Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqi


Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Qadimdan Buyuk ipak yo‘lining muhim savdo va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan betakror Gabala shahrida siz, aziz qardoshlarim bilan diydor ko‘rishib turganimdan behad mamnunman.

Avvalambor, sammitni yuqori saviyada tashkil etganlari, an’anaviy va samimiy mehmondo‘stlik uchun Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyev Janobi Oliylariga minnatdorlik izhor etaman.

Sizning bevosita tashabbusingiz bilan biz oxirgi yillarda zamonaviy Ozarbayjonning ko‘plab hududlariga tashrif buyurdik. Go‘zal Qorabog‘ kun sayin obod bo‘layotganiga, Shusha, Xonkendi, Ag‘dam shaharlaridagi ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘ldik. Albatta, yaqin do‘stlaringiz sifatida bu ijobiy jarayonlar bizlarni juda quvontiradi.

Sizning qat’iy siyosiy irodangiz tufayli Armaniston bilan imzolangan Tinchlik deklaratsiyasi esa Turkiy davlatlarning ham umumiy g‘alabasidir, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu tarixiy kelishuv mamlakatlarimiz uchun savdo, iqtisodiyot, transport va gumanitar sohalarda yaqin hamkorlik borasida keng imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda.

Hurmatli hamkasblar!

Yil davomida Tashkilotimiz faoliyatida samarali raislik qilgani, hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarishga munosib hissa qo‘shgani uchun Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti hurmatli Sadir Nurg‘ojoyevich Japarov Janobi Oliylariga tashakkur bildiraman.

“Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusidagi bugungi uchrashuvimiz dunyoda murakkab geosiyosiy o‘zgarishlar yuz berayotgan va xavfsizlikka tahdidlar tobora ortib borayotgan bir sharoitda o‘tmoqda. Hozir so‘zga chiqqan hamkasblarim bu muammolar bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirib o‘tdilar.

Yaqinda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasidagi jahon yetakchilarining chiqish va yondashuvlari ham zamonaviy dunyoning siyosiy va xavfsizlik arxitekturasi bo‘yicha yakdil pozitsiya yo‘qligini yana bir bor namoyon etdi.

Davrning o‘zi bizdan global boshqaruv tizimini chuqur isloh qilish va takomillashtirish, BMT va uning Xavfsizlik Kengashi rolini oshirishni taqozo qilmoqda. Jumladan, rivojlanayotgan davlatlarning o‘rni va ovozini mustahkamlashda yaqin hamkorlikni kuchaytirish muhim vazifadir.

Dunyodagi eng og‘riqli muammolar, Yevroosiyo mintaqasida avj olayotgan va oxiri ko‘rinmayotgan nizo va urushlar, albatta, bizning davlatlarimizga ham o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

G‘azo sektoridagi fojia, Ukraina atrofidagi vaziyat, Eronning yadro dasturi muammosi, Afg‘onistonning barqarorligi masalalari barchamizni jiddiy tashvishga soladi.

Jahonning qudratli davlatlari tomonidan adolatli dunyo tartibotini shakllantirish, o‘zaro ishonch va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladigan intilish va yangi rejalarni olqishlaymiz.

O‘ylaymanki, global vaziyatni chuqur tahlil etish va kerakli qarorlar qabul qilish maqsadida Turkiy davlatlar tashkiloti tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining birgalikdagi uchrashuvlarini muntazam o‘tkazib borishni ham zamonning o‘zi taqozo qilmoqda. Biz birinchi qo‘shma uchrashuvni kelgusi yili Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusi bilan chiqamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Turkiy davlatlar tashkiloti qisqa vaqt ichida jadal rivojlanib borayotgan nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoriga kirdi. Avvalambor, mamlakatlarimiz o‘rtasida yuksak darajadagi siyosiy muloqotlar faollashgani, o‘zaro ishonch mustahkamlanayotgani, amaliy sheriklik loyihalari va gumanitar dasturlar hayotga faol tatbiq etilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Birgina misol keltirmoqchiman. Bugungi kunda Tashkilotimiz doirasida o‘ttiz beshdan ziyod yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik olib borilmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro savdo hajmi barqaror o‘sib bormoqda va bu ko‘rsatkich 2030-yilga qadar ikki barobar oshishi kutilmoqda.

