Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Prezidentlari alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qat’iy intilishni tasdiqladilar


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlab, diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 32 yilligi va O‘zbekiston-Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarining besh yilligi bilan chin dildan tabrikladi.

Uchrashuv chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, texnologik va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Koreya Respublikasi O‘zbekistonning yetakchi savdo va investitsiya hamkorlaridan biri ekanligi ta’kidlandi. O‘tgan yili tovar ayirboshlash 2,5 milliard dollarni tashkil etdi, koreys investitsiyalari hajmi 7,5 milliard dollardan oshdi. Turistlar oqimi ortib bormoqda, Toshkent va Seul o‘rtasida bir haftada 10 ta aviaparvoz amalga oshirilmoqda.

Hamkorlik salohiyatidan yanada samarali foydalanish, yirik yuqori texnologik loyihalarni aniqlash va ilgari surish uchun yangi sheriklik modelini shakllantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Madaniy-gumanitar almashinuv samarali rivojlanayotgani yuqori baholandi. Respublikamizda Koreya yetakchi oliygohlarining 4 ta filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. O‘z navbatida, Janubiy Koreyada 11 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talabalar ta’lim olmoqda.

Koreya madaniyati uyi, Ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi, Toshkentdagi Seul bog‘i va Seul ko‘chasi do‘stlik va hamkorlikning haqiqiy ramziga aylandi.

Prezidentlar xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning ahamiyatini ta’kidladilar.

Shuningdek, mintaqaviy, jumladan, «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» formatidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Xavfsizlik va mudofaa sohasida, xususan, kiberjinoyatlar, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha yaqin aloqalarni o‘rnatishga alohida e’tibor qaratildi.


Posted on Leave a comment

Koreya Respublikasi Prezidentini tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


14-iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga davlat tashrifini amalga oshirayotgan Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qarorgoh oldidagi maydonda ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi oldi va shohsupaga taklif qildi. Davlat madhiyalari yangradi.

Harbiy orkestr sadolari ostida yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-birlariga tanishtirdilar.

Birgalikda suratga tushilgandan so‘ng tor doiradagi muzokaralar boshlandi.


Posted on Leave a comment

Inson huquqlari boʼyicha toʼrtinchi anʼanaviy Samarqand forumi ishtirokchilariga


Hurmatli Forum ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Аvvalambor, “Ekologik tahdidlar: oʼzgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusidagi inson huquqlari boʼyicha toʼrtinchi anʼanaviy Samarqand forumining barcha ishtirokchilari va mehmonlarini samimiy qutlayman.

Yurtimizda ilk bor 2018-yilda oʼtkazilgan Inson huquqlari boʼyicha Osiyo forumi jahon amaliyotiga oʼziga xos “Samarqand ruhi”ni olib kirdi desak, hech mubolagʼa boʼlmaydi. Shu tariqa inson huquqlari sohasidagi
eng dolzarb muammolarga bagʼishlangan Samarqand forumlarini oʼtkazish yaxshi anʼana tusini oldi.

Bugungi anjumanda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʼstligi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʼyicha kengash, Turkiy davlatlar Parlament Аssambleyasi, shuningdek, taniqli xorijiy davlat va jamoat arboblari, inson huquqlari sohasidagi yetakchi ekspertlar ishtirok etayotgani ayniqsa ahamiyatlidir.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Yaxshi maʼlumki, global iqlim oʼzgarishi oqibatida sayyoramizda keskin ekologik vaziyat yuzaga keldi. Ichimlik suvi taqchilligi, atrof-muhit ifloslanishi, tuproq yemirilishi, kuchli chang va qum boʼronlari, bioxilma-xillikning yoʼqolishi, qishloq xoʼjaligi hosildorligining pasayishi kabi muammolar tobora avj olmoqda.

Barcha qitʼalarda va mamlakatlarda bu jarayonlarning salbiy taʼsiri yanada kuchayib bormoqda. Аyniqsa, havo haroratining oshishi jahondagi oʼrtacha koʼrsatkichdan ikki barobar koʼp boʼlgan va Orol fojiasini boshidan kechirayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida buning oqibatlari yaqqol sezilmoqda.

