Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi



4-aprel kuni Samarqand shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Yevropa investitsiya banki rahbarlari ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar va amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, innovatsiyalar, «yashil» energetika, tog‘-kon, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika va raqamlashtirish sohalarida qo‘shma dastur va kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, madaniyat, turizm, fan, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda faol almashinuvlarni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari tadbirni ochar ekan, Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi chuqur tarixiy ildizlarga ega munosabatlar jadal rivojlanib, mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Sammit arafasida bo‘lib o‘tgan konstruktiv va samarali uchrashuvlar ikki mintaqa manfaatlari yo‘lida sheriklik va amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga bo‘lgan siyosiy iroda va qat’iyatni namoyon etdi.

Prezidentimiz Yevropa Ittifoqining asosiy siyosiy va iqtisodiy institutlari rahbarlariga Markaziy Osiyoda integratsiya va barqaror taraqqiyot jarayonlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, umumiy siyosiy iroda tufayli Markaziy Osiyodagi chuqur transformatsiya jarayonlari barqaror va ortga qaytmas tus oldi. Ishonch va yaxshi qo‘shnichilik mustahkamlanmoqda, keng ko‘lamli hamkorlik va kooperatsiya aloqalari kengaymoqda.

– Bundan yetti-sakkiz yil avval buning uchun hatto sharoit ham yo‘q edi. Ba’zi mamlakatlar o‘rtasidagi chegaralar yopiq edi. Na savdo, na tranzit, na biznes, hech qanday gumanitar almashuvlar yo‘q edi. Munosabatlar shunchaki muzlatib qo‘yilgandi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yil sentyabr oyida Toshkentda mintaqadagi davlat rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvini o‘tkaziladi. Bu hamkorlik formati umumiy kun tartibidagi barcha dolzarb vazifalarni ochiq va konstruktiv hal qilishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston yetakchisi kuni kecha tarixiy voqea – Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi Davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalalari to‘liq tartibga solingani va kelishuvlar imzolanganini alohida qayd etdi.

Bugungi kunda mintaqada yirik investitsiya va infratuzilma loyihalari birgalikda amalga oshirilayotgani, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun investitsiya fondlari va kompaniyalari faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi. Mintaqa ichidagi savdo ko‘paymoqda, chegaraoldi savdo zonalari tashkil etilmoqda. Bularning barchasi mintaqaning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

YTTB prognozlariga ko‘ra, joriy yilda mintaqaviy yalpi ichki mahsulot hajmi 6 foizgacha oshadi, bu boshqa mintaqalardagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada yuqori.

Umummintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish, shuningdek, madaniy-gumanitar va ta’lim almashinuvini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birgalikdagi ishlar alohida qayd etildi. Mamlakatlarimizda yetakchi milliy ta’lim muassasalarining filiallari ochilmoqda. Xorijiy sayyohlar uchun yagona Markaziy Osiyo vizasi loyihasi ilgari surilmoqda.

Mintaqa va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashgani kuzatilmoqda. So‘nggi yetti yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi bir necha barobar o‘sib, 54 milliard yevroni tashkil etdi. Samarali hamkorlik platformalari ishga tushirildi. Barcha muhim yo‘nalishlar bo‘yicha vazirlar yig‘ilishlari, forumlar va sammitlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekiston yetakchisi o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan o‘z nuqtayi nazarini bayon qildi.

Avvalo, siyosiy muloqotni, ko‘p tomonlama hamkorlikning huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.

Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish haqida qabul qilinayotgan hujjat qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish va qabul qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Strategik sheriklikni aniq qarorlar, loyiha va dasturlar bilan boyitish maqsadida ikki mintaqamiz o‘rtasida sheriklik va hamkorlik bo‘yicha to‘laqonli Bitimni imzolash masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.

O‘zbekiston Prezidenti xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha umumiy pozitsiyalarni ishlab chiqish uchun tashqi siyosat idoralari rahbarlari uchrashuvlarini doimiy o‘tkazib borish; parlamentlararo aloqalarni faollashtirish va “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” parlamentlararo hamkorlik forumini ta’sis etish hamda uning ilk tadbirini shu yil kuzda O‘zbekistonda o‘tkazish; yetakchi tahlil markazlari hamkorligini kengaytirishni taklif etamiz.

