Posted on Leave a comment

Prezidentimiz yangi poyezdda Narpay tumaniga keldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birgalikda yurtimizga olib kelingan yangi “Hyundai Rotem” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdida Samarqand shahridan Narpay tumaniga keldi.

Buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi nomi bilan atalgan ushbu poyezd mamlakatimizga yetkazib berilishi rejalashtirilgan oltita “Hyundai Rotem” poyezdlaridan birinchisi. Poyezd yetti vagondan iborat, soatiga 260 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.

Oynalari qoraytirilgan oq rangli tarkib Oʻzbekiston bayrogʻini eslatuvchi moviy, yashil va qizil rangli chiziqlar hamda “Jaloliddin Manguberdi” yozuviga ega. Poyezdning uzunligi 175 metrni, sigʻimi esa uchta – VIP, biznes va ekonom toifalarida 390 nafarga yaqin yoʻlovchini tashkil etadi.

Poyezd Oʻzbekiston iqlimi uchun maxsus ishlab chiqilgan boʻlib, changga, juda yuqori va juda past haroratlarga hamda qum boʻronlariga chidamli tizimlar bilan jihozlangan, uzoq masofalarga moʻljallangan.

Yaqin orada “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi Toshkent – Urganch – Xiva yoʻnalishi boʻylab qatnay boshlaydi. Qatnov vaqti 7 soatni tashkil etishi kutilmoqda.

Safar chogʻida davlatimiz rahbari viloyat faollari, mehnat faxriylari va ilgʻor yoshlar bilan samimiy suhbatlashdi.

Yurtimizda boʻlayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar, tobora koʻpayib borayotgan yirik loyihalar, odamlar farovonligi va qulayligi uchun amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslar haqida fikr almashildi.

Narpayga kelgach, Prezidentimiz gidroponika usulida tashkil etilgan qulupnaychilik issiqxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Samarqandda azaldan dehqonchilik madaniyati rivoj topgan. Yer va suvdan unumli foydalanish boʻyicha tajriba katta. Narpay tumanida ham har qarich yer maydoni va mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish, ilgʻor agrotexnologiyalarni joriy etishga eʼtibor ortib bormoqda.

Bugun gidroponika usulida mahsulot yetishtirish amaliyotiga talab katta. “Narpay qulupnay” korxonasi ana shunday innovatsion yondashuvni amaliyotga tatbiq etib, yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishayotgan ilgʻor tadbirkorlik subyektlaridan biri hisoblanadi.

Loyihaning umumiy qiymati 650 ming dollarni tashkil etib, bir gektar maydonda zamonaviy issiqxona barpo etilgan. Mazkur issiqxonada yiliga 50 tonna qulupnay yetishtirish imkoniyati mavjud.

Ayni paytda korxona “Narpay qulupnaylari” brendi ostida mahsulotlarini mahalliy yirik savdo tarmoqlariga yetkazib bermoqda. Bu esa ichki bozorni sifatli va ekologik toza mahsulotlar bilan taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Gidroponika texnologiyasi asosida qulupnay tuproqsiz, maxsus ozuqaviy eritmalar yordamida parvarishlanadi. Oʻsimlik ildizlari yerda emas, balki suvni yaxshi oʻtkazuvchi kokos qipigʻi muhitida rivojlanadi. Bunda qulupnay zarur mineral moddalarni toʻgʻridan-toʻgʻri suv orqali qabul qiladi. Bu esa oʻsimlikning energiya sarfini kamaytirib, oʻsish jarayonini tezlashtiradi. Hosildorlik anʼanaviy usullarga nisbatan bir necha baravar yuqori boʻladi.

Shu bilan birga, gidroponika texnologiyasi kichik maydonda katta hajmda mahsulot yetishtirish imkoniyatini yaratadi. Eng muhimi, tuproqdan foydalanilmasligi tufayli suv sarfi 80 foizgacha kamayadi. Oʻsimlik kasalliklari xavfi past boʻlgani sababli kimyoviy vositalardan foydalanish minimal darajaga tushiriladi. Bu esa mahsulotning ekologik tozaligini taʼminlashga xizmat qiladi va bugungi kun talablariga toʻliq javob beradi.

Issiqxonada suv tejamkor texnologiyalar joriy etilgan. Xususan, yomgʻir suvini toʻplash va undan samarali foydalanish maqsadida katta sigʻimli suv havzasi barpo qilingan. Shuningdek, avtomatlashtirilgan gidroponika uskunalari, quyosh panellari va energiya tejamkor yoritish tizimlari oʻrnatilgani ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirmoqda.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yil davomida barqaror yetkazib berishni taʼminlashda bunday loyihalarning ahamiyati alohida ekani taʼkidlandi. Tadbirkorning istiqboldagi rivojlanish rejalari haqida ham maʼlumot berildi.

Xususan, kelgusida loyihani kengaytirish, qoʻshimcha ravishda 60 gektar maydonda yangi issiqxonalar barpo etish rejalashtirilgan. Buning natijasida ishlab chiqarish hajmi yiliga 300 ming tonnagacha oshadi. Yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Davlatimiz rahbari bunday usuldagi issiqxonalarni aholi xonadonlarida ham ko‘paytirish orqali barqaror daromad manbalarini yaratish muhimligini ta’kidladi.

– Bugun barcha sohada bo‘lgani kabi mazkur yo‘nalishda ham sun’iy intellektdan samarali foydalanish zarur. Agar ishlar to‘g‘ri tashkil etilib, odamlarni bu ish bilan shug‘ullanishga o‘rgatsak va buni Narpay tajribasi sifatida keng ommalashtirsak, xalqimiz gidroponika usulida yil davomida hosil yetishtirib bozorni ham to‘ldiradi, yaxshigina daromad ham qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Posted on Leave a comment

Samarqandga yana 250 ta elektrobus olib kelinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida jamoat transporti uchun olib kelingan zamonaviy elektrobuslar va quvvatlash stansiyasi faoliyati bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining 2023-yil 17-fevralda qabul qilingan “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida hududlarda ham avtotransport xizmatlari yaxshilanib, jamoat transporti yoʻnalishlari kengaytirilmoqda.

Bunda avtobus parklarini zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilish, yoʻnalishlar boʻylab ekologik toza avtotransport qatnovini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ayni maqsadlarda Samarqand shahriga birinchi bosqichda 49 million dollar hisobiga 100 ta zamonaviy elektrobus olib kelindi. Mazkur “Yutong” rusumli elektrobuslar 30 oʻrinli boʻlib, umumiy sigʻimi 75 nafar yoʻlovchidan iborat.

Yangi avtobuslar uchun 4 gektarga yaqin maydonda avtosaroy tashkil etilgan. Bu yerdagi elektrobuslarni quvvatlash stansiyasida bir vaqtning oʻzida 50 ta jamoat transportiga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi.

Elektrobuslar uchun barpo etilgan yopiq turargohda texnik xizmat koʻrsatish uchun mobil taʼmirlash texnikasi ham mavjud. Elektrobuslar shaharning 9 ta yoʻnalishida brutto-shartnoma asosida harakatlanib, kuniga 70 mingga yaqin yoʻlovchiga xizmat koʻrsatmoqda.

Loyihaning ikkinchi bosqichida esa yana 250 ta elektrobus xarid qilish nazarda tutilgan. Buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan 120 million dollar mablag‘ jalb qilish rejalashtirilgan. Natijada yoqilgʻi sarfi 32 ming litr, zararli gazlar miqdori 27 tonnaga kamayadi.

Bugungi kunda avtosaroyda 265 nafar xodim mehnat qilmoqda. Yangi elektrobuslarning olib kelinishi jarayonida esa yana 500 dan ziyod ish oʻrinlari yaratiladi.

Prezidentimiz yangi avtobuslarni koʻzdan kechirdi.

– Mazkur sohaning iqtisodiy barqarorligini oshirish uchun elektrobuslarga xizmat koʻrsatadigan, ularni taʼmirlaydigan mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha Samarqand tajribasini yaratishimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu yerning oʻzida Samarqand shahrida jamoat transportini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, jumladan, avtobuslar harakatini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish yuzasidan taqdimot oʻtkazildi.

Prezidentimiz tashrif asnosida mazkur hududga yondosh boʻlgan Gagarin va Rudakiy koʻchalari kesishmasida barpo etilgan yoʻl oʻtkazgichni ham koʻzdan kechirdi.

Uzunligi 600 metrni tashkil etgan tunnel 12 million dollar hisobiga barpo etilgan, bir kunda oʻrtacha 50 mingta transport vositasini oʻtkazishi mumkin.

Koʻcha boʻylariga elektron shaklda boshqariladigan tungi yoritish tizimi, yer osti piyodalar yoʻlagi barpo etilgan.

Tunnel Xitoy va Turkiya qurilish kompaniyalari bilan hamkorlikda barpo etildi. Devorlari zamonaviy qurilish texnologiyasidan foydalangan holda burgʻilash usuli orqali tirgak devorlari barpo etilgan.

Mazkur qurilish transport vositalari harakati toʻxtatilmagan holda olib borildi. Hudud koʻkalamzorlashtirilib, manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.

Posted on Leave a comment

Prezidentimiz Samarqandda yoshlar bilan muloqot qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni Samarqandga keldi.

Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifini Samarqand shahridagi Yoshlar kreativ shaharchasi bilan tanishishdan boshladi.

Bugungi kunda shahar kengayib, yirik megapolisga aylanib bormoqda. Keyingi yillarda bu yerda yangi aholi turar joylari, ijtimoiy soha obyektlari tashkil etildi, aholi soni ancha oshdi. Tabiiyki, bunday sharoitda shaharda yashil maydonlarni koʻpaytirish, yangi bogʻ va xiyobonlar, aholi dam olish maskanlari yaratishga ehtiyoj oshadi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyatda har yili 16 million tupdan ortiq daraxt koʻchatlari ekilmoqda. Joriy yil bahorgi mavsumda ham 6,3 million tup mevali va manzarali daraxt, buta koʻchatlari oʻtqazish rejalashtirilib, ayni paytda viloyatning barcha hududlarida bu jarayon davom etmoqda.

