Posted on Leave a comment

Prezident xorijiy investorlar bilan muloqot qildi



Davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga tashrifi davomida hududda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirayotgan xorijiy kompaniyalar vakillari bilan uchrashdi.

Bugungi yig‘ilishda qayd etilganidek, bu yil Andijonda quvvati 24 megavatt, keyingi yil yana 20 megavatt bo‘lgan jami 763 ta kichik va mikro GESlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Xitoy kompaniyalaridan biri viloyatda mikro GESlar uchun kerakli uskunalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Qayd etilganidek, qurilgan GESlarga 1-yil davomida bepul servis xizmati ko‘rsatiladi.

Kecha Bobur shahrida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilishi e’lon qilingan edi. Ko‘plab sarmoyadorlar shahar qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda.

Jumladan, xitoylik investor 250 million dollar investitsiya hisobiga zamonaviy majmua qurmoqchi. Loyihaga muvofiq, 55 gektar hududda biznes markazi, mehmonxona, savdo markazlari va 3 ming xonadonga mo‘ljallangan uy-joy quriladi.

Uchrashuvda shu va boshqa loyihalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari mutasaddilarga investitsiyalarni ko‘paytirish, investorlar bilan yaqindan ishlab, zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shu bilan Prezidentning Andijon viloyatiga tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.

Posted on Leave a comment

Sport ta’limi va olimpiya harakati bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi



Davlatimiz rahbari Andijon viloyatidagi ijtimoiy xizmatlar markaziga tashrifi chog‘ida sport sohasi va olimpiya harakatiga oid taqdimot bilan ham tanishdi.

Bugungi kunda yurtimizda 10 milliondan ziyod aholi ommaviy sport bilan shug‘ullanmoqda. Tumanlarda, ta’lim va mehnat jamoalarida turli musobaqalar o‘tkazilmoqda.

Endi bu ko‘rsatkichni 15 millionga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan. Buning uchun “Mahalla ligasi”, “Maktab ligasi”, “Talabalar ligasi”, “Vazir kubogi” va “Kasaba uyushmalari kubogi” kabi musobaqalar tashkil etiladi.

Shu yil 13-fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sportchi yoshlarni saralash va mahoratini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Shunga muvofiq, seleksiya, sport ta’limi va olimpiya tizimini yangi bosqichga olib chiqish ishlari boshlangan.

Bunda hududlardagi 254 ta sport maktabi, olimpiya yo‘nalishlariga ixtioslashgan 56 ta sport maktabi milliy terma jamoalarga asosiy zaxira bo‘ladi. Joylardan saralangan yoshlar tana antropometriyasi va qobiliyatidan kelib chiqib, maqsadli tayyorlanadi.

Ularni pishitib borish uchun yiliga ikki marta “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalar tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Viloyat bosqichi g‘oliblari har yili dekabrda Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladigan “Prezident Olimpiadasi”da ishtirok etadi. Musobaqa g‘oliblari uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Birinchi va ikkinchi o‘rinni olgan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi.

Prezidentimiz sport ta’limida vertikal tizimni takomillashtirib, ilg‘or uslub va yondashuvlarni  tatbiq qilish zarurligini ta’kidladi. Sport maktablarining natijadorligini oshirish, qobiliyatli yoshlarni yetuk sportchilar etib tarbiyalash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

Mahalliy mahsulotlar sifati ko‘zdan kechirildi



Davlatimiz rahbari Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi “Fayz-M” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimizda xomashyoni qayta ishlab, qo‘shilgan qiymat yaratishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Mazkur korxona ham mato to‘qish, bo‘yash va tayyor trikotaj ishlab chiqarish yo‘nalishidagi yirik loyihalardan biri.

Bu yerda yiliga 4 million 200 dona, 50 turdagi mahsulotlar tayyorlanadi.  Mingga yaqin fuqaro ish bilan ta’minlangan.  Xodimlar malakasini oshirish ham e’tiborda. Buning uchun dizaynerlik markazi tashkil etilgan.

Turkiya, Germaniya va Xitoydan keltirilgan ilg‘or uskunalar ish unumdorligi va mahsulotlar sifatini ta’minlamoqda. Tayyor kiyim-kechaklarning katta qismi eksportga yo‘naltiriladi. Yillik eksport salohiyati 6 million dollarga yetgan.