Kelishuvlarini o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlash maqsadida navbatdagi yig‘ilishga qadar sammit kotibiyati funksiyasini O‘zbekiston o‘z zimmasiga olishga tayyorligi bildirildi.

Iqtisodiyot va texnologik modernizatsiyaga investitsiyalar kiritish o‘zaro hamkorlikning ustuvor mezoni sifatida belgilandi.

Bugungi kunda Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari bilan amalga oshirilayotgan loyihalar portfeli 30 milliard yevrodan oshdi.

Navbatdagi Toshkent investitsiya forumi doirasida ikki mintaqaning investitsiyaviy imkoniyatlariga bag‘ishlangan alohida sessiya o‘tkazish va Yevropa kompaniyalari uchun O‘zbekistonda Mintaqaviy sanoat parki konsepsiyasini taqdimot qilish taklif etildi.

Kuni kecha Toshkent shahrida Yevropa investitsiya banki ofisini ochish to‘g‘risida bitim imzolangani, bu YI mamlakatlaridan Markaziy Osiyoga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar oqimini rag‘batlantirishga xizmat qilishi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlatimiz rahbari «yashil» energetika, innovatsiyalar, transport, infratuzilma va agrar sohadagi yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun Investitsiya platformasini ishga tushirish tashabbusini ilgari surdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti bir qator boshqa tashabbuslarni aytdi. Investitsiyalarni himoya qilish va rag‘batlantirish to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitim imzolash, «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» qo‘shma savdo palatasini ishga tushirish, Kichik va o‘rta biznes, xotin-qizlar tadbirkorligi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma mintaqaviy dasturni qabul qilish shular jumlasidan.

Joriy yilda O‘zbekiston Transport bog‘liqligi bo‘yicha navbatdagi iqtisodiy forum va Investorlar forumini o‘tkazishga tayyor.

Eksportchilarimiz salohiyatini oshirish, standartlashtirish va sertifikatlashtirish laboratoriyalari va markazlarini tashkil etish uchun Yevropa Ittifoqining texnik ko‘magini kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Strategik mineral resurslar sohasida hamkorlik va investitsiyalarni chuqurlashtirish o‘zaro manfaatli sheriklikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi sifatida qayd etildi.

O‘zbekiston bu borada Yevropaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha ijobiy tajribaga ega. Shu bilan birga, ushbu mahsulotlarni, shuningdek, tayyor sanoat va qishloq xo‘jaligi tovarlarini Yevropa bozoriga yetkazib berish uchun samarali transport yo‘laklari mavjud emasligi bu boradagi sheriklikni kengaytirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Shu ma’noda, Transkaspiy transport yo‘lagini kengaytirish va undan foydalanish uchun muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar va qulay sharoitlarni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

– Ishonaman, ushbu vazifalar “Global darvoza” umumevropa dasturining maqsadlariga to‘liq mos keladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu maqsadda Yevroittifoq shafeligida ushbu yo‘nalishda joylashgan mamlakatlar transport vazirlarining uchrashuvini chaqirib, o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish taklif qilindi.

«Yashil» energetika va ekologik barqarorlikka sarmoya kiritish strategik ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Markaziy Osiyodan Yevropaga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha xalqaro loyihani to‘liq qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi.

Mamlakatimizda 2030 yilga qadar energiya balansida qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish, 24 ming megavatt «yashil» quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.

“Toza” energiya bo‘yicha “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sherikligining yo‘lga qo‘yilishi bilan o‘zaro hamkorlikning muhim platformasi yaratilishi mumkin.

Loyihalarni moliyalashtirish va «uglerod kreditlari» bozorini rivojlantirish masalalarini ishlab chiqish uchun ishchi guruh tuzish taklif qilindi.

Inson kapitaliga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar ikki mintaqa hamkorligini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.

Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha «Erazmus plyus» dasturi doirasida mintaqa mamlakatlari uchun maxsus kvotalar joriy etilishi ushbu maqsadga erishishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ilmiy-ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida O‘zbekistonda «Ufq – Yevropa» dasturi ofisini ochishga tayyor.

Sun’iy intellekt, «katta ma’lumotlar», raqamlashtirish va kosmik tadqiqotlar sohasida ilmiy-texnologik almashinuv bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

O‘zbekiston Prezidenti mintaqa mamlakatlarini Yevropaning raqamli ta’lim sohasidagi Harakatlar dasturiga kiritish, shuningdek, yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi sheriklikning «yo‘l xaritasi»ni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirdi.