Ekologik inqiroz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʼlidagi eng asosiy toʼsiq va tahdidga aylandi, global miqyosda qashshoqlik bilan bogʼliq muammolar koʼpaymoqda, insonning sogʼliq, toza suv, oziq-ovqat va uy-joyga boʼlgan huquqlarini taʼminlash xavf ostida qolmoqda. Bundan avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam, xususan, nogironligi boʼlgan shaxslar, keksalar, ayollar va bolalar jiddiy aziyat chekmoqda.

Аlbatta, iqlim oʼzgarishi oqibatida inson huquqlariga yetkaziladigan zararni keskin kamaytirish uchun jahon mamlakatlari birgalikda samarali choralar koʼrishi kerak. Kelajak avlodlar taqdiri uchun barchamiz ulkan masʼuliyatni oʼz zimmamizga oladigan vaqt keldi.

Parij bitimida taʼkidlanganidek, iqlim oʼzgarishiga qarshi choralar koʼrilayotganida, davlatlar inson huquqlarini hurmat qilishi, ragʼbatlantirishi va himoya qilishi, asosiy diqqat-eʼtiborini mazkur sohadagi majburiyatlarini bajarishga qaratishlari lozim.

Hurmatli mehmonlar!

Yangi Oʼzbekistonda iqlim oʼzgarishi muammolari bilan kurashish barqaror rivojlanishni taʼminlashning eng muhim omiliga aylandi. Biz imkon qadar bunday jarayonlarning oldini olish va ularning salbiy taʼsirini yumshatish boʼyicha zarur choralarni koʼrmoqdamiz.

Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda insonning qulay atrof-muhitga boʼlgan huquqi alohida bobda mustahkamlangan. Davlatning atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʼyicha vazifalarni amalga oshirish majburiyatlari belgilab qoʼyilgan.

Shuningdek, Orolboʼyi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish va tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotga va uglerod neytralligiga oʼtish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, 2030-yilga borib mamlakatimiz energetika balansida qayta tiklanuvchi energiya quvvatini 40 foizga yetkazishni rejalashtirganmiz. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Oʼzbekistonda 1 milliard tup koʼchat ekilmoqda. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar maydonda oʼrmonzorlar barpo etdik.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, bizning saʼy-harakatlarimizni jahon hamjamiyati keng qoʼllab-quvvatlamoqda. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasi tomonidan “Orolboʼyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish”, “Markaziy Osiyo ekologik muammolar qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yoʼlida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” kabi muhim rezolyutsiyalar bir ovozdan qabul qilindi.

Hech shubhasiz, insoniyat toʼqnash kelayotgan iqlim bilan bogʼliq keskin muammolar oqibatlarini yumshatish inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikning ustuvor yoʼnalishlaridan biri boʼlib qoladi.

Shu bois, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasining “Markaziy Osiyoda iqlim oʼzgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish toʼgʼrisida”gi rezolyutsiyasini ishlab chiqish va ilgari surish boʼyicha tashabbusimizni qoʼllab-quvvatlaysizlar, deb ishonaman.

Siz, azizlar bugungi Forum davomida global miqyosda ekologik vaziyat barqarorligini saqlash, inson huquq va manfaatlariga xizmat qiladigan yangi amaliy takliflarni ishlab chiqasizlar, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, Forum ishiga ulkan muvaffaqiyat tilab qolaman.

Shavkat Mirziyoev,

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti


Posted on Leave a comment

O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari ishtirokchilariga



Qadrli mehmonlar!

Aziz vatandoshlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, bugungi ulkan voqea – O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlarining tantanali ochilishi bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Sizlarga yaxshi ma’lumki, keyingi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib, mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Buni barcha sohalar qatori madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi aloqalarimiz ham izchil rivojlanib borayotgani misolida barchamiz yaqqol ko‘rib turibmiz.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti aziz qardoshim Ilhom Geydarovich Aliyev bilan kelishuvlarimiz asosida o‘tgan yili Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari, shu yil yanvar oyida esa O‘zbekiston fani va madaniyati kunlari yuksak saviyada o‘tkazildi. 