Prezidentimiz ishlab chiqarish jarayonini va tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Sifat ko‘rsatkichlari ustida ishlab, qo‘shilgan qiymatni oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Posted on Leave a comment

Andijon rivojini yangi bosqichga ko‘tarish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi



16-aprel kuni Buloqboshi tumanida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Andijonda yangi O‘zbekiston shukuhi har bir tuman, har bir mahallaga kirib borayotgani qayd etildi. O‘tgan yili viloyatda 4 mingdan ziyod yangi tadbirkor ish boshlagan. 450 ming aholi ishli bo‘lgan. 

Viloyatda 1,5 million kvadrat metr turar joy va 850 ming kvadrat metr noturar joylar qad ko‘tardi. Buning hisobiga, o‘tgan yili savdo va xizmatlar 13 foizga, sanoat 7,5 foizga oshdi. 

Lekin hayot bir joyda to‘xtab turmaydi. Andijonda iqtisodiy salohiyat, yangi loyihalar va tashabbuslar ko‘p.

Yig‘ilishda kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya va eksportni ko‘paytirish, qurilish, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish borasidagi vazifalar muhokama qilindi.

Avvalo, 2025-yilda Andijon viloyatida kamida 6 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, yalpi hududiy mahsulotni 105 trillion so‘mdan oshirish, 305 ming aholini band qilib, 150 ming odamni kambag‘allikdan chiqarish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Andijonda dastgohsozlik sanoati yaxshi shakllangan. Lekin ikki yilda viloyatga chetdan 1 milliard dollarlik asbob-uskunalar import qilingan. Agar ularni o‘zimizda tayyorlash o‘zlashtirilsa, iqtisodiyotga qo‘shimcha tushum, odamlarga ish o‘rni bo‘ladi. Bunday tashabbuskorlarni qo‘llab, sertifikat va zarur buyumlar olishiga ko‘maklashish kerak.  

Shuningdek, mashinasozlik-konstruktorlik ishlab chiqarish markazlari tashkil etiladi. Sanoat tarmoqlarida talab yuqori bo‘lgan import uskunalarning texnik ko‘rsatkichlari o‘rganilib, mahalliy korxonalarga muqobillari taklif qilinadi. Bunday uskunalarni mahalliylashtirish istagidagi tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.

Viloyatdagi 13 ming gektar adirga suv chiqarib, bemalol ekin ekish mumkin. Lekin u yerlarga suv chiqarishda nasos ishlatish uchun elektrni narxi dehqonlarga og‘irlik qiladi. Shu bois quyosh paneli o‘rnatish uchun moliyaviy instrumentlar qo‘llanadi. Qo‘rg‘ontepada 300 gektar adirlikda sanoat usulida intensiv bog‘ va uzumzor barpo etilib, tadbirkorlarga tayyor holda taklif qilinadi.

Boshqa hududlardagi samarasiz issiqxonalar Andijonga ko‘chirilib, aholiga lizingga beriladi. Mahallalarga arzon urug‘ va mineral o‘g‘it yetkaziladi. 

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Baliqchi va Oltinko‘lda 5 gektardan issiqxona tashkil etib, 100 ta ehtiyojmand oilani daromadli qilgan. Endi bu Ulug‘nor, Paxtaobod, Xo‘jaobod, Marhamat va Andijon tumanlarida ham yo‘lga qo‘yiladi. Bunday zamonaviy issiqxonalarni namunaviy tashkil qilgan mahalla raislariga 100 foiz ustama beriladi.

Viloyatdagi sun’iy suv havzalarining atigi 23 foizida intensiv usulda baliq yetishtirilayapti, xolos. Osiyo taraqqiyot bankidan 15 million dollar jalb etib, 320 gektarda intensiv usulda baliq yetishtirish, 500 ta xonadon bilan kooperatsiya qilish loyihasi ishlab chiqilgan. Mutasaddilarga bu loyihani nazoratga olish, umuman, respublikada baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Andijonda turizm salohiyati ham yuqori. Xonoboddagi Kampirovot, Buloqboshidagi Shirmonbuloq, Xo‘jaoboddagi Tosh ota mahallarida turizm maskanlari tashkil qilib, sayyohlarni ko‘paytirish imkoniyati bor. Bu yil sohada 125 million dollarlik 25 ta loyihani yakunlash, 3,5 million xorijiy va mahalliy sayyoh jalb qilib, turizm eksportini 200 million dolardan oshirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda investitsiya va eksport masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu yil xorijiy investitsiyalar hajmi 3,1 milliard dollarga yetkazilishi, 1 milliard dollarlik 23 ta yirik, 321 ta kichik va o‘rta loyiha ishga tushirilishi qayd etildi. Eksportni 1,5 milliard dollarga, mahalliylashtirish hajmini 10 trillion so‘mga olib chiqish imkoniyati bor.

Har yili Andijondan Qirg‘izistonga 200 million dollarlik eksport bo‘layapti. Chegaradan 5 ming dollarlikkacha bo‘lgan mahsulotni qo‘lda olib o‘tishga ruxsat berilgani natijasida yana millionlab dollarlik tovar sotilayapti. O‘zaro savdoni kengaytirish uchun Qo‘rg‘ontepa va Xo‘jaobodda erkin savdo va sanoat zonalari tashkil qilish taklifi bildirildi. 

Viloyatdagi 360 ta bo‘sh va samarasiz ko‘chmas mulkni qulay shartlarda auksionga chiqarib, tadbirkorlik loyihalariga zamin yaratish muhimligi ta’kidlandi.  

Suv oqimi yuqori bo‘lgan ariq va kanallarida 75 megavatt quvvatga ega kichik va mikro GESlar qurish imkoniyati bor. Bunda qatnashadigan tadbirkorlarga 3 yil imtiyozli davr bilan, 7 yilga 12 foiz stavkada kredit beriladi.

Qurilish va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ham vazifalar ko‘p. Xususan, bu yil 9 ming 700 xonadonli 245 ta ko‘p qavatli uy quriladi. Bu sohada 10 ming nafar aholining bandligi ta’minlanadi. Ming kilometrdan ziyod yo‘l va ko‘priklar ta’mirlanadi. 

Xonobod – Andijon magistral suv quvurining quvvati yetishmasligi sababli 6 ta tumandagi 510 ming aholiga suv yetkazib berishda muammolar bor. Shu bois Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida ushbu quvurning 2-tarmog‘ini qurish zarurligi ta’kidlandi. 

Qo‘shni davlatlar bilan bog‘lovchi yo‘llarning o‘tkazuvchanligini oshirish, Andijon shahri bilan tumanlar o‘rtasida jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ijtimoiy yo‘nalishlar aholi turmushida bevosita aks etadi. Andijonda bu yil yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti ulushi 40 foizga yetkaziladi. 15 ming nafar texnikum bitiruvchisining bandligi ta’minlanadi. 6 ming talaba dual ta’lim bilan qamrab olinadi. Oliy ta’limning muhandislik, tibbiyot, iqtisodiyot, agrar yo‘nalishidagi 4 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

Shu maqsadda, jumladan, tibbiyot ta’limi va turizmini rivojlantirish, mahallalarda tunu kun xizmat ko‘rsatadigan xususiy tibbiyot punktlarini ko‘paytirish choralari belgilandi.

Ma’lumki, salohiyati va ko‘nikmasini oshirgan maktab direktorlarini rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yilgan. Endi bu tizim texnikumlarda ham joriy qilinadi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan, har yili Bobur shahrida rassomlar festivali o‘tkaziladi. G‘oliblarga Prezident sovg‘asi sifatida avtomobil berilishi e’lon qilindi.

– Bugun Andijon rivojini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha eng muhim vazifalarni belgilab oldik, barcha masalalarga to‘xtalib, viloyat uchun zarur mablag‘larni ham hal etdik, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Agar barchamiz bir bo‘lib, hamjihat bo‘lib ish olib borsak, yutuqlarimiz yanada ko‘payadi, biz zabt etolmaydigan marraning o‘zi bo‘lmaydi, Andijon yanada obod bo‘ladi. 

Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va boshqa mutasaddilar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha axborot berdi. Viloyat hokimi, 16 ta shahar va tuman hokimi aholi va tadbirkorlarni har kuni eshitib, hozirgi sur’atni saqlab qolishi, dunyodagi iqtisodiy tebranishlar sharoitida favqulodda mas’uliyat olishi lozimligi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

Boburning armonlari ushaldi – Yangi Andijon uning nomi bilan ataladi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijondagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi xalq saylida ishtirok etdi.

Andijonlik yoshlar bilan muloqotda ularga yuksak ishonch bildirildi.

– Davlatimizning eng ustuvor maqsadlaridan biri – yoshlar siyosati. Ta’lim-tarbiya, mahalla, bandlik, sport tizimlarida qilayotgan ishlarimiz farzandlarimizning manfaatlari uchun. Bizning yoshlarimiz qobiliyatli, iste’dodli. Bu iste’dod qachon yuzaga chiqadi? Mehnat bo‘lsa. Bilim olib, intilgan odam hech qachon kambag‘al bo‘lmaydi, ishini topadi. Siz ham o‘qib, izlanib, zamonaviy kasb-hunarlarni egallang. Baxtli bo‘lish uchun bugun zamin yaratishingiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz Andijonda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari bilan ham uchrashdi. Mamlakatimizdagi tinchlik-totuvlik, millatlararo ahillik eng qadrli ne’mat ekani ta’kidlandi.

Bog‘dagi amfiteatrda konsert dasturi namoyish etildi. Davlatimiz rahbari tadbirda nutq so‘zlab, viloyat ahliga yuksak hurmatini bildirdi.

– Inson qadrini ulug‘lash, xalqimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash, shu asosda odamlarni hayotdan rozi qilish – yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadidir. Bugun Vatanimizning barcha viloyatlari, qishloq va ovullarida ana shu ulug‘ maqsad qanday amaliy natijalar berayotganini ko‘rib, albatta barchamiz cheksiz quvonamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning amaliy tasdig‘ini go‘zal va betakror Andijon zaminida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Viloyatda sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, bog‘-u rog‘lar barpo etish, ko‘cha va mahallalarni obod qilish, aholi uchun munosib mehnat va yashash sharoitlari yaratish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda.

– Andijon zaminida yangi O‘zbekiston g‘oyasi, yangi O‘zbekiston nafasi har bir mahalla, har bir xonadonga kirib bormoqda, xalqimizni baland-baland marralarga undamoqda. Bu – islohotlarimizning biz kutgan, butun xalqimiz kutgan eng katta, eng muhim natijasi, – dedi Prezident.

Andijon yurtimizning tarixiy shaharlaridan biri, vodiy gavharidir. Bugungi kunda viloyatda barcha soha va tarmoqlar jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda bu yerda juda katta salohiyat mavjud. Ana shunday imkoniyatlarni ishga solish, hududni yanada taraqqiy ettirish maqsadida Yangi Andijon shahri qurilmoqda. Qisqa vaqt ichida bu yerda so‘lim “Yangi O‘zbekiston” bog‘i ham barpo etildi.

Davlatimiz rahbari bu ishlarga hissa qo‘shgan barcha insonlarga tashakkur aytdi.

Andijon Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan diyor ekani bilan ham mashhur. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev Yangi Andijon shaharchasiga Bobur shahri deb nom berish tashabbusni ilgari surdi. Buni andijonliklar xursandchilik bilan qo‘llab-quvvatladi.

Bobur Mirzo temuriylar tamaddunining munosib davomchisi, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot homiysi bo‘lgan buyuk shaxsdir. U betakror ilmiy va ijodiy merosi bilan millatimiz, xalqimizni butun dunyoga tarannum etgan. Uning sharafiga alohida shahar bunyod etilsa arziydi. Bu Bobur Mirzoning dilida qolgan armonlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida yana bir tarixiy voqea bo‘lib qolishi ta’kidlandi.

Shaharda ixtisoslashgan bog‘cha va maktab, universitet, muzey, kutubxona va IT-parkdan iborat yirik ta’lim klasteri barpo etiladi. Oliygoh tarkibida eng yuqori talablarga javob beradigan sport majmuasi ham quriladi.

Bobur shahri milliy qadriyatlarimizni mujassam etadigan ma’naviy maskanga, yoshlar uchun ilhom va ibrat, parvoz maydoniga, yurtimizning yana bir turizm va madaniyat markaziga, zamonaviy texnologiyalar qo‘llangan “aqlli shahar”ga aylantiriladi.

Bu shahar, xuddi buyuk shoir va mutafakkir Navoiy nomi qo‘yilgan azim shahar kabi, shonli tariximiz va kelajagimiz o‘rtasida ma’naviy ko‘prik bo‘ladi, yangi tariximizdan munosib o‘rin oladi. Hududdagi bog‘ning eng baland nuqtasida Zahiriddin Muhammad Boburning yangi, muhtasham haykali o‘rnatiladi.

Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun dastur qabul qilinib, 250 million dollar yo‘naltiriladi.

– Barchamiz bilamizki, Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoning qayerida, qaysi o‘lkada bo‘lmasin, bir umr vatan sog‘inchi bilan yashagan. Bugun buyuk ajdodimizning armonlari ushaldi, ul zot o‘z yurtiga ruhan qaytib keldi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz. Mana shunday ulug‘, tarixiy kun barchamizga muborak bo‘lsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari 15-aprel – madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillarini ham samimiy tabrikladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatida yangi barpo etilgan Bobur shahrida o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqi



Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar, muhtaram Andijon ahli!

Avvalo, siz, azizlar bilan yurtimizda ko‘klam nafasi kezib yurgan mana shunday fayzli kunlarda diydor ko‘rishib turganimdan g‘oyat mamnunman. Barchangizga o‘zimning yuksak hurmat va ehtiromimni bildiraman.

Hammangizga ma’lumki, inson qadrini ulug‘lash, xalqimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash, shu asosda odamlarni hayotdan rozi qilish – Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadidir.

Bugun jonajon Vatanimizning barcha viloyatlari, qishloq va ovullarida ana shu ulug‘ va ezgu maqsad qanday amaliy natijalar berayotganini ko‘rib, albatta barchamiz cheksiz quvonamiz. Buning amaliy tasdig‘ini go‘zal va betakror Andijon zaminida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Viloyatda sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, bog‘u rog‘lar barpo etish, ko‘cha va mahallalarni obod qilish, aholi uchun munosib mehnat va yashash sharoitlari yaratish bo‘yicha ko‘plab tahsinga loyiq ishlar qilinmoqda.

Qani endi, imkoni bo‘lsa-yu, bu so‘lim diyorga tez-tez kelib, siz, azizlar bilan chin dildan miriqib suhbatlashsam. Chunki, sir emas, men doimo sizlar kabi mard va tanti, qalbi – Ollohda, qo‘li – ishda bo‘lgan insonlar bilan uchrashib, muloqot qilib, o‘zim uchun beqiyos ma’naviy kuch olaman, ruhlanaman.

Ishonch bilan aytish mumkinki, Andijon zaminida Yangi O‘zbekiston g‘oyasi, Yangi O‘zbekiston nafasi har bir mahalla, har bir xonadonga kirib bormoqda, xalqimizni baland-baland marralarga undamoqda.

Bu – islohotlarimizning biz kutgan, butun xalqimiz kutgan eng katta, eng muhim natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Qadrli do‘stlar!

Faxr bilan ayta olamizki, Andijon butun mamlakatimiz, Markaziy Osiyo mintaqasining zamonaviy, yirik shaharlaridan biri, vodiy gavharidir. Bu ko‘hna zamindan ko‘plab olim va mutafakkirlar, mashhur shoir va adiblar, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va san’at namoyandalari yetishib chiqqan.

Andijon – buyuk mutafakkir, bunyodkor shoh Zahiriddin Muhammad Bobur bobomiz tavallud topgan tabarruk diyor ekani barchamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.

Bugungi kunda Andijonda barcha soha va tarmoqlar jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda bu yerda juda katta salohiyat mavjud. Ana shunday ulkan imkoniyatlarimizni ishga solish, hududni yanada taraqqiy ettirish maqsadida sizlar bilan bundan ikki yil avval Yangi Andijon shahri va “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini barpo etish haqida kelishib olgan edik.

O‘tgan davr mobaynida ushbu ulkan loyihani amalga oshirish borasida katta ishlar bajarilganiga barchangiz guvohsiz. Nafaqat guvohsiz, ayni paytda ularda bevosita ishtirok etmoqdasiz. Qisqa vaqt ichida havas qilsa arziydigan mana shu go‘zal shaharcha bilan birga “Yangi O‘zbekiston” bog‘i ham qad ko‘tardi.

Siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni ana shu buyuk mehnat g‘alabasi bilan samimiy tabriklayman. Bunday fayzli, muazzam maskan barchamizga, avvalo, mehnatkash va olijanob Andijon ahliga muborak bo‘lsin, buyursin!

Xalqimizning bunyodkorlik an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan, fidoyilik va tashabbuskorlik fazilatlarini amaliy ishlari bilan namoyon etayotgan Andijon ahliga, bu ishlarga hissa qo‘shgan barcha insonlarga chin yurakdan tashakkur bildiraman.

Shu o‘rinda ko‘pdan buyon o‘ylab yurgan bir tashabbusni sizlar bilan maslahat qilmoqchiman.

O‘zining betakror ilmiy va ijodiy merosi bilan millatimiz, xalqimizni butun dunyoga tarannum etgan buyuk ajdodimiz – Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini abadiylashtirish maqsadida Yangi Andijon shaharchasiga – Bobur shahri deb nom bersak, nima deysizlar?

Qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun rahmat. Ishonchim komil, bu tashabbus har tomonlama xalqimizning ko‘nglidagi ish bo‘ladi.

Nega deganda, hazrati Bobur – jahon tarixida kamdan-kam uchraydigan shunday benazir, ulug‘ zotki, uning sharafiga nafaqat ko‘cha va maydonlar, bog‘u rog‘lar, balki alohida shahar bunyod etsak, albatta arziydi.

Nega deganda, Bobur Mirzo – Temuriylar Renessansining munosib davomchisi, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot, iste’dod homiysi bo‘lgan buyuk shaxsdir.

Uning yoshlik paytlaridan yurtda tinchlik va adolat o‘rnatish uchun olib borgan kurashlari, bu yo‘lda ko‘rsatgan mardlik va jasorati fidoyilik va vatanparvarlik maktabidir.

Hech shubhasiz, qomusiy bilim va tafakkur egasi bo‘lgan bu mumtoz ajdodimizning birgina “Boburnoma” asari uchun ham uning sharafiga mana shunday go‘zal shaharchani bunyod etsak, arziydi.

Chunki, takror aytishga to‘g‘ri keladi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi olamga mashhur ajdodlarimiz borligini, ular O‘zbekiston farzandi ekanini hech qachon unutmasligimiz kerak.

O‘zligimizni anglab, shonli tariximizni yosh avlodimizga, bolalarimizga tushuntirsak, ilm-ma’rifatni rivojlantirsak, ulug‘ bobolarimizga munosib bo‘lib yashasak, Yangi O‘zbekistonni ham, Uchinchi Renessansni ham albatta quramiz!

Aziz do‘stlar!

Zahiriddin Muhammad Bobur bobomiz bor-yo‘g‘i 47 yil umr kechirdi. Shu qisqa vaqt davomida u inson aqli bovar etmaydigan qanday buyuk ishlarni amalga oshirgani, qanday me’moriy obidalar, bog‘u rog‘lar barpo etib, o‘zidan o‘chmas nom qoldirib ketgani ham barchamiz uchun yuksak o‘rnak namunasidir.

Shu ma’noda, hazrati Boburning shonu shuhrati va qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, uning bebaho merosini xalqimizga yanada kengroq tanishtirish, butun dunyoga targ‘ib etish hurmatli olim va adiblarimizning, hammamizning muhim burchimiz hisoblanadi.

Viloyat ziyolilari, bilimdon yoshlarimiz, butun Andijon ahli bu borada yanada faollik ko‘rsatadilar, deb ishonaman.

Nega deganda, andijonliklar o‘zining bu ulug‘ farzandi xotirasini o‘sha og‘ir, mustabid tuzum davrlarida ham qalbida, xotirasida e’zozlab-ardoqlab kelganini yaxshi bilamiz. Davlatimizning yaqin yordami bilan hurmatli oqsoqolimiz Zokirjon aka Mashrabov kabi o‘nlab ma’rifatparvar insonlar, Bobur xalqaro fondi va ilmiy ekspeditsiyasi qanday katta ishlarni amalga oshirib kelayotganini yuksak qadrlaymiz.

Bu borada bir masalaga alohida e’tibor qaratishimiz zarur: Bobur Mirzoning bebaho merosi – bu bir ummon. Ummonning esa hech qachon tubiga yetib bo‘lmaydi.

Shuning uchun mamlakatimizda, viloyatda boburshunoslik sohasida olib borilayotgan ishlar to‘xtab qolmasligi, aksincha, yangi avlod, azmu shijoatli yoshlarimiz tomonidan davom ettirilishi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarilishi lozim. Bu ishda men sizlarga har tomonlama yordam berishga doimo tayyorman.

Aziz do‘stlar!

Mamlakatimizda amalga oshirayotgan barcha o‘zgarish va islohotlarimiz Bobur Mirzo kabi ulug‘ ajdodlarimizning orzu va maqsadlari, hayotiy ideallari, ulug‘vor ishlariga hamohang, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

Bugun sizlar bilan birgalikda Bobur bobomiz tug‘ilib o‘sgan tabarruk zaminda ul zotning dilida qolgan armonlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida yana bir tarixiy voqeaning ishtirokchisi bo‘lmoqdamiz, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.

Bobur shahrini barchamiz orzu qilayotgan eng go‘zal, eng zamonaviy shaharga aylantirish bugundan boshlab real vazifa qilib kun tartibiga qo‘yiladi. Bu shahardan haqiqiy boburiylar yetishib chiqishi uchun bobomiz nomi bilan ataladigan ixtisoslashgan bog‘cha va maktab, universitet, muzey, kutubxona va IT parkdan iborat yirik ta’lim klasteri barpo etiladi. Oliygoh tarkibida eng yuqori talablarga javob beradigan sport kompleksi ham quriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, barchamiz birlashib, Bobur shahrini milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etadigan ma’naviy maskanga, ta’lim va ilm-fan shahriga, yoshlarimiz uchun ilhom va ibrat, parvoz maydoniga,  nafaqat vodiy, balki mamlakatimizning turizm va madaniyat markaziga, “yashil infratuzilma” asosida qurilgan zamonaviy “smart-siti”, ya’ni, aqlli shaharga aylantiramiz.

Bobur shahrining maydoni 4 ming gektar bo‘ladi va bu yerda 500 ming aholi munosib yashashi va ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratiladi.

Bu shahar, xuddi buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy nomi qo‘yilgan azim shahar kabi, shonli tariximiz va kelajagimiz o‘rtasida ma’naviy ko‘prik bo‘ladi, yangi tariximizdan munosib o‘rin oladi.

Mana shu bog‘ hududining eng baland nuqtasida Zahiriddin Muhammad Bobur bobomizning yangi, muhtasham haykalini ham o‘rnatamiz.

Bobur shahri milliy madaniyat va san’atimiz, o‘zbekona mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik va hamkorlikni aks ettiradigan o‘ziga xos ko‘zgu bo‘lishi zarur.

Ushbu ezgu maqsadlarni amalga oshirish uchun katta dastur qabul qilamiz, 250 million dollarlik dastlabki kapitalga ega bo‘lgan alohida jamg‘arma tashkil qilinadi. Har yili bu jamg‘armaga qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

Bugungi tadbirda Bosh vazir o‘rinbosarlari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari ham bugungi tadbirda ishtirok etyapti. Ularga alohida topshiriq: ushbu megaloyiha bir oydan kechikmay boshlanishi shart.

Hurmatli Andijon ahli!

Mana shu zamonaviy amfiteatr sahnasida, mana shu go‘zal bog‘da xalqimizning nodir san’ati doimo namoyish etilib, ulug‘ shoirlarimiz she’rlari yangrab tursa, ayni muddao bo‘ladi.

Bu oqshom ushbu yangi madaniyat maskanida atoqli san’atkorlar va iste’dodli yosh ijrochilar ishtirokida bo‘lib o‘tadigan konsert dasturi shu yo‘lda ezgu an’anani boshlab beradi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha madaniyat va san’at sohasi xodimlarini bugungi kasb bayrami bilan butun xalqimiz nomidan, o‘z nomimdan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Barchamiz yaxshi bilamizki, Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoning qaysi yerida, qaysi o‘lkasida bo‘lmasin, bir umr vatan sog‘inchi bilan yashadi. Bugun buyuk ajdodimizning armonlari ushaldi, ul zot o‘z yurtiga ruhan qaytib keldi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Mana shunday ulug‘, tarixiy kun barchamizga muborak bo‘lsin!

Sizlarga, sizlarning timsolingizda Andijon ahliga tinchlik-omonlik, mustahkam sog‘liq, yangi yutuq va omadlar tilayman.

Posted on Leave a comment

Prezident Yangi Andijondagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi



Andijon mamlakatimizda aholi eng zich joylashgan hudud. O‘zbekistonning 10 foiz aholisi 1 foiz yerida yashaydi. Shu bois davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021-yilda yangi shahar qurilishi boshlangan edi. Bu galgi tashrifda Prezident loyihaning ilk natijalarini ko‘rdi.

Ushbu shahar Andijon tumanidagi adirlikda, qishloq xo‘jaligida foydalanilmagan 4 ming gektar maydonda barpo etilmoqda. Qurilish sakkiz bosqichda rejalashtirigan bo‘lib, hozirda 1 ming 770 ta xonadonli 63 ta uy foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 420 o‘rinli bolalar bog‘chasi, 250 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika qurilgan. Yengil sanoat korxonasi, ipoteka markazi tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari hudud bo‘ylab yurib, yangi majmualarni ko‘zdan kechirdi.

Tayyor xonadonlarning ko‘pchiligiga oilalar ko‘chib kelib, yashamoqda. O‘yin maydonchalaridagi bolakaylarning shodliklari ko‘ngillarga quvonch, halovat bag‘ishlaydi. Bunyodkorlik ishlari jadal davom ettirilib, bu yil mingdan ziyod xonadonli yana 40 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi.

Inshootlar yo‘l, elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv, issiqlik kabi zarur tarmoqlar bilan ta’minlangan. Ichimlik suvi yetkazib berish uchun sig‘imi to‘rt ming metr kub bo‘lgan suv saqlash va uzatish inshooti ishga tushirildi.

19 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i barpo etilib, o‘n ming tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari, buta va gullar ekildi. Amfiteatr, dam olish joylari, dekorativ yo‘laklar, kafelar, bolalar o‘yingohi, yoritish tizimlariga ega bo‘lgan bog‘ Yangi Andijonning ko‘rki bo‘ladi.

Bu yerdagi “Vatanparvar bog‘i” katta ramziy ma’noga ega. Bog‘dagi “Vatanga qasamyod” monumenti, muzey, konsert va tomosha maydonlari mehmonlarda katta taassurotlar qoldiradi.

Loyiha ko‘lami keng. Hududning 1 ming 439 gektarida 2 mingta ko‘p qavatli turar joy qad rostlaydi. Shuningdek, ko‘plab savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, 1 ming 820 gektarda yashil hududlar tashkil etiladi. Qurilishlar bitgach, bu yerda 410 ming nafardan ziyod aholi yashashi mumkin bo‘ladi.

Shu yerda yangi qurilish va obodonlashtirish loyihalari taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i ta’mirlanadi. Yangi Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur haykali o‘rnatiladi. Prezident bunda Boburning siymosini haqqoniy aks ettirish, atrofini boburiylar merosi bo‘yicha tematik parkka aylantirish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Davlatimiz rahbari yangi bog‘da hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalarini tomosha qildi. Andijonda har yili rassomlar festivalini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Posted on Leave a comment

Andijon viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish rejalari taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida 2025-yilda erishilishi rejalashtirilgan asosiy maqsadlarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Joriy yilning birinchi choragida investitsiya loyihalari samarasida hamda tijorat banklari ishtirokida 77 ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan.

Umuman, 2025-yilda 5 milliard 700 million  dollarlik 166 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu orqali 31 mingta ish o‘rni ochiladi. 31 turdagi yangi mahsulot olish yo‘lga qo‘yilib, 1,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. Korxonalarni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun 65 megavatt yangi quvvatlar barpo etiladi.

Bu ishlarni davom ettirib, yil yakuniga qadar umumiy 305 ming nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.

Taqdimotda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoatni rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 2025-yilda iqtisodiy o‘sish sur’ati 5,5 foizga yetishi kutilmoqda.

Prezident mutasaddilarga loyihalarni o‘z vaqtida bajarib, aholini daromadli ish bilan ta’minlash, ishsizlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

To‘qimachilik klasterining yangi korxonasi ishga tushdi



Prezident Shavkat Mirziyoyev “WBM Romitex” klasterining Andijon shahrida qurilgan yangi korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

“WBM Fabrics” nomli ushbu korxona qayta ishlash zanjirining navbatdagi bosqichi. Umumiy qiymati 50 million dollarlik investitsiya loyihasi doirasida zamonaviy sanoat inshooti qurilib, Italiya va Germaniyadan yuqori texnologik uskunalar keltirib o‘rnatildi. Matoni bo‘yash va gul solish yo‘lga qo‘yildi. Korxona yiliga 24 ming tonna shunday xaridorgir mahsulot tayyorlash quvvatiga ega. Loyiha doirasida 600 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.

Yana bir e’tiborli tomoni, majmuada Italiyadan keltirilgan zamonaviy suv tozalash inshooti barpo etilgan. Unda bo‘yoq sexidan chiqqan texnik suv tozalanib, qayta foydalanishga yo‘naltiriladi. Bu tejamkorlik va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Davlatimiz rahbari  korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan muloqot qildi. Ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanish, energiya tejamkorlik orqali tannarxni kamaytirish, ishchilarning kasbiy malakasini oshirish masalalari to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Qayd etish joiz, korxona faoliyati tashqi bozorga ixtisoslashgan, yillik eksport hajmi 55 million dollarni tashkil etadi.

Andijon viloyatida to‘qimachilik sanoati jadal rivojlanmoqda. Hududda yetishtirilgan paxtani zamonaviy klaster tizimida chuqur qayta ishlash kengayib borayotir. Viloyatning respublika to‘qimachilik sanoatidagi ulushi 16,5 foiz. 2024-yilda Andijonda 20 trillion so‘mlik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilib, 488 million dollarlik eksport qilingan. Bu viloyat umumiy eksportining 42 foizini tashkil etadi.