Oʻzbekiston koʻchasida joylashgan sobiq harbiy gospital oʻrnidagi 5,4 gektar maydonda ham 70 milliard soʻmdan ortiq homiylik mablagʻlari hisobidan Yoshlar kreativ shaharchasi va jamoat bog‘i tashkil etildi.

Bu yerda madaniy meros obyektlari roʻyxatiga olingan 5 ta bino va inshoot boʻlib, endilikda ulardan yoshlar uchun zamonaviy va raqamli kutubxona, koʻp tarmoqli oʻquv markazi, kreativ toʻgaraklar, sunʼiy intellekt, 3D modellashtirish, robototexnika va kibersport oʻyinlari markazlari sifatida foydalaniladi. Axborot-resurs markazi, sport zallari, yer osti ekomuzeyi tashkil etildi.

Yoshlar kreativ shaharchasi, ayniqsa, yigit-qizlar uchun nafaqat dam olish maskani, balki axborot texnologiyalari sohasi va sport bilan shugʻullanish, startap loyihalarni amalga oshirish uchun qulay joy boʻladi.

Viloyat shaxmat federatsiyasi ham yangi bogʻda joylashgan. Federatsiya tomonidan bu yerda oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari, musobaqalar oʻtkazish imkoniyati mavjud.

Bogʻda bolalar attraksionlari, fitness zallari, stol tennis zali, tennis kortlari, vorkaut va mini golf maydonlari barpo etilgan. Hududda Nuroniylar maskani, oʻndan ortiq ayvonchalar qurilgan.

Prezidentimiz dastlab “Profi deutsch” nemis tilini oʻqitish va imtihon markazi faoliyati bilan tanishdi.

Ushbu loyihaning muhim jihati “Telc” imtihon markazi Markaziy Osiyoda ilk bor Samarqand shahrida ish boshlayapti. Markazda yoshlar nemis tilini oʻrganib, xalqaro “Telc” sertifikatini oladi. Sertifikat sohiblari Germaniyada dual kasbiy taʼlimda oʻqishini davom ettiradi, bandligi taʼminlanadi. Joriy yilda bunday imtihon markazini mamlakatimizning yana beshta hududida ochish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbariga “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi boʻyicha qilinayotgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi. Loyiha doirasida 8-11-sinf oʻquvchilariga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillar chuqur oʻrgatiladi. Oʻquvni muvaffaqiyatli yakunlaganlarga maxsus sertifikat beriladi.

Shuningdek, “Aloqa bank” va Milliy bank konsultativ markazining tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan yoshlarga imtiyozli kredit ajratish, startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlari, Yoshlar ishlari ishlari agentligining “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Qizlar akademiyasi” loyihalari bilan tanishildi.

Davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqot qildi, ularning loyihalari bilan tanishdi. Jumladan, “Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan amalga oshirilayotgan “Eco-schools Uzbekistan” loyihasida ishtirok etayotgan yosh ekofaollar 2026 yil uchun rejalari haqida so‘zlab berdilar.

– Yangi O‘zbekistonda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalarni barpo etyapmiz, yuqori daromadli ish joylari ochilyapti. Biz buni sizlarga – bilimli yoshlarga ishonib qilyapmiz. Buning uchun har daqiqangiz kelajagingiz uchun xizmat qilsin, do‘stingiz kitob bo‘lsin. Biror bilimni chuqur egallash va to‘g‘ri yo‘lni topish uchun insonga diqqat, sabr-toqat, ishtiyoq kerak. Mana shu ishtiyoqingiz so‘nmasin. Sizlar berayotgan takliflar bizning islohotlarimiz g‘oyasiga mos, men har qanday taklif va tashabbuslaringizni qo‘llab-quvvatlashga tayyorman, – dedi Prezidentimiz.

Samarqand shahrida bunday zamonaviy ta’lim va dam olish maskanlarini ko‘paytirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.

Posted on Leave a comment

Tarix tilga kirgan, tarixdan saboq olingan joyda, albatta, bilim va ma’rifat, taraqqiyot va adolat bo‘ladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi hamda iftorlik marosimida ishtirok etdi. 

Marosimga hududlardagi studiyalar orqali nuroniylar, olim-u ulamolar, keng jamoatchilik vakillari ulandi. Shuningdek, turli millat va diniy konfessiyalar aʼzolari, diplomatik korpus namoyandalari, xalqaro tashkilotlar vakillari ham qatnashdi.

Tadbir avvalida davlatimiz rahbari butun xalqimizni muborak Ramazon oyi bilan yana bir bor chin qalbdan tabrikladi. Shu ulugʻ ayyom kunlariga barchamizni tinch-omon, sogʻ-salomat yetkazgani uchun Alloh taologa behad shukronalar aytildi. 

Ramazon oyi – mehr-oqibat, ezgulik va savobli amallar ramzi. Bugungi kunda davlat va nodavlat tashkilotlar, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mahallalar uyushmasi, Musulmonlar idorasining “Vaqf” xayriya jamoat fondi, hududlardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, shuningdek, saxovatli tadbirkorlar tomonidan keksa va nogironlar, kam taʼminlangan oilalar, koʻmakka muhtoj insonlarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatilmoqda. Tibbiyot boʻlinmalari olis va chekka hududlarga chiqib, ayollar, bolalar va nuroniylarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazmoqda, ogʻir bemorlarni operatsiya yoʻli bilan davolash ishlari olib borilmoqda. 

Bunday xayrli ishlar jamiyatimizda inson qadrini ulugʻlash, tinchlik va umummilliy birlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari hozirgi gʻoyat tahlikali zamonda tinchlik naqadar ulugʻ va bebaho neʼmatligini, 38 milliondan ziyod aholimiz yagona xalq, ahil bir oila boʻlib yashayotgani eng katta boyligimiz ekanini yanada chuqur his etish zarurligini taʼkidladi. Davrada Oʻzbekistondagi diplomatik korpus vakillari ham qatnashayotgani muqaddas dinimizning insonparvarlik va bagʻrikenglik qadriyatlariga, mamlakatimizning ochiqlik siyosatiga hurmat ifodasi sifatida baholandi.

Bu kun xalqimiz uchun yana bir tarixiy voqea – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimi oʻtkazilayotgan kun ekani alohida taʼkidlandi. 

– Ne-ne ajdodlarimizning orzu-niyatlari, armonlari roʻyobga chiqqan mana shunday unutilmas kun bilan, chinakam ilm-maʼrifat bayrami bilan hammangizni chin qalbimdan tabriklayman.

Mamlakatimizning uch ming yillik shonli tarixi va boy madaniyatining, Yangi Oʻzbekiston imkoniyatlarining yorqin koʻzgusi boʻlgan ushbu betakror va buyuk majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak boʻlsin! – dedi Prezidentimiz.

Taʼkidlanganidek, yurtimizda rivojlangan davlat va erkin jamiyat poydevorini barpo etish uchun “Eng avvalo, ilm va taʼlim” degan oliy maqsad hayotga joriy etilmoqda. Zero, muqaddas islom dini ham insonni doimo ilm-u maʼrifatga daʼvat etadi. Shu bois, Islom sivilizatsiyasi markazining Ulugʻbek darvozasi peshtoqiga Qurʼoni karimning “Iqro!” – “Oʻqi!” degan muborak oyati muhrlab qoʻyilgani ramziy va teran maʼnoga ega ekani aytildi.

Markazni barpo etish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida eʼlon qilingan ezgu tashabbus jahon jamoatchiligi, ayniqsa, islom hamjamiyati tomonidan keng qoʻllab-quvvatlandi. Loyiha shoshilinch emas, chuqur oʻylangan, ilmiy tadqiqot va izlanishlar bilan uygʻun holda amalga oshirildi. Natijada Hazrati Imom majmuasi yonida betakror arxitekturaga, chinakam milliy ruh va milliy qiyofaga ega boʻlgan sharqona shaharcha qad rostladi.

Markazda Oʻzbekistonning qadimiy tarixi va sivilizatsiyasi durdonalarini yagona maʼrifiy makonda koʻrish, shu asosda xalqimizning intellektual va madaniy salohiyatini yanada teran anglash mumkin. 

– Bu maskan bilan tanishgan har bir odam, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz islom dinining gumanistik mohiyatini anglab yetadi, oʻzining qanday ulugʻ meros egasi ekanini his etib, qalbi gʻurur va iftixorga toʻladi, – dedi Prezidentimiz.

Nafaqat yurtimiz, balki butun mintaqaning maʼnaviy mulki boʻlgan bebaho boylikni chuqur oʻrganish va jahon miqyosida targʻib etish maqsadida uni Islom sivilizatsiyasi degan nom ostida birlashtirishga qaror qilingani aytildi. Xalqaro ekspertlar eʼtirof etganidek, bugun Oʻzbekistonda islom sivilizatsiyasi merosini oʻrganish va targʻib etish boʻyicha oʻziga xos katta ilmiy maktab shakllanayotgani, mamlakatimiz oʻzining qanchalik katta intellektual salohiyati borligini dunyoga namoyon eta olgani taʼkidlandi.

Prezidentimiz markazning koʻlami va imkoniyatlari haqida toʻxtalib, ushbu noyob majmua salkam 10 gektar hududda joylashgani, binoning umumiy foydalanish maydoni 50 ming kvadrat metrni tashkil etishini qayd etdi. Bu yerda “Oʻzbekiston zaminida islomgacha boʻlgan davr”, “Birinchi va Ikkinchi Renessans”, “Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” kabi ekspozitsiya zallari mavjud. 

Muzey ekspozitsiyasini shakllantirish va boyitish boʻyicha ham katta ishlar amalga oshirilib, oʻtgan yilning oʻzida 1,5 mingdan ortiq eksponat, jumladan, 800 ga yaqin qadimiy qoʻlyozma, arxeologik topilma va tarixiy xaritalar ekspozitsiyaga joylashtirilgan. Xorijiy auksion uylari, yirik kolleksionerlar va art-dilerlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, 743 ta eksponatning asl nusxalari yurtimizga keltirilgani taʼkidlandi.