Kun tartibidan kelib chiqib, bir qator masalalarga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Tuzilmamizning mavqei va salohiyatini yanada oshirish, yaqin kelajakda uning samarali hamkorlik maydoni sifatidagi o‘rnini mustahkamlash oldimizda turgan ustuvor vazifadir.

Bu borada Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tezroq kelishib, qabul qilish tarafdorimiz. Albatta, bu muhim bitim hamkorligimizni rivojlantirish yo‘lida asosiy siyosiy hujjat sifatida qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, amaliy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Ko‘p qirrali sherikligimizni yanada kengaytirish va jadallashtirish maqsadida Tashkilotning 2030 yilga qadar bo‘lgan rivojlanish strategiyasi va alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz. Bunda quyidagi aniq yo‘nalishlar va chora-tadbirlarni ko‘zda tutishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishni asosiy yo‘nalish sifatida ko‘ramiz.

Yaqin kelajakda Tashkilotimiz doirasida Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirish tarafdorimiz. So‘z, birinchi navbatda, savdo, biznes va o‘zaro investitsiyalar uchun eng qulay sharoitlarni, huquqiy baza va infratuzilmani yaratish haqida ketmoqda.

Amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish va aniq loyihalarni ishlab chiqish, jumladan, Turkiy investitsiya jamg‘armasi doirasidagi rejalarni kelishish maqsadida Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tashkil etish vaqti keldi. Bu tuzilma mamlakatlarimiz Bosh vazirlari o‘rinbosarlari tomonidan boshqarilib, doimiy faoliyat olib borishi muhim. Kengashning Loyiha ofisini esa Toshkentda joylashtirishga tayyormiz.

Kengash doirasida bir qator yangi tashabbuslarni amalga oshirishimiz mumkin. Jumladan, Turkiy davlatlarning Sanoat alyansini tuzish va bu orqali mashinasozlik, kon sanoati, elektrotexnika, neft-kimyo, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat, qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohalarida yetakchi kompaniyalarimizning kooperatsiya loyihalarini ilgari surish; o‘zaro savdo hajmlarini keskin oshirish va texnik reglamentlarni yaqinlashtirish maqsadida “Turkiy yashil yo‘laklar” elektron tizimini joriy etish zarur; “yashil energetika”, “yashil vodorod va ammiak” loyihalarini birgalikda amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalar, standartlar va kompetensiyalarni jalb qilish, davlat va xususiy sheriklik mexanizmlarini keng tatbiq etish uchun “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish; strategik minerallar bazasini o‘zlashtirish va qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish kabi masalalar Kengashning doimiy e’tiborida turishi darkor.

Bunda “xomashyo – qayta ishlash – ilm va texnologiyalar – tayyor mahsulot” tamoyili asosida amaliy Hamkorlik dasturini qabul qilish muhim ahamiyatga ega.

Ikkinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berishda mamlakatlarimiz dunyo yetakchilaridan bo‘lishlari mumkin.

FAOning tahlillariga ko‘ra, bugungi kunda organik mahsulotlarning jahon bozoridagi hajmi 225 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etadi va bu raqamlar istiqbolda har yili 10 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Davlatlarimizning bu boradagi salohiyatidan kelib chiqib, sifatli va talab yuqori bo‘lgan organik mahsulotlarni ishlab chiqarishda ilmiy izlanishlar va seleksiya, sanoat kooperatsiyasi va logistika aloqalarini kuchaytirishimiz lozim.

Kelajakda organik mahsulotlarimiz jahon bozoriga yagona brend bilan chiqishi mumkin. Bu borada qishloq xo‘jaligi vazirlarimiz nazoratida Ekspert ishchi guruhini tashkil etib, dastlabki “pilot” loyihalarni saralash va mamlakatlarimizda amalga oshirishni taklif etamiz.

