 20 foiz chegirma taqdim etiladi.

1-apreldan boshlab turoperatorlarga uch oy mobaynida jalb qilingan har 1 ming xorijiy turist uchun byudjetdan 5 ming dollargacha subsidiya beriladi. Qoʻshilgan qiymat soligʻining yarmi “keshbek” sifatida qaytariladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 5 milliondan ortiq kuzatuvchisi boʻlgan 50 nafar xorijiy blogerga Oʻzbekistonga kelish uchun yetti kunlik bepul turpaket taqdim etiladi.

Joriy yilning oʻzida Samarqandda dunyoga mashhur kamida 5 nafar sanʼatkorning gastrolini, shuningdek, 10 ta biznes-forum va moda festivalini oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, Samarqandni aniq va tabiiy fanlar boʻyicha olimpiada, forum va ilmiy konferensiyalar oʻtkaziladigan xalqaro xabga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Mavjud salohiyatdan samarali foydalanish hisobiga Samarqandga yil yakuniga qadar 6 million sayyoh olib kelish maqsadi belgilab olindi.

Yigʻilishda viloyat va tuman hokimlari, tarmoq rahbarlari hamda boshqa mutasaddilarning hisobotlari tinglandi, Samarqand ahli bilan muloqot qilindi.

Posted on Leave a comment

Samarqand viloyatida yirik loyihalarni ishga tushirish va qurilishini boshlashga start berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida hududda yirik loyihalarni ishga tushirish va qurilishini boshlashga bagʻishlangan marosimda ishtirok etdi.

Tadbir doirasida viloyatda oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo va farmatsevtika, qurilish materiallari, metall va mebel sanoati sohalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Davlatimiz rahbari hududning zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, ilgʻor texnika va texnologiyalari, sanoat mahsulotlari bilan tanishdi.

Samarqand viloyati mamlakatimiz iqtisodiyotida strategik oʻringa ega hudud sifatida barqaror rivojlanib bormoqda. Soʻnggi yillarda bu yerda sanoat hajmi izchil oʻsib, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhiti mahalliy hamda xorijiy sarmoyalarni keng jalb etishga mustahkam zamin yaratdi. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarning soni yildan-yilga ortib borayotgani bu boradagi ijobiy dinamikani yaqqol tasdiqlaydi.

Marosimda shahar va tumanlarda qariyb 7 milliard dollar investitsiya hisobiga 106 ta yangi loyiha ishga tushirish va qurilishga tayyor ekani haqida axborot berildi. Tadbirga videoaloqa orqali yangi qurilayotgan va ishga tushirilayotgan loyihalarning masʼullari ham ulandi.

Ushbu loyihalar viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlarini qamrab olgan. Jumladan, togʻ-kon sanoati va geologiya, qurilish materiallari, avtosanoat, kimyo sanoati, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, sogʻliqni saqlash, xizmat koʻrsatish va turizm sohalarida yangi quvvatlarni ishga tushirish hamda istiqbolli obyektlar qurilishini boshlash nazarda tutilgan.

Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev loyihalar ijrochilari, mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari bilan suhbatlashdi, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi. Bu kabi loyihalar Samarqand viloyatining sanoat salohiyatini yanada mustahkamlash, ishlab chiqarish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va hududda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda muhim omil boʻlishi taʼkidlandi.

Shundan soʻng davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, Samarqand viloyatidagi yirik loyihalarni ishga tushirish va yangilarining qurilishini boshlab berdi. 

Jumladan, Avstriya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Hindiston va Rossiya bilan hamkorlikda 2 milliard 400 million dollarlik 53 ta loyiha ishga tushdi.

Shuningdek, Niderlandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Rossiya va Eron bilan hamkorlikda 4 milliard 600 million dollarlik 53 ta loyiha boʻyicha qurilish ishlari boshlandi.

Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga 18 mingta yangi ish oʻrni yaratish, 13 trillion soʻmlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va buning natijasida 700 million dollarlik eksport salohiyatini taʼminlash imkoniyati paydo boʻladi. Bu esa viloyat sanoatini diversifikatsiya qilish, zamonaviy ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirish va eksport geografiyasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Shu yerning o‘zida Prezidentimizga Narpay tumanida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar taqdimot qilindi.