Qadimiy Ozarbayjon zaminida o‘zbekistonlik ilm-fan va madaniyat namoyandalar katta hurmat-e’tibor bilan kutib olingani, bu diyorda bo‘lib o‘tgan qizg‘in va samimiy uchrashuv va muloqotlar, hech shubhasiz xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.

Biz O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan Xalqaro maqom san’ati anjumani, Baxshichilik va “Lazgi” festivallari hamda boshqa yirik madaniy tadbirlarda Ozarbayjon ijodkorlari muntazam ishtirok etib kelayotganini yuksak qadrlaymiz.

Ozarbayjonda milliy mug‘om san’ati bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan an’anaviy festivalga o‘zbek san’atkorlari doimiy taklif etib borilayotgani alohida diqqatga sazovordir.

Bugun mamlakatimizda katta shodu xurramlik bilan boshlanayotgan Ozarbayjon madaniyati kunlari qardosh ozar zaminida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston madaniyati kunlarining uzviy davomidir.

Ishonchim komil, bizning san’atsevar xalqimiz orziqib kutgan ushbu madaniyat kunlari qardoshlarimizning qadimiy va boy madaniyati, san’ati, adabiyoti, milliy an’ana va qadriyatlari bilan yanada yaqinroq tanishish uchun qulay imkoniyatlar beradigan go‘zal bir anjuman bo‘ladi.

Siz aziz, Ozarbayjon madaniyati kunlarining barcha ishtirokchilarini yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, yuksak ijodiy parvozlar tilayman.

Sizlar ushbu madaniyat va san’at bayrami doirasida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar bilan xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyati bilan yanada yaqinroq tanishasizlar, deb ishonaman.

Qardoshlaringiz diyori – O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


Posted on Leave a comment

Koreya Respublikasi Prezidenti davlat tashrifi bilan O‘zbekiston Respublikasida bo‘ladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol 13-15-iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston-Koreya do‘stlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.

Savdo, innovatsiyalar va texnologiyalar almashinuvi, energetika, elektronika va elektrotexnika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmaviy rivojlanish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari e’tibor markazida bo‘ladi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalaridagi qo‘shma dasturlar muhokama qilinadi.

Shuningdek, mintaqaviy, shu jumladan «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» formatidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashish rejalashtirilgan.

Sammit yakunlari bo‘yicha bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida O‘zbekiston va Janubiy Koreya Prezidentlari qo‘shma biznes forumida ishtirok etadilar.

Prezident Yun Sok Yol mamlakatimizning boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishish maqsadida Samarqand shahriga tashrif buyuradi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti AQSH delegatsiyasini qabul qildi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-iyun kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Savdo vakili Ketrin Tayni qabul qildi.

Amerika idorasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga AQSH Prezidenti Jo Baydenning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ishbilarmonlik aloqalari faollashgani, o‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar ko‘rsatkichlari barqaror o‘sayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

AQSHning «Air Products», «Coca-Cola», «Citibank», «Visa» va boshqa ko‘plab yetakchi korxonalari va banklari bilan kooperatsiya aloqalari rivojlanmoqda.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi, GSP tizimini qayta tiklash, «C5+1» formati hamda Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim doirasida amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Sanoat kooperatsiyasi uchun yangi sohalarni aniqlash va tegishli loyihalarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shma platformani ishga tushirish muhim ekani ta’kidlandi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon bilan madaniy almashinuv yanada kengayishini qo‘llab-quvvatladi


Robo Gallery: You didn’t select any Robo Gallery item in editor. Please select one from the list or create new gallery

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-iyun kuni Ozarbayjon madaniyati kunlarini o‘tkazish doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Karimlini qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Adil Karimli davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning salomlari va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, shu jumladan ustuvor hisoblangan gumanitar sohadagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimiz yetakchisi so‘nggi yillarda madaniy almashinuv faollashganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Joriy yil boshidan buyon Boku shahrida O‘zbekiston ilm-fani va madaniyati kunlari, ko‘rgazma va «Lazgi» milliy baleti premerasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Bugun boshlangan Ozarbayjon madaniyati kunlari doirasida shoir va mutafakkir Muhammad Fuzuliy kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, ko‘rgazma, sahna asarlari namoyishlari va boshqa tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

«Yo‘l xaritasi» asosida faol muloqotni va tabirlarga boy madaniy dasturni davom ettirish, YUNЕSKO, TURKSOY va AYSЕSKO kabi xalqaro tashkilotlar doirasida qo‘shma tashabbus va loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.


Posted on Leave a comment

Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Muborak Qurbon hayitining ma’naviy hayotimizda mehr-oqibat, bag‘rikenglik, muruvvat, do‘stlik va hamjihatlik kabi ezgu tamoyillarni mustahkamlash borasidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Ushbu qutlug‘ ayyomni munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, muqaddas islom dinining insonparvarlik g‘oyalari hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:

1. 2024-yilda muborak Qurbon hayitining birinchi kuni 16 iyun – yakshanba kuniga to‘g‘ri kelishi to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, yurtimizda 16-iyun kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.

2. Quyidagilar:

a) Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:

ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanuvchi Qurbon hayitining birinchi kuni dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 17-iyun – dushanba kuniga ko‘chirilishi;

bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmasligi;

b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 22-dekabrdagi “2024-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF–213-son Farmoni bilan 18-iyun – seshanba kuni barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda muborak Qurbon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

4. Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun muborak Qurbon hayiti kunlarida mo‘tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.

5. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev


Posted on Leave a comment

Tarmoq va hududlarda energiya samaradorligini oshirish va kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilandi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-iyun kuni energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda energetika sohasi obyektlari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Energetika tarmog‘ini rivojlantirish va barqaror faoliyatini ta’minlash, energiya manbalarini va generatsiya quvvatlarini ko‘paytirish – davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi. Shu bilan birga, energiya resurslaridan oqilona foydalanmasdan,  tarmoq va hududlarda, ham ijtimoiy, ham iqtisodiy sohalarda energiya samaradorligini ta’minlamasdan tizimda yuqori natijalarga erishib bo‘lmaydi.

Shu munosabat bilan yig‘ilishda mazkur masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

O‘tgan yili elektr va gazni tejash bo‘yicha tumanbay dasturlar qabul qilindi. Xonadonlar va ijtimoiy obyektlarda o‘rnatilgan birgina quyosh kollektorlari hisobiga 20 million kilovatt elektr tejalmoqda. Sanoat korxonalari ham “yashil energiya” manbalarini joriy qilmoqda.

Lekin ayrim hududlarda ishlar sust bo‘lgani uchun elektrni iqtisod qilish rejasi to‘liq bajarilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Yangi ijtimoiy obyektlarni loyihalashtirishda energiya tejamkorlik bo‘yicha qat’iy talab kiritish, ma’muriy binolar, ko‘p qavatli uylar, korxona, savdo va servis binolarida energiya samaradorligi bo‘yicha texnik shartlarni ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. 

Videoselektor/yig‘ilish davomida Joriy yilda 1 mingta ijtimoiy obyektni kuz-qish mavsumiga tayyorlash topshirildi. Jumladan, 251 ta shifoxona, 292 ta bog‘cha, 393 ta maktab va internat ta’mirlanadi.

Prezident tarmoq rahbarlari va hokimlarning bu yil elektr va gazni tejash rejasi qoniqarsiz ekanini, ular yanada katta marra olishi shartligini ta’kidladi.

Har bir hokimga bittadan tumanni tanlab, elektr va gaz tejash bo‘yicha namuna qilish topshirildi. Ushbu tumanlarda bu yil 750 million kilovatt elektr va 550 million kub metr gaz iqtisod qilinishiga erishish muhimligi ta’kidlandi.

– Tejash – yo‘qotishlarni kamaytirish, tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hisobiga bo‘lishi shart, – dedi davlatimiz rahbari.  

Yig‘ilishda bundan buyon ilg‘or tajriba asosida soha va tarmoqlarda energiya samaradorlikni baholash bo‘yicha yangicha tizim amal qilishi belgilandi.

Bunda yiliga kamida 4 million kilovatt elektr yoki 375 ming kub metr gaz sarflaydigan yirik iste’molchilar har uch yilda energiya auditidan o‘tadi. Energoinspeksiya har yili yirik iste’molchilar ro‘yxatini e’lon qilib boradi, auditdan o‘tmagan korxonalarga gaz va elektr oshirilgan tarifda yetkaziladi.

Mutasaddilarga yil yakunigacha yangi tizim bilan bog‘liq texnik reglament va normativ hujjatlarni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Yurtimizda elektromobillar soni oxirgi uch yilda 10 karra oshib, 35 mingtaga yetdi. Jizzaxda elektromobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shu munosabat bilan elektr tizimini rivojlantirishda yangi zaryadlash quvvatlarini hisobga olish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Endilikda elektromobilni xonadonda quvvatlashni rag‘batlantiradigan tungi tarif joriy qilinadi. Quvvatlash uskunasiga hisoblagich o‘rnatgan aholiga tungi vaqtda quvvatlaganlik uchun arzon tarif qo‘llanadi.

Shuningdek, ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar atrofida 22 kilovattgacha, xonadonda 7 kilovattgacha zaryadlash stansiyasi o‘rnatish mumkin bo‘ladi. Davlat tashkilotlari, savdo markazi, mehmonxona va dam olish maskanlari avtoturargohida quvvatlash stansiyasi o‘rnatiladi.

Respublikamizdagi 39 mingga yaqin ko‘p qavatli uyga 819 ta boshqaruv kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Soliq imtiyozi, arzon kredit berilgani, eski qarzlar “muzlatilgani” hisobiga ular oyoqqa turmoqda. Masalan, bir yil oldin 133 ta boshqaruv kompaniyasi “og‘ir” toifada bo‘lgan bo‘lsa, hozir bunday kompaniya qolmadi. Natijada yil boshidan 2 ming 100 ta ko‘p qavatli uy ta’mirlandi, 1 millionga yaqin daraxt va gul ko‘chatlari ekildi.

Yig‘ilishda hamma joyda ham odamlar uylarni boshqarish sifatidan qoniqmayotgani qayd etildi. Ko‘plab boshqaruv kompaniyalari faqat ko‘chalarni supurish va tozalash, joriy ta’mirlash bilan cheklanayapti. Lekin uylar atrofini obodonlashtirish, tom, ichki va sug‘orish tarmoqlarini soz holda saqlab turish kabi asosiy vazifalar e’tibordan chetda qolib ketmoqda.

Yaqinda boshqaruv kompaniyalari xizmati uchun tarifning eng kam miqdori belgilandi. Endi boshqaruv va ekspluatatsiya sifati ham shunga yarasha bo‘lishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Boshqaruv kompaniyalari aholi va kommunal tashkilot o‘rtasida “ko‘prik” bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Bundan buyon ikki yildan oshmagan uylarda, ya’ni kafolat muddatida muammo chiqsa, pudratchi bilan birga ularni bartaraf qilishga mas’ul bo‘lishi belgilandi.

Ko‘p qavatli uylar seysmo-konstruksiyasiga noqonuniy o‘zgartirish kiritish holatlari kuzatilayotgani, yangi ko‘p qavatli uylarda bino cho‘kishi, undagi yoriqlar, sho‘rlanish va sifat bo‘yicha aholidan e’tirozlar bo‘layotgani qayd etildi.

Mas’ul tashkilotlarga uylar xavfsizligi va infratuzilma sifati bo‘yicha pudratchilar majburiyati bajarilishini qat’iy nazoratga olish, konstruksiyani noqonuniy o‘zgartirish holatlarini erta aniqlash tizimini joriy qilish topshirildi.

Bu yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha har bir mahalladagi haqiqiy ahvol o‘rganildi, tumanlar kesimida dastur ishlab chiqildi. Tayyorgarlik ishlariga o‘tgan yilgi 14 trillion so‘mga qo‘shimcha yana 14 trillion so‘m ajratilishi belgilandi.

Yil boshidan viloyatlarda 250 ta avariyaviy o‘chish ro‘y bergani, oqibatda ayrim joylardagi iste’molchilarga elektr barqaror yetkazilmagan. Shuningdek, ba’zi ko‘p qavatli uylardagi elektr qutilar va undagi simlar muddatini o‘tab bo‘lgan.

Mutasaddilarga bu boradagi kamchiliklarni to‘liq bartaraf etish topshirildi. Ishlarni eng og‘ir mahallalardan boshlab, yil yakunigacha 30 ming kilometr tarmoq, 10 mingta transformatorni yaxshilash vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda energetikaning resurs bazasini mustahkamlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Barcha generatsiya manbalari hisobidan joriy yilda 4 gigavattlik elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 850 kilometr magistral tarmoq va 9 ta podstansiyani kapital ta’mirlash, 595 kilometr elektr tarmog‘i va 4 ta yangi podstansiyani ishga tushirish rejalari belgilab olindi.

Issiqlik elektr stansiyalari barqaror ishlashi, aholi va ijtimoiy soha ehtiyojlari uchun joriy yilda ko‘mir qazib chiqarish hajmini yanada oshirish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, mazut va ko‘mir ikki yilga boj to‘lovlaridan ozod qilinishi, ko‘mir importi uchun uch yil muddatga revolver kreditlar berilishi belgilandi.

Oktyabr-dekabr oylarida iste’molchilarga 163 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazish topshirildi. Shuningdek, viloyat hokimlariga 300 dan ziyod olis mahalla uchun ko‘mir, suyultirilgan gaz va asosiy turdagi oziq-ovqat zaxirasini yaratishga topshiriq berildi.

Kuz-qish mavsumida aholini issiqlik va ichimlik suvi bilan kafolatli ta’minlash uchun qozonxona, qozon va issiqlik tarmoqlarini yaxshilash, suv tarmoqlari va nasoslarni ta’mirlash vazifalari belgilab olindi.

Yig‘ilish davomida tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.


Posted on Leave a comment

Xorijiy hamkorlar bilan investitsiyaviy sheriklik doirasidagi ishlar holati va kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi


Robo Gallery: You didn’t select any Robo Gallery item in editor. Please select one from the list or create new gallery

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida Turkiya Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbarining o‘tgan hafta Turkiyaga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi doirasida ko‘plab kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi va ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha 10,1 milliard dollarga teng 158 ta yangi loyihalar shakllantirilgan. Ushbu loyihalar sanoat, energetika, tog‘-kon va geologiya, transport, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi sohalarini qamrab olgan.

Yig‘ilishda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida ko‘riladigan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berildi.

Xususan, ikki mamlakat o‘rtasidagi Imtiyozli savdo bitimi doirasida mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish, to‘qimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, hunarmandchilik mahsulotlariga tarif va boj stavkalarini kamaytirish, Istanbul shahrida O‘zbekistonning savdo vakolatxonasini ochish rejalashtirilgan.

Turkiya tajribasi asosida tog‘-adirlarni o‘zlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash tizimini joriy qilish, xalqaro standartlarga mos o‘zbek-turk Urug‘chilik test markazini ochish mo‘ljallangan.

Prezident Turkiyaning yirik kompaniyalari bilan istiqbolli loyihalar portfelini shakllantirish, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

Saudiya Arabistoni bilan ham investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda, qator yirik loyihalarni amalga oshirish boshlangan, sarmoyalar portfeli tobora kengayib bormoqda. Podshohlik kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati 24,1 milliard dollarlik 34 ta investitsiya loyihalari ro‘yxati shakllantirilgan.

Mazkur loyihalar doirasida joriy yilda jami 2,5 milliard dollarlik mablag‘larni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Shu jumladan, yil yakuniga qadar transport, raqamlashtirish, infratuzilma, sog‘liqni saqlash, energetika sohalarida qo‘shimcha 13 ta loyihalar doirasida 1,5 milliard dollarlik investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilishi kutilmoqda.

Yig‘ilishda O‘zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi ishini yanada faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Kengash doirasida shakllantirilgan ekologiya, tog‘-kon, moliyaviy hamkorlik sohalarida qiymati 6,5 milliard dollarlik yangi istiqbolli loyihalar yuzasidan muzokaralarni yakuniga yetkazish va amaliy ishlarni boshlash muhimligi qayd etildi.

Prezidentimiz hisobot va rejalar bilan tanishib, mutasaddilarga xorijiy investitsiyalarni to‘liq va sifatli o‘zlashtirish choralarini ko‘rish, loyihalarning amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatishni topshirdi.

Investorlar bilan doimiy muloqot qilib, ular uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni tizimli hal etib borish vazifasi qo‘yildi.