Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Hindiston bilan parlamentlararo hamkorlikni faollashtirishga chaqirdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi doirasida Hindiston Respublikasi parlamentining quyi palatasi – Lok Sabha Spikeri Om Birla boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida spiker davlatimiz rahbariga Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Hindiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlashda barqaror o‘sish kuzatilmoqda, muvaffaqiyatli kooperatsiya loyihalari ko‘paymoqda, aviaqatnovlar kengaymoqda.

Energetika, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, IT, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti filiallari faoliyat yuritmoqda.

Suhbatda yaqin parlamentlararo almashinuvlarni, sohaviy qo‘mitalar darajasida faol aloqalarni yo‘lga qo‘yish, do‘stlik guruhlari va yoshlar platformalarini tashkil etish, shuningdek, ikki mamlakat hududlarining salohiyatini samarali ishga solish muhimligi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish muhim ekanini ta’kidladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand iqlim forumi doirasida O‘zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, «ACWA Power» kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyanni qabul qildi.

Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning «yashil» energetika sohasida strategik investor bo‘lgan «ACWA Power» kompaniyasi bilan samarali sheriklik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Bugungi kunda kompaniya bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar portfeli 15 milliard dollarga yetdi.

O‘tgan yil dekabrda Buxoro viloyatida har bir 500 megavattli 2 ta shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi, shuningdek, Samarqand viloyatida umumiy quvvati 1 gigavatt bo‘lgan ikkita quyosh stansiyasi va Toshkent viloyatida energiya saqlash tizimlarini qurish loyihalari boshlandi.

«Yashil» energetika, infratuzilma, farmatsevtika, issiqlik va suv ta’minotini modernizatsiya qilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni jadal amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Shu ma’noda, joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va biznes forumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

Shuning bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand sammiti va iqlim forumi tadbirlaridagi ishtirokini yakunladi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti oliy darajada erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish muhimligini ta’kidladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida vazir davlatimiz rahbariga BAA Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktum va vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Qabul qilingan «yo‘l xaritasi» asosida ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil yanvar oyida BAAga amalga oshirgan tashrifining tarixiy yakunlari, natijada ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro savdo hajmi, qo‘shma korxonalar va to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar soni barqaror oshib bormoqda. Amirliklarning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar portfeli qariyb 20 milliard dollarni tashkil etmoqda.

O‘zbekiston hududlarida «yashil» energetika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, kommunal va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti BMT-Xabitat bilan sheriklikni rivojlantirish imkoniyatlarini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-aprel kuni Samarqand iqlim forumi doirasida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning aholi punktlari bo‘yicha dasturi (BMT-Xabitat) ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbaxni qabul qildi.

Urbanizatsiya sohasidagi yetakchi tuzilma rahbari Prezidentimizga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu nufuzli instituti bilan shaharlarni barqaror rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini oshirish borasida ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

BMTning yuqori darajali vakili mamlakatimizda «aqlli» va «yashil» shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholi uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan urbanizatsiya sohasidagi islohotlarni ijobiy baholadi.

Shaharlarni boshqarishga zamonaviy raqamli yechimlarni joriy qilish, «yashil» qurilish standartlarini ishlab chiqish, shahar muhitida iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha maxsus dasturni ishga tushirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekistonda Butunjahon tozalik kunini o‘tkazish va Toshkentda tashkilot ofisini ochish masalalari ko‘rib chiqildi. Amaliy hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi rahbarini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-aprel kuni Samarqand iqlim forumi doirasida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchanni qabul qildi.

Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.

Davlatimiz rahbari komissiyaning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi muhim o‘rnini, shuningdek, transport, innovatsiyalar, to‘qimachilik, energetika, ekologiya va gender tenglik sohalarida, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi masalalarida ko‘rsatilayotgan ekspertlik ko‘magini alohida qayd etdi.

Mintaqaviy va mamlakat miqyosidagi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023-yil noyabr oyida Bok-u shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida bildirilgan tashabbuslarni amaliy ilgari surish jihatlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomonining taklifiga binoan SPEKAning 2030-yilgacha rivojlanish konsepsiyasi qabul qilingani, YEIK bilan savdo tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» imzolangani, Transkaspiy yo‘lagi doirasida raqamlashtirish va hujjatlar almashinuvi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yil boshida komissiya ko‘magida O‘zbekiston Aholining ekologiya holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotdan foydalanishi to‘g‘risidagi Orxus konvensiyasiga qo‘shildi.

Havo konvensiyasi va Sanoat avariyalarining transchegaraviy ta’siri to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilish masalasi ishlab chiqilmoqda.

SPEKA dasturining Maqsadli jamg‘armasini tez fursatda ishga tushirish muhim ekani ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi rahbarlari Orol madaniyat sammitiga oid ko‘rgazma bilan tanishdi



«Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» formatidagi birinchi oliy darajadagi rasmiy uchrashuv yakunlangach, yetakchilar birgalikda Orol madaniyat sammiti ekspozitsiyasiga tashrif buyurdilar.

Ko‘rgazmada Orol ekotizimini tiklash, hududning madaniy merosini asrab-avaylash va barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan noyob tashabbuslar namoyish etildi. Bu yerda vizual, sensor va interfaol vositalar orqali Orolbo‘yining tabiiy va madaniy boyligi bilan tanishish mumkin.

Ko‘rgazmadan me’morchilik va landshaft fotografiyasiga ixtisoslashgan mashhur fotosuratchi Ivan Baanning asarlari, Qoraqalpog‘iston uchun xos o‘simlik hisoblangan qamishdan yaratilgan floristik kompozitsiya, shuningdek, Orolbo‘yining an’anaviy mahsulotlari – saksovul urug‘i, chig‘anoqlar, tabiiy tuz, quritilgan isiriq, an’anaviy naqshli namat va boshqa ko‘plab eksponatlar o‘rin olgan.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti: «Bizning vazifamiz – kelajak avlodlar barqaror, xavfsiz va farovon dunyoda yashashi uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rish»



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-aprel kuni Samarqand xalqaro iqlim forumining yalpi sessiyasida nutq so‘zladi.

Forum ishida Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil Reno-Basso, Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchan, Aholi punktlari bo‘yicha dastur ijrochi direktori Anaukladiya Rossbax, Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiav va boshqalar ishtirok etdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish forum ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi.

Ishtirokchilar orasida 2 mingdan ortiq xorijiy mehmonlar, jumladan, milliy va global ekologik tashkilotlar, xalqaro tuzilmalar rahbarlari, ekspertlar, olimlar va jurnalistlar, biznes vakillari bor.

Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo oldida turgan dolzarb iqlim muammolari muhokama qilindi, ekologik barqarorlik, «yashil» iqtisodiy taraqqiyot va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda mintaqaviy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari nutqining avvalida forumning xalqaro miqyosi va ishtirokchilarning nufuzi jahon hamjamiyati barqaror taraqqiyotning eng dolzarb masalalariga samarali yechim izlashda birgalikda sa’y-harakatlar olib borishga sodiqligi namunasi ekanini ta’kidladi.

O‘tgan yili dunyoda ilk bor o‘rtacha harorat Selsiy shakalasi bo‘yicha bir yarim darajadan yuqoriroq ko‘tarilgani qayd etildi. So‘nggi o‘n yillik meteokuzatuvlar tarixida eng issiq bo‘ldi.

– Buning oqibatida bugun biz barchamiz iqlim inqirozlarining salbiy ta’sirlari – o‘rmon yong‘inlari va cho‘llanish miqyosi ortib borayotgani, muzliklar qisqarayotgani, suv resurslari taqchilligi kuchayayotgani, havo sifati yomonlashayotganini his qilib turibmiz, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Mintaqa mamlakatlari tomonidan Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga moslashish strategiyasi ishlab chiqildi va bir ovozdan ma’qullandi.

Orol dengizi qurishining oqibatlarini yumshatish, suvdan oqilona foydalanish, «toza» energiya manbalarini kengaytirish dasturlari doirasida yevropalik sheriklar bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilinayotgani ta’kidlandi. Bunday sheriklik Markaziy Osiyoning barqaror «yashil» taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shadi.

Shu ma’noda, iqlim o‘zgarishini himoya qilish va unga qarshi kurashish masalalarini ilgari surishda global yetakchi bo‘lgan Yevroittifoq bilan amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Iqlim o‘zgarishi muammolari oziq-ovqat va energiya xavfsizligi bilan uzviy bog‘liq ekani alohida ta’kidlandi.

Unumdor yerlar keskin kamayib bormoqda, bugungi kunda mintaqadagi jami yer maydonining 20 foizdan ortig‘i degradatsiyaga uchragan. Chorak asrdan so‘ng hosildorlik uchdan bir qismga kamayishi mumkin.

– Shu munosabat bilan, o‘rmon xo‘jaligi va agrar sohaning moslashuvchanligini oshirish, shuningdek, “Ufq – Yevropa” dasturi doirasida oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash uchun ilmiy salohiyatimizni birlashtirish hayotiy muhim masala, deb hisoblayman, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Prezidentimiz O‘zbekistonda degradatsiyaga uchragan yer maydonlarini qisqartirish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. «Yashil makon» dasturi doirasida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Orolbo‘yining 2 million gektardan ortiq cho‘l hududlarida qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar ekilgan.

Har yili Navro‘z bayrami arafasida «Markaziy Osiyoning yashil belbog‘i» daraxt ekish mintaqaviy aksiyasini o‘tkazish taklif qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotni rivojlantirishning resurslarni tejaydigan va ekologik toza modeliga o‘tish masalasiga ham e’tibor qaratdi.

Bu sohadagi asosiy yo‘nalishlardan biri – «yashil» energetika.

Kelgusi besh yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, bu issiqxona gazlari chiqindilari hajmini qariyb 16 million tonnaga kamaytirish imkonini beradi.

– Biz O‘zbekistonning Parij bitimi doirasida bug‘ gazlari chiqarishni 35 foizga kamaytirish bo‘yicha olgan majburiyatini muddatidan oldin bajarish uchun barcha sa’y-harakatlarimizni ishga solishimizni ta’kidlab o‘tmoqchiman, – dedi davlatimiz rahbari.

Ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarning davomi sifatida moliyalashtirish, texnologiyalar va vakolatlarni safarbar qilish uchun Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqining «Suv – Energiya – Iqlim o‘zgarishi» deb nomlangan tashabbusining Kotibiyatini tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Bugungi forumda taqdim etiladigan Mintaqaning «yashil» taraqqiyot konsepsiyasi alohida qayd etildi.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston Prezidenti 2040-yilga borib Markaziy Osiyo mamlakatlari Amudaryo va Sirdaryo oqimining kamayishi ta’sirida yuqori darajadagi suv taqchilligiga duch kelishini ma’lum qildi.

Suv resurslarini tejash maqsadida irrigatsiya tarmoqlarini betonlash ishlari olib borilayotgani, suvni tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarish bo‘yicha sanoat bazasi yaratilayotgani, ular sug‘oriladigan yerlarimizning deyarli yarmida, ya’ni qariyb 2 million gektarda joriy etilgani ta’kidlandi. Bunday chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yili qariyb 8 milliard kub metr suv iqtisod qilindi.

– Markaziy Osiyoda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va bu sohada mintaqaviy dasturni ishga tushirishga chaqiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu masalalarning barchasini ekspertlar darajasida muhokama qilish uchun Orolbo‘yi mintaqasida suvni tejaydigan texnologiyalar bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, muzliklar holatini uzluksiz sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatish va mintaqaning tog‘ ekotizimlari uchun xavflarni erta aniqlash bo‘yicha «Kopernik» dasturi doirasida Yevropa Ittifoqi bilan yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdorlik bildirildi.

Toshkentdagi «Yashil universitet» negizida tashkil etilgan Iqlim rezidensiyasi Markaziy Osiyodagi iqlim jarayonlarini o‘rganish va monitoring qilish bo‘yicha umumiy ilmiy-ekspert platforma vazifasini bajarishi mumkin.

Shu bilan birga, 5-aprel kuni Nukusda mintaqamizning ekologik muammolariga san’at loyihalari orqali e’tibor tortishga qaratilgan Orol madaniyat sammiti o‘z ishini boshlaydi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari «kelajak avlodlar barqaror, xavfsiz va farovon dunyoda yashashi uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rish » umumiy maqsad ekanini yana bir bor eslatdi.

– Buning uchun muloqotlarni mustahkamlash, umumiy ezgu maqsadlar yo‘lida birlashgan barcha davlatlarning sa’y-harakatlarini uyg‘unlashtirish zarur, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqand xalqaro iqlim forumidagi nutqi



Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Barchangizni bugungi davrdagi asosiy tahdid – global iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan konferensiyamizda chin yurakdan qutlayman.

Hurmatli hamkasblarim – Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti nomidan qatnashayotgan bizning ishonchli hamkorlarimiz, xalqaro moliya institutlari, global va milliy ekologik tashkilotlar vakillariga ushbu tadbirda ishtirok etayotgani uchun samimiy minnatdorlik izhor etaman.

Sizlarning forumdagi ishtirokingiz barqaror rivojlanishning eng dolzarb masalalari bo‘yicha samarali yechimlar izlashda birgalikda sa’y-harakatlar olib borishga sodiqlik namunasidir.

Ishonchim komil, bu zaminda, asrlar davomida yangi g‘oya va bilimlar yaratilgan, ishonch va bunyodkor sheriklik markazlaridan biri bo‘lgan qadimiy Samarqandda biz iqlim sohasidagi zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikda ta’sirchan chora-tadbirlar ishlab chiqa olamiz.

O‘zbekistonga xush kelibsiz!

Samarqandga xush kelibsiz!

Hurmatli forum ishtirokchilari!

O‘tgan yili sayyoramizda o‘rtacha havo harorati birinchi marta Selsiy shkalasi bo‘yicha bir yarim darajadan yuqoriroq ko‘tarildi. So‘nggi o‘n yillik butun meteokuzatuvlar tarixidagi eng issiq davr bo‘ldi. Buning oqibatida bugun biz barchamiz iqlim inqirozlarining salbiy ta’sirlari – o‘rmon yong‘inlari va cho‘llanish miqyosi ortib borayotgani, muzliklar qisqarayotgani, suv resurslari taqchilligi kuchayayotgani, havo sifati yomonlashayotganini his qilib turibmiz.

Ta’kidlab aytaman, atrof-muhitni asrab-avaylashda mas’uliyat barchamizning zimmamizda. Bu kun tartibimizdagi eng muhim masaladir.

Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan iqlim o‘zgarishlariga moslashish bo‘yicha strategiya ishlab chiqilgani va bir ovozdan ma’qullanganini ta’kidlash joiz. O‘zbekiston mintaqadagi barcha sheriklar bilan umumiy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha yaqindan ishlash niyatidadir.

Biz, shuningdek, Yevropa tomoni bilan Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatish, suvdan oqilona foydalanish, “toza” energiya manbalarini kengaytirish dasturlari doirasida muvaffaqiyatli hamkorlik qilyapmiz. Bunday sheriklik Markaziy Osiyoda barqaror “yashil” rivojlanishga muhim hissa qo‘shadi.

Hech shubhasiz, bugungi kunda Yevropa Ittifoqi iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish masalalarini ilgari surish va himoya qilishda global yetakchidir. Biz kelgusida ham bu sohadagi amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyormiz.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Iqlim o‘zgarishi muammolari oziq-ovqat va energiya xavfsizligi bilan chambarchas bog‘liqdir. Mintaqa aholisi 25 yildan so‘ng 100 million kishidan ortishi kutilayotgan bir vaqtda unumli yerlar tez sur’atlar bilan qisqarib bormoqda.

Bugungi kunda mintaqadagi umumiy yer maydonining 20 foizdan ortig‘i degradatsiyaga uchragan. Chorak asrdan keyin hosildorlik uchdan bir qismga kamayib ketishi mumkin.

Shu munosabat bilan, o‘rmon xo‘jaligi va agrar sohaning moslashuvchanligini oshirish, shuningdek, “Ufq – Yevropa” dasturi doirasida oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash uchun ilmiy salohiyatimizni birlashtirish hayotiy muhim masala, deb hisoblayman.

O‘zbekiston degradatsiyaga uchragan yer maydonlarini qisqartirish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish maqsadida “Yashil makon” loyihasi doirasida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib bormoqda. Bundan tashqari, Orolbo‘yining 2 million gektardan ortiq cho‘l hududlarida qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar ekildi.

Har yili Navro‘z bayrami arafasida daraxt ekish bo‘yicha “Markaziy Osiyoning yashil belbog‘i” mintaqaviy aksiyasini o‘tkazishni taklif etaman.

Aminmanki, uning tashkil etilishi bizning ezgu an’anamizga va tabiiy ofatlarga qarshi kurashdagi birligimiz timsoliga aylanadi.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotning resurslarni tejaydigan va ekologik toza modeliga o‘tishni boshladi.

Bu boradagi eng muhim yo‘nalishlardan biri – “yashil” energetikadir. Yaqin besh yilda qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan energiya ulushini 54 foizga yetkazishni mo‘ljallayapmiz. Bu atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini 16 million tonnaga qisqartirish imkonini beradi.

Biz O‘zbekistonning Parij bitimi doirasida bug‘ gazlari chiqarishni 35 foizga kamaytirish bo‘yicha olgan majburiyatini muddatidan oldin bajarish uchun barcha sa’y-harakatlarimizni ishga solishimizni ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Shu bilan birga, biz bu marrada to‘xtab qolmoqchi emasmiz.

Moliyalashtirish, texnologiyalar va kompetensiyalarni safabar qilish maqsadida Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqining “Suv – Energiya – Iqlim o‘zgarishi” deb nomlangan tashabbusining kotibiyatini tashkil qilishni taklif etamiz.

Bundan tashqari, umumiy strategik vazifalarni amalga oshirish doirasida mazkur forumda mintaqaning “yashil” taraqqiyot konsepsiyasi taqdim etiladi. Ishonamanki, mazkur hujjatning qabul qilinishi va amalga oshirilishi Markaziy Osiyoning ekologik yo‘naltirilgan taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Hurmatli delegatsiyalar a’zolari!

Tahlillarga ko‘ra, Amudaryo va Sirdaryoda suv oqimi kamayishi natijasida 2040 yilga borib Markaziy Osiyo mamlakatlari yuqori darajadagi suv taqchilligiga duch keladi.

Biz allaqachon insoniyatning eng yirik fojialaridan biri – Orol dengizi qurishi oqibatlarini boshdan kechirmoqdamiz.

Biz suv resurslarini tejash maqsadida irrigatsiya tizimlarini betonlashtiryapmiz. Suvni tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarish bo‘yicha sanoat bazasini yaratdik, sug‘oriladigan yerlarning deyarli yarmida ana shunday texnologiyalarni joriy etdik. (Bu salkam ikki million gektar yer maydoni demakdir). Bunday chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yili 8 milliard metr kub suvni tejashga muvaffaq bo‘ldik.

Markaziy Osiyoda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va bu sohada mintaqaviy dasturni ishga tushirishga chaqiramiz.

Bu rejalarning barchasini ekspertlar muhokamasidan o‘tkazish uchun Orolbo‘yi mintaqasida xalqaro forum o‘tkazishni maqsad qilganmiz.

Shuningdek, muzliklarning holati va mintaqadagi tog‘ ekotizimlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni oldindan baholash uchun sun’iy yo‘ldosh orqali uzluksiz kuzatuvlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “Kopernik” dasturi doirasida Yevropa Ittifoqi bilan yaqin hamkorlikka umid qilamiz.

Toshkentdagi “Yashil universitet” bazasida yaratilgan Iqlim rezidensiyasi Markaziy Osiyoda kechayotgan iqlim jarayonlarini o‘rganish va monitoring qilish bo‘yicha umumiy ilmiy-ekspertlik platformasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Bundan tashqari, ertaga Nukus shahrida mintaqamizning ekologik muammolariga san’at sohasidagi loyihalar orqali e’tiborni jalb etishga qaratilgan Orol madaniyat sammiti o‘z ishini boshlaydi.

Qadrli do‘stlar!

So‘zimning nihoyasida “Biz Yerni ajdodlarimizdan meros sifatida emas, balki farzandlarimizdan qarzga olganmiz”, degan mashhur hikmatli iborani eslatib o‘tishni istar edim. Bugungi kunda bizning vazifamiz – kelajak avlodlar barqaror, xavfsiz va farovon dunyoda yashashi uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rishdan iborat.

Buning uchun muloqotlarni mustahkamlash, umumiy ezgu maqsadlar yo‘lida birlashgan barcha davlatlarning sa’y-harakatlarini uyg‘unlashtirish zarur.

E’tiboringiz uchun rahmat.