Uchinchidan, turkiy davlatlarning transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish va xalqaro tranzit yo‘laklarini rivojlantirishda muvofiqlashtirilgan siyosat olib borish zarurligini hammamiz chuqur anglab turibmiz.

O‘rta koridorni izchil rivojlantirish borasidagi aytib o‘tilgan barcha rejalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Eng asosiysi, bu yo‘lak raqobatbardoshligi bilan ajralib turishi lozim. U biznes hamjamiyati uchun eng qulay shart-sharoitlarni ta’minlab berishi kerak.

Bu borada maqbul tranzit tariflarini qo‘llash, zamonaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish va raqamlashtirilgan bojxona tartibotini joriy qilish bo‘yicha loyihalarga katta ahamiyat beramiz.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, O‘rta koridor hozirda qurilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li va istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lansa, keng mintaqamizda ko‘p tarmoqli, strategik magistrallar tizimini yaratishga erishamiz.

Aminmanki, transport sohasi bilan bog‘liq barcha tashabbuslarimiz 12 noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Multimodal tashuvlar bo‘yicha xalqaro forum doirasida batafsil muhokama qilinadi. Bu tadbirda transport vazirlari, yirik logistika kompaniya va uyushmalari rahbarlari, olim va ekspertlardan iborat milliy delegatsiyalarning faol ishtirok etishlariga ishonamiz.

To‘rtinchidan, yirik sanoat va infratuzilma loyihalari to‘g‘risida gapirganimizda, samarali moliyaviy instrumentlarni joriy etish alohida ahamiyat kasb etadi.

Bu borada biz albatta Turkiy investitsiya jamg‘armasining faoliyatini kengaytirish tarafdorimiz. Shu bilan birga, ustuvor loyihalarga qo‘shimcha mablag‘lar jalb etish maqsadida Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, boshqa xalqaro moliya va milliy rivojlanish institutlari bilan Strategik hamkorlik dasturini qabul qilishni taklif etamiz.

Beshinchidan, sun’iy intellekt, raqamlashtirish va kreativ iqtisodiyot sohalari mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishida muhim drayverlarga aylanmoqda.

Bu sohalardagi sa’y-harakatlarimizni birlashtirish uchun “Sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishni taklif etamiz.

Shu bilan birga, Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini mamlakatimizda o‘tkazish tashabbusini bildiramiz.

Oltinchidan, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida ilm-fan va ta’lim sohalarida hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarish muhim.

O‘zbekiston 2025-2026 yillarda 100 dan ziyod universitetlarni o‘z ichiga olgan Turkiy universitetlar ittifoqiga raislik qiladi. Kelgusi hafta Ittifoq Bosh Assambleyasi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.

Raisligimiz davrida “Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari”ni o‘tkazish tashabbusi bilan chiqamiz.

Sohadagi hamkorlikni mustahkamlash, iqtidorli olimlarning izlanishlarini rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekistonda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti o‘z faoliyatini boshlamoqda. Ushbu oliygoh negizida Qo‘shma tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqsak, ayni muddao bo‘lar edi.

Yettinchidan, yoshlarimiz orasida yot va buzg‘unchi g‘oyalar tarqalishining oldini olish maqsadida turkiy davlatlar makonida ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashishga qaratilgan Harakatlar rejasini qabul qilishni taklif etaman.

Ayni vaqtda biz islomofobiyaning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashish borasida ham yaqin muloqotlarni davom ettiramiz.

Bundan tashqari, Tashkilotimiz doirasida Yoshlar o‘rtasida ekologik bilimlar bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish bu yo‘lda muhim qadam bo‘lishi shubhasiz.

Yana bir masalaga alohida to‘xtalmoqchiman. Biz kelgusi yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning 585 yilligi hamda ulug‘ ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy tavalludining 885 yilligini keng nishonlaymiz.

Ana shu mumtoz siymolarning insonparvarlik, o‘zaro do‘stlik va birdamlik haqidagi g‘oyalari, bebaho adabiy merosini keng targ‘ib etish maqsadida “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazishni taklif etamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

So‘zimning yakunida Tashkilotimizda raislikni qabul qilib olayotgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevga ulkan omadlar tilayman.

