Posted on Leave a comment

Prezident Andijonga tashrif buyurdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 15-aprel kuni Andijon viloyatiga keldi.

Hududdagi o‘zgarishlar “havo darvozasi”danoq ko‘zga tashlanadi. Mamlakatimizda transport tizimini rivojlantirish borasidagi ishlar doirasida Andijon xalqaro aeroporti ham modernizatsiya qilinmoqda.

Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbariga shu haqda axborot berildi.

Bu aeroport 1978-yilda qurilgan bo‘lib, hozirgi talablarga mos kelmay qolgan edi. Uchish-qo‘nish yo‘lagining yuk ko‘tarish qobiliyati pastligi, zamonaviy yoritish tizimining yo‘qligi sababli qatnovlarni qabul qilish imkoniyatlari cheklangandi.

Bugungi kunda rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichi bitkazildi. Uzunligi 3 ming 300 metr, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘lagi va samolyotlar to‘xtash joyi qurildi. Drenaj tizimi yangilanib, yer osti suvi qochirildi. Shuningdek, bu yerda ikkinchi yurish yo‘lagi qurilishi davom ettirilib, IKAO CAT-II toifasidagi radar, meteorologiya va yoritish uskunalarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Natijada Boeing, Airbus rusumidagi yirik samolyotlarni ham, noqulay ob-havo sharoiti va tungi vaqtlarda ham qabul qilish mumkin bo‘ladi. Bu kunlik parvozlar sonini 10 barobargacha oshirish imkonini beradi.

Endi, ikkinchi bosqichda yo‘lovchi terminalini yangidan qurish ko‘zda tutilgan. Bu orqali yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga avvalgi 300 tadan 1000 taga, parvozlar soni yiliga 584 tadan 3 ming 700 taga ortadi. Bu Andijon shahri va Farg‘ona vodiysiga qatnovlar sonini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Faoliyatini qayta boshlagan mazkur aeroportda hozirda Toshkent – Andijon – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu yerda samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, xizmatlarni arzon qilib, mahalliy va xalqaro parvozlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Umuman, mamlakatimizda aeroportlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yillarda Samarqand, Termiz, Urganch, Shahrisabz, Mo‘ynoq, Qo‘qon va Zomin aeroportlari yangilandi. Yana bir qator viloyatlarda modernizatsiya jarayonlari davom etmoqda.

Posted on Leave a comment

Xalqaro turizm markazining master-rejasi ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-aprel kuni “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazining master-rejasi taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizdagi qulay investitsiya muhiti tufayli barcha sohalarga ilg‘or g‘oyalar kirib kelmoqda, yangi majmualar barpo etilmoqda. Xususan, turizmda so‘nggi yillarda 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshdi. Birgina Toshkent viloyatining Bo‘stonliq hududida Amirsoy va “Ugam River” kabi kurortlar, “Beldirsoy-Chimyon-Nanay” turizm maskanlari tashkil etildi.

Bunday rivojlanish sur’ati chet ellik investorlarni ham o‘ziga tortmoqda. Jumladan, Chorvoq suv ombori bo‘yida “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazi qurilishi haqida avval xabar berilgan edi. Bu galgi taqdimotda ushbu yirik loyihaning bir nechta xorijiy kompaniyalar ishtirokida ishlab chiqilgan master-rejasi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi. Ikki qirg‘oq o‘rtasida ko‘prik qurilib, keluvchilarga qulaylik oshiriladi. Suv bo‘yida xiyobon, plyaj va dam olish joylari bo‘lsa, qiyaliklarda mehmonxonalar, kottejlar, uylar, restoran va tomoshagohlar bo‘ladi. Shuningdek, madaniyat, ta’lim, tibbiyot, sport maskanlari barpo etiladi. Ya’ni bu yerda faqat sayohat emas, balki yil davomida yashash imkoniyati ham yaratiladi.

Davlatimiz rahbari bu loyiha barcha tashrif buyuruvchilarga qulay bo‘lishi lozimligini ta’kidlab, majmuani zarur infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Jahon banki bilan keng ko‘lamli sheriklik natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-aprel kuni Jahon banki guruhining operatsiyalar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Anna Berde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekistonning Jahon banki bilan keng ko‘lamli strategik hamkorligini yanada rivojlantirish, eng avvalo, ushbu global moliyaviy institut tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar strategiyasini qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida Anna Berde davlatimiz rahbariga Jahon banki prezidenti Ajay Banganing salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Keyingi yillarda sheriklik munosabatlari yuksak darajaga chiqib, salmoqli natijalar berayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston bankning eng yirik hamkorlaridan biridir. Loyihalar portfeli 12 milliard dollardan oshdi. Jahon banki iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari va ijtimoiy sohaning barqaror rivojini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda moliyaviy, konsultativ va texnik ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Bank ko‘magida xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar mexanizmi takomillashtirildi, ularni tayyorlashni tezlashtirish va sifatini oshirish bo‘yicha yangi tartib qabul qilindi.