Markazning asosiy zali – muqaddas Qurʼon zalida dunyodagi eng qadimiy oltita Qurʼoni karimdan biri boʻlgan moʻtabar Usmon Musʼhafi oʻzining yuksak maqomiga munosib sharafli oʻrin topgan. Shuningdek, turli davrlarga oid nodir Qurʼon qoʻlyozmalari ham shu yerda jamlangan. 

Qayd etilganidek, Islom sivilizatsiyasi markazi 2025-yilning oʻzidayoq minglab xorijiy mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Ular orasida qator davlatlar prezidentlari, parlament va hukumat rahbarlari, deputat va senatorlar, vazirlar, elchilar, ilm-fan va jamoat arboblari, diniy tashkilotlar rahnamolari bor. Markazni loyihalash, qurish va zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlashda Fransiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, AQSh, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Malayziya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlardan malakali mutaxassislar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari ushbu majmuani bunyod etishga munosib hissa qoʻshgan loyihachi va quruvchilar, muhandislar, olim-u ulamolar, xorijiy hamkor va ekspertlarga, jumladan, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati aʼzolariga, barcha fidoyi insonlarga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, mazkur yirik va murakkab madaniy inshootni qurishda homiylik yordamini koʻrsatgan mahalliy va chet ellik tadbirkorlar, madaniyat va sport namoyandalariga alohida rahmat aytildi. 

– Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etishga kirishar ekanmiz, men, dunyoning qayerida boʻlmasin, tariximizga tegishli bir varaq qoʻlyozma boʻlsa ham, bitta eksponat boʻlsa ham topib, yurtimizga olib kelishni orzu qilgan va shu vazifani oʻrtaga qoʻygan edim. Ming shukrki, bugun ana shu maqsadimizga asta-sekin erishyapmiz. Bu ishlarni, albatta, davom ettiramiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Jahonning turli mamlakatlarida saqlanayotgan noyob qoʻlyozmalarni aniqlash va oʻrganish uchun yangi xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etilishi ta’kidlandi. Bu ishlarga mahalliy va xorijiy olimlar, yetakchi xalqaro ilmiy markazlar keng jalb etiladi.

Shuningdek, Markaz faoliyatini keng koʻlamda yoʻlga qoʻyish maqsadida bu yerda ICESCO, IRCICA, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Fransiyadagi Temuriylar jamiyati, TURKSOY kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik asosida ofislar tashkil etilgani qayd etildi. Endi ular bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi belgilandi. 

Markazda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ham oʻzining yangi qarorgohiga ega boʻlgani, bu yerda islom merosini chuqur oʻrganish, diniy xodimlar va imom-xatiblar malakasini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.

Yaqin kelajakda BMT qarorgohida ham Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining taqdimotlarini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz markaz maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi faoliyat uchun fundamental baza boʻlishini alohida taʼkidladi. Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari yuqori kurslarda shu yerda oʻqishi, oʻqituvchi-domlalar esa oʻz bilimi va malakasini oshirishi nazarda tutilgan. Eng muhimi, markaz yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulugʻbeklar, fargʻoniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam maʼnaviy maydon boʻlishi kerakligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari olim va tadqiqotchilar, shoir va adiblar, diniy ulamolar, rejissyor va rassomlar, jurnalistlar, ijodkor yoshlarga murojaat qildi: 

– Bu tengsiz boylikdan ilhomlanib, sizlar yaratadigan ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitob, kino va teatr asarlari, kartina va koʻrsatuvlar uch ming yillik tarix va madaniyatning soʻnmas ovozi boʻlib dunyoga taralsin! Yangi Oʻzbekistonni tinchlik, ezgulik, bilim va maʼrifat diyori sifatida olamga tarannum etsin! Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun tarbiya va milliy gʻurur maktabiga aylansin! – dedi Prezidentimiz.

Soʻzining yakunida davlatimiz rahbari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi el-yurtimiz va jahon ahliga hamisha beminnat xizmat qiladigan tinchlik, ezgulik, bilim va maʼrifat maydoni boʻlib qolishiga ishonch bildirdi. 

Iftorlik marosimida Qurʼoni karimdan tilovat qilindi. Muqaddas Ramazon oyida tutilayotgan roʻzalar, qilinayotgan ibodatlar qabul boʻlishi, Yaratgan Parvardigor xalqimizni va Vatanimizni oʻz panohida asrashini soʻrab, duolar qilindi. 

Posted on Leave a comment

Uch ming yildan ziyod shonli tariximizni Yangi Oʻzbekiston bilan bog‘laydigan, inson, millat va xalq qadrini ulugʻlaydigan aql-tafakkur markazi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilayotgani haqida to‘xtalib, muqaddas dinimiz ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga, ilm-ma’rifat yo‘liga da’vat etishini, uni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlar bilan murosa qilib bo‘lmasligini alohida ta’kidlagan edi.

Ana shu yuksak gʻoya va maqsadlar asosida bunyod etilgan mazkur markaz xalqimizning uch ming yillik tarixi, bunyodkorlik salohiyati, jahon tamadduniga qoʻshgan ulkan hissasi, buyuk ajdodlarimizning madaniy-maʼrifiy merosini chuqur oʻrganish va keng ommalashtirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oʻzining mahobati, maydoni va qamroviga koʻra, dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini oʻrganish hamda targʻib etishga qaratilgan yirik majmualardan biri hisoblanadi.

U Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat boʻlib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Majmua 1,8 gektar maydonda qad rostlagan, gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod. Bu kabi noyob koʻrsatkichlar uni “Ginnessning rekordlar kitobi”ga kiritish uchun ham asos boʻlmoqda.

Markaz binosi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning meʼmoriy gʻoya va takliflari asosida loyihalashtirilgan. Bunyod etish jarayonida davlatimiz rahbari ushbu majmuaga bir necha bor tashrif buyurib, uning mazmunan va shaklan yanada mukammal boʻlishi yuzasidan qimmatli tavsiya va maslahatlarini ulashdi. Xususan, 2025-yilning oʻzida Prezidentimiz markazga bir necha marta kelib, ekspozitsiyalar, infratuzilma, maʼrifiy va ilmiy yoʻnalishlarni takomillashtirish boʻyicha muhim koʻrsatmalar berdi.

Markaz qadimiy va milliy meʼmorchilik anʼanalari asosida qurilgan boʻlib, unga toʻrt tomondan – toʻrt asosiy portal orqali kirish mumkin. Ushbu portallar va binoning tashqi ravoqlari ilm-maʼrifat, bagʻrikenglik, insoniylik va ota-onaga hurmat mazmunidagi Qurʼon oyatlari hamda hadislar bilan bezatilgan.

Quyi qavatda bolalar uchun maxsus platforma, restavratsiya hamda elektron nusxa olish laboratoriyasi, muzey eksponatlari va nodir qoʻlyozmalarni saqlash fondlari, zamonaviy kafeteriy va muzey vestibyullari joylashgan.

Birinchi qavatdan qariyb 8 ming 350 kvadrat metrlik koʻrgazma zaliga ega muzey va 550 oʻrinli anjumanlar zali oʻrin olgan. Ikkinchi qavatda esa qoʻlyozma va toshbosma manbalar, bosma va elektron adabiyotlar fondiga ega kutubxona, oʻquv zallari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar uchun sharoit yaratilgan.

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev ana shunday ulkan maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyatga ega majmuaga yana bir bor tashrif buyurib, yaratilgan sharoitlar, boy ekspozitsiyalar va yangi tashabbuslar bilan tanishdi.

Dastlab davlatimiz rahbari Qurʼoni karim zaliga kirib, mazkur maskanda yaratilgan maʼnaviy muhit va noyob ekspozitsiyalarni koʻzdan kechirdi. Ushbu zal, taʼbir joiz boʻlsa, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maʼnaviy qalbi hisoblanadi.

Gumbaz ostida maxsus mepping gologrammasi yaratilgan boʻlib, unda avval koinot tasviri namoyon boʻladi, osmondagi yulduzlar jilolanadi. Eʼtiborlisi, gumbaz ostidagi yulduzlar kompozitsiyasi Toshkent osmonida tunda koʻrinadigan yulduzlar xaritasi asosida shakllantirilgan. Ularni ifoda etish uchun 90 dona “svarovskiy” toshi va 650 dan ortiq chiroqlardan foydalanilgani mazkur zalga alohida ulugʻvorlik bagʻishlagan.

Bu yerda Usmon Musʼhafi bilan bir qatorda yurtimizga tegishli boʻlgan, turli sulolalar davrida yaratilgan 114 ta nodir Qurʼon qoʻlyozmasi jamlangan. Ular orasida somoniylar, qoraxoniylar, gʻaznaviylar, temuriylar, shayboniylar va boshqa davrlarga mansub noyob nusxalar bor. Bu qoʻlyozmalar Sharq kitobat sanʼatining yuksak namunalari sifatida nafaqat diniy, balki ulkan tarixiy, ilmiy va badiiy qimmatga ham ega. Zaldagi zamonaviy vitrinalarda xalqimiz orasida asrab-avaylab saqlanib kelingan va markaz fondiga taqdim etilgan asl qoʻlyozmalar ham munosib oʻrin olgan.

Qayd etilganidek, markaz tamal toshi qoʻyilganidan 2025-yilga qadar uning fondidagi qadimiy manbalar soni 2 mingdan oshdi, nodir Qurʼon qoʻlyozmalari esa 60 tadan ziyodga yetdi. Ularning barchasi xalqimizdan jamlangan va xalqaro auksionlar orqali xarid qilingan. Bu borada amalga oshirilgan ishlar milliy va diniy merosimizni qayta tiklash, tarqoq holda saqlanayotgan bebaho manbalarni Vatanga qaytarish, ularni ilmiy muomalaga kiritish va kelajak avlod uchun asrab qolish yoʻlidagi mustahkam yondashuvni yaqqol namoyon etmoqda.