Bugun qabul qilinadigan Gabala deklaratsiyasi birgalikda ilgari surayotgan ezgu tashabbus va rejalarimizni yanada mustahkamlab, davlatlarimizning umumiy taraqqiyotiga, qardosh xalqlarimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shadi, deb ishonaman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar


7-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Rossiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, do‘st Rossiya xalqiga esa ravnaq tiladi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’atini davom ettirish, yetakchi korxona va kompaniyalarning sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlarining ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjonga keldi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga keldi.

Gabala xalqaro aeroportida O‘zbekiston yetakchisini Ozarbayjon madaniyat vaziri Odil Karimli, Gabala tumani ijro hokimiyati rahbari Sabuhi Abdullayev va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tashrif dasturiga muvofiq, davlatimiz rahbari ertaga, 7-oktyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining rasmiy tadbirlarida ishtirok etadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjonga jo‘nab ketdi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 6-oktyabr kuni amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi.

Davlatimiz rahbari Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti asosiy tadbirlarida ishtirok etadi.

«Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik» mavzusida o‘tkazilayotgan uchrashuv kun tartibidan ustuvor sohalarda ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari o‘rin olgan.

Sammit yakunida tashkilotdagi mamlakatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilinadi.

Posted on Leave a comment

Sun’iy intellekt sohasining infratuzilmasi va kadrlar salohiyati rivojlantiriladi


Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-oktyabr kuni mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish hamda ularni iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda dunyoda sun’iy intellekt texnologiyalari iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik va boshqa muhim yo‘nalishlarda asosiy vositalardan biriga aylanmoqda. Sun’iy intellekt texnologiyalari davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish, resurslardan tejamkor foydalanish, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham bu sohada tizimli islohotlar amalga oshirilib, mamlakatimiz sun’iy intellektni tatbiq etish bo‘yicha xalqaro reytingda 17 pog‘ona yuqoriladi. Hozirda O‘zbekiston 188 davlat ichida 70-o‘rinni, Markaziy Osiyo bo‘yicha esa birinchi o‘rinni egallab turibdi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu natijalar sohada qo‘yilgan ilk qadamlar samarasidir, ammo oldinda hali ko‘p ish turibdi. Shu maqsadda o‘tgan yili 2030-yilgacha mo‘ljallangan Sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi va Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida maxsus markaz tashkil etildi.

Taqdimotda sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun’iy intellekt loyihalarini joriy etish maqsadida 50 million dollar mablag‘ ajratilgan. Sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, ekologiya va moliya sohalarini qamrab olgan 86 ta loyiha shakllantirildi. Hozirda sun’iy intellektni qo‘llash uchun zarur hisoblash imkoniyatlarini yaratish maqsadida “superkompyuter klasteri”ni tashkil etish ishlari jadal olib borilmoqda.

– Sun’iy intellektni tezroq rivojlantirish uchun doimiy ravishda ilg‘or, o‘zini oqlagan xorijiy va mahalliy tajribalarni o‘rganib borish zarur. Buning uchun sohada samarali faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz, xorijiy ekspertlar va xususiy sektor bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Taqdimotda sun’iy intellekt sohasida zamonaviy hisoblash quvvatlarini o‘zimizda yaratish, ma’lumotlar markazlarini qurish va bunga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun jozibador muhitni ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Sun’iy intellektni rivojlantirishda eng muhim omil – malakali kadrlar tayyorlash. Bu ishlarni maktablardan boshlash, informatika o‘qituvchilarini qayta tayyorlash, yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Sohada kadrlar tayyorlashni jadallashtirish maqsadida ko‘plab dasturlar amalga oshirilmoqda. “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” milliy dasturi doirasida yoshlar uchun aistudy.uz va omp.aistudy.uz platformalari ishga tushirildi, ularda SI bo‘yicha 5 ta bepul onlayn o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Dastur doirasida 2027-yilga qadar 1 million nafar yosh sun’iy intellekt sohasidagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.