Narpay tumanidagi 8 ta nasos stansiya DXSH asosida xususiy sektorga berilgan. O‘tgan davrda 21 ta nasos agregatlari 12,3 milliard so‘m investitsiya kiritish hisobiga yangilangani natijasida yillik energiya iste’moli 68,1 million kilovatt-soatdan 34,1 million kilovatt-soatgacha kamaytirishga erishildi.

Umuman, Samarqand viloyatining suv xo‘jaligiga yangi ilmiy yondashuvlar joriy qilinmoqda. Bu borada ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida viloyat hokimiga ilmiy maslahatchi biriktirilmoqda. Shuningdek, sohada dual ta’lim yo‘lga qo‘yilib, 72 nafar talabaning suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, gidrotexnika va gidroenergetika, kadastr va ekologiya yo‘nalishlarida 6 oylik uzluksiz amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Davlatimiz rahbari bu ishlarni izchil va tizimli davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Narpayda sanoat va qishloq xoʻjaligi uygʻunligi yangi natijalar bermoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Narpay tumanida joylashgan “Maroqand sifat” klasteri tizimida chiqindisiz texnologiya tamoyili asosida ish olib borayotgan korxona faoliyati bilan tanishdi.

Klasterda paxta yetishtirishdan tortib, uni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan toʻliq qiymat zanjiri shakllantirilgan. Xususan, paxta va urugʻlik yetishtirish, yogʻ-moy ishlab chiqarish, tola va ip-kalava tayyorlash, shuningdek, tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarishni qamrab olgan 25 million dollarlik loyihalar amalga oshirilgan. Bunday yondashuv qishloq xoʻjaligi va sanoatni uzviy bogʻlash orqali yuqori qoʻshimcha qiymat yaratish imkonini bermoqda.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida korxona ip-kalava ishlab chiqarish boʻyicha yiliga 5,5 ming tonna, tayyor trikotaj mahsulotlari boʻyicha esa 1 million dona quvvatga ega boʻldi. Mazkur koʻrsatkichlar 10 million dollarlik eksport salohiyatini taʼminlashga xizmat qiladi. Bu esa klasterning ichki va tashqi bozorlardagi oʻrnini mustahkamlashga zamin yaratadi.

Korxona faoliyatining yana bir muhim jihati aholi bandligini taʼminlashga qoʻshayotgan hissasidir. Ayni paytda bu yerda 1 ming nafar doimiy ish oʻrni yaratilgan boʻlsa, mavsumiy ishlar davrida yana 3 ming nafar aholi ish bilan taʼminlanmoqda. 

“Maroqand sifat” klasterining mato qoldiqlarini qayta ishlash orqali ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonasi ilgʻor va samarali tashabbuslardan biri hisoblanadi. 

Loyiha tarkibida biolaboratoriya hamda tikuv sexlari faoliyat yuritmoqda. Bu yerda ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan chiqindilarni qayta ishlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Jumladan, tikuv sexlarida foydalanib boʻlingan mato qoldiqlari tashlab yuborilmaydi. Ular zamonaviy, yuqori tezlikda ishlovchi uskunalar orqali qayta ishlanib, yana ip-kalava holatiga keltiriladi. Ushbu yoʻnalishda yillik tola ishlab chiqarish quvvati 5 ming tonnani tashkil etadi. Bu esa resurslardan samarali foydalanish va ekologik barqarorlikni taʼminlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati 7 million dollar boʻlib, u 3,3 gektar maydonda joylashgan. Korxonada 500 nafar aholining doimiy bandligi taʼminlangan. Shu bilan birga, ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalarning joriy etilgani uning iqtisodiy samaradorligini yanada oshirmoqda.

Hozirda korxona hududida quyosh panellari oʻrnatilgan boʻlib, ular orqali ishlab chiqarish jarayonida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanilmoqda. Bu korxonaning energiya xarajatlarini kamaytirish bilan birga “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi va tikuv sexida mehnat qilayotgan xodimlar bilan samimiy suhbat qurdi.

– Sizlar bilan uchrashganimdan mamnunman. Bu yerda yaratilgan sharoitlar, tashkil etilgan ish oʻrinlari aholining bandligini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qilyapti. Har bir amalga oshirilayotgan loyiha – yurtimizdagi ulkan oʻzgarishlarning bir qismi. Albatta, ish oʻrinlariga talab oshib bormoqda. Shuning uchun biz yanada faol ishlayapmiz, har bir hududda yangi imkoniyatlar yaratishga harakat qilyapmiz, – dedi davlatimiz rahbari.