Prezidentimizga ekspozitsiyadan oʻrin olgan ayrim alohida qimmatli qoʻlyozmalar haqida ham maʼlumot berildi. Jumladan, 1589-yilda xattot Sulton Muhammad tomonidan sakkiz burchak shaklida koʻchirilgan va tumor sifatida ham ishlatilgan “Bozuband” Qurʼon qoʻlyozmasi, XVII asrga mansub, safaviylar davri xattotlik va kitobat sanʼatining yetuk bosqichini aks ettiruvchi juda nafis bezakli nusxa, 1872-yilda xattot Muhammad ibn Abd al-Hadi tomonidan magʻribiy xat uslubida koʻchirilgan noyob qoʻlyozma, shuningdek, XII-XIII asrlar chegarasida saljuqiylar davrida xattot Muhammad Sodiq ibn Muhammad Shafiy tomonidan nasx xatida koʻchirilib, satrlar orasiga forsiy tarjimasi berilgan nodir nusxa shular jumlasidandir. Ayrim qoʻlyozmalarda Samarqand, Hirot va Buxoro kitobat maktablarining anʼanalari yaqqol namoyon boʻlishi qayd etildi.

Shundan soʻng Prezidentga muzeyga tashrif buyuruvchi mehmonlarga yuqori sifatli xizmat koʻrsatishni tashkil etish ishlari taqdimot qilindi.

Markaz qisqa muddat ichida xalqaro nufuzli tashkilotlar va nashrlar tomonidan eʼtirof etilayotgani taʼkidlandi. Xususan, markaz Fransiyaning Avitsenna mukofotiga sazovor boʻlgan, AQShdagi Smitson institutining “Smithsonian Magazine” nashri talqiniga koʻra, 2026-yilda dunyoda eng katta qiziqish bilan kutilgan 10 ta muzeydan biri sifatida eʼtirof etilgan. Shuningdek, “Condé Nast Traveler” nashri uni 2026-yil iyun oyida tashrif buyurish mumkin boʻlgan muzeylar roʻyxatiga kiritgan, BBC Travel esa dunyodagi eng koʻp kutilgan muzeylar qatoriga qoʻshgan.

Markazda tashrif buyuruvchilarga xalqaro standartlar asosida xizmat koʻrsatish uchun tarqatma materiallar, broshyuralar va kitoblar tayyorlangan. Oʻzbekiston muzey amaliyotida ilk bor xalqaro ekspertlar jalb etilgan holda zamonaviy kimyo-fizik laboratoriyada barcha muzey ashyolarining kimyoviy tarkibi va yaratilganlik vaqti aniqlanib, ularning texnologik pasportlari tayyorlangan.

Xalqaro ISO standartlari asosida eksponatlar raqamlashtirilib, yagona elektron platformaga joylashtirilgan. UNESCO va IKOM talablari, shuningdek, jahonning eng mashhur muzeylari tajribasi asosida eksponatlarning 8 yoʻnalishdagi etiketaj etalonlari va tasniflari yaratilgan. Har bir eksponatga QR-kodlar joylashtirilishi natijasida tashrif buyuruvchilar mobil telefon yoki planshet orqali ularning video va audio kontenti bilan dastlab 3 tilda, keyinchalik esa 8 tilda tanishish imkoniga ega boʻladi.

Taqdimotda “Har kim uchun ochiq muzey” konsepsiyasi asosida markazni ijtimoiy integratsiya maydoniga aylantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Kelgusida barcha eksponatlarga maxsus elektron chiplar oʻrnatish, koʻzi ojiz insonlar eksponatga yaqinlashganda audiogid orqali maʼlumotni avtomatik eshitish tizimini joriy etish, Bluetooth mayoqchalari yordamida bino ichida mustaqil harakatlanish imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Britaniya, Luvr va Metropolitan muzeylaridagi kabi robotgidlar, planshetlar orqali video va audio tanishuv, audiogidlar, radiogidlar va yoʻnalish koʻrsatuvchi quloqchinlardan foydalanish koʻzda tutilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, markazga bir kunda oʻrtacha 5 ming nafarga yaqin tashrif buyuruvchi kelishi kutilmoqda. Markaz va muzeyning xalqaro standartlar asosida toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun 400 dan ziyod xodim talab etilishi, ayni paytda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan 100 dan ortiq nazoratchi va 30 dan ziyod ekskursovodlar faoliyat yuritayotgani, 10 ta davlatdan tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun alohida gid matnlari ishlab chiqilgani ham qayd etildi.

Shundan keyin davlatimiz rahbari markaz binosining ikkinchi qavatida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Tashrifning navbatdagi qismida Prezidentimiz markaz kutubxonasini koʻzdan kechirdi.

Kutubxonaning umumiy maydoni 3 ming 105 kvadrat metrni tashkil etadi. Hozirgi vaqtda uning fondi 45 ming 150 tadan ziyod adabiyotni qamrab olgan boʻlib, shundan 2 ming 609 tasi nodir nashrlardan iborat. Bundan tashqari, kutubxonada 350 mingta elektron adabiyot mavjud. U bir vaqtning oʻzida 310 nafar foydalanuvchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega. Olimlar va professorlar uchun alohida 4 ta xona tashkil qilinib, ularning ilmiy faoliyat olib borishi uchun barcha zamonaviy texnika va qulayliklar yaratilgan.

Kutubxona boʻlimlaridan biri 22 nafar maʼrifatparvar jadid bobolarimizning merosiga bagʻishlangan. Jadidlarning fotoportretlari joylashtirilgan kitob javonlarida esa ular tomonidan yaratilgan va faoliyatiga oid nodir adabiyotlar oʻrin olgan.

Shuningdek, kutubxona fondini Oʻzbekistonning ulugʻ mutafakkir olimlari hayoti va ijodi, ular tashkil etgan ilmiy maktablar toʻgʻrisidagi noyob nashrlar bilan boyitish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, buyuk allomalarimizning qoʻlyozma va toshbosma asarlarining ilk nashrlari, ularning ilmiy merosini oʻrganishga bagʻishlangan noyob tadqiqotlar va sharhlar xarid qilinib, fondga qoʻshilgan. Bu ishlar xorijiy auksionlar, ilmiy muassasalar, xususiy kolleksiyalar hamda xalqimiz tomonidan keltirilgan manbalar hisobiga muntazam davom ettirilmoqda.

Kutubxonadan Yevropa nodir nashrlari ham oʻrin olgan boʻlib, ularda lotin tilidagi musulmon sulolalari, turkiy xalqlar tarixi, Sharq xalqlariga oid ensiklopediyalar, Xuroson va Movarounnahrga bagʻishlangan sayohatnomalarning XX asrgacha boʻlgan davrda chop etilgan nusxalari mavjud. Shu bilan birga, shaxsiy kolleksiyalardan xarid qilingan qoʻlyozmalar, Nosiruddin Rabgʻuziyning “Qisas ul-anbiyo” asari, Alisher Navoiyning XIX asr boshlarida Toshkentda koʻchirilgan devonlari, Mavlono Jaloliddin Rumiy asarlarining turkiy tildagi tarjimalari kabi nodir manbalar ham kutubxona mazmunini yanada boyitgan.

Kutubxonada imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun ham alohida sharoit yaratilgani haqida axborot berildi. Xususan, koʻrish qobiliyati cheklangan yoki zaif koʻruvchi insonlar uchun maxsus xonalar, ixtisoslashgan dasturlar, printer va qurilmalar oʻrnatilgan, ular uchun Brayl yozuvidagi 1000 dan ortiq adabiyot keltirilgan. Oʻzbekistonda ilk bor aynan shu kutubxonada ovozdan xoli kabinalar tashkil etilgan boʻlib, ular foydalanuvchilarning onlayn muloqot olib borishida atrofdagilarga xalaqit bermaslik, shu bilan birga, suhbat va shaxsiy maʼlumotlar maxfiyligini taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, “Sonic chair” audio resurslar uchun zamonaviy qurilmasi nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyoda ham birinchi marta shu yerda joriy etilgan.

Kutubxona hududida kitobxonlar uchun yashil maydon, nusxa koʻchirish xizmati, individual shugʻullanish uchun maxsus xonalar va bolalar uchun alohida maydon ham tashkil etilgan.

Shundan keyin Prezidentimiz markaz huzurida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-maʼrifiy platforma faoliyati bilan tanishdi.

Maʼlum qilinganidek, platforma doirasida bir qator nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda. ICESCO, IRCICA, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Fransiyadagi Temuriylar jamiyati, TURKSOY kabi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ular uchun ofis xonalari tashkil etilgan. Bu mahalliy olimlar va xorijiy tashkilotlar vakillarining hamjihatlikda tadqiqot olib borishi, qoʻshma loyihalar ishlab chiqishi va maʼrifiy tashabbuslarni amalga oshirishi uchun qulay muhit yaratadi.

Tashrif davomida davlatimiz rahbari markazga hadya etilgan va xorijdan xarid qilingan qimmatbaho tarixiy artefaktlar koʻrgazmasi bilan ham tanishdi.

Qayd etilganidek, Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq, xorijdagi madaniy boyliklarni Oʻzbekistonga qaytarish ishlari izchil olib borilmoqda. Oʻtgan yilda Buyuk Britaniyadagi “Sothebyʼs” va “Christieʼs” kabi auksion uylari, art-dilerlar va shaxsiy kolleksionerlardan 700 dan ortiq artefaktlar sotib olingan. Shuningdek, turli muassasalar, tashkilotlar va homiylar tomonidan 1000 dan ortiq buyumlar hadya qilingan. Ularning asosiy qismi birinchi qavatdagi muzeyga joylashtirilgan.

Ekspozitsiyada somoniylar, qoraxoniylar, gʻaznaviylar, temuriylar va boshqa davrlarga mansub koʻplab nodir artefaktlar namoyish etilgan. Xususan, X asr oxirlarida ishlangan, oltin suvi yuritilgan va somoniy sarkardasi Abu Mansur Sabuktekin nomi bitilgan kumush barkash, somoniylar davriga oid kumush piyola va mis siyohdon, Oltin Oʻrda hukmdori Oʻzbekxon davrida yasalgan, firuza toshlar bilan bezatilgan ayollar kamari, XIX asr usmoniylar davriga mansub “Alloh” va “Muhammad” ismlari bitilgan zardoʻzi kashtalar alohida eʼtiborga molik ekani aytildi.