Yoshlarning istiqbolli loyihalarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlash uchun barcha hududlarda Sun’iy intellekt xakatoni yo‘lga qo‘yiladi. Shu kunlarda Nukus shahrida sog‘liqni saqlash bo‘yicha “Healthtech AI Hackathon” musobaqasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu tajribani kengaytirib, ta’lim, sud tizimi, suv xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlarida ham o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

Prezidentimiz taqdimot qilingan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlab, ularni sun’iy intellektni joriy etishni yanada jadallashtirish, ilg‘or tajribani amaliyotga tatbiq etish, sohada kadrlar salohiyatini oshirish yo‘nalishida yanada takomillashtirish va kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Davlatimiz rahbari marhum Ismoil Jo‘rabekov oilasiga hamdardlik bildirdi


Atoqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Ismoil Jo‘rabekov joriy yil 28-sentyabr kuni vafot etgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun ta’ziyali xonadonga tashrif buyurdi. Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi.

Davlatimiz rahbari marhumning ezgu ishlarini, Vatanimizga xizmatlarini yodga oldi.

Ismoil Jo‘rabekov 1931-yil 12-sentyabrda Samarqand shahrida ishchi oilasida tug‘ilgan. Mehnat faoliyati davomida suv xo‘jaligi sohasida mas’ul lavozimlarda mehnat qilib, respublikamizda irrigatsiya va melioratsiya sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi. 1985-yilda O‘zbekiston Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Mustaqillik yillarida I.Jo‘rabekov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Davlat suv nazorati boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi lavozimlarida ham samarali faoliyat olib bordi.

So‘nggi yillarda I.Jo‘rabekov mo‘tabar yoshda bo‘lishiga qaramasdan, suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi sifatida xizmat qilib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etdi.

Davlat va jamoat arbobining xalqimiz va Vatanimiz oldidagi xizmatlari munosib baholanib, u “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni hamda davlatimizning bir qator yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan edi.

Davlatimiz rahbari marhumning farzandlari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, sabr-toqat tiladi. Ular Prezidentimizga tashrifi va dalda so‘zlari uchun minnatdorlik bildirdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etadi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 6-7-oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammitida ishtirok etadi.

«Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik» mavzusida o‘tkaziladigan yig‘ilish kun tartibidan tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan.

Siyosat, savdo-iqtisodiyot, innovatsiya, investitsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, gumanitar va boshqa ustuvor sohalardagi amaliy hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqiladi.

Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro siyosatning muhim jihatlari yuzasidan ham fikr almashadilar.

Sammit yakunida tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator qo‘shma qaror va hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Tojikiston Prezidentini tavallud kuni bilan tabrikladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonni tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, birodar Tojikiston xalqiga farovonlik va bardavom ravnaq tiladi.

Davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidentining mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, barqaror taraqqiyotini ta’minlash va xalqaro nufuzini oshirishdagi o‘rnini qayd etib, O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida ta’kidladi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm, madaniy-gumanitar almashinuv kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan amaliy hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mamlakatlarimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi va kun tartibi ham muhokama qilindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga


Qadrli do‘stlar!

Siz, azizlarni, hayotini dunyodagi eng ulug‘ va olijanob ishga – navqiron avlod ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlagan muhtaram ustoz va murabbiylar, sohaning barcha jonkuyar xodimlarini umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Mana shunday quvonchli kunda siz, mehribon ustozlarga el-yurtimizning yuksak hurmat-ehtiromini yana bir bor izhor etib, barchangizga Yangi O‘zbekiston kelajagini yaratish yo‘lidagi mashaqqatli va sharafli mehnatingiz uchun chin qalbdan tashakkur bildiraman.

Hurmatli ustoz va murabbiylar!

Yaqinda sizlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq, aytish mumkinki, tarixiy muloqotimizda ta’lim-tarbiya tizimidagi ishlarimizni chuqur tahlil qilib, ularni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha aniq maqsad va rejalarni belgilab oldik.

Kuni kecha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ta’lim sohasidagi islohotlarimiz natijalari jahon hamjamiyatida katta e’tibor va qiziqish uyg‘otdi. Bu borada biz erishgan yutuqlar xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun asos bo‘ldi.

Xususan, keyingi sakkiz yilda yurtimizda ta’lim va ilm-fan uchun xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion so‘mni tashkil etgani, yuzlab yangi bog‘chalar, maktab, texnikum va oliygohlar qurilgani, ta’lim va ilm dargohlarini zamon talablari asosida jihozlash, ustoz va murabbiylarning mehnatini munosib qadrlashga qaratilgan dasturlarimiz alohida e’tirof etildi.

Bu haqda gapirganda, mamlakatimizda qisqa muddatda bog‘chalar sonini 5200 dan 38 mingtaga, qamrov darajasini 27 foizdan 78 foizga oshirganimiz, tarbiyachilar maoshi maktab o‘qituvchilari oyligiga tenglashtirilgani, ushbu muassasalardagi rahbar va pedagoglar maoshi qariyb 2 barobar oshirilganini ta’kidlash lozim.

Kelgusi yildan Qoraqalpog‘iston va barcha viloyatlarda Prezident maktablari kabi “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil etilib, ularda tarbiyachilar ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi.

Farzandlarimizga bilim va tarbiya berishning eng muhim bosqichi – maktab ta’limini rivojlantirish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda. So‘nggi yillarda 500 ga yaqin yangi maktablar barpo etilib, mavjudlari kengaytirilgani hisobidan 1 million o‘quvchi o‘rni yaratildi. Xususiy maktablarga yo‘l ochilishi tufayli ota-onalar va o‘quvchilar uchun tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bugungi kunda 200 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarimiz ana shunday maktablarda o‘qimoqda.

Yangi o‘quv yilidan 12 yillik maktab ta’limi hamda 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinib, ularning natijalari bo‘yicha bitiruvchilar bevosita texnikum va oliygohlarga kira oladigan tartib yo‘lga qo‘yiladi.

Hammamizga ayonki, kelajak – zamonaviy bilim bilan qurollangan kasb-hunar egalarinikidir. Biz bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz lozim. Shu bois yoshlarimizni davr bilan hamnafas bo‘lib, har qanday raqobatga bardosh bera oladigan yetuk mutaxassislar etib tarbiyalashimiz kerak.

Shu maqsadda tashkil etilayotgan Kasbiy ta’lim agentligidan umidimiz katta. Ushbu agentlik kasb ta’limi sohasiga, mavjud texnikumlarga xalqaro standartlar asosida yangi hayot nafasini olib kirishi zarur.

Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya Respublikasi kabi rivojlangan mamlakatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning ilg‘or o‘quv dasturlari joriy etiladi. Jumladan, Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda “BITЕK” xalqaro dasturi orqali yoshlar turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda talab yuqori bo‘lgan kasblarni egallaydi.

Mamlakatimizda dual ta’lim bilan qamrov 5 barobar oshiriladi. Ayni paytda yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, chet ellik investor va hamkorlar bilan erkin muloqot qilish uchun texnikumlardagi xorijiy til soatlari to‘rt karra ko‘paytiriladi.

Umuman, kelgusi yildan yangi, raqamli ochiq platforma ishga tushirilib, unda texnikum bitiruvchilarining kasbiy ko‘nikmalari haqidagi ma’lumotlar mahalliy va xorijiy ish beruvchilar uchun e’lon qilinadi.

Shu bilan birga, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida maktab maslahatchisi lavozimi joriy etilib, ular 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadi.

Barchangizga ma’lumki, biz keyingi yillarda oliy ta’lim masalasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. Amalga oshirilgan islohotlarimiz natijasida o‘tgan sakkiz yil ichida oliygohlarimiz soni 77 tadan 202 taga, talabalar soni esa 250 mingdan 1,5 millionga yetdi. Yoshlar uchun oliygohlarga kirishda tanlov imkoniyati ko‘paytirildi. Mazkur ta’lim muassasalarida dars beradigan o‘qituvchilarning oyligi sezilarli darajada oshirildi.

Fanning muayyan sohasida tadqiqotlar olib borib, aniq natijaga erishayotgan olimlarimizning asosiy qismini professor-o‘qituvchilar tashkil etayotgani ayniqsa e’tiborlidir.

Qadrli do‘stlar!

Biz o‘qituvchi va ustozlik kasbining maqomi va nufuzini oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaramoqdamiz. Shu bois soha xodimlarining mehnat va yashash sharoitini yaxshilash islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi. Jumladan, yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi.

Kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma joriy etilishi mo‘ljallanmoqda. O‘qituvchilarning zamonaviy kompyuter texnikalarini xarid qilishlari uchun 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Yangi yildan soha xodimlari uchun davlat xizmatlari to‘lovi ikki karra kamaytiriladi. Dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan bo‘lg‘usi pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi.

Muxtasar aytganda, o‘qituvchi va murabbiylik kasbini jamiyatimizdagi eng muhim va obro‘li kasbga aylantirish bo‘yicha boshlagan ishlarimiz izchil davom ettiriladi.

Muhtaram ustozlar, aziz murabbiylar!

Yurtimiz tarixidagi ikki buyuk Renessansni yaratgan ulug‘ mutafakkir va allomalarni ham o‘z vaqtida siz kabi o‘qituvchi va muallimlar tarbiyalab voyaga yetkazgan. Bu ezgu an’analarning davomchilari sifatida siz, azizlar ham bugun jonajon Vatanimizda barpo etilayotgan Uchinchi Renessans bunyodkorlarini kamol toptirishga munosib hissa qo‘shasizlar, deb ishonaman.

Ana shunday olijanob maqsad yo‘lida sizlarga mustahkam sog‘liq, kuch-g‘ayrat, yangi yutuqlar va oilaviy baxt tilayman.

Barchangizga hamisha el-yurtimiz, shogirdlaringizning hurmat va ardog‘ida bo‘lish nasib etsin!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

Davlat va jamoat arbobi Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik


Atoqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov shu yil 28-sentyabr kuni 94 yoshida vafot etdi.

I.H.Jo‘rabekov 1931-yil 12-sentyabrda Samarqand shahrida ishchi oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida muhandis-gidrotexnik mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim oldi. Mehnat faoliyatini 1955-yilda Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi 8-jamoa xo‘jaligida muhandis-gidrotexnik sifatida boshladi. Keyinchalik ushbu tumanda Sug‘orish markazi boshlig‘i, O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Samarqand viloyati qurilish-montaj boshqarmasi boshlig‘i,  “Suvqurilish” tresti boshqaruvchisi, suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari, melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qilib, respublikamizda irrigatsiya va melioratsiya sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi.

Tashkiliy-xo‘jalik ishlariga rahbarlik qilish borasida  katta bilim va tajribaga ega bo‘lgan I.H.Jo‘rabekov 1985-yilda yanada mas’uliyatli vazifa – O‘zbekiston Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Vatanimiz istiqlolga erishganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida davlatimiz mustaqilligining ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, mamlakatimiz oldida turgan g‘oyat serqirra va keng ko‘lamli vazifalarni bajarish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdi. Xususan, ijro hokimiyati institutlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, mahalliy hokimliklar ishini muvofiqlashtirish, qishloq xo‘jaligida  islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakatini rivojlantirish, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida tashkilotchilik va tashabbuskorlik fazilatlarini namoyish etdi.

I.H.Jo‘rabekov Davlat suv nazorati boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi lavozimlarida ham samarali faoliyat olib bordi.

Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimizni amalga oshirishda I.H.Jo‘rabekov, mo‘tabar yoshda bo‘lishiga qaramasdan, suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi sifatida xizmat qilib, o‘zining boy bilim va tajribasi, qimmatli maslahatlari bilan sohani rivojlantirish, yosh kadrlarni tarbiyalash ishlarida faol ishtirok etdi.

I.H.Jo‘rabekovning xalqimiz va Vatanimiz oldidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni,  “Mehnat shuhrati”, “Do‘stlik”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlandi.

Taniqli davlat va jamoat arbobi, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon ustozi Ismoil Jo‘rabekovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva,

N.Ismoilov, A.Aripov