Yevropalik mutaxassislar ishtirokida «Lazgi» milliy baleti sahnalashtirilgani, shuningdek, Yevropaning eng yirik muzeylarida Markaziy Osiyo tarixiy merosi ko‘rgazmalari tashkil etilgani madaniyat sohasidagi hamkorlikning yorqin namunasidir.

Jahon auditoriyasini mintaqamizning boy madaniyati bilan tanishtirish borasidagi sa’y-harakatlarning davomi sifatida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan YUNЕSKO Bosh konferensiyasidan Markaziy Osiyo xalqlari san’atini targ‘ib etishda faol foydalanish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Joriy yilda Buxoroda «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi turizm forumini o‘tkazish ham rejalashtirilgan.

– Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tajribasini joriy etish asosida “Bir tur – butun mintaqa” konsepsiyasini amalga oshirish, shuningdek, mintaqamiz sayyohlari uchun viza rejimini soddalashtirish masalasini ko‘rib chiqishda yevropalik sheriklarimizning ko‘magiga tayanamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik qilish dolzarb ahamiyatga ega.

Yevropalik hamkorlarning terrorizmga qarshi kurash masalalari bo‘yicha muloqotni yo‘lga qo‘yish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

“BOMCA” va “CADAP” dasturlari doirasidagi amaliy hamkorlikni, shuningdek, Afg‘onistonda tinch taraqqiyotni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari ilgari surilgan tashabbus va kelishuvlarni amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish maqsadida Bosh vazirlar o‘rinbosarlari darajasida «Markaziy Osiyo – YI» formatida Sheriklik qo‘mitasini ta’sis etish va har yili uchrashuvlar o‘tkazishni taklif etdi.

Yig‘ilishda delegatsiyalar rahbarlari ikki mintaqa o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirdi.

Birinchi sammit yakunida ikki mintaqa o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatishni nazarda tutuvchi Qo‘shma deklaratsiya va o‘ta muhim minerallar sohasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitidagi nutqi



Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Sizlarni “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida qutlashdan g‘oyat mamnunman.  

Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta Janobi Oliylariga, Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Xonim Oliyalariga, mening barcha hamkasblarim – mintaqa mamlakatlari yetakchilariga sammitni aynan shu zaminda, qadimiy Samarqand shahrida o‘tkazish borasidagi tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaganlari uchun minnatdorlik bildiraman.

Ko‘p asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘lining asosiy yo‘llari chorrahasida joylashgan ushbu shonli shahar sivilizatsiyalar muloqoti hamda Sharq va G‘arb o‘rtasidagi diplomatiya, savdo va madaniy almashuvlarning muhim markazi bo‘lgan.

Bu haqda ko‘plab tarixiy dalillar mavjud. Masalan, Movarounnahr hukmdori Amir Temur bundan olti asrdan ziyod vaqt oldin aynan shu zaminda turib erkin va xavfsiz savdoni ta’minlash maqsadida Yevropa hukmdorlari bilan faol muloqotlarni yo‘lga qo‘ygan.

Bizning Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va boshqa buyuk alloma va mutafakkirlarimiz jahon, jumladan, Yevropa ilm-fani va falsafasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shganini albatta qayd etmasdan o‘tolmaymiz.

Bugun men mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardimki, bizning chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lgan munosabatlarimiz hozirgi zamon sharoitida jadal rivojlanmoqda va mustahkamlanmoqda.

Shu kunlarda bo‘lib o‘tgan ochiq, konstruktiv va samarali uchrashuvlar mamlakatlarimiz va mintaqalarimiz manfaatlari yo‘lida sheriklik va amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga bo‘lgan siyosiy irodamiz va qat’iyatimizni yana bir bor namoyon etdi.

Yevropa Ittifoqi asosiy institutlari rahbarlariga o‘zaro anglashuv va Markaziy Osiyoda integratsiya va barqaror taraqqiyot jarayonlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman.

Men bu zalda an’anaviy sheriklarimiz – Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Reno-Baso va Yevropa investitsiya banki vakillarini ko‘rib turganimdan ham xursandman. Ushbu moliya institutlarining “Kelajakka sarmoyalar” shiori ostida o‘tayotgan bugungi sammitimizning vazifa va qarorlarini ilgari surishdagi roli o‘ta muhim, deb hisoblayman.

Shu o‘rinda bundan sakkiz yil oldin O‘zbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki munosabatlari to‘xtab yotganini qayd etishni istar edim. Bugun esa biz bankning eng yirik benefitsiarlaridan birimiz.

Hurmatli hamkasblar!

Ashxoboddagi uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha bizning vazirlar va ekspertlarimiz ko‘p tomonlama hamkorlikning barcha asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan sammit kun tartibini tayyorlashdi.

Shuningdek, biz bugun Markaziy Osiyo duch kelayotgan zamonaviy ekologik tahdidlarga bag‘ishlangan Samarqand iqlim forumi yalpi sessiyasida ham birgalikda ishtirok etamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Bizning uchrashuvimiz jadal va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan global jarayonlar sharoitida o‘tmoqda.

Biz geosiyosiy ziddiyatlar, xavfsizlik muammolari, yirik mintaqaviy mojarolarning hamda barqaror taraqqiyotga nisbatan ijtimoiy va iqtisodiy tahdidlarning kuchayishiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Ayonki, hech bir mintaqa keng xalqaro hamkorliksiz bu qadar murakkab masalalarni mustaqil holda hal etishga qodir emas.

Shu munosabat bilan ta’kidlashni istardimki, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi an’anaviy sheriklar bo‘lib, o‘zaro yaqin hamkorlik uchun talab faqat o‘sib bormoqda. Biz ham Yevropa tomoni kabi xalqaro huquqning tamoyil va me’yorlariga sodiqligimizni bildiramiz.

Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muzokaralar jarayonlari boshlanganini olqishlaymiz va to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Oldinda juda murakkab va yechimi oson bo‘lmagan masalalar turganini tushunamiz.

Biroq diplomatik sa’y-harakatlar va siyosiy qarorlar qabul qilishdan boshqa muqobil yo‘lni biz ko‘rmayapmiz.

Hurmatli hamkasblar!

Umumiy siyosiy irodamiz tufayli barqaror va ortga qaytmas tus olgan Markaziy Osiyodagi chuqur transformatsiya jarayonlari ko‘pqirrali hamkorligimizni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ishonch va yaxshi qo‘shnichilik mustahkamlanmoqda, keng ko‘lamli hamkorlik va kooperatsiya aloqalari kengaymoqda. Bundan yetti-sakkiz yil avval buning uchun hatto sharoit ham yo‘q edi. Ba’zi mamlakatlar o‘rtasidagi chegaralar yopiq edi. Na savdo, na tranzit, na biznes, hech qanday gumanitar almashuvlar yo‘q edi. Munosabatlar shunchaki muzlatib qo‘yilgandi. O‘shanda hech kim yaqin kelajakda biz Yevropa yetakchilari bilan muzokaralarda mintaqamizni birgalikda namoyon etishimizni tasavvur ham qila olmas edi.

Markaziy Osiyoning ochiqligi va barcha sheriklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekani mintaqada xavfsizlik va farovonlikni ta’minlashning eng muhim shartiga aylandi.

Shu yil sentyabr oyida biz Toshkentda mintaqadagi davlat rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvini o‘tkazamiz va uning doirasida umumiy kun tartibidagi barcha dolzarb vazifalarni ochiq va konstruktiv hal qilamiz.

Bugungi sammitimiz arafasida tarixiy voqealar bo‘lib o‘tganini alohida qayd etishni istardim. Bu o‘rinda gap Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida davlat chegaralari masalasi to‘liq hal etilgani va delimitatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlar imzolangani haqida bormoqda.

Yana bir bor hurmatli hamkasblarim Emomali Sharipovich Rahmon va Sadir Nurg‘ojoyevich Japarovni samimiy tabriklayman.

Biz birgalikda mintaqada yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirayotganimizni ta’kidlash joiz. Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma investitsiya jamg‘armalari va kompaniyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mintaqada ichki savdo hajmi oshib bormoqda. Ularni rag‘batlantirish uchun chegaraoldi savdo zonalari yaratilmoqda. Bularning barchasi mamlakatlarimiz va butun mintaqamizning barqaror iqtisodiy taraqqiyotiga imkon yaratayotganini ta’kidlashni istar edim.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari hisob-kitoblariga ko‘ra, mintaqaviy yalpi ichki mahsulotning o‘sishi bu yil olti foizgacha yetadi va bu boshqa mintaqalardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqoridir. Jumladan, O‘zbekistonda sanoatlashtirish, infratuzilmalarga sarmoyalar kiritish, iqtisodiyotni liberallashtirish va biznesni qo‘llab-quvvatlash hisobidan barqaror iqtisodiy o‘sish ta’minlanmoqda.

Umummintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish, shuningdek, madaniy-gumanitar va ta’lim bo‘yicha almashuvlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlikdagi ishlarimizni alohida ta’kidlamoqchiman.

Biz mamlakatlarimizda yetakchi milliy o‘quv muassasalarining filiallarini ochyapmiz. Xorijiy sayyohlar uchun yagona Markaziy Osiyo vizasi loyihasini ilgari suryapmiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Bizning ilk sammitimiz Qozog‘iston va Qirg‘izistonda muvaffaqiyatli o‘tgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkita uchrashuvining mantiqiy davomidir. Ushbu muloqotlar har ikki tomonning manfaatlarini tushunish va sheriklikning umumiy yo‘nalishlarini belgilab olish uchun foydali bo‘ldi. So‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro hamkorlik sezilarli faollashgani kuzatilayotganini qayd etmoqchiman.

Keyingi yetti yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro tovar aylanmasi hajmi bir necha barobar o‘sib, 54 milliard yevroga yetdi. Hamkorlikning samarali platformalari ishga tushirildi. Barcha muhim yo‘nalishlarda vazirlar ishtirokida majlislar, forumlar, sammitlar va konferensiyalar doimiy o‘tkazib kelinmoqda.

Shu bilan birga, ushbu uchrashuv ko‘pqirrali munosabatlarimiz rivojida yangi bosqichning o‘ziga xos boshlanish nuqtasi bo‘lishi lozim, deb hisoblayman.

Shu munosabat bilan, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda hamkorlikdagi ishlarimizning biz uchun ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tishni istar edim.

Birinchi. Bu – siyosiy muloqotlarni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar va investitsiyalar, ko‘p tomonlama hamkorlikning huquqiy va institutsional asoslari.

Sammit yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish haqida tarixiy qaror qabul qilinadi. Qabul qilinadigan hujjatning qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish va qabul qilish zarur, deb hisoblaymiz.

Ishonchim komilki, bizning strategik sherikligimiz aniq qarorlar, loyiha va dasturlar bilan boyitilishi kerak. Shu munosabat bilan, bizning ikki mintaqamiz o‘rtasida sheriklik va hamkorlik bo‘yicha to‘laqonli Bitimni imzolash masalasini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Biz, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha umumiy pozitsiyalarni ishlab chiqish uchun tashqi siyosat idoralari rahbarlari uchrashuvlarini doimiy o‘tkazib borish, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish va “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” parlamentlararo hamkorlik forumini ta’sis etish hamda uning ilk tadbirini shu yil kuzda O‘zbekistonda o‘tkazish, yetakchi tahlil markazlari hamkorligini kengaytirishni taklif etamiz.

Sammitimizni har ikki yilda bir marta o‘tkazish bo‘yicha taklifni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Kelishuvlarimizni o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlash maqsadida navbatdagi yig‘ilishimizga qadar sammit kotibiyati funksiyasini o‘z zimmamizga olishga tayyormiz.

Ikkinchi. Iqtisodiyot va texnologik modernizatsiyaga investitsiyalar kiritish o‘zaro hamkorligimizning ustuvor mezoni bo‘lishi lozim.

Biz iyun oyining boshida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan sheriklikda Toshkent xalqaro investitsiya forumini o‘tkazamiz. Ushbu tadbirda Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari bilan umumiy qiymati 30 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan joriy loyihalar portfelini taqdim etish niyatidamiz.

Ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda Yevropaning barcha biznes “kapitanlari”, sanoat va innovatsiya sohalari yetakchilari O‘zbekiston va mintaqamizdagi boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Ular orasida “TOTAL”, “Siemens”, “Linde”, “Airbus”, “BASF”, “IDF”, “Orano”, “OTP Group” va boshqa ko‘plab korporatsiyalar bor.

Forum jarayonida ikki mintaqaning investitsiyaviy imkoniyatlariga bag‘ishlangan alohida sessiyani o‘tkazishni taklif etaman. O‘zbekistonda Yevropa kompaniyalari uchun Mintaqaviy sanoat parki konsepsiyasi taqdimotini ham ana shu sessiyada o‘tkazishni reja qilyapmiz.

Shu kunlarda Toshkentda Yevropa investitsiya banki ofisini ochish to‘g‘risida imzolangan bitim Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan Markaziy Osiyoga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar oqimini rag‘batlantiradi.

Yevropalik sheriklarimiz yana bir tashabbusimizni – “yashil” energetika, innovatsiyalar, transport, infratuzilma sohalarida va agrar sektorda yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun Investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha taklifimizni qo‘llab-quvvatlashiga umid qilamiz.

Bundan tashqari, mamlakatlarimizning iqtisodiy manfaatlarini yaqinlashtirish bo‘yicha qator yangi takliflarni bildirmoqchimiz. Bu, eng avvalo, investitsiyalarni himoya qilish va rag‘batlantirish to‘g‘risidagi ko‘ptomonlama bitimni imzolash, xususiy sektor vakillarini keng jalb etgan holda, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” qo‘shma savdo palatasini ishga tushirish, kichik va o‘rta biznes loyihalarini, birinchi galda, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma mintaqaviy dasturlarni qabul qilishga qaratilgandir.

O‘zbekistonda o‘zaro transport bog‘liqligi bo‘yicha navbatdagi Iqtisodiy forum va Investorlar forumini qabul qilishga tayyormiz.

Shuningdek, eksport qiluvchilarimiz salohiyatini oshirish, laboratoriyalar, standartlashtirish va sertifikatlashtirish markazlarini yaratish uchun Yevropa Ittifoqining texnik ko‘magini kengaytirish muhimdir.

Uchinchi. Sammit davomida strategik mineral resurslar sohasida hamkorlik va investitsiyalarni chuqurlashtirish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekiston geologiya-razvedka, strategik xomashyo materiallari konlarini o‘zlashtirish va ularni chuqur qayta ishlash sohasida yuqori texnologik ishlab chiqarish tarmoqlarini yaratish borasida Yevropadagi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha katta ijobiy tajribaga ega. Biz bu yo‘nalishda Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash niyatidamiz.

Ushbu mahsulotlarni, shuningdek, tayyor sanoat va qishloq xo‘jaligi tovarlarini Yevropa bozorlariga yetkazib berish uchun samarali transport yo‘laklarining yo‘qligi bunda asosiy to‘siq hisoblanadi. Jumladan, Transkaspiy transport koridorini kengaytirish va yuk bilan ta’minlash uchun o‘zaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni va biznes uchun manfaatli sharoitlarni ishlab chiqish zarur. Ishonaman, ushbu vazifalar “Global darvoza” umumevropa dasturining maqsadlariga to‘liq mos keladi.

Shu munosabat bilan, kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun Yevropa Ittifoqi shafeligida ushbu yo‘nalishda joylashgan mamlakatlarning transport vazirlari uchrashuvini chaqirishni taklif etamiz.

To‘rtinchi. “Yashil” energetika va ekologik barqarorlikka yo‘naltirilgan investitsiyalar strategik ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidan Yevropaga elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha xalqaro loyihani to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Sammit arafasida ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli bitimni ratifikatsiya qildik.

Ta’kidlash o‘rinliki, biz 2030-yilga borib mamlakat energiya balansida qayta tiklanadigan energiya ulushini 54 foizga yetkazishni, 24 ming megavatt “yashil” quvvatlarni ishga tushirishni rejalashtirmoqdamiz.

“Toza” energiya bo‘yicha “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sherikligining yo‘lga qo‘yilishi bilan o‘zaro hamkorligimizning muhim platformasi yaratilishi mumkin.

Shuningdek, “uglerod kreditlari” loyihalarini ishlab chiqishni moliyalashtirish va ularning bozorini rivojlantirish uchun turdosh vazirliklar rahbarlari darajasida ishchi guruhni ta’sis etishni taklif etamiz. Bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Iqlim forumi chog‘ida mintaqaning “Yashil” taraqqiyot konsepsiyasini taqdim etamiz.

Beshinchi. Inson kapitaliga investitsiyalar ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashuvlarni kengaytirish imkonini beradi.

Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha “ERAZMUS PLYUS” dasturlari doirasida mintaqa mamlakatlari uchun maxsus kvotalarni joriy etish  ushbu maqsadga erishishga xizmat qilishi mumkin.

Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ilmiy-ta’lim hamkorligini kengaytirish uchun O‘zbekistonda “Ufq – Yevropa” dasturi ofisini ochishga tayyormiz. Bundan tashqari, sun’iy intellekt, ma’lumotlar “katta bazalari”, raqamlashtirish, kosmik tadqiqotlar sohasida ilmiy va texnologik almashuvlar bo‘yicha qo‘shma dasturni ishlab chiqishni taklif etamiz.

O‘zbekiston, shuningdek, mintaqa mamlakatlarini raqamli ta’lim sohasida Yevropa harakatlar dasturiga qo‘shish, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchi universitetlari o‘rtasida sheriklik borasida “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari suradi.

Yevropalik mutaxassislar ishtirokida “Lazgi” milliy baletining sahnalashtirilishi madaniyat sohasidagi kooperatsiyaning yaqqol misoli bo‘ldi. Yevropadagi Luvr, Berlin Yangi muzeyi, Vena Butunjahon muzeyi kabi yirik muzeylarda Markaziy Osiyoning tarixiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning kuzida ushbu zaminda, Samarqandda o‘tadigan, so‘nggi qirq yilda Parijdan tashqarida ilk bor bo‘ladigan YUNЕSKO Bosh konferensiyasi chog‘ida barcha xorijiy sheriklarimizni mintaqamiz xalqlarining boy madaniyati va san’ati bilan yanada keng tanishtirishni xohlar edik.

Shuningdek, joriy yilda Buxoroda birinchi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sayyohlik forumini o‘tkazishni reja qilyapmiz.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tajribasini joriy etish asosida “Bir tur – butun mintaqa” konsepsiyasini amalga oshirish, shuningdek, mintaqamiz sayyohlari uchun viza rejimini soddalashtirish masalasini ko‘rib chiqishda yevropalik sheriklarimizning ko‘magiga tayanamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xavfsizlikka nisbatan umumiy tahdidlar, xususan, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.

Yevropalik sheriklarimizning terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha muloqotni yo‘lga qo‘yish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz. “BOMCA” va “CADAP” dasturlari doirasida o‘zaro amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim, deb hisoblaymiz.

Afg‘onistonni tinch rivojlantirish masalalarida siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirishga tayyormiz. Ming afsuski, jahon hamjamiyati ushbu mamlakat hududidan kelib chiqadigan barcha tahdidlarni yetarlicha baholay olmayapti.

Afg‘on tomonini mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga, jumladan, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, ijtimoiy sohani qayta tiklash yo‘li bilan faol jalb etish zarur, deb hisoblaymiz. Qabul qilingan majburiyatlarni bajarish uchun xalqaro hamjamiyatning amaldagi afg‘on hukumati bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish muhimligini tushunishi va qo‘llab-quvvatlashiga umid qilamiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

So‘zimning nihoyasida bizning tashabbus va kelishuvlarimizni amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish muhimligini alohida qayd etishni istar edim.

Shu munosabat bilan, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatida Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida har yili uchrashuvlari o‘tkazib boriladigan Sheriklik qo‘mitasini ta’sis etish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Qadrli do‘stlar!

Barchangizga ochiq, ishonchli va konstruktiv muloqot uchun yana bir bor chuqur tashakkur izhor etaman.

Ishonchim komilki, Yevropaning yetakchi institutlari va moliya tashkilotlari rahbarlari Markaziy Osiyoning umumiy pozitsiyaga ega ekaniga, ishonchli va mas’uliyatli sherik sifatida keng ko‘lamli hamkorlikka tayyor ekaniga amin bo‘lishdi.

Barchangizni ikki mintaqa o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qilinishi bilan tabriklayman.

Erishilgan barcha kelishuvlar va ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish uchun Sammit kotibiyatiga, ekspertlar bilan birgalikda, bir oy muddatda, biz ishchi tartibda tasdiqlashimiz mumkin bo‘lgan “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlash taklifini bildiraman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari amaliy hamkorlikning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni Samarqand shahridagi sammit doirasida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini ikki davlat rahbarlarining yaqinda Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan norasmiy uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni hisobga olgan holda yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat hukumatlari tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, iqtisodiy loyihalar va gumanitar dasturlarni, shu jumladan hududlar darajasida ilgari surish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rishi muhimligi ta’kidlandi.

Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirish jarayonini tezlashtirish to‘g‘risida kelishib olindi.

Shuningdek, mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashildi, oliy darajadagi tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti doirasida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan muzokara o‘tkazdi.

Suhbat avvalida O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari joriy yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida o‘tgan oliy darajadagi uch tomonlama uchrashuvning tarixiy natijalarini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Chegara masalalarining to‘liq tartibga solinishi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda yangi sahifa ochishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu oyda bo‘lib o‘tadigan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishida tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.

Yetakchilar mintaqaviy kun tartibidagi masalalarni, shuningdek, ikki va ko‘p tomonlama tadbirlarga tayyorgarlikni muhokama qildilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama qildilar


3-aprel kuni Samarqand sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari 31-mart kuni Xo‘jand shahrida davlat rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvi samarali bo‘lgani hamda davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida tarixiy shartnoma imzolanganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari, xususan, sanoat, transport, energetika va infratuzilma sohalarida muhim kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish choralari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbarlari faol hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.

Bo‘lajak tadbirlar rejasi va mintaqaviy hamkorlikning boshqa dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari strategik sheriklikni kengaytirish muhimligini ta’kidladilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni «Markaziy Osiyo – YI» birinchi sammitida ishtirok etish uchun Samarqand shahriga kelgan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Turkmaniston Prezidenti davlatimiz rahbariga Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning samimiy salomini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 1,1 milliard dollardan oshgan tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari barqaror o‘sib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Birgalikda «Shovot – Toshovuz» chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda. Faol hududlararo muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuv doirasidagi tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.

Bo‘lajak oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar va ko‘p tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, keng qamrovli hamkorlik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

Yevropa Ittifoqi yetakchilari xalqimizning boy madaniyati bilan tanishdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Samarqand Xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasida bo‘ldilar.

Mehmonlarga xalqimizning betakror badiiy, hunarmandlik va musiqiy madaniyati namoyish etildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti va Yevropa Ittifoqi yetakchilari birgalikda daraxt ekdilar



Oliy darajadagi O‘zbekiston-Yevropa muzokaralari yakunida birgalikda daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Samarqand shahridagi Kongress markazi xiyobonida ikki tup eman ekdilar.

Ko‘chat ekish marosimi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida do‘stlik, ko‘p qirrali hamkorlik va sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganining yana bir ramzi bo‘ldi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekistonda Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisi ochiladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen huzurida mamlakatimizda Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini ta’sis etish to‘g‘risida bitim imzolandi.

1958-yilda tashkil etilgan Yevropa investitsiya banki Yevropa Ittifoqining yetakchi moliyaviy institutidir.

Ta’kidlash joiz, ofisning Toshkent shahrida ochilishi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonda va umuman Markaziy Osiyoda «yashil» iqtisodiyot, innovatsion sanoat va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishga jalb etilayotgan investitsiyalar hajmini oshirish imkonini beradi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va YI yetakchilari iqtisodiy hamkorlikni tubdan kengaytirish muhimligini qayd etdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni Samarqand sammiti doirasida mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Turli darajalardagi faol muloqotlar va sermahsul almashinuvlar, amaliy hamkorlikning institutsional mexanizmlari doirasida samarali ishlar olib borilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishga tayyorlanmoqda.

O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi barqaror ortib bormoqda. Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalari portfeli 30 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda. Mamlakatimiz Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yirik benefitsiari hisoblanadi, Toshkent shahrida Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy vakolatxonasi ochilmoqda.

EIning bosh institutlari rahbarlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar dasturini, shuningdek, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklikni mustahkamlash borasidagi siyosatni yuksak baholadilar va qat’iy qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.

Muzokaralarda asosiy e’tibor innovatsiyalar, «yashil» energetika, tog‘-kon tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma dastur va kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga qaratildi.

Turizm, madaniyat, fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi faol almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Bo‘lajak «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» formatidagi birinchi oliy darajadagi sammit kun tartibidagi masalalar hamda Yevropaning «Global darvoza» strategiyasi doirasida ikki mintaqaning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari, jumladan, Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.