Prezidentimizga temuriylar davri kulolchilik namunalari, Madina shahrida Paygʻambarimiz qabrlari ustiga yopilgan XIX asrga mansub ipak yopinchiq, Kaʼba eshigi ustida osilgan xizomaning tarixiy namunasi, katta hajmli “ona-soʻzana”, Amir Temur davrida koʻchirilgan yirik Umar Aqtoʻ Qurʼonining parchalari, temuriylar davri arxitektura yodgorliklariga tegishli koshin boʻlaklari, boburiylar davriga mansub qurol-aslaha, dubulgʻa, qalqon, qilich va sovut parchalari haqida ham axborot berildi.

Shuningdek, Amudaryo xazinasiga oid topilmalar haqida ham maʼlumot taqdim qilindi. 1877-yilda Buxoro amirligi hududidan topilgan va bugun Britaniya muzeyida saqlanayotgan ushbu betakror xazinaning ayrim qismlarini Londondagi savdo uylari orqali Oʻzbekistonga olib kelishga muvaffaq boʻlingan. Ular orasida VIII-IX asrlarda ishlangan soʻgʻd chavandozi tasvirlangan oltin pektoral, Baqtriya davriga mansub ogʻirligi 666 gramm boʻlgan ilon shaklidagi bilaguzuklar kabi noyob buyumlar bor.

Ekspozitsiyada markazga hadya qilingan artefaktlar ham munosib oʻrin olgan. Xususan, Amerikada yashovchi sharqshunos olim Aleksandr Naymark Pahlavon Mahmud qoʻlyozmasini markazga tuhfa qilgani, bu qoʻlyozma Xiva xoni Muhammad Rahimxon Feruzning shaxsiy dastxati bilan koʻchirilgani va uni oʻrganish jarayonida 70 dan ortiq yangi ruboiylar aniqlangani aytildi. Shuningdek, turli davrlarga mansub tangalar, taqinchoqlar, medalyonlar va boshqa tarixiy ashyolar, jumladan, Mayskiy xazinasi topilmalari ham koʻrgazmadan joy olgan.

Umuman, tashrif chogʻida mazkur markazning yurtimiz tarixi va madaniy merosini chuqur oʻrganish, asrab-avaylash va keng targʻib etish, islom dinining haqiqiy insonparvarlik va maʼrifatparvarlik mohiyatini ochib berish, ajdodlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy va maʼnaviy boylikni xalqaro miqyosda namoyon etish borasidagi ulkan salohiyati yana bir bor yaqqol namoyon boʻldi.

– Bugun o‘zligimizni anglash yo‘lida katta tantana bo‘ldi. Ming shukrki, to‘qqiz yil davomida niyat qilib, izlanib, harakat qilib, xalqimizning kimligini, tariximizni haqqoniy aks ettiradigan majmuani barpo etdik. Bu yerga kelgan har bir inson, ayniqsa yoshlarimiz, qanday ajdodlar avlodi ekanimizni bilishi, anglashi kerak.

Bu ulkan loyiha oddiy bir chizma emas. Uni yurak chizgan, mehr chizgan, orzu va armonlar chizgan. Qur’oni karim saqlanadigan muqaddas zal ham shunchaki yaratilgan emas. U yurakdan tug‘ilgan, xalqimizning orzu-intilishlari va buyukligini namoyon etish istagidan paydo bo‘lgan maskandir. Bu loyiha buyuk xalqimizning asl qiyofasini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ezgu niyatlar mahsulidir, – dedi Prezidentimiz.

Tashrif yakunida davlatimiz rahbari Islom sivilizatsiyasi markazining Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qoldirdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimidagi nutqi

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Avvalo, sizlarni, joylardagi studiyalar orqali bugungi iftorlik marosimida ishtirok etayotgan hurmatli nuroniylar, olimu ulamolar, keng jamoatchilik vakillarini, butun xalqimizni muborak Ramazon oyi bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Shu ulug‘ ayyom kunlariga barchamizni tinch-omon, sog‘-salomat yetkazgani uchun Alloh taologa behad shukurlar bo‘lsin!

Mehr-oqibat va ezgulik ramzi bo‘lmish Ramazon oyida hammamiz birgalikda ko‘plab savobli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Davlat va nodavlat tashkilotlar, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mahallalar uyushmasi, Musulmonlar idorasining “Vaqf” jamg‘armasi, hududlardagi “Inson” markazlari, saxovatli tadbirkorlarimiz tomonidan keksa va nogironlar, kam ta’minlangan oilalarga, ko‘makka muhtoj insonlarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.

Tibbiyot bo‘linmalari olis va chekka hududlarimizga borib, ayollar, bolalar va nuroniylarimizni ko‘rikdan o‘tkazmoqda, og‘ir bemorlar operatsiya yo‘li bilan davolanmoqda.

Mana shunday fayzu barakali kunlarda mamlakatimiz miqyosida iftorlik tadbirlarini o‘tkazish ham yaxshi an’anamizga aylandi.

Albatta, bularning barchasi jamiyatimizda inson qadrini ulug‘lash, tinchlik va umummilliy birlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bugungi iftorlik marosimida yurtimizdagi turli millat va diniy konfessiyalar namoyandalari ishtirok etayotgani ham shundan dalolat beradi.

Hozirgi g‘oyat tahlikali zamonda tinchlik naqadar ulug‘ va bebaho ne’mat ekanini, 38 milliondan ziyod aholimizning yagona xalq, ahil bir oila bo‘lib yashayotgani eng katta boyligimiz ekanini yanada chuqur his etmoqdamiz.

Davramizda O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari ham qatnashayotganini biz dinimizning gumanistik va bag‘rikenglik qadriyatlariga, davlatimizning ochiqlik siyosatiga hurmat-e’tibor ifodasi sifatida qabul qilamiz va ularga samimiy tilaklarimizni bildiramiz.

Qadrli vatandoshlar!

Bugungi Ro‘zai Ramazon kunida barchamiz yana bir tom ma’noda tarixiy voqeada ishtirok etmoqdamiz. Xalqimizning aql-zakovati, fidokorona mehnati bilan bunyod etilgan ulug‘vor va noyob majmua – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimini o‘tkazmoqdamiz.

Ne-ne ajdodlarimizning orzu-niyatlari, armonlari ro‘yobga chiqqan mana shunday unutilmas kun bilan, chinakam ilm-ma’rifat bayrami bilan hammangizni chin qalbimdan tabriklayman.

Mamlakatimizning uch ming yillik shonli tarixi va boy madaniyatining, Yangi O‘zbekiston imkoniyatlarining yorqin ko‘zgusi bo‘lgan ushbu betakror va buyuk majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin!

Muhtaram do‘stlar!

Biz yurtimizda rivojlangan davlat, erkin jamiyat poydevorini bunyod etish uchun, eng avvalo, ilm va ilm, ta’lim va yana bir bor ta’lim, degan oliy maqsadni hayotimizga joriy etmoqdamiz. Zero, muqaddas dinimiz ham bizni doimo ilmu ma’rifatga da’vat etadi. Shu bois, Islom sivilizatsiyasi markazining Ulug‘bek darvozasi peshtoqiga Qur’oni karimning “Iqra!” – ya’ni, “O‘qi!” degan muborak oyatini muhrlab qo‘ydik. Bu ilohiy so‘zlar zamirida islom dinining asl ma’no-mazmuni mujassam, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Xabaringiz bor, bundan to‘qqiz yil oldin mazkur majmuani barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilib, amaliy ishlarni boshladik. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida e’lon qilingan bu ezgu tashabbusimiz jahon jamoatchiligi, ayniqsa, islom hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Biz bu har jihatdan ulkan loyihani amalga oshirish uchun shoshilmadik, yetti emas, yetmish marta o‘ylab, uzoqni ko‘zlab, tinimsiz izlandik. Nihoyat, qadimdan Toshkenti azimning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida, ko‘rib turganingizdek, betakror arxitekturaga, chinakam milliy ruh va milliy qiyofaga ega bo‘lgan sharqona shaharcha barpo etildi.

Ushbu Markazda O‘zbekistonning qadimiy tarixi va sivilizatsiyasi durdonalarini bir paytning o‘zida yagona ma’rifiy makonda ko‘rish, shu asosda o‘zbek xalqining intellektual va madaniy salohiyatini yaqqol anglash mumkin.

Bu maskan bilan tanishgan har bir odam, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz islom dinining gumanistik mohiyatini anglab yetadi, o‘zining qanday ulug‘ meros egasi ekanini his etib, qalbi g‘urur va iftixorga to‘ladi.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Azaldan turli sivilizatsiya va madaniyatlar tutashgan mintaqada joylashgan yurtimiz zamini Buyuk ipak yo‘li rivojida muhim o‘rin egallagan. Ko‘hna diyorimiz islomgacha bo‘lgan davrda ham ilm-fan, ma’rifat markazi sifatida shuhrat qozongan. Qadimiy Turkiston o‘lkasiga islom dini kirib kelgach, bu yerda hadis va kalom ilmi, musulmon huquqi, tasavvuf bo‘yicha yirik maktablar shakllandi, o‘nlab buyuk allomalar yetishib chiqdi.

Aniq va tabiiy fanlar sohasida o‘z kashfiyotlari bilan jahonni hayratga solgan ulug‘ olimlarimiz asarlari ham islomiy muhit bag‘rida vujudga kelgan. Dunyoga mashhur bu kitoblar “Bismillohir rahmonir rahim”, degan ilohiy so‘zlar bilan boshlangani ularning muqaddas dinimizdan ilhom va kuch olib yaratilganini bildiradi. Nafaqat bizning yurtimiz, balki bepoyon mintaqamizning ma’naviy mulki bo‘lgan ana shunday bebaho boylikni chuqur o‘rganish va jahon miqyosida targ‘ib etish maqsadida uni Islom sivilizatsiyasi, degan nom ostida birlashtirishga qaror qildik.

Albatta, hozirgi murakkab va og‘ir sharoitda bunday yirik majmuani eng yuksak zamonaviy talablar darajasida yaratish oson bo‘lmadi.

Biz Markaz qurilishini ilmiy tadqiqot va izlanish ishlari bilan barobar ravishda olib bordik. O‘tgan davrda ko‘hna merosimizga oid, bizga umuman noma’lum bo‘lgan qancha-qancha noyob ma’lumotlarni kashf etdik.

Xalqaro ekspertlar e’tirof etganidek, bugun O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha o‘ziga xos katta ilmiy maktab yaratishga erishdik. Naqadar katta imkoniyatlarimiz, intellektual salohiyatimiz borligini dunyoga namoyon eta oldik.

Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak, arziydi.

Ushbu noyob majmua salkam 10 gektar hududda joylashgan bo‘lib, binoning umumiy foydalanish maydoni 50 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu yerda “O‘zbekiston zaminida islomgacha bo‘lgan davr”, “Birinchi va Ikkinchi Renessans”, “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” kabi ekspozitsiya zallari mavjud.

Albatta, ularning har biri haqida uzoq gapirish mumkin.

Muzey ekspozitsiyasini shakllantirish va boyitish bo‘yicha ham katta ishlar qilindi. O‘tgan yilning o‘zida 1,5 mingdan ortiq eksponat, jumladan, 800 ga yaqin qadimiy qo‘lyozma, arxeologik topilma va tarixiy xaritalar ekspozitsiyaga joylashtirilgani ham shundan dalolat beradi.

Ayni vaqtda xorijiy auksion uylari, yirik kolleksioner va art dilerlar bilan hamkorlik o‘rnatilib, 743 ta eksponatning original, ya’ni, asl nusxalari yurtimizga keltirildi.

Bunday ishlar ilgari tariximizda bo‘lmagan edi.

Bu eksponatlarning har biri – buyuk o‘tmish va madaniyatimiz, milliy o‘zligimiz timsoli ekanini ta’kidlash lozim. Ularning barchasi zamonlar sinovidan mardona o‘tib kelayotgan xalqimiz, millatimizning ongu tafakkuri, bunyodkorona mehnati, noyob mahorati haqida so‘zlaydi.

Tarix tilga kirgan, tarixdan saboq olingan joyda, albatta, bilim va ma’rifat, taraqqiyot va adolat bo‘ladi. Hech qachon to‘g‘ri yo‘ldan adashilmaydi!

Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi – bu, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy 6 ta Qur’oni karimning biri bo‘lgan mo‘tabar Usmon mus’hafi bugun o‘zining yuksak maqomiga munosib sharafli o‘rin topdi.

Shuningdek, ushbu zalda turli davrlarga oid nodir Qur’on qo‘lyozmalari ham jamlangan. Shu muborak kunda barchamiz, Xudoning inoyati bilan, mana shunday noyob va muqaddas Usmon Qur’onining ilohiy sharofati bilan yurtimiz doimo tinch-osoyishta bo‘lsin, hayotimiz qut-barakaga to‘lsin, deb duo qilamiz.

Qadrli do‘stlar!

Islom sivilizatsiyasi markaziga 2025 yilning o‘zida minglab xorijiy mehmonlar tashrif buyurgani uning hozirdanoq jahon miqyosida katta qiziqish va e’tibor uyg‘otayotganini tasdiqlaydi. Mehmonlar orasida bir qator davlatlar prezidentlari, parlament va hukumat rahbarlari, deputatlar, senator va lordlar, vazirlar va elchilar, ilm-fan va jamoat arboblari, diniy tashkilotlar rahnamolari borligini ta’kidlash lozim.

Markazni loyihalash, qurish va zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlashda Fransiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Malayziya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa qator mamlakatlardan yuksak malakali mutaxassislar ham faol ishtirok etishdi.

Ushbu majmuani bunyod etishga munosib hissa qo‘shgan loyihachi va quruvchilarga, mohir muhandislar, olimu ulamolarga, xorijiy hamkor va ekspertlarga, jumladan, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati a’zolariga, barcha fidoyi insonlarga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Bunday yirik va murakkab madaniy inshootni qurishda homiylik yordamini ko‘rsatgan mahalliy va chet ellik tadbirkorlar, madaniyat va sport namoyandalariga alohida rahmat aytaman. Xususan, birinchilar qatorida tashabbus ko‘rsatib, zarur mablag‘, g‘oya va noyob tarixiy eksponatlar taqdim etgani uchun hurmatli vatandoshimiz, mashhur metsenat va biznesmen Alisher Burhonovich Usmonovga samimiy tashakkur izhor etaman.

Xalqimiz bunday olijanoblik, saxovat va e’tiborni yuksak qadrlaydi.

Bu ulug‘ ishga qo‘shgan hissangizni hech qachon unutmaymiz.

Katta rahmat Sizga!

Aziz yurtdoshlar!

Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etishga kirishar ekanmiz, men, dunyoning qayerida bo‘lmasin, tariximizga tegishli bir varaq qo‘lyozma bo‘lsa ham, bitta eksponat bo‘lsa ham topib, yurtimizga olib kelishni orzu qilgan va shu vazifani o‘rtaga qo‘ygan edim. Ming shukurki, bugun ana shu maqsadimizga asta-sekin erishyapmiz. Bu ishlarni, albatta, davom ettiramiz.

Jahonning turli mamlakatlarida saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalarni aniqlash va o‘rganish uchun yana xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etamiz. Buning uchun zarur mablag‘ va imkoniyatlarni topamiz. Bu ishlarga mahalliy va xorijiy olimlar, yetakchi xalqaro ilmiy markazlarni jalb etamiz.

Markaz faoliyatini keng miqyosda yo‘lga qo‘yish maqsadida bu yerda AYSЕSKO, IRSIKA, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Fransiyadagi Temuriylar jamiyati, TURKSOY kabi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ular uchun ofis xonalari tashkil etdik. Endi ular bilan hamkorlikni kuchaytirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib beramiz.

Markazda muqaddas dinimizning ezgu qadriyatlarini asrab, diniy-ma’rifiy soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham o‘zining yangi qarorgohiga ega bo‘ldi.

Bu dargohda islom merosini chuqur o‘rganish, diniy xodimlar, imom-xatiblarning malakasini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ishlarini tashkil etish, o‘ylaymanki, maqsadga muvofiqdir.

Biz yaqin kelgusida BMT qarorgohida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlarining taqdimotlarini ham o‘tkazamiz.

Muxtasar aytganda, ushbu Markaz ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyatimiz uchun fundamental baza bo‘ladi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari yuqori kurslarni shu yerda o‘qiydi, o‘qituvchi-domlalar esa o‘z bilim va malakasini oshiradi.

Markaz yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulug‘beklar, farg‘oniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam ma’naviy maydon bo‘lishi kerak.

Bu – barchamizning ezgu niyatimizdir.

Markaz o‘zining mana shunday tarixiy missiyasini yuksak saviyada ado etishi uchun men ilm-fan va ma’naviyat fidoyilariga – hurmatli olim va tadqiqotchilarga, shoir va adiblar, diniy ulamolar, rejissyor va rassomlar, jurnalistlarga, ijodkor yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman:

Islom sivilizatsiyasi markazida to‘plangan har bir eksponat qanday bebaho boylik ekanini sizlar hammadan ko‘ra yaxshi tushunasiz. Ularni targ‘ib etish, xalqimizga, dunyoga tanitishda ham, avvalo, sizlarga tayanamiz.

Bu tengsiz boylikdan ilhomlanib, sizlar yaratadigan ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitob, kino va teatr asarlari, kartina va ko‘rsatuvlar: uch ming yillik tarix va madaniyatning so‘nmas ovozi bo‘lib dunyoga taralsin!

Yangi O‘zbekistonni tinchlik, ezgulik, bilim va ma’rifat diyori sifatida olamga tarannum etsin!

Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun tarbiya va milliy g‘urur maktabiga aylansin!

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

O‘z davrida Mir Alisher Navoiy bobomiz Mirzo Ulug‘bekning o‘lmas merosi dunyo turguncha tursin, deb tilak bildirgan edi. Bizning ham orzu-maqsadimiz shunday: Islom sivilizatsiyasi markazi el-yurtimizga, jahon ahliga hamisha beminnat xizmat qilsin!

Mana shunday ulug‘ ishlarning bunyodkori bo‘lgan mard va olijanob xalqimiz doimo omon bo‘lsin!

Muqaddas Ramazon oyida tutayotgan ro‘zalarimiz, qilayotgan ibodatlarimiz dargohida qabul bo‘lsin!

Yaratgan Parvardigor xalqimizni, Vatanimizni o‘z panohida asrasin!

Barchangizga katta rahmat, doimo sog‘-omon bo‘linglar!

Posted on Leave a comment

Togʻ-kon sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif doirasida togʻ-kon sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, robototexnika, energetika, elektrotexnika, kimyo va mudofaa sanoati kabi strategik tarmoqlarni jadal rivojlantirish koʻp jihatdan mis, uran, litiy, volfram va boshqa muhim metallar bazasiga tayanadi. Dunyo bozorlarida mazkur resurslarga talab oshib borayotgani, jumladan, mis konsentrati bozorida taqchillik kuchayib, narxlar oʻsishi kutilayotgani togʻ-kon va metallurgiya sohasidagi loyihalarni tezlashtirishni yanada dolzarb qilib qoʻymoqda.

Shu munosabat bilan 2030-yilga qadar Oʻzbekistonda oltin ishlab chiqarishni 175 tonnaga, kumushni 500 tonnaga, uranni 15 ming tonnaga, misni 500 ming tonnaga yetkazish boʻyicha belgilangan marralarga erishish uchun barcha imkoniyatlarni toʻliq safarbar etish zarurligi qayd etildi.

Bu borada har bir yirik loyihani aniq grafik asosida amalga oshirish, moliyalashtirish, qurilish, logistika, texnologik jihozlash va kadrlar bilan taʼminlash masalalarini oʻzaro uygʻunlikda hal qilish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda, avvalo, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan strategik loyihalarning borishi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Xususan, 3-mis boyitish fabrikasining keyingi navbatlarini jadallashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, mazkur loyihaning texnologik davomi hisoblangan yangi mis eritish zavodini barpo etish masalalari ham koʻrib chiqildi. Unda texnik-iqtisodiy asosni yakunlash, xorijiy ekspertlarni jalb qilish, qisqa muddatlarda qurilish ishlarini boshlash yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Olmaliq kombinatining istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, 4-mis boyitish fabrikasi boʻyicha texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish uchun nufuzli xalqaro kompaniyalarni jalb etish vazifasi alohida koʻrsatib oʻtildi. Ushbu hujjatda suv taʼminoti, temir yoʻl, energetika infratuzilmasi, ekologik talablar va yuqori samarali texnologiyalarni kompleks qamrab olish lozimligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda joriy yil uchun tarmoqda 90 ta loyiha doirasida 2 milliard 200 million dollar investitsiya jalb qilish, 172,5 ming tonna mis, 120 tonna oltin, 210,5 tonna kumush va 8 ming tonna uran ishlab chiqarish vazifalari belgilangani qayd etildi.

Shu bilan birga, bir qator istiqbolli konlar va obyektlar boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslarni tez fursatda yakunlash, ekspertiza jarayonlarini soddalashtirish boʻyicha qabul qilingan yangi qaror imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi. Hukumatga ushbu loyihalar doirasidagi tashkiliy va huquqiy masalalarni qisqa muddatda hal qilish topshirildi.

Energetika resurslariga boʻlgan talab ortib borayotgan sharoitda koʻmir qazib chiqarish va uni qayta ishlash loyihalarini jadallashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Aholi va sanoat korxonalariga koʻmir yetkazib berish hajmini oshirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyati doirasida “Muruntov” konini kengaytirishning navbatdagi bosqichi, yangi konlarni oʻzlashtirish, murakkab rudalardan oltin ajratib olish texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, ayrim yirik loyihalar boʻyicha investorlar bilan hamkorlik mexanizmlarini qayta koʻrib chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Metallurgiya yoʻnalishida “Oʻzmetkombinat”da ishlab chiqarish hajmini oshirish, ichki xomashyo bazasidan samarali foydalanish, raqobatbardosh mahsulot turlarini koʻpaytirish, bozor talabiga mos metall listlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi. Bu borada xomashyo taʼminoti, mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish va yangi bozorlarni oʻzlashtirish boʻyicha aniq choralar belgilandi.

Yigʻilishda Texnologik metallar kombinati faoliyatiga ham toʻxtalinib, sanoat uchun muhim metallar va murakkab qotishmalar ishlab chiqarishni kengaytirish, selen, tellur, kukun metallurgiyasi detallari va boshqa yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni jadallashtirish vazifasi qoʻyildi.

Tarmoq korxonalarida tannarxni pasaytirish va xarajatlarni qisqartirish masalalari ham diqqat markazida boʻldi. Mutasaddilarga bir birlik mahsulot tannarxini qisqartirish, energiya sarfini kamaytirish, resurslardan tejamkor foydalanish va oyma-oy aniq natijalarga erishish boʻyicha manzilli dasturlar ishlab chiqish topshirildi.

Davlat xaridlari va kooperatsiya sohasida mahalliy komponentni kengaytirishga alohida urgʻu berildi. Shu bois, mutasaddilarga loyihalar va xaridlarda mahalliy komponent ulushini joriy yilda 2 milliard dollardan oshirish boʻyicha aniq koʻrsatkichlar belgilab berildi.

Shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini kuchaytirish, qoʻshimcha zaxiralarni aniqlash, yangi kon va investitsiya bloklarini investorlarga taklif qilish, uglevodorodga istiqbolli maydonlarni iqtisodiyotga jalb etish boʻyicha rejalar muhokama qilindi. Bu yoʻnalishda joriy yilda oltin, kumush, mis, uran va rux zaxiralarini sezilarli oshirish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda sohada amalga oshirilayotgan 22 milliard dollarlik loyihalar doirasida 38 mingta yangi ish oʻrni yaratilishi, jumladan, 7,5 ming muhandis va 14 ming oʻrta boʻgʻin mutaxassislariga ehtiyoj paydo boʻlishi qayd etildi. Shu munosabat bilan sohadagi oliy taʼlim muassasalari va texnikumlar faoliyatini yangi talablar asosida tashkil etish, taʼlim dasturlarini zamonaviy texnologiyalarga moslashtirish, dual taʼlimni keng joriy etish, diplom ishlarini bevosita ishlab chiqarish vazifalari bilan bogʻlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Bundan tashqari, oliygohlardagi ilmiy tadqiqotlarni kombinatlardagi amaliy texnologik yechimlarga yoʻnaltirish, ilmiy ishlar natijalarini ishlab chiqarishga tatbiq etish, talabalar uchun oʻquv-mashgʻulot poligonlarini tashkil qilish, sanoat korxonalarida sexlarni amaliyot va tadqiqotlar uchun moslashtirish vazifalari belgilandi.

Yangi loyihalar doirasidagi dolzarb ilmiy mavzular roʻyxatini ochiq eʼlon qilish tizimini yoʻlga qoʻyish topshirildi. Bu tadqiqotlarda sohadagi 5 ta oliygoh bilan bir qatorda texnika yo‘nalishidagi barcha davlat, xususiy oliygoh va ilmiy tashkilotlar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Yigʻilish yakunida togʻ-kon, metallurgiya, kimyo va neft-gaz kabi bazaviy tarmoqlarda yirik loyihalar ijrosini tizimli nazorat qilish maqsadida Prezident rahbarligida Sanoat kengashi tuzilishi maʼlum qilindi. Ushbu kengash doirasida yirik korxonalarni xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilish, tannarx va energiya sarfini kamaytirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, mahalliy kontentni oshirish, barcha jarayonlarni raqamlashtirish, sunʼiy intellektni joriy etish, investitsiya va eksportni koʻpaytirish boʻyicha oylik ish rejalari tasdiqlanadi.

Mutasaddi rahbarlarga ushbu rejalar ijrosini har oy joylarga chiqqan holda korxonabay tanqidiy muhokama qilish, mavjud masalalarni tezkor hal etish va har chorak yakunlari boʻyicha hisobot kiritib borish topshirildi.

Posted on Leave a comment

Prezidentimiz Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Raqamlashtirilgan boshqaruv markazida boʻldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tashkil etilgan Raqamlashtirilgan boshqaruv markazi faoliyati bilan tanishdi.

Mazkur markaz kombinatning 1-, 2- va 3-mis boyitish fabrikalaridagi ishlab chiqarish jarayonlarini muvofiqlashtirish, samaradorlikni oshirish va uzluksiz monitoringni taʼminlashda muhim oʻrin tutmoqda.

Zamonaviy raqamli boshqaruv tizimlari, katta ekranli monitoring panellari, videokuzatuv vositalari, shuningdek, “Siemens PCS 7” va “AVEVA PI Vision” platformalari orqali maydalash, flotatsiya, quyultirish, filtrlash, reagentlar bilan taʼminlash, texnologik suv taʼminoti, sexlar va transport tizimi faoliyati real vaqt rejimida nazorat qilinmoqda.

Boshqacha aytganda, ushbu markaz fabrikaning oʻziga xos “miyasi” boʻlib, yigirma mingdan ziyod uskuna yagona axborot tizimiga ulangan.

“Aqlli” kameralar orqali dastlabki monitoring amalga oshiriladi, sunʼiy intellekt yordamida esa anomal holatlar avtomatik tarzda aniqlanadi. Bu maʼlumotlarni yagona axborot tizimi orqali tahlil qilish va tezkor qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Prezidentimiz markaz faoliyati bilan tanishar ekan, sunʼiy intellekt orqali, ayniqsa, togʻ-kon va metallurgiya tarmoqlarida samaradorlikni oshirish boʻyicha katta imkoniyatlar borligini taʼkidladi. Shu bilan birga, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu yerning oʻzida davlatimiz rahbariga kombinatning ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarini yanada raqamlashtirish boʻyicha rejalar taqdimot qilindi.

Qayd etilganidek, kondan maʼdan qazib olishdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan barcha jarayonlar bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Kelgusi besh yilda har bir bosqichga sunʼiy intellekt yechimlarini keng joriy etish koʻzda tutilgan.

Sakson yil davomida toʻplangan geologik va marksheyderlik maʼlumotlari asosida konlarni raqamlashtirish ishlarining borishi haqida ham axborot berildi. Jumladan, “Raqamli kon” tizimi kunlik, haftalik va oylik qazish ishlarining aniq yoʻnalishlarini belgilash imkonini bermoqda.

Sunʼiy intellekt asosida karyer yoʻllari holati nazorat qilinmoqda, samosval shinalarining bosimi va harorati datchiklar orqali kuzatib borilmoqda. Ana shunday doimiy monitoring natijasida shinalarning xizmat muddati 14 foizga oshirilgan.

Sohada zamonaviy texnologiyalarni chuqur oʻzlashtirgan mutaxassislar tayyorlash, kadrlarni yangi ish usullari va raqamli yechimlar asosida oʻqitish ustuvor vazifalardan biri ekani koʻrsatib oʻtildi.

Patent ishlari koʻlamini kengaytirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Fabrikadagi har bir bosqichda qoʻllanilayotgan ilmiy-texnologik yechimlarni patentlash, bu borada vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, istiqbolli innovatsion yoʻnalishlarni belgilab olish zarurligi taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, yangi patent bu – yangi texnologiya, yangi ishlab chiqarish yoʻnalishi va yangi bozorlar, demak. Mamlakatimizdagi boy xomashyo bazasi jahon bozorlariga chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratayotgani inobatga olinib, 2026-yilda qaysi istiqbolli yoʻnalishlarda yana qancha patent olish mumkinligi yuzasidan aniq yondashuvlarni ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Posted on Leave a comment

Prezidentimiz mis konsentratini ishlab chiqarish jarayonini kuzatdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida barpo etilgan mis konsentratini filtrlash korpusida boʻldi.

3-mis boyitish fabrikasi tarkibidagi korpus yiliga 917 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish quvvatiga ega. Zamonaviy sanoat press-filtrlari, nasos agregatlari, shlam va suv aylanma tizimlari oʻrnatilgan. Uskunalar xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilgan boʻlib, yuqori samaradorlik va energiya tejamkorligi bilan ajralib turadi.

Ayni vaqtda qurilish ishlari toʻliq yakunlanib, korpusda umumiy 5 ta press-filtrdan 3 tasi toʻliq ishga tushirilgan, yana 2 tasi ishga tushirishga hozirlanmoqda.

Filtrlash korpusida flotatsiya jarayonidan kelgan mis konsentratini qabul qilish, konsentratni quyultirish va filtrlash, tindirilgan suvni ajratish va qayta ishlab chiqarishga qaytarish, tayyor mis konsentratini saqlash yoki keyingi qayta ishlash bosqichiga uzatish kabi texnologik jarayonlar amalga oshiriladi.

Bugungi kunda bu yerda 130 nafarga yaqin ishchi mehnat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari ish jarayoni va tayyor mahsulotni koʻzdan kechirdi, xodimlar bilan suhbatlashdi.

Prezidentimiz ishtirokida shu yerning oʻzida mis konsentratidan namunalar olish marosimi oʻtkazildi. Namunalar 2 ta alohida idishga solinib, Olmaliq kombinati muzeyi va Toshkentdagi Davlat geologiya muzeyiga yuborildi.

Posted on Leave a comment

Olmaliqda yangi mis boyitish fabrikasining birinchi navbati ishga tushdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.

Yurtimizda sanoat, energetika, infratuzilma, servis sohalarida koʻplab yirik loyihalar ishga tushirilmoqda. Har bir hududda yangi uy-joy massivlari, taʼlim va tibbiyot muassasalari, turizm va madaniyat maskanlari bunyod etilmoqda.

Mamlakatimiz sanoati rivoji uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan 3-mis boyitish fabrikasi ham ana shunday keng koʻlamli ishlar va bunyodkor xalqimizning fidokorona mehnati mahsulidir.

“Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish dasturi doirasida 196 gektar maydonda amalga oshirilayotgan qiymati 2 milliard 700 million dollarlik ushbu loyiha shunchaki korxona emas, balki mamlakatimiz sanoat qudratini yanada mustahkamlaydigan, tabiiy boyliklarimizni chuqur qayta ishlashga xizmat qiladigan zamonaviy industrial majmua hisoblanadi.

Fabrika yiliga 60 million tonna maʼdanni qayta ishlab, 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish quvvati bilan nafaqat Markaziy Osiyodagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchi majmualardan biri, balki dunyodagi yirik boyitish fabrikalari sirasiga kiradi.

Loyihani jahon standartlari darajasida amalga oshirish maqsadida Italiyaning “Wood”, Buyuk Britaniyaning “Worley Parsons” kabi kompaniyalari jalb etildi. Fabrikada jahonning yetakchi kompaniyalari – “Metso”, “FLSmidth”, “Weir Minerals” va “Siemens” texnologiyalari joriy etilgan.

Mazkur loyiha hududdagi turdosh sanoat tarmoqlari rivojiga ham kuchli turtki berdi. Qurilishda ishlatilgan metall konstruksiyalar hajmiga teng materialdan 10 ta Eyfel minorasi, temir-beton sarfiga esa qariyb 2,5 ta Burj Xalifa minorasini barpo etish mumkin. Bu fabrikaning megaloyiha ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida fabrika hududida keng koʻlamli koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Tomchilatib sugʻorish tizimlari va ekodizayn yechimlari sanoat hamda tabiat muvozanatini taʼminlashga xizmat qiladi.

Prezidentimiz oʻz nutqida soʻnggi yillarda togʻ-kon sanoatida amalga oshirilgan islohotlar natijalari va kelgusi rejalar haqida soʻz yuritdi.

Konlarni investorlarga berish boʻyicha shaffof tizim yaratilganining hisobiga toʻqqiz yilda 10 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritildi. Bugun sohada 65 ta xususiy korxona faoliyat yuritmoqda.

Natijada tarmoqda ishlab chiqarish 1,7 barobar oʻsib, oʻtgan yilda 270 trillion soʻmga yetdi. Sanoat hajmi va budjetga tushumning toʻrtdan biri ushbu tarmoq hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Muhimi, yuqori daromadli eng koʻp ish oʻrinlari ham aynan shu sohadagi korxonalarda.

Xorijiy hamkorlar bilan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yoʻlga qoʻyilgani ham eng katta yutuqlardan biri boʻlgani taʼkidlandi.

Xususan, Olmaliqda “Moskva poʻlat va qorishmalar instituti” universiteti filiali (“MISiS”), Olmaliq texnika instituti, Toshkent shahrida Geologiya fanlari universiteti (Uxan geologiya universiteti bilan hamkorlikda) hamda Italiyaning Piza universiteti filiali tashkil qilindi. Navoiy konchilik texnologiyalari universitetida ham Rossiya, Kanada, AQSh, Fransiya va Chilining ilgʻor oliygohlari bilan qoʻshma dasturlar yoʻlga qoʻyildi.

Buning samarasi oʻlaroq, ilgari qimmatbaho va rangli metallar asosan xomashyo shaklida eksport qilingan boʻlsa, bugun yiliga 100 ming tonna mis oʻzimizda qayta ishlanib, yuqori qiymatli mahsulot yaratilmoqda, qisqa muddatda zargarlik sanoatida ishlab chiqarish 3,3 karra oʻsib, 13 trillion soʻmdan oshdi.

Prezidentimiz joriy yilning oʻzida ishga tushadigan loyihalarni hisobga olib, misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetishini taʼkidladi. Yaqin ikki-uch yildagi yangi loyihalar natijasida bu koʻrsatkichlar yanada oshadi.

Mis sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sunʼiy intellekt, “yashil” taraqqiyot uchun strategik xomashyoga aylangani koʻrsatib oʻtildi.

– Kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, kelajak sanoatini barpo etgan boʻladi. Qaysi davlat bu xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun kuchli infratuzilma yaratsa, u minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot, mamlakatga qudrat olib keladi. Shu bois, biz islohotlarimizning ilk kunlaridan geologiya-qidiruv ishlariga alohida eʼtibor qaratib, mavjud zaxiralar va ularni ishga solish boʻyicha imkoniyatlarimizni belgilab oldik, – dedi davlatimiz rahbari.

Birgina “Yoshlik-1” konidan joriy yilning oʻzida 20 million tonna ruda qazib olinadi. Bu raqam kelgusi ikki yilda 60 million tonnaga yetadi.

Umuman, “Yoshlik-1” va “Qalmoqqir” konlarida 45 million tonna mis, 5 ming tonnadan ziyod oltin zaxirasining borligi, ushbu zaxira sanoatga kamida 100 yilga yetadigan kafolatli xomashyo bazasi boʻlishi taʼkidlandi. Konlardagi molibden, selen, tellur, reniy kabi noyob metallar yangi innovatsion yoʻnalishlardagi loyihalar uchun mustahkam zamin yaratadi.

3-mis boyitish fabrikasi toʻliq ishga tushganidan keyin Olmaliq kombinatida mis konsentratining kunlik hajmi hozirgi 2 ming 400 tonnadan 5 ming tonnaga oshadi. Shu bilan birga, loyiha doirasida 6 mingdan ziyod yoshlar yuqori daromadli ish joyiga ega boʻladi. Fabrikada AQSh, Germaniya, Rossiya, Xitoy va Finlyandiyaning togʻ-kon sanoatidagi eng ilgʻor texnologiyalari joriy qilinmoqda. Barcha texnologik jarayonlar raqamlashtirilib, sunʼiy intellekt asosida yagona boshqaruv tizimiga ulanadi. Bularning hisobiga energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga kamayadi, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oshadi.

Bundan tashqari, qiymati 2,5 milliard dollarlik yangi mis eritish zavodini barpo etish boʻyicha ishlar ham boshlangan.

Umuman, ushbu 2 ta yirik quvvat hisobiga mis katodi ishlab chiqarish yillik hajmi 148,5 ming tonnadan 300 ming tonnaga, oltin 20 tonnadan 33 tonnaga, kumush 161 tonnadan 203 tonnaga, molibden 850 tonnadan 1,7 ming tonnaga yetishi taʼkidlandi. Shu bilan birga, uran qazib olish va kimyo sanoati uchun zarur xomashyo boʻlgan sulfat kislotasini ishlab chiqarish 3 karra oshadi.

Prezidentimiz bu koʻrsatkichlarni yana 1,5 karra oshirishga xizmat qiladigan 4-misni boyitish fabrikasi boʻyicha loyihaoldi ishlar jadal ketayotganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston 2030-yilga qadar ishlab chiqarishni oltinda 175 tonnaga, kumushda 500 tonnaga, uranda 15 ming tonnaga, misda 500 ming tonnaga yetkazishni maqsad qilgan. Bu borada amalga oshirilayotgan 22 milliard dollarlik loyihalar doirasida yaratiladigan 40 mingga yaqin yuqori daromadli ish oʻrinlari yoshlarimiz uchun katta imkoniyat boʻladi.

Davlatimiz rahbari fabrikani qurishda faol ishtirok etayotgan barcha ishchi-xodimlar, quruvchi va mashinistlar, muhandis va texnologlar, geolog va konchilar, oʻzining tajribasi va kasbiy salohiyati bilan yoshlarga ustozlik qilayotgan faxriylar, loyihaga oʻz hissasini qoʻshayotgan xorijiy hamkorlarga chuqur minnatdorchilik bildirdi. Fabrikaning yangi mehnat jamoasiga esa kelgusi ishlarida ulkan zafarlar tiladi.

Kombinat ishchilari, mehnat faxriylari, professor-oʻqituvchilar bilan muloqot boʻldi.

Marosim yakunida davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, fabrika faoliyatiga start berdi.