Kambag‘allikka qarshi kurashish, eng avvalo, turizm sohasida xotin-qizlar va yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratish, xususiy sektorni va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish kabi yo‘nalishlar kelgusi amaliy sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Uglerod chiqindilarini qisqartirish, urbanizatsiya va infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish, investitsiya muhitini yaxshilash, mamlakatimizning JSTga a’zo bo‘lishiga ko‘maklashish borasidagi hamkorlik rejalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Global o‘zgarishlar instituti rahbari bilan uchrashuv o‘tkazdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-aprel kuni Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Blerni qabul qildi.

O‘zbekistonning ushbu nufuzli tuzilma bilan amaliy hamkorligini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Toni Bler Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi va ko‘lamini yuksak baholadi, ularni yanada ilgari surish doirasida zarur ekspert-maslahat ko‘magini ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Iqtisodiyot tarmoqlariga yirik strategik investorlarni jalb qilish, texnologik modernizatsiya, raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etishni jadallashtirish, ustuvor sohalarda qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar hamkorlikning boshqa asosiy yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Toni Bler tomonidan 2016-yilda tashkil etilgan institut xalqaro notijorat tashkilot hisoblanadi. U turli mamlakatlarga barqaror va innovatsion rivojlanishning yangi modellarini ishlab chiqishda, iqlim o‘zgarishi va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda ko‘maklashadi.

Posted on Leave a comment

Turizm va investitsiya masalalari muhokama qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-aprel kuni hududlarning turizm salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizning turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3 milliard 500 million dollarga yetdi, bu sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshdi.

Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanayapti. Xususan, o‘tgan 8 yilda 6 milliard 500 million dollar sarmoya kiritilib, 130 mingta mehmon o‘rni ochilgan.

Bugungi kunda 20 ta turizm qishlog‘i faoliyat yuritayapti. Parkent tumanining “Oltin bel” cho‘qqisida xalqaro darajadagi yangi tog‘-chang‘i zonasi barpo etilayapti.

Aslida, yurtimiz tarixi, madaniyati va tabiatiga asoslanib, sayyohlarni yana 2-3 karra ko‘paytirish mumkin. Lekin ayrim hududlarda yo‘l va transport noqulayligi, ko‘ngilochar joylar va qiziqarli dasturlar yetishmasligi kabi kamchiliklar bor.

Shu bois yig‘ilishda joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, turizm yo‘nalishlarini ko‘paytirish, sayyohlarga sharoitlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Masalan, Sariosiyo tumanining asosiy qismi tog‘lardan iborat bo‘lib, qishki turizm uchun katta salohiyat mavjud. U yerda dor yo‘li, mehmonxona va savdo-servis xizmatlari sohasida 200 million dollarlik loyihalar qilsa bo‘ladi. Chortoq tumani ham go‘zal tabiati, shifobaxsh suvi bilan mashhur.

Mutasaddilarga shu kabi 36 ta tuman va shaharni etno, gastronomik, tibbiy, ekstremal, madaniy-tarixiy, ziyorat, qishki va agroturizm asosida rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Bugungi kunda “BBC”, “Euronews” kabi nufuzli telekanallarda, 20 dan ortiq xalqaro ko‘rgazmalarda O‘zbekistonga sayohat keng targ‘ib qilinmoqda. Viza tartiblari soddalashtirilyapti, zamonaviy samolyotlar olib kelinyapti.

Endi bu imkoniyatlardan foydalanib, sohadagi salohiyatli bozorlardan sayyohlarni jalb qilish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ayni paytda Milliy turizm yagona platformasi ishlab chiqilmoqda. Endi unga elektron viza berish, chipta olish jarayonlari ham ulanadi. Shuningdek, barcha tarixiy obidalarga kirish imkonini beradigan “yagona turistik karta” joriy qilinadi.

So‘nggi yillarda ichki turizmga e’tibor kuchaygani uchun mahalliy sayyohlar soni 23 millionga yetdi. Lekin haligacha boshqa viloyatlarga sayohatga bormaganlar ko‘p topiladi.

Shu bois endi har oyning bir shanba-yakshanbasi “oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni”, deb e’lon qilinadi. Yoshlar o‘rtasidagi musobaqa g‘oliblariga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat yo‘llanmasi sovg‘a qilinadi.

Sohadagi yana bir yo‘nalish – madaniy meros obyektlari. Oxirgi 4 yilda 327 ta shunday majmua restavratsiya va konservatsiya qilindi. Hozir yana 485 ta obyekt ta’mirtalab. 

Bu ishlarga xususiy sektorni jalb etib, biznes loyiha qilish mumkinligi aytildi. Madaniy meros obyektlarini ijaraga berishni takomillashtirish, ularga tushumlarni raqamlashtirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.

Turizm bo‘yicha oliy ta’lim muddati 4 yildan 3 yilga kamaytirilib, dual tizimga o‘tkazildi. Endi buning davomi sifatida, talabalarni amaliyot va ishlash uchun xorijga yuborish yaxshi samara beradi.

Umuman, bunday imkoniyatlar evaziga bu yil 15 million turistni jalb qilish va eksportni 4 milliard dollarga yetkazish mumkinligi qayd etildi.

Yig‘ilish kun tartibidagi ikkinchi masala – xorijiy davlatlar bilan hamkorlikdagi investitsiyaviy loyihalar tahlili bo‘ldi.

Bu yil birinchi chorakning o‘zida Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya, Kuvayt va Fransiyaga tashriflar chog‘ida 39 milliard dollarlik 178 ta loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Yaqinda Samarqandda o‘tgan sammitda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga 12 milliard yevro ajratishini ma’lum qildi.

Mamlakatimizda 2025-yilda 42 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish ko‘zda tutilgan. 81 ta yirik, 8 mingdan ortiq o‘rta va kichik loyiha amalga oshirilishi, donor tashkilotlardan 2 milliard dollar grant hamda banklar tomonidan 6 milliard dollar jalb qilinishi belgilangan.

Yig‘ilishda bu boradagi imkoniyatlar hududlar va hamkor mamlakatlar kesimida tahlil qilindi.

Masalan, ilgari investor bormagan, temir yo‘l yoki magistral yo‘l ham o‘tmagan Oltinsoy tumanida 100 million dollarlik 3 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Yoki Qo‘shrabotda granit tosh qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha 75 million dollarlik 2 ta yangi loyiha boshlangan. Izlansa, bunday imkoniyatlar har bir hududda bor.

O‘tgan oyda Londonda “O‘zbekiston investorlari kuni” tashkil etildi. Shu yilning o‘zida 2 milliard 770 million dollar jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bunday tadbirlarni Nyu-York, Singapur, Gonkong, Dubay, Shanxay, Tokio, Istanbul kabi biznes markazlarida ham tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Xususiylashtirishga oid katta dastur ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, 49 ta korxonadagi davlat ulushi xalqaro bozorda sotilishi, 15 ta yirik davlat korxonasi yevrobond chiqarishi mo‘ljallangan. Bular ham xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun ulkan imkoniyat.

Shu oyda Jizzaxda, iyunda esa Toshkent shahrida xalqaro investitsiya forumlari o‘tkaziladi. Ularda investorlarga taklif qilish uchun loyihalar jamlanmasini puxta shakllantirish zarur.

Xalqaro moliya institutlari bilan yangicha tizimda ishlanayotgani tufayli yil boshidan buyon 706 million dollar o‘zlashtirildi. Issiqlik stansiyalari, hududiy elektr tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi, avtoyo‘l va temir yo‘l tizimlaridagi loyihalar ancha oldinga siljidi.

Lekin vaqtida bajarilmagan yoki asossiz cho‘zilayotgan holatlar ham bor. Bundan keyin tayyor loyihaga o‘zgartirish kiritish faqat Hukumat doirasida ko‘rib chiqilishi, qo‘shimcha ishlar loyiha tugagach, tejalgan mablag‘ hisobidan bo‘lishi ta’kidlab o‘tildi.

Hozirda xalqaro moliya tashkilotlari bilan energetika, transport, agrar, kommunal va ijtimoiy sohalarda 20 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Chet ellik sheriklar mamlakatimizdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlayapti.

Jumladan, o‘tgan oylarda Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Fransiya rivojlanish agentligi, Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakillari Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Surxondaryo va Sirdaryoga borib, 200 ga yaqin tadbirkor bilan ishladi. Qisqa vaqt ichida 1,5 milliard dollarlik loyihalarni moliyalashtirishga kelishildi.

Bosh vazir o‘rinbosariga bu amaliyotni tizimga aylantirib, boshqa hududlarda ham yana kamida 3 milliard dollarlik loyihalar shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar, hokimlar, xorijiy davlatlardagi elchilar va sohadagi tadbirkorlarning takliflari eshitildi.

Posted on Leave a comment

Renovatsiya tartib-tamoyillari bo‘yicha axborot berildi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-aprel kuni shaharsozlik renovatsiyasining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

So‘nggi sakkiz yilda mamlakatimiz aholisi 6 millionga ko‘paydi. Shu davrda yarim millionga yaqin xonadonlar barpo etildi. Jumladan, o‘tgan yili 100 ming xonadondan iborat ko‘p qavatli uy qurilgan bo‘lsa, bu yil yanada ko‘p – 130 mingdan ortiq xonadon reja qilingan.

Yaqin yillarda aholimiz soni 40 million nafarga yetishi kutilmoqda. Bunday o‘sishda yiliga 140-150 ming xonadonga talab paydo bo‘ladi. Bu har yili qo‘shimcha 2 ming gektar yer kerak, degani. Lekin yer maydonlari ham cheklangan.

Bunday holatda renovatsiya dasturi qo‘l keladi. Masalan, respublikada 17 mingta 2-3 qavatli eski uylar bor. Ulardagi sharoit, muhit bugungi zamonga munosib emas. Elektr, gaz, suv va boshqa infratuzilmalar eskirgan, ko‘plarida oqova tarmog‘i ham yo‘q. 

Shularning o‘rnida zamonaviy uylar qurilsa, hozirgidan 3 barobar ko‘p aholi joylashadi. Asosiysi, xonadonlarda yangi kommunikatsiya, issiq va sovuq suv, oqova tarmog‘i bo‘ladi. Odamlar ozoda, shinam va fayzli sharoitlarda yashaydi. Bu orqali minglab oilalarning turmush darajasi o‘sadi, muhimi, ular ushbu sharoitlarni ilk bor o‘zlari o‘sib-ulg‘aygan joyda his etishni boshlaydi.

Yana bir muhim tomoni – energiya tejamkorlik masalasi. Turar joylar yaxlit bo‘lsa, infratuzilma tarmoqlari, energiya kam sarflanadi.

Hozirgacha bu borada yagona hujjat yo‘q edi. Shu bois, xorijiy tajriba asosida, “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Taqdimotda renovatsiya tizimining huquqiy, moliyaviy va tashkiliy tomonlari ko‘rib chiqildi.

Bunday dasturlar 3 bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Avval, shahar va tumanlarda renovatsiyaga mos hudud tanlanib, loyiha ishlab chiqiladi. Mulkdorlarga yangi uy yoki kompensatsiyalar taklif qilinadi. Barcha mulkdorlar bilan kelishuvlar yakkama-yakka, notarial tartibda tasdiqlanadi. Loyihalar uchun har bir hududda renovatsiya jamg‘armalari tashkil etiladi.  

 Ikkinchi bosqichda renovatsiya dasturi hududiy va respublika kengashlari tomonidan ko‘rib chiqilib, qurilish tashkiloti aniqlanadi. Uchinchi bosqichda uy-joylar qurilib, foydalanishga topshiriladi.

Renovatsiyaga tushgan hududning iqtisodiy salohiyati ham oshadi. Yangi uylarning 1-2-qavatlarida savdo, xizmat kursatish va kichik ishlab chiqarishlar bo‘ladi. Shuningdek, bu tizim orqali 20 ming gektar yer tejalishi hisob-kitob qilingan.

Xususan, birinchi bosqichda renovatsiya asosida 20 ming xonadon qurilishi mo‘ljallangan. 

Davlatimiz rahbari bunday loyihalarni, avvalo, u yerda yashovchilarning manfaatlarini hisobga olgan holda, tizimli va adolatli amalga oshirish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda mutasaddilar, tuman hokimlari va ularning tegishli o‘rinbosarlari renovatsiya tartib-qoidalari va ishni to‘g‘ri tashkil qilish choralari bo‘yicha qo‘shimcha o‘qitilishi aytildi.

Renovatsiya hududlarini infratuzilma bilan ta’minlash, developer va quruvchi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Vetnam bilan amaliy sheriklikni kengaytirish muhimligini qayd etdi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-aprel kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Vetnam Milliy majlisi Raisi Chan Txan Man boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat avvalida Vetnam delegatsiyasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga mamlakat Kommunistik partiyasi Bosh kotibi To Lam, Prezidenti Luong Kuong va Bosh vaziri Fam Min Tinning salomini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan Vetnam o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida yanada rivojlantirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.

Hukumatlararo va idoralararo muloqotlarga tizimli tus berish zarurligi qayd etildi. Joriy yilda Xanoy shahrida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va biznes forumini samarali o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Yangi loyihalarni ilgari surish uchun energetika, geologiya, neft-kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha kompleks dastur tayyorlashga kelishib olindi.

Madaniyat va turizm sohalaridagi almashinuvlarni, shu jumladan vizasiz tartibni joriy qilish orqali rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Qo‘shma tashabbuslarning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida parlamentlararo muloqotni faollashtirishga ahdlashib olindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh kotibining maxsus vakili bilan hamkorlik kun tartibi kengligini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-aprel kuni Toshkent shahrida o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi doirasida BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Najat Maalani qabul qildi.

Yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomini yetkazdi.

BMT institutlari, xususan, Maxsus vakil ofisi bilan bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Maxsus vakil O‘zbekiston yetakchisining bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, xotin-qizlar va bolalarni mojaroli hududlardan qaytarish, bolalar mehnatiga barham berish borasidagi samarali islohotlarini yuqori baholadi.

Bola huquqlariga oid xalqaro normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik va milliy institutlar faoliyatini takomillashtirish masalalarida hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha mintaqaviy konferensiya va BMT bosh qarorgohida O‘zbekistonning amaliy tajribasi bilan tanishish bo‘yicha davra suhbatini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh kotibining maxsus vakili bilan hamkorlik kun tartibi kengligini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-aprel kuni Toshkent shahrida o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi doirasida BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Najat Maalani qabul qildi.

Yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomini yetkazdi.

BMT institutlari, xususan, Maxsus vakil ofisi bilan bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Maxsus vakil O‘zbekiston yetakchisining bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, xotin-qizlar va bolalarni mojaroli hududlardan qaytarish, bolalar mehnatiga barham berish borasidagi samarali islohotlarini yuqori baholadi.

Bola huquqlariga oid xalqaro normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik va milliy institutlar faoliyatini takomillashtirish masalalarida hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha mintaqaviy konferensiya va BMT bosh qarorgohida O‘zbekistonning amaliy tajribasi bilan tanishish bo‘yicha davra suhbatini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti arab mamlakatlari parlamentlari rahbarlarini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi doirasida arab davlatlari parlamentlari rahbarlarini qabul qildi.

Uchrashuvda Arab parlamenti Raisi Muhammad bin Ahmad Al-Yamahiy, Bahrayn parlamenti Vakillar kengashi Spikeri Ahmad bin Salmon Al-Musallam, Misr Vakillar palatasi Spikeri Hanafiy Ali Al-Jabaliy, O‘mon Sho‘ro kengashi Raisi Xolid bin Hilol Al-Ma’avali, Qatar Sho‘ro kengashi Raisi Hasan bin Abdulloh Al-G‘anim va Birlashgan Arab Amirliklari Federal milliy kengashi qo‘mitasi raisi Ali Rashid Al-Nuaymiy ishtirok etdi.

Arab dunyosi davlatlari bilan ko‘p qirrali munosabatlarni, shu jumladan parlamentlararo aloqalar orqali yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston yetakchisiga o‘z mamlakatlari yetakchilarining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdilar.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va arab mamlakatlarining keng qamrovli sherikligi jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oliy darajadagi tarixiy tashriflar amalga oshirildi, o‘zaro muloqot va almashinuvlar faol davom ettirilmoqda.

Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar Davlati bilan munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi, Saudiya Arabistoni va Misr bilan keng qamrovli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Bahrayn Podshohligi va O‘mon Sultonligi bilan har tomonlama hamkorlik izchil rivojlanmoqda.

Ushbu mamlakatlar bilan investitsiya loyihalari portfeli 50 milliard dollardan oshdi. «Yashil» energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, IT, transport va logistika, infratuzilma va turizm sohalarida loyihalar amalga oshirilmoqda. 500 ga yaqin qo‘shma korxona tashkil etildi, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar soni haftasiga 150 tadan oshdi.

Mintaqaviy kun tartibidagi, shu jumladan Yaqin Sharqdagi vaziyatni tartibga solishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi, eng avvalo, joriy yil may oyida Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» muloqtining ikkinchi